Abdulloh ibn Amr raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Mening uzluksiz ro‘za tutmog‘imdan, tuni birla ibodat qilmogimdan Nabiy sallallohu alayhi va sallam xabar topibdirlar. O’shanda, Janob mening oldimga bir kishini yubordilarmi yokim ul kishiga o‘zim uchradimmi, yodimda yo‘q. Shunda, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Aytishlaricha, sen muttasil ro‘za tutar emishsen, tun bo‘yi uxlamay, ibodat qilar emishsen. Ro‘za tutg‘il, biroq vaqtida ovqatlang‘il, kechasi ibodat aylag‘il, ammo vaqtida uxlag‘il, chunkim, senda o‘zingning ham, ahlu ayolingning ham, ko‘zingning ham haqqi bordir (ko‘zingni deganlarida, «uni uyqusiz qoldirmoqqa haqqing yo‘qdir»,- demoqchilar)»,- dedilar. Men: «Mening bundan ham ko‘proq ibodat qilmakka quvvatim yetg‘aydir»,- dedim. «Undoq bo‘lsa, sen Dovud alayhissalomning tutgan ro‘zalarini tutgil!» - dedilar. Men: «Ul nechuk ro‘zadir?» - deb so‘radim. «Dovud payg‘ambar, bir kun ro‘za tutib, bir kun tutmas erdilar, janglarda dushman birlan yuzma-yuz kelsalar ham, qochmas erdilar (ya’ni, «Ro‘za ul kishini zaiflashtirmas erdi»,- demoqchilar)»,- deb javob berdilar. Men: «Yo Rasululloh, mening dushmandan qochmaslig‘imga kim kafil bo‘la olur?»-dedim».
Ato raziyallohu anhu: «Men Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning muttasil ro‘za tutmoq to‘g‘risida ne deganlarini bilmadim. Biroq, shuni eslarmenkim, uzluksiz ro‘za tutgan kishiga ro‘zaning hech qanday savobi bo‘lmag‘aydir, deb ikki marta takrorlagandirlar»,- deydilar.