BISMILLOHIR RAHMONIR RAHIYMI TAROVIH KITOBI
1-bob. Ramazon kechalari turib tarovih o‘qimoqning fazilati haqida
Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Ramazon kechasining fazilatiga ishonib va savobidan umid qilib (tarovih o‘qimoqqa) turgan kishining ilgari qilgan barcha gunohlari mag‘firat qiling‘aydir»,- deganlar».
Ibn Shihob raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam vafot qilgunlaricha ham, Abu Bakr raziyallohu anhuning xalifalik davrlarida ham, Umar ibn Xattob raziyallohu anhu xalifalik qilgan dastlabki yillarda ham kechasi turib tarovih o‘qimoq tartibi o‘zgarmadi. «Men, -deydirlar Abdurrahmon ibn Abdulqori’,- Umar ibn Xattob raziyallohu anhu birlan birga kechasi masjidga chiqqan erdim, har yer-har yerda odamlar to‘p-to‘p bo‘lishib, o‘z hollaricha namoz o‘qishar erdi. Hazrat Umar: «Bularning barchasini yig‘ib, bir qorini boshliq qilib qo‘ysam, yaxshi bo‘lur erdi»,- dedilar. So‘ng, ularga Ubay ibn Ka’bni boshliq qilib qo‘ydilar. Ertasiga kechasi ul kishi birlan yana masjidga chiqdim, odamlar qoriga iqtido qilib namoz o‘qishayotgan erkan. Hazrat Umar (buni ko‘rib): «Qandoq yaxshi bid’at (ya’ni, Janob Rasulullohdan keyin joriy qilingan bir yaxshi tartib ma’nosida), tunning birinchi qismida namoz o‘qib, so‘ng uxlab qolganlaridan ko‘ra, tun oxirida turib, namoz o‘qiyotganlar afzalroqdir!» -dedilar».
Oisha raziyallohu anho: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Ramazon kechasi o‘z masjidlariga chiqib, namoz o‘qidilar»,- deydilar.