4-bob. Laylat ul-Qadrni Ramazonning oxirgi o‘n kunligining toq
kunlarida kutmoq lozim
Oisha raziyallohu anxo: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Laylat ul-Qadrni Ramazonning oxirgi o‘n kunligining toq kunlari kutingiz, deb aytibdirlar»,- deydilar.
Abu Sa’id Xudriy raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Ramazon oyining ikkinchi o‘n kunligida e’tikofga o‘tirib, yigirmanchi kechani o‘tkazgach, e’tikofni tugatar erdilar. Keyin, yigirma birinchi kechani o‘tkazib, yana e’tikofga o‘tirar erdilar, boshqalar ham qaytib birga e’tikof qilishar erdi. Janob Rasululloh Ramazon oyida odatdagidek e’tikofga o‘tirdilar. Yigirmanchi kechani o‘tkazgach, tashqariga chiqdilar-da, odamlarga ta’z aytdilar, so‘ng ularga bir qancha yumushlarni buyurib: «Bu o‘n kunlikda e’tikof qildim, ammo menga oxirgi o‘n kunlikda ham e’tikof qilmoq lozimligi ayon bo‘ldi, kimki Ramazonning ikkinchi o‘n kunligida e’tikof qilgan ersa, e’tikofni davom ettirsin! Tushimda menga Laylat ul-Qadr (kechasi) bo‘ladirgan kun aniq tayinlandi, biroq ul yodimdan chiqib qoldi. Endi, uni Ramazonning oxirgi o‘n kunligining toq kunlarida kutingiz! Men tushimda loy yerga sajda qilayotgan erkanman» ,— dedilar. Shul kecha yomg‘ir yog‘di, masjid tomidan Nabiy sallallohu alayhi va sallamning namoz o‘qiydirgan yerlariga chakka o‘tib, loy bo‘lib ketdi. Keyin, Ramazonning yigirma birinchi kechasi Janob Rasulullohning bomdod o‘qib qaytayotganlarida muborak yuzlariga loy tekkanini ko‘rdim».