Mana shunaqa sarguzashtlarni hech yoqtirmayman... Hozirgi bo'lgan voqea:
Ish yuzasidan bir joyga borib kelayotgandik. Uzoqdan ko'rindiki, zavod yaqinida yo'lning o'rtasida bir kimsa yotibdi, velosipedi bilan. Atrofidan mashinalar o'tayapti, hech kim to'htagisi yo'q. Hayronman, odamlarga nima bo'layapti o'zi..
Yaqinlashgach mashinani to'htatib, shoshib yoniga bordim. Yonida yangi do'ppisi yotibdi, qimirlash yo'q. Ey Hudo, tirik bo'lsinda ishqilib...
Boshini ko'tardim - qon. Qon quyuqlashib qolgan, aftidan ancha yotganga o'xshaydi.
- Hoy aka, eshitayapsizmi? Meni eshitayapsizmi? O'zizdamisiz? - yuziga sal-sal urdim, ko'zini ochdi. Hudoga shukur, tirik ekan... - Meni ko'rayapsizmi, javob bera olasizmi?
- Hmm..., - endi o'ziga keldi. Velosipedidan ajratib oldim. Chetroqqa olib chiqib o'tqazdim.
Dispetcherga telefon qilmoqchi bo'lib nomer terdim. Telefonim ishlamadi, beeline shu yerda ham pand berdi....
Velosipeddan yiqilib yo'lning o'rtasida yotgan odamni ko'ra turib be'malol o'tib ketayotgan mashinalardagi odamlar... Bunchalik beparvolik bizga qayerdan yuqdi? Bu ham sivilizatsiya ta'sirimikin, yoki javobgarlikdan qo'rqishmi? Unda vijdon oldidagi javobgarlik qayerda qoladi?
Bugun mana shu savollarga javob ahtarayapman...