Ahmad Lutfiy Qozonchi. Saodat asri qissalari (4-kitob). Buyuk Fath  ( 155049 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 ... 31 B


Muslimа  23 Fevral 2008, 11:51:06

BIR-IKKI HODISA


   Rasululloh janobimiz sahobalari bilan birga borayotgan edilar. Yo’llarida orqa o’girib o’tirgan bir kishi uchradi. Muborak qo’llarini yelkasiga teqqizdilar. Odam boshini ko’tardi — Abu Sufyon edi u. Janobi Payg’ambarimiz uning yuziga qaradilar va:
—    U holda Alloh seni urib qo’yadi. Sharmandai sharmisor bo’lasan! — dedilar.
Sahobalar bu gapning ma’nosini tushunisholmadi. Bir yoqdan qaralsa, hech narsadan hech narsa yo’q aytilgan bu gap, ammo ikkinchi yoqdan qaralsa, Rasululloh bekordan-bekorga bir narsa demaydilar ham.
Abu Sufyon g’alati ahvolga tushib qoldi. Jinoyat ustida qo’lga tushganga o’xshar edi u. Peshonasida paydo bo’lgan terlarni artib, tilga kirdi:
—    Shu paytgacha sening payg’ambar ekaningga ishongan emasdim. Allohga tavba qilaman, hayolimdan kechganlar uchun kechirishini so’rayman.
Siyar kitoblari o’sha voqeadan bir necha yil keyin Abu Sufyon aytgan ushbu hotiralarni qayd etib qo’ygan:
«O’tirib olib bir narsani hayolimdan o’tkazardim: shu odamga qarshi bir qo’shin to’plasam-da, so’nggi bor o’chimizni olish uchun ustiga yursam, deb o’tirgan edim, to’satdan yelkamga bir qo’l tekkanini sezdim. Qayrilib qarasam, tepamda u turibdi...»
O’sha kecha Abu Sufyon uyda xotini Hind bilan gaplashar ekan, shu kungacha ich-etini timdalayotgan bir savolni beixtiyor so’radi:
—    Sen nima deb o’ylaysan: bularning barchasi Allohning ishimi?
Hind gapni qisqa qildi:
— Ha, bular Allohdandir.
Ichlarida Islomga, xususan Rasululloh janobimizga qarshi bitmas-tuganmas kin va adovat saqlayotganlarning eng old safidan joy olgan bu er-xotin shu tarifa qurollarini tashlashdi, achchiq bo’lsa ham, istamagan holda yutqazganlarini tan olishga majbur bo’lishdi.  Uhud tog’I etaklarida Allohning rasuliga qarshi «Yuksal, ey Hubal!.. Yuksal, ey Hubal!..» deya ayovsiz jang olib borgan Abu Sufyon ham, qo’lida hazrati Hamzaning jigarlarini olib chaynab-chaynab telbalarcha quvongan Hind ham bundan buyon ovozlarini ko’tarmaydilar, buyinlarini egadilar.

Qayd etilgan


Muslimа  23 Fevral 2008, 11:52:27

  Тong otgach, Abu Sufyon Rasululloh janobimizning huzurlariga bordi, Fahrul anbiyo val mursaliyn janobimiz unga shu kecha Hind ikkalasi gaplashgan gaplarni qaytarib aytib berdilar.
— Oti aytilib qasam ichilayotgan borliq nomiga qasam ichaman, bu gaplarni aytayotganimizda yonimizda boshqa hech kimsa yo’q edi! — dedi hayrat ichra.
Marruzzahronda hazrati Umarning qilichidan qo’rqib shahodat kalimalarini aytgan Abu Sufyon izma-iz sodir bo’layotgan bu ikki xodisadan so’ng, sal bo’lsa-da, o’ziga keldi.

Qayd etilgan


Muslimа  23 Fevral 2008, 11:53:06

Bilol azon chaqirayotganida uch kishi bir chetda o’tirib olib suhbat qurar, ko’ngillaridagi tuyg’ularini o’rtoqlashishar edi. Attob hali tuprog’i sovib ulgurmagan otasi Asidni esladi:
—    Otamga Allohning rahmati yetgan ekan. O’ldi-qutuldi. Yo’qsa, ta’bini xiralashtiradigan voqealarni eshitar, tiriklayin qabrga kirganday bo’lar edi, — dedi.
Gapga Horis ibn Hishom qo’shildi:
— Qasam ichaman, bu dinning haq din ekanini bilsam, albatta unga ergashardim.
Abu Sufyon sutdan og’zi kuygan odam edi. Bundan buyon qatiqni ham puflab ichish kerakligini bir-ikki tajribada mukammal anglab yetgan edi.
—   Men hech narsa demayman.  Mabodo gapirsam, shu mayda toshlar ham unga xabar berib qo’yishidan qo’rqaman, — deyishdan nariga o’tmadi.
Endigina bir namoz o’qigunchalik vaqt o’tgan edi, Rasululloh (s.a.v.) bu uch suxbatdoshning ustiga kelib qoldilar.
—   Ey Attob, sen shu-shularni so’zlading. Ey Horis, sen bu-bu gaplarni aytding va, ey Abu Sufyon, sen bunday-bunday deding, — dedilar.
Diqqat bilan va insof bilan eshitishdi. «Yo’q, bunday demadik», deyishlariga imkon yo’q, edi.
— Men guvohlik beraman, Allohdan o’zga iloh yo’q. Yana guvohlik beraman, siz Alloh yuborgan payg’ambarsiz!..
Bu muborak so’zlarni Attob ham, Horis ham aytdi. Hech bir zug’umsiz, hech bir qo’rquv va andisha xis etmasdan... Bundan buyon eng samimiy mo’minlar orasidan joy olajaklar, o’tmishda yo’qotganlarini kelajakda qo’lga kiritajaklar.

Qayd etilgan


Muslimа  23 Fevral 2008, 11:54:31

    Nabiyyi muxtaram janobimiz Ka’bani tavof qilayotgan edilar. Ittifoqo, bir odamning ro’parasiga o’tib:
—    Fazolamisan? — deya so’radilar.
—    Ha, shunday, ey Allohning rasuli.
—    Nimalarni o’ylayapsan?
—    Allohni zikr qilayotgan edim...
Rasululloh janobimiz kuldilar. Qo’llarini u odamning ko’kragiga qo’yib:
—   Allohdan mag’firat tila, gunohlaringni kechirishini so’ra, — dedilar.
Bir muddat bu muborak qo’l Fazolaning ko’kragi ustida qoldi. Janobimizning nigohlari ham Fazolaga qaratilgan edi. Bir ozdan keyin ketdilar. Fazola payg’ambarimizning orqalaridan minnatdorlik tuyg’usi to’la ko’zlar ila qarab qoldi.
So’ng yoniga bir o’rtog’i keldi.
—   Nima gap, ey Fazola?.. — deb so’radi.
Fazola o’rtog’iga qaradi:
—   Qulay bir fursat topib uni o’ldira olarmikinman, degan o’y hayolimdan o’tib turgan edi ham, menga qarab yurdi. Shundan keyin nima bo’lganini o’zing ham ko’rding. Qo’lini ko’kragimga qo’yganida ichimda tushuniksiz birnimalar sodir bo’ldi. Хuddi yuragimdagi bor narsa hammasi tashqari otilgan, o’rni sevgi, hurmat bilan to’ldirilgandek edi.  O’sha onda men uchun Alloh yaratgan narsalar ichida undan ko’ra suyuklisi yo’q edi...


Qayd etilgan


Muslimа  23 Fevral 2008, 11:57:04

  Umayr ibn Vahb payg’ambarlar sarvarini izlab topib keldi.
— Ey Allohning rasuli! Safvon ibn Umayya o’limdan qo’rqib qochdi. Bilasiz, u qavmining ulug’idir. O’zini daryoga tashlab o’ldirishi ham mumkin. Unga omonlik bersangiz, deb keldim, — dedi.
—    U omonlikdadir, — deb javob qildilar Janobimiz.
—    Ey Allohning rasuli, omonlik berganingizni bildiradigan biron narsangizni bera olasizmi?
Janobi Payg’ambarimiz Makkaga borayotganlarida boshlariga o’rab olgan sallalarini yechib berdilar:
—    Raxmat sizga, ey Allohning rasuli... — dedi Umayr va Safvonni topish uchun Rasululloh janobimizning xuzurlaridan chiqdi.

Qayd etilgan


Muslimа  23 Fevral 2008, 11:57:46

BAY’AТ MAROSIMI

  Janobi Payg’ambarimiz (s.a.v.) umumiy kechirim e’lon qilganlaridan keyin xalqning yuragini to’ldirib turgan qo’rquv tarqaldi, ko’ngillar Islomga moyil bo’la boshladi. Shu sababli Rasuli akram xuzurlariga musulmon bo’lganini bildirish uchun odamlar ketma-ket kelaverdi. Janobimiz bir yerga o’tirib, kelganlarning bay’atini qabul qildilar.
Musulmon bo’lish uchun kelgan kishi Rasuli muxtaramning qo’llaridan tutar, shahodat kalimasini aytar edi. Payg’ambarimiz atroflarida talaygina odam to’plandi: muhojirlar, ansor, endi musulmon bo’lish uchun kelganlar. Kelib-ketuvchilar ko’p edi.
Bu orada Abdulloh ibn Abu Sarxni o’ldirishga qasd qilgan madinalik bir mo’minning ko’zlari porladi. Тushimi, ungimi?! Yo’q yanglishmadi. Qidirgan odami Usmon ibn Affonning qo’lidan tutgan holda haloyiq orasini yorib, Rasululloh janobimiz turgan joyga tomon ilgarilamoqda edi. Beihtiyor qo’li qilichga bordi. Lekin olomonning orasini yorib o’tish oson emasdi. Maqsadiga yetishiga uch-besh odim qolganida Abdulloh ibn Abu Sarx Rasulullohning oldilariga yetib bordi. Hazrati Usmon unga ishora qilib:
— Ey Allohning rasuli, Ibn Abu Sarx bay’at etmoqchi, lutfan qabul qiling! — dedi.
Bu orada ansoriy ham yetib kelib, qilichini mahkam ushlagan holda ularning orqalaridan joy oldi. Nabiyyi akram hazratlaridan bir ishoratni kutmoqda edi. O’zicha qaror berib o’ldirishni odobdan deb bilmadi.
Rasululloh (s.a.v.) Ibn Abu Sarxga boshdan-oyoq ko’z yugurtirib chiqdilar. Keyin xushlamaganliklarini bildiradigan tarzda boshqa yoqqa o’girilib oldilar. Bir og’iz so’z aytmadilar.
—   Ey Allohning rasuli, Ibn Abu Sarx bay’at etmoqchi, lutfan qabul qiling!
Rasuli muxtaram yana bir bor qaradilar va yana yuzlarini boshqa tomonga burdilar.
Hazrati Usmon iltimos qilishda davom etdi. Payg’ambar janobimiz hatto bir og’iz so’z bilan ham javob bermadilar. Bu keraksiz va o’rinsiz iltimosdan u zot hafa bo’lganlari shundoq ayon edi. Axir, bekordan-bekor yo ko’ngil hushligi uchun: «Ka’ba yopinchig’iga o’ralgan holda ko’rsalaring ham, o’ldiringlar», demagan edilar.
Bay’at marosimi to’xtadi. Hamma, endi nima bo’larkan, deya hayajon bilan kuta boshladi. Payg’ambarimiz qay tomonga burilsalar, Usmon ham o’sha tomonga o’tib olar, iltimosini takrorlar edi. Nihoyat, payg’ambarimiz noiloj, mayli, dedilar.
Ikki emikdosh aka-uka u yerdan ketishdi. Rasululloh (s.a.v.) janobimiz yonlarida turganlarga qaradilar, sitamli bir ovozda:
—   Ichingizda esi bor odam yo’qmidi, uning bay’atiga rozi bo’lmaganimni ko’rishi bilan o’ldirsaydi? — dedilar.
Keyin ansoriyni ko’rib qoldilar: — Nazrini ado etasan, deya kutdim.
—   Ey Allohning payg’ambari, bir ishora qilsangiz bo’lmasmidi? Bir ko’z ishorati yetardi.
Rasululloh janobimiz mardlik taqozo etgan javobni qildilar:
—   Хiyonatkorona boqish payg’ambarlarga yarashmaydi.
Demak, Ibn Abu Sarxning ajali yetmagan, hayot daftari yopilmagan ekan. Buning boshqacha izohi yo’q.


Qayd etilgan


Muslimа  23 Fevral 2008, 11:59:25

Sal o’tib, bay’at marosimi davom etdi.   
    Erkaklarning bay’ati tugab, navbat ayollarga keldi. Ayollar guruh-guruh bo’lib Safo tepaligiga kelishar, hazrati Payg’ambarimiz huzurlarida shahodat kalimalarini aytib, musulmon bo’lishar edi.
      Erkaklar shahodat kalimalarini Payg’ambarimizning qo’llarini ushlab aytishgan edi, ayollarning bay’ati faqat og’zaki ravishda bo’ldi va Rasuli akram janobimiz ularga: «Sizlardan bittangizga aytgan so’zim yuzta ayolga aytgan so’zim kabidir», deya marhamat qildilar. Hazrati Umar (r.a.) Rasululloh nomlaridan bay’at oldi.
Bir guruh ayollar bilan bunday suhbat bo’lib o’tdi:
—   Allohga hech narsani sherik keltirmaymiz, deb menga so’z beringlar!
O’zini bekitib olgan bir ayol e’tiroz bildirdi:
—    Vallohi, siz erkaklardan talab qilmagan narsani bizdan talab qilyapsiz!
Rasululloh janobimiz unga javob bermadilar. Boshqa ayollar darhol so’z berishdi.
—    O’g’rilik qilmaymiz, deb so’z beringlar.
— O’g’rilik qilmaymiz, ey Allohning payg’ambari!
Yana o’sha ayol ovozi eshitildi:
—    Vallohi, men anchadan buyon Abu Sufyonning molidan o’g’irlab kelaman. Bilmadim, bu ishim harommi yoki halolmi?
Rasululloh javob berib ulgurmaslaridan nariroqda turgan bir odam ovoz berdi:   
—    O’tgan ishlarni senga halol qildim!
Bu ovoz Abu Sufyonning ovozi edi. Rasuli muhtaram yuzlari bekitilgan ayolga o’girildilar:
—   Sen Utba ibn Robianing qizi Hind emasmisan?
Hind ortiq o’zini yashirishdan ma’no qolmaganini angladi.
—   Ha, ey Allohning payg’ambari, men Hindman. Siz meni kechiring, Alloh esa sizni kechirsin.
Rasululloh janobimiz xozirgina shahodat kalimalarini aytgan Hindga biron jazo beradigan inson emasdilar. Hazrati Umarga dedilar:
—   Zino qilmaslikka so’z berishsin!   
Boshqa ayollar so’z berar ekan, Hind yana tilini tiyolmadi:
—    Ey Allohning payg’ambari, sharafli bir xotin zino qiladimi?
—    Bolalarni ham o’ldirmasinlar!..
—   Biz ularni kichikligidan o’stiraylik-da,  katta bo’lgach, o’ldiraylikmi? Badr kuni siz biror bola qoldirdingizmiki, qolganini biz o’ldirsak?
Bu gaplar yana o’sha ayoldan chiqdi. Umardek odam ham bu so’zlardan qahqaha otib kulib yubordi. Sal bo’lmasa yiqilib tushardi. Payg’ambar (s.a.v.) kulimsirab qo’ydilar, xolos.
Keyin Rasuli muxtaram janobimiz ularni o’zaro bo’xton uyushtirmaslikka, hayrli va yaxshi ishlarga isyon ko’tarmaslikka chaqirdilar. Hind chidayolmadi:
—    Vallohi, biz bu yerga sizga isyon qilish uchun kelmadik, — dedi.
Buncha ezma bo’lmasa. Payg’ambarimiz huzurlariga o’lim qo’rquvida kelganiga qaramay o’zini tiyolmayapti, kim biladi, hayoti davomida Abu Sufyonning boshiga ne-ne ko’rgiliklarni solgan bo’lsa? Musulmonlarga qarshi yurgizilgan insofsiz siyosatning avj olishida uning ham hissasi borligiga shubha yo’q.

Qayd etilgan


Muslimа  23 Fevral 2008, 11:59:54

Keyinchalik Rasululloh janobimiz ushbu mazmundagi oyatni o’qidilar: «Ulardan so’z va bay’at oling, ular uchun mag’firat so’rang. Shubhasiz, Alloh o’ta kechirguvchi va marhamatlidir».
Shartlashuv nixoyasiga yetishi bilan bir ayol urnidan turdi va:
—   Ey Allohning payg’ambari, men Ikrima ibn   Abu Jahlning xotini Ummu Хakimman. Ikrima o’ldirilishdan qo’rqib Yamanga qochdi. Uni kechirishingizni so’rayman,— dedi.
Rasululloh hazratlari taraddudlanmay:
—   Unga omonlik berildi, — deya marhamat qildilar.
Ayollar ketishdi.
Ummu Хakim yoniga rumlik qulini olib, darhol yo’lga chiqdi. Dengiz sohiliga yetib kelganida, eri bir kemadan tushayotgan edi. Oldiniga bu kema bilan dengizga chiqqan, biroq keyin pushaymon bo’lib qaytadan sohilga tashlab ketishlarini iltimos qilgan edi. Ro’parasida xotinini ko’rib, hayron qoldi:
—    Nima gap, ey Ummu Хakim? Sen bu yerlarda nima qilib yuribsan?
—    Sizni olib ketishga keldim.   
—    Nimaga?   
—    Chunki Allohning rasuli bilan ko’rishdim, siz uchun kechirim chiqartirdim.
—    Yaxshi. Nega qulning qo’l-oyog’i bog’langan?
   Ummu Хakim quliga nafrat to’la ko’zlari bilan qarab:
—    Yo’lda menga shilqimlik qildi. Keyinroq ko’nglingni olaman, deb aldab ovutdim. Nihoyat, yo’lda ilk uchragan odamlarga vaziyatni tushuntirib, chirmab bog’latdim, — dedi.
Qulning peshonasida ajal terlari paydo bo’la boshladi. Va bu hol tabiiy edi. Chunki Ikrimaning qo’li qilichining sopiga uzandi. Qinidan sug’urib olishi va bir zarbada badbaxt qulning kallasini uchirib yuborishi uchun ko’p vaqt kerak bo’lmadi. U qoniga belanib qum uzra cho’zilarkan, er-xotin yo’lida davom etishdi.

Qayd etilgan


Muslimа  23 Fevral 2008, 12:00:14

Umayr ibn Vahb Rasululloh janobimizning sallalarini olgach, vaqt o’tkazmay yo’lga tushgan edi. Safvonni Jidda sohillarida uchratdi. U mana-mana dengizga chiqaman deb turgan kemaga minayotgan edi.
—   Ey Safvon, to’xta! — deb chaqirdi uni. Safvon yoniga kelgach, vaziyatni ochiq-oydin tushuntirdi. — Mana, Allohning rasulidan sen uchun berilgan bu xavfsizlik nishonasini ham o’zim bilan olib keldim.
Orqaga qaytishdi. Biroq Safvon hali ichidagi qo’rquvdan to’da qutulolmagan edi.
Makkaga yetib kelishganida, musulmonlar asr namozini o’qishayotgan edi. Safvon Islomning ustuni bo’lmish bu ibodatni ulovi ustida turib tomosha qildi. Namoz tugagach, Rasululloh (s.a.v.) janobimizga qarab:
—    Umayr sening menga omonlik berganingni aytdi, — dedi qo’llari bilan Umayrni ko’rsatib.
—    Тo’g’ri aytibdi.
Safvon chuqur bir nafas oldi. Balki Muhammad meni hiyla bilan tutib o’ldirtirmoqchidir, deb ham o’ylagan bo’lishi mumkin. Chunki yaqindan tanimagan bu insonga Safvon eskidan beri dushmanlik qilib kelgan edi. Vaholanki, olamlarga rahmat o’laroq yuborilgan Payg’ambar unga ham, butun insoniyatga ham mardlik, tug’rilik, insoniylikning nima ekanini so’zidagina emas, amalda o’rgatadigan, ahloqning eng go’zal namunalarini, fazilatning mislsiz sahnalarini o’z hayotlarida ko’rsatadigan edilar. Hayhot, Safvon ham boshqa makkaliklar kabi, butun insoniyat tarixida bir marta qo’lga kelgan va qayta bor kelmaydigan misli yo’q, davlatni rad etgan, Allohning insoniyatga ato etgan buyuk ne’matini eng katta dushman deb bilishdek badbaxtlikka borgan edi.
—    Mayli, sening diningga kirish borasida menga ikki oy muhlat berasanmi?
—    Senga to’rt oy muhlat beraman...
Safvon kutganidan ham ortiq xushmuomala ko’rganidan xursand bo’lib, ulovini minib uyiga tomon yo’l oldi.

Qayd etilgan


Muslimа  23 Fevral 2008, 12:00:51

Abu Jahlning o’g’li Ikrima ashaddiy kofir bo’lib o’sdi. Otasi Abu Jahldan qolishmaydigan darajada Islom dushmani edi. Biroq shahodat kalimalarini aytganidan so’ng qayta bor kufr hayotiga aslo qaytmaslik uchun tavba qildi va shirkning ayovsiz dushmaniga aylandi.
Ishni o’z uyidan boshladi. Uyda otasidan yodgorlik sifatida avaylab-asrab kelgan butni oldi-da, yerga urdi.
Bu kungacha odamlar nima uchun unga topinib kelishgatganini va nima uchun xurmat-extiromga loyiq ko’rilganini bilolmagan bechora but bir zarbada parcha-parcha bo’lib ketdi
So’ng qo’shnilarning uylariga kirdi, u yerdagi butlarni ham sindirib tashladi.

Qayd etilgan