Ahmad Lutfiy Qozonchi. Saodat asri qissalari (4-kitob). Buyuk Fath  ( 154992 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 ... 31 B


Muslimа  16 May 2008, 07:33:56

BIR KARVON KELAYOТIR

     Qahatchilik hukm surgan kunlardan biri. Juma. Rasululloh janobimiz minbardan xitob qilayotirlar. Shu dam tashqaridan childirma bilan do’mbiraning saslari eshitildi. Masjiddagilar g’imirlab qolishdi. Quloqlar dingraydi: nima bo’lyaptiykan? Rasuli zishon (s.a.v.) janobimizning xutbada aytayotgan so’zlariga bog’liqlik bir oz kamaydi. Bu orada jarchining baland ovozi yangrab, ichkaridagilarga ham ancha-muncha ta’sir etdi.
   —    Dihya ibn Хalifaning tijorat karvoni keldi! — deb e’lon qilardi u.
Ehtimol, Dihyaning karvoni qahatchilik ta’sirvda ko’tarilib ketgan narh-navoni xovuridan tushirib qo’yar. U joy-bu joydan bir-ikkitalari o’rinlaridan turib ketishdi. Ular ketidan yana bir necha kishi qalqdi, masjidni tark etishdi. Ish bu bilan bitmadi, xuddi mol tekinga tarqatiladigandek, ortda qolganlar ilk turganlarning oldiga o’tib olishdi.
Rasululloh janobimiz xutbalarini to’xtatmadilar. Ammo masjid anchagina bo’shab qolgan, soni bir qarashda bilinadigan darajada oz odam qolgan edi.
Jobir ibn Abdulloh (r.a.) atrofiga bir ko’z yugurtirdi. Faqat o’n ikki erkak va bitta xotin xutbani eshitib o’tirishardi. O’zidan tashqari Abu Bakr, Umar, Usmon, Ali, Тalha, Abu Ubayda, Zubayr, Sa’d, Abdurrahmon, Sayd va Bilol edilar (Alloh hammalaridan rozi bo’lsin). Bilolni istisno qilganda qolgan o’n kishi «asharai mubashshara» (bashorat qilingan o’n kishi) nomi ostida to’plangan va tirikligida jannat bilan mujdalangan insonlar edi.
Ba’zi rivoyatlarda Abdulloh ibn Mas’ud bilan Ammor ham bo’lganlari aytiladi. Agar bu ikki muborak zot u yerda bo’lgan bo’lsa, unda narigilardan ikkitasi bo’lmasligi lozim. Yoki sonlari o’n ikki emas, o’n to’rt bo’lishi kerak.
     Хutbani tinglagan bir xotinning ismi, afsuski, tarixda qolmagan.
Rasuli akram (s.a.v.) janobimiz xutbani tamomladilar. Minbardan tushib, juma namozini o’qib berdilar. Chiqib ketganlar namozga yetib kelishdimi, yo yo’qmi — bu xususda biror bilgiga ega emasmiz.
     Rasululloh (s.a.v.) bu xolga baxo berarkanlar:
    —    Jonim qo’lida bo’lgan Allohga qasam, masjidda hech biringiz qolmay, ularga qo’shilib hammangiz tashqariga chiqib ketganingizda vodiy sizlar uchun otashga to’lar edi, — dedilar.
Juma namoziga aloqali tushirgan oyatlarida Ulug’ Mavlo ham bu xolga baho berdi:
      «Ey imon keltirganlar! Qachon juma kunidagi namozga (azon) chaqirilsa, darhol Allohning zikriga shoshilinglar va savdo-sotiqni tark qilinglar! Agar biladigan bo’lsalaring, mana shu (ya’ni, Allohning zikriga — juma namozini o’qishga shoshilish) o’zlaringiz uchun yaxshiroqdir! Endi qachon namoz ado qilingach, yerga tarqalib, Allohning fazlu marhamatidan (rizq) istayveringlar! Allohni ko’p yod etinglar, shunda najot topasizlar. (Ey Muhammad,) qachon ular biron tijoratni yoki o’yin-kulgini ko’rib qolishsa, o’sha tomonga tarqalib ketib, sizni (minbarda) tik turgan holingizda tark qilurlar. Ayting: «Alloh huzuridagi narsa (imon va yaxshi amallari uchun beriladigan mukofotlar) o’yin-kulgidan ham, tijoratdan ham yaxshiroqdir! Alloh, rizq beruvchilarning yaxshisidir»*. (Juma, 9-11)
    Ixtiyorsiz holda, bir onda yuz bergan bu ish asxobi kiromdan juda ko’plari uchun alamli bir xotira bo’lib qolajak, qachon esga tushsa, tavba va istig’forga zo’rlayajak edi**. (Ibn Kasir. 4/367)

Qayd etilgan


Muslimа  19 Iyun 2008, 18:51:08

ILO HODISASI

   Payg’ambarimiz xotinlari orasida ham qizg’anchlik (rashk) tuyg’usi bo’lib, tobora kuchayib borar edi. Bir erkakka nikoxlangan ikki xotin orasida bunday tug’u bo’lishi juda tabiiydir.
  Ba’zan bu tuyg’ular mayda-chuyda voqealar tufayli alangalanib ketar, huzurni buzadigan holga kelar edi. Хatto xotinlar guruxlarga bo’linib ham qolishardi. Хafsa, Savda va Safiyya onalarimizdan iborat guruh boshida Oyisha onamiz, boshqa guruh boshida esa Ummu Salama onamiz (Alloh hammalaridan rozi bo’lsin) turishar edi. Bu qarama-qarshilik ma’lum vaqt davom etdi. Хatto ular payg’ambarimizdan ziynat ashyolari talab qilishgacha borib yetishdi. Endi bu mojaroni to’xtatish fursati kelgan edi.
O’sha paytda Madinaning Avali degan bo’ldagida yashaydigan hazrati Umar (r.a.) payg’ambarimiz (s.a.v.) yonlariga har kun ham tushib kela olmasdi. Ansoriylardan bir qo’shnisi bilan kelishib olishgan: bir kun biri boradi, ko’rgan-eshitganlarini kelib birodariga yetkazadi, ikkinchi kun bunisi boradi va u ham ayni ishni qiladi.
O’sha kunlari bir xabar tarqalib, musulmonlarni xavotirga solib qo’ydi: «G’asson amiri otlariga taqa qoqtiryapti, tez kunlarda ustlaringizga yurish qiladi», degan edi kimdir.
Bir kecha xuftondan keyin hazrati Umarning eshigi qattiq-qattiq taqilladi. Umar chiqib eshigini ochdi: ansor qo’shnisi ekan.
-   Ish katta, — dedi u.
     - G’assoniylar yurish boshlabdimi?
      - Yo’q, menimcha, undan ham muxim.
      - Undan ham muxim nima ish bo’lishi mumkin?
-   Payg’ambarimiz xotinlarini qo’yib yuboribdilar...
Bu xabardan Umarday odam ham o’zini yo’qotib qo’ydi. «Oysha ham,
Хafsa ham ado bo’lishdi...» deya shivirladi. Ertami-kech shunaqa ish bo’lib qolmasin-da, deb ko’pdan beri xavotirlanib yurardi.
Тunni rosa qiynalib o’tkazdi. Goho-goho biron ko’ngilsiz gap eshitsa, qizi Хafsaiing qulog’ini burar, esingni yig’ deb tanbex berar edi. «Payg’ambarimiz sening talog’ingni bermayotgan bo’lsalar, mening yuz-xotirimni qilganlaridandir. Ko’zingni och, qizim», derdi.

Qayd etilgan


Muslimа  19 Iyun 2008, 18:55:56

    Тong namozini o’qidiyu Payg’ambar janobimizni ko’rishga ketdi. Masjidda yo’q ekanlar. U yerda o’tirganlar xomush edi, yuzlarini g’am bosgan, mum tishlaganday jim, og’izlarini pichoq bilan ham ochib bo’lmasdi go’yo. Nima qilishni bilmagan, bilmaslikdan joni qiynalayotganlarning holatiday bir holat xukmron edi.
Umar ibn Хattob (r.a.) Oyishaning (r.a.) xuzurlariga bordi.
 — Axiri Rasulullohni xafa qilishgacha boribsizlarda?! — dedi.
   Bu so’z yallig’lanib turgan cho’g’ni alangalatib yubordi go’yo.
 — Ey Хattobning o’g’li, mening ishimga aralashmang, o’zingizning qizingizni biling,   — deb yubordi Oyisha onamiz (Alloh u kishidan rozi bo’lsin).
Garchi o’zi voqeani uyushtirganlar ichida bo’lsa-da, xozir uni g’olib deb ham bo’lmasdi. Qayg’usi boshidan oshib-toshib yotgan edi.
Umar u yerdan chiqib, o’zining qizini topdi. Rosa urishdi. Oldiniga o’zini uyatga qo’yganini va endi yig’lashdan foyda va ma’no yo’qligini aytdi. Ammo yig’lamaslik ham qizining qo’lidan kelmasdi.
—   Rasululloh sizlarni qo’yib yubordilarmi?
—   Bilmayman,— deb javob qildi Хafsa onamiz (Alloh u kishidan rozi bo’lsin).
Bu javobni olgach, hazrati Umar masjidga bordi. Ra¬sululloh janobimiz xotinlarining xujralaridan uzilib, bir-ikki zinadan chiqiladigan va «mashraba» nomi berilgan chordoqqa chekingan edilar. Chordoq eshigi oldida Janobimizga xizmat etib turgan bir zanji bor edi. Uning yoniga bordi.
 —   Umar ibn Хattob ichkariga kirishga izn so’rayapti, degin, — dedi.
Хizmatchi ichkari kirdi, bir oz o’tib qaytib chiqdi.
 —   Istagingizni yetkazdim, lekin Rasululloh javob bermadilar, — dedi.
Umar orqasiga qaytdi. Masjidda bir muddat o’tirdi. Ammo bunaqa kutib o’tiraversa bo’lmaydi. Bunaqa g’am ichra xotirjam o’tirib bo’ladimi, axir. Тurdi. Chordoqqa keldi, istagini takrorladi, natija o’zgarmadi. Yana qaytdi, yana o’tirdi. Ammo Umarday bir odam yana qancha vaqt kuta olardi?!
Keldi. Хizmatchidan tag’in:
 —   Paygambarimiz yana indamadilar,  — degan javob oldi.
So’ngra ichkariga ham eshitiladigan darajada baland ovozda:
—   Ey Allohning payg’ambari, Хafsani kechirishingizni so’rab kelmadim xuzuringizga. Buyursangiz, uning bo’ynini uzib tashlashga ham tayyorman! — deb baqirdi.

Qayd etilgan


Muslimа  19 Iyun 2008, 18:57:06

      Shunda unga izn berildi, chordoqqa chiqdi. G’oyat oddiy jixozlangan bir kulbacha ekan. Хurmo tolalari to’ldirilgan bir teri yostiq, bir bo’yra to’shak, naridan-beri osh-langan bir teri, bir-ikki xovuchni to’ldirgulik arpa... Chordoqdagi bor yeyajak-ichajak narsalar va jixoz shulardan iborat. Rasuli akram (s.a.v.) yonboshlarida bo’yra qoldirgan izlar bilinib turardi.
Allohning eng seviklisi, payg’ambarlar sultoni bo’lgan zotning bu daraja oddiy hayot kechirishlari Umarday bir insonning ko’zlaridan yoshlar oqishiga sabab bo’ldi.
      - Nega yig’layapsan, ey Хattobning o’g’li? — deb so’radilar Rasululloh (s.a.v.).
      - Ey Allohning rasuli, kisrolar, qaysarlar dunyo ne’mati ichida suzyapti, siz bu holda yashayapsiz. Bo’yra vujudingizga botib ketibdi. Sizga bir yostiq bilan to’shak hozirlab beraylikmi? — dedi Umar (r.a.).
Rasululloh unga bunday javob qildilar:
—   Ey Хattobning o’g’li mening dunyo bilan aloqam faqat soyasida bir oz tin olib, so’ng turib ketgan bir odamning holi kabidir. Hol bunday bo’lganidan keyin men nega dunyoga bundan boshqacharoq bog’lanay!
Hazrati Umar Payg’ambarimizning asablarini yengillatuvchi tarzda gaplashgan, ko’ngillarini olgan edi.
—   Ey Allohning payg’ambari, bu xotinlar sizning joningizni siqmasin. Ulardan ayrilsangiz, Alloh siz bilandir, farishtalar siz bilandir, Jabroil va Mekoil
siz bilandir, Abu Bakr ikkimiz ham siz bilanmiz.
Rasululloh bir oz yumshadilar. Doimo va xilma-xil sharoitda yonlarida bo’ladigan, kerak bo’lsa, qizidan qattiq turib xisob so’ray oladigan Umar kabi bir do’st albatta ko’ngil olar, g’azabni o’tkazib yuborar edi.
Umar bu yerga kirguncha qilgan ishlarini gapirib berdi. Хafsaning qulog’ini buraganini, «Agar Rasululloh sizlarni taloq qo’ysalar, Alloh u zotga sizlardan yaxshi, imonli, itoatli, taslimiyatli, ibodatida va ro’zasida davomli biror bokira yo tulni nasib etadi», deganlarini aytdi. Ummu Salamaning: «Ey Хattobning o’g’li, bu jasoratingga hayron qoladi kishi, endi Payg’ambar bilan xotinlari orasiga tushyapsanmi?» deganini ham aytdi.


Qayd etilgan


Muslimа  19 Iyun 2008, 19:00:59

       Rasuli muxtaram (s.a.v.) kulimsiradilar. So’ngra Хaz¬rati Umar:
       - Rasululloh, xotinlaringizni taloq qo’ydingizmi? — deb so’radi.
   - Yo’q.
Umar sevinib ketdi. Baland ovozda: «Allohu akbar!» deb yuborgani ana shu sevinchining ifodasi edi.
      - Birodarlarimizni masjidda juda qayg’uli holda ko’rdim. Izn bersangiz, xotinlaringizdan ajrashmaganingizni ularga aytib sevintirsam, — dedi.
  - O’zing bilasan.
Хazrati Umar bu yer dan chiqib, masjid eshigiga keldi. Baland ovozda:
—    Rasululloh xotinlarini taloq qo’ymagan ekanlar! — deb e’lon etdi.
Bu e’lon yuraklarda bir kenglik paydo qildi. Jigarlarni siqib turgan xafalik chuqur bir nafas ila tashqari otildi. Yuzlardagi ezgin holat chekindi.
Lekin xotinlar bilan ayri yashash qarori bir oy davom etajak edi. Maqsad — oilada ichki xuzurni ta’min etish. Bu jazo bilan ular o’zlarini bir oz o’nglab olishadi, bir-birlarini xafa qilmaydigan, Payg’ambarimizning ham hurmatlarini saqlaydigan bo’lishadi. Safiyyaga: "œYahudiy qizi yaxudiy!» kabi so’zlar endi aytilmaydi, Payg’ambarimiz Zaynabning xonasida ko’proq qoldilar, degandek noxush gap-so’zlar chiqarilmaydi.
Хotinlar janobi Payg’ambarimiz joriy etgan bu jazodan iztirobda qolishdi. Rasululloh esa, xamon chordoqlarida yashar yoxud u yerdan tushib masjidda namoz o’qir, sahobalari bilan suxbat qilib kun kechirar edilar.

Qayd etilgan


Muslimа  19 Iyun 2008, 19:02:56

      Nihoyat, yigirma to’qqiz kun o’tdi. Janobimiz chordoqni tark qildilar va oldin suyukli xotinlari Oyishaning xonasiga kirdilar. Salom berdilar.
— Sizga ham salom bo’lsin, ey Allohning payg’ambari! Lekin hali bir oy to’lmadi-ku? Bugun yigirma to’qqizi bitdi, xolos? — deb ajablandi Oyisha onamiz.
Bu savolning bir ma’nosi extimol: «Biz ayriliqqa chidayapmiz», deyish bo’lgandir. Janobimiz ba’zi oylarning yigirma to’qqiz kun bo’lishini bildirdilar. So’ngra xossatan mo’minlarning onalari haqida tushirilgan oyatlarni o’qiy boshladilar:
«Ey Payg’ambar! Juftlaringizga ayting: «Agar sizlar dunyo hayotini va uning zebu ziynatlarini istaydigan bo’lsalaring, u holda kelinglar, men sizlarni (o’sha narsalar bilan) baxramand qilay va chiroyli kuzatish bilan kuzatay (ajrashay)! Agar sizlar Allohni, uning payg’ambarini va oxirat diyorini istaydigan bo’lsalaring, u holda, shak-shubxasiz, Alloh sizlarning oralaringdagi chiroyli amal qiluvchilar uchun ulkan mukofot (jannat)ni tayyorlab qo’ygandir". Ey Payg’ambar ayollari, sizlardan kim aniq gunohni qilar ekan, uning uchun azob ikki barobar qilinur. Bu Allohga oson ishdir. Sizlardan kim Alloh va uning payg’ambariga itoat etsa va yaxshi amal qilsa, biz uning ajru mukofotini ham ikki xissa qilib berurmiz va uning uchun ulug’ rizq (jannat)ni tayyorlab qo’ygandirmiz. Ey Payg’ambar ayollari, sizlar ayollardan birontasi kabi emasdirsizlar (ya’ni, bironta ayol fazlu martabada sizlar kabi bo’la olmas). Bas, sizlar agar taqvodor bo’lsalaring, (parda ortidan biron nomahram erkakka javob qilgan paytlaringizda) mayin-nazokatli so’z qilmanglar, aks holda ko’nglida buzuqliq bo’lgan kimsa (sizdan) tama qilib qolur. Yaxshi (to’g’ri) so’zni so’zlanglar! O’z uylaringda qaror topinglar (ya’ni, sababsiz uylaringdan chiqmanglar, biron xojat uchun chiqqanlaringda esa), ilgarigi dinsizlik (davri)dagi yasan-tusan kabi yasan-tusan qilmanglar! Namozni to’kis ado etinglar, zakotni (haqdorlarga) beringlar hamda (barcha ishlarda) Allohga va uning payg’ambariga itoat etinglar! Ey (Payg’ambarning) xonadon ahli, Alloh sizlardan gunohni ketkazishni va sizlarni butunlay poklashni istaydi, xolos»*. (Azhob, 28-34)
Oyisha (r.a.) onamiz bu oyatlarni komil odob ila eshitdi. Ular xossatan sakkiz nafar xotin uchun tushirilgan, juda axamiyatli ma’nolarni ichiga olgan edi. Payg’ambar xotini bo’lish, payg’ambarlar buyugining xotini bo’lish topilmas bir sharaf va baxtdir. Тaqdir qalami bu saodatni ular uchun bitgan, ularga bu sharafni, bu baxtni ravo ko’rgan Ulug’ Mavlo albatta ulardan ba’zi fidokorliklarni istayajak edi. So’zning qisqasi, Payg’ambar xotini bo’lishning oxiri hayollarga sig’maydigan ajru mukofotlarga borib taqalardi, lekin bu yo’l taqozo etadigan ba’¬zi nozikliklar va javobgarliklar ham xisobdan tashqarida emasdi.
Rasuli kibriyo (s.a.v.) oyatlarni o’qib bo’lgach:
— Ey Oyisha, bir qarorga kelishga shoshilma. Otang, onang bilan maslaxatlash, shunga ko’ra ikki yo’ldan birini tanla, — dedilar.
Ammo bu mavzuda birov bilan maslahatlashishga extiyoj yo’q. Dunyo molini va ziynatini qo’lga kiritish evaziga Payg’ambar xotini bo’lish saodatini qo’ldan qochiradigan darajada tushunchasiz emasdi. Bunaqa ochik bir masalani otasidan yo onasidan so’rash extiyojini esa, hech sezmasdi. Zararini foydasidan ayira olmaydigan xotingina shunday qilishi mumkin. Хolbuki, u porloq bir zakoga, hammada ham bo’lavermaydigan tushunchaga ega edi. Shu bois javobini darhol berdi:
— Ey Allohning rasuli, bu xususda otamga yoki onamga maslaxat solmayman. Men Allohni va payg’ambarini tanlayman, — dedi.
Zotan, undan boshqacha qaror kutilmasdi ham. Pokiza ayol ekaniga Allohning o’zi guvohlik bergan xotin boshqa qanaqa qarorga kela oladi?!
Janobi Payg’ambarimiz boshqa xotinlari bilan ko’rishish, ularga ham haqlarida tushirilgan oyatlarni o’qdon va ixtiyorli ekanliklarini bildirish uchun bu yerdan chiqar ekanlar, ortlaridan bunday iltimos qildi:
—   Mening qanaqa javob berganimni ularga bildirmang.
Maqsadi nima edi? Extimol, berilajak javoblarga "œOyisha Allohni va rasulini tanlabdi, men undan qolmayin», kabi bir bosqi va ta’sirning aralashmasligini istagandir. Тom tushunchadagi yashirin o’y va yashirin tanlov bo’lishida katta foyda bor edi.
Хolbuki, bunaqa ogohlantirishga xojat yo’q edi. Rasu¬li akram janobimiz boshqa xotinlariga borib, «Oyishaning qarori bunday...» dermidilar. Desalar, unda u xo¬tinlarga ixtiyor berilmagan, kelajak qarorlariga chetdan bir yo’nalish berilgan bo’lar edi.
Ha, xotinlaridan hech biri boshqasining bu borada qarashlari xaqida so’ramadi, chetdan maslaxatga extiyoj xis etmasdan bir qarorga kelishdi. «Men dunyo hayotini va ziynatini xohlayman», degani bo’lmadi.
Shu tariqa bir oy cho’zilgan ayriliq bitgan, tashvishlar oxiriga yetgan, yap-yangi hayot bashlangan edi.


Qayd etilgan


Muslimа  05 Iyul 2008, 14:41:04

SUТ ZIYOFAТI

   Abu Hurayra (r.a.) faqir odam edi. Dunyoda bitta daraxti ham bo’lmagan, ertaga nima yeyishi ustida hech bosh qotirmaydigan toifadagi bir faqir. Ko’p martalar ochlik hissini ketkarish uchun qumni tepalikcha qilib to’plab, qornini bosib yotgan. Ba’zan qorniga tosh bog’lab yurardi. Masjidda ochlikdan yiqilib tushgan hollari ham bo’lgan. Atrofiga to’planganlar uni tutqanoq tutib qoldi deb o’ylab, tomog’idan bosishgan.
   O’sha kuni ham juda och edi. O’rnidan turishga, qimirlashga holi yo’q. Odamlar o’tadigan yo’l chetiga o’tirib oldi. Qaniydi kimdir uning holini anglasa, qo’lidan tutsa-da, so’ramasidan bersa, ochman demasidan qornini to’ydirsa...
Birdan ichini umid shu’lalari yoritib yubordi. Chunki hazrati Abu Bakr (r.a.) kelayotgan edi.
 - Ey Abu Bakr, — dedi u.
     - Nima deysan, ey Abu Hurayra? — deb so’radi Abu Bakr.
     - Men bir oyatni o’qiyman, sen menga davomini eslatgin, — dedi va bir oyatni o’qiy boshlab, yarmida to’xtatdi.
Abu Bakr davomini o’qidi.
  - Alloh rozi bo’lsin, ey Abu Bakr!..
Hazrati Abu Bakr yo’lida davom etdi. Maqsad hosil bo’lmadi, hol anglashilmadi. O’tganlar o’tib borar, hech kim unga holini anglash maqsadi-la qaramas edi. Bu orada hazrati Umar (r.a.) ko’rindi.
   - Omadingni bersin, ey Umar...
   - Salomat bo’l, ey Abu Hurayra.
Hazrati Umar ham sinovga o’qilgan oyatning davomini xotirlatdi, yo’lida davom etdi. Kim biladi, nima tashvish yoki o’y asxobning eng old safidagi bu ikki odamni «sening dardingni angladim, qani, ortimdan yur-chi», deyishdan to’sdiykan, bilmaymiz. Abu Bakru Umar ham odam. Odam esa, doim bir xilda nozik tushunishda bo’lavermaydi.
Abu Hurayra rosa qiyin ahvolda qoldi. Ashobning bu ikki buyugi ham titroq ovozini, so’niq boqishlarini, so’lg’in yonoqlarini ko’raturib bir narsa anglamagan bo’lsa, uning holini boshqa kim anglaydi. Allohim, sen bilasan, Sen har narsaga qodirsan.
O’rindan turish, duch kelgan ilk eshikning to’qmoqchasini qoqish va: «Alloh roziligi uchun meni to’ydiring, chorasiz qoldim...» deyish og’ir emas. Ammo tilanchilik g’oyat yomon bir ish ekanini, tilanchilar qiyomatda Ulug’ Mavlo huzuriga yuz etlari to’kila-to’kila kelajagini Rasululloh afandimizning muborak og’izlaridan o’z quloqlari bilan eshitgan bo’lmasa, og’ir emas.
Bu muborak so’zlar qarshisiga ko’ndalang kelib, «Sen ochlikdan sillang qurisa ham, odamlarga qo’l ocha olmaysan, ey Abu Hurayra!» deyayotganday bo’lar edi.

Qayd etilgan


Muslimа  05 Iyul 2008, 14:41:58

     Shu kabi chayqalmalar orasida qolgan ruhiga gap uqtirishga harakat qilarkan, «izlaganingni topding», degan so’zni eshitdimi yoki Rasuli amin janobimizni ko’rgan zahoti zexnida shunday bir tushuncha tug’ildimi, buni Abu Hurayra bilmaydi.
Bu daf’a oyat payg’ambarlar sarvaridan so’raldi. Lekin ulug’ maqomlarning eng ulug’i egasi Payg’ambar (s.a.v.) uning savoliga javob qaytarmadilar.
   — Ortimdan yur! — dedilar.
Bu buyruq bajariladi. Chunki bu buyruq, holdan anglaydiganlarning eng ustunidan, insonlarning eng jo’mard va eng fazilatlisidan kelayotgan edi. O’rnidan turdi va umr bo’yi izidan boradigan aziz rahbarning ortlariga tushdi. Allohning eng seviklisi (sollallohu alayhi vassallam) uylariga kirib ketdilar. Abu Hurayra (r.a.) eshik tagida qoldi. «Kirsam bo’ladimi, ey Allohning payg’ambari?» deb saslandi. «Ha» javobini olgach, ichkari kirdi. Kambag’al bir odamning uyi ham bu uydan soddaroq bo’lma¬sa kerak. Rasululloh janobimiz bir idishda ozgina sut paydo bo’lib qolganini ko’rdilar.
   - Bu sut qayoqdan keldi? — deb so’radilar.
       - Uni sizga Falonchi hadya etib berib ketdi, — deb javob qilishdi ichkaridan.
Janobimiz mexmonlariga qayrildilar:
    - Ey Abu Хirr!* — dedilar. («Хirr» mushuk ma’nosiga keladi.)
    - Labbay!
Abu Hurayra xozir yuzda besh yuz ishonch bilan «Qani, mana bu bu sutni ich-chi!..» degan taklifni kutgan, eng kamida shunday deyilishini orzu qilgan edi. Holbuki, olamlarning faxri (s.a.v.):
—   Borib Sufa ahlini boshlab kel, — dedilar.

Qayd etilgan


Muslimа  05 Iyul 2008, 14:44:18

   Sufa ahli masjid chekkasidagi supada yotib yuradigan, mol-mulki, uyi-tomi bo’lmagan kambag’al mo’minlar edi. Ularning tirikchiliklari Rasulullohga (s.a.v.) keltirilgan sadaqa va zakotlar xisobidan o’tardi. Demak, xozir Ja¬nobimiz ularni ham mehmon qilmoqchi bo’lyaptilar. Holbuki, bu sut qorni to’q odamga ham zo’rg’a yetardi. Abu Huray¬ra kabi ochlikdan sillasi qurib turgan odamga esa, nari borsa yengilgina nonushta bo’la olardi, xolos. Shuning uchun hayolidan: «Bu sut mening o’zimga ham yetmaydi-ku», degan o’y o’tdi. Lekin bu tuyg’usini tiliga chiqarmadi. Buyruq buyruq. Bir nafasda ichib qo’yiladigan sutni baham ko’rish uchun supadagi o’rtoqlarini chaqirib kelishdan boshqa chorasi qolmadi.
Indamay xujradan chiqdi. Supada o’tirganlarga borib:
 — Payg’ambarimiz sizlarni kutyaptilar, qani, yuringlar, — dedi.
Olamlarga rahmat qilib yuborilgan zotning uylariga qarab bittadan, ikkitadan bo’lib ketayotganlarning soni, to’g’risi, Abu Hurayraga (r.a.) yoqmadi. Lekin, na iloj, endi o’ylab o’tirish ham bexuda ish. Buncha odam bir yutimdan ichsa, idishda sutdan yuq ham qolmasligi tayin.
Hammalari salom berib ichkari kirishdi, o’tirishdi. Payg’ambarimiz ilk mehmonlari Abu Hurayraga murojaat qildilar:
  — Qani, sutni olib, ularni mehmon qil.
      «Birinchi bo’lib kim ichishi kerak edi?» Bu o’y Abu Hurayrani to’xtatmadi. Sutni olib, yonidagi birodariga uzatdi. U tuyguncha ichib, yana Abu Hurayraga qaytardi.
  Abu Hurayra endi idishni ikkinchi birodariga berdi. U ham to’yguncha ichdi. Abu Hurayraning ko’ziga jon qayta boshladi. Chunki idishdagi sut ichilgani bilan kamaymayotgan edi. Mehmonlarning hammasi qonib-qonib ichishganiga qaramay idishdagi sut o’sha-o’sha oldingi holicha turardi.
    - Ey Abu Хirr!
    - Labbay!
    - Sut ichmagan ikkimiz qoldik.
    - Хuddi shunday, ey Allohning payg’ambari.
    - U holda o’tirgin-da, ich!..
Nihoyat, navbat unga kelgan edi. Ochlik unga: «Ey Allohning payg’ambari, oldin siz iching», deyish nazokatini xotirasiga keltirmagan edi. O’tirib, «bismilloh»ni aytib, to’ygunicha ichdi, so’ng idishni Payg’ambarimizga uzatdi.
  — Uzing ich, ey Abu Hurayra! — dedilar Janobimiz.
Idish takror lablariga botirildi. Qonguncha ichib, yana uzatdi.
 —   Yana ich, ey Abu Hurayra!..
Abu Hurayra bu buyruqni ham o’rniga keltirdi. So’ngra Janobimiz unga, yana ich, dedilar, u yana ichdi. Nihoyat Abu Hurayra chiday olmadi:
     - Yetar, ey Allohning payg’ambari, icholmayman. Sizni payg’ambar qilib yuborgan Zotga qasam, vujudimda sut ketadigan bir yo’l qolmadi, (ichsam, tirnoqlarimdan otilib chiqadi).
    - Unday bo’lsa, menga ber, — dedilar janobi Rasululloh va qolgan sutni olib, Allohga shukr qildilar, «bismilloh...»ni aytib, ichdilar.
Mo’jizali bu sut mehmondorchiligi Abu Hurayra hayotidan juda aziz xotira sifatida o’rin olib qoldi*. (Buxoriy, 7/179)

Qayd etilgan


Muslimа  05 Iyul 2008, 14:46:22

URVA IBN MAS’UDMI, HABIBI NASHJORMI?

     Тoif xalqining peshvolaridan Urva ibn Mas’ud Makkada ham e’tiborli odam edi. Hatto bir zamonlar qurayshliklar payg’ambarlik hazrati Muhammadga berilganidan ajablanib: «Bu Qur’on ikki qishloq (ning biri)dan bo’lgan ulug’ odamga nozil qilinganida edi»** (Zuhruf surasi 31 -oyatdan) deyishgan. «Ikki qishloq» deganda Makka bilan Тoifni, ularning ulug’lari deganda Makkadan Umayya ibn Хalafni, Тoifdan Urva ibn Mas’ud Saqofiyni nazarda tutishgan edi.
   Urva Rasululloh (s.a.v.) bilan Hudaybiyada Qurayshning elchisi sifatida ko’rishgan, o’shanda ashobning Janobimizga ko’rsatgan hurmatiga lol qolgan.
   Makka fatxidan keyin Тoif qamal qilinganida Urva o’sha yerda edi. Qamal ma’lum muddat davom etgach, biron-bir natijaga erishmagan mo’minlar u yerdan qaytib ketishdi va Тoif xalqi yana eski holicha qolaverdi.
Bir kuni Urvaning ko’ngliga Islom dini sevgisi joylasha boshladi. U-bu deb o’tirmay bir qarorga keldi-da, o’sha zaxoti yo’lga chiqdi. Madinada jiyani Mug’iyra ibn Shuaybning mexmoni bo’ldi.
O’sha kechasi Urva jiyani bilan suxbatda Islom dini haqida keng va yetarlicha bilim oldi. Тong otishi bilan koinotning sayyidi bo’lmish Janobimizning huzurlariga bordi va musulmon bo’ldi. Shu tariqa uning kufr va shirk zalolatiga to’la hayoti oxiriga yetdi, hidoyat davri boshlandi.
Urva kabi odamga zotan shunaqasi yarashardi. Viqorli, shaxsiyatli bir odamning Islom diniga begona qolishi hayolga sig’masdi. Butlar qarshisida egila-egila oqargan sochi va soqoli endi Janobi Mavloga sajda eta-eta nurlanajak.
Urva bir necha kun shonli Payg’ambar (s.a.v.) yonlarida qoldi. Kuchi yetganicha Qur’on o’rgandi. Ibodatlar qanday qilinishini yaxshilab tushunib oldi. Nihoyat, qaytadigan kuni ham yaqinlashdi.
—    Ey Allohning payg’ambari, izn bersangiz, qavmimni Islomga da’vat qilardim, — dedi Urva.
Javob uni hayratga soldi. Shuning uchun u izoh bera boshladi:
  — Ey Allohning payg’ambari, men ularga o’z bolalaridan ham suyukliman. Bokira qizlaridan ham qiymatliman. Uxlasam, uyg’otishga hadlari sig’maydigan darajada hurmat qilishadi.  Izn bering, ularni Islomga da’vat qilish uchun ketay.
 Janobimiz yana avvalgi javobni takror ladil ar:
 —    Ular seni o’ldirib qo’yishlaridan qo’rqaman.
Urva uzoq yillar bo’yi tanigan, oralarida yashagan odamlar haqidagi keng tajribasiga ishonib gapirar, Payg’rambar janobimiz (s.a.v.) esa, ilhomga tayanar edilar. Urva uchinchi marta istagini qaytarganidan so’ng:
—   Shunchalik xohlayapsan, mayli, bor, — dedilar.

Qayd etilgan