Ahmad Lutfiy Qozonchi. Saodat asri qissalari (4-kitob). Buyuk Fath  ( 154980 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 23 24 25 26 27 28 29 30 31 B


AbdulAziz  07 Fevral 2009, 09:39:52

RASULULLOH SEVGAN ODAM

Muoz ibn Jabal (roziyallohu anhu) yordamsevar bir odam edi. Birovlarning ko‘nglini olishni yaxshi ko‘rardi. Uning bu xislati vaqti kelib qo‘lida hech narsa qolmasligiga sabab bo‘ldi. Tirikchiligini o‘tkazish uchun hatto ba’zan qarz olishga majbur bo‘lib qoldi. Qarzini o‘tash vaqti kelib, haqdorlar eshigini qoqib kelishganida Muozning uzr so‘rashdan boshqa ularga beradigan hech vaqosi yo‘q edi. Lekin uzr so‘rash dardga davo emasligini uning o‘zi ham bilardi.
Kelganlarning qoshlari chimirilib, yana kelarmiz, deb ortlariga ketishdi, ketayotib, biror chorasini topgin-da endi, deb eslatib qo‘yishni ham unutishmadi.
Muoz uyiga kirarkan, qorong‘i o‘y-xayollar qurshovida qolgan edi. Nima qilsa ekan, bu qorong‘ilikdan chiqish yo‘lini qanday topsa ekan? «Marhamat, istaganlaringni qilinglar!» deb bo‘lmasdi. «Boshingizni bilgan toshingizga uring, mening sizdan qarzim yo‘q!» deya olmasdi. Uyiga qamalib olishdan ham foyda yo‘q.
Nima qilarini bilmay, birmuncha muddat tolg‘in ko‘zlarini xona devorlariga tikib turdi. So‘ngra shart o‘rnidan turdi-da, Payg‘ambar masjidlariga yo‘l oldi.
Janobimiz uning dardini diqqat bilan tinglab bo‘lgach, qarz berganlarning uyiga bir-bir bordilar. Har biri bilan gaplashdilar. Lekin bu gaplashishlardan na muddat ortga surildi va na biror qulaylik tug‘ildi. Aksiga olib, qo‘lda g‘animat ham yo‘q, bo‘lganida Janobimiz masalani oson hal etib qo‘ya qolar edilar. Muozni juda yaxshi ko‘radigan Payg‘ambarimizning bu ishga g‘ayratlariga guvoh bo‘lgan bir sahobiy keyinchalik: «Agar Payg‘ambar (s.a.v.) orachiliklarida biron qarz muddati kechiktirilsa edi, Muoz uchun kechiktirilgan bo‘lar edi», degan edi.
Endi nima qiladi Muoz? Havo yoqimli, kunlar qanday go‘zal, deb hech narsa bo‘lmaganday yuraversinmi? Yo‘q, bunday qilishga undagi uyat tuyg‘usi yo‘l bermaydi, obro‘-e’tibori, sharafi bor uning. Bu ahvolga chek qo‘yish lozim edi. Rasululloh (s.a.v.) Muozning mol-mulkini sotishga chiqardilar. Kelgan mablag‘ni qarz berganlarga tarqatib, masalani hal qildilar. Muoz endi uysiz-bog‘siz, besh tangasiz qoldi. Ammo bu chorani qo‘llagan Janobimiz uni bu ahvolda tashlab qo‘ya olmasdilar ham.
O’sha kunlar edi. Rasululloh (s.a.v.) Yamanga borib, u yerda Islom dinini tushuntirish, shar’iy hukmlarni tatbiq etishga ko‘ngilli bir odam axtardilar. Abu Bakr (r.a.) ko‘ngilli bo‘lib chiqqan edi, uni qaytardilar. Keyin hazrati Umar (r.a.) keldi. Uni ham qaytardilar. Nihoyat bu vazifaga Muoz ibn Jabal talabgor bo‘ldi. Darhol qabul etildi.
Endi Muoz bemalol nafas ola olardi. «...Kim Ollohdan qo‘rqsa, u Zot uning uchun (barcha g‘am-kulfatlardan) chiqar yo‘lni (paydo) qilur. Va uni o‘zi o‘ylamagan tomondan rizqlantirur...»* oyatining siri ochildi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  07 Fevral 2009, 09:41:38

Rasuli akram (s.a.v.) Muozni (r.a.) qarshilariga o‘tirg‘izdilar. Vazifasini bajarishda nimalarga e’tibor qaratishi lozimligini ushbu muborak so‘zlar bilan tushuntirdilar:
- Sen ahli kitoblardan bir qavmni Islomga chaqirish uchun boryapsan. Ularni eng oldin Ollohning rasuli ekanimga ishonishga chaqir. Ular bu chaqirig‘ingni qabul etishsa, bir kun-bir kechaga besh vaqt namozni Olloh farz qilganini bildir. Agar ular senga bu borada itoat etishsa, boylaridan olinib kambag‘allariga tarqatish uchun Olloh zakotni farz qilganini ayt. Agar ular buni ham qabul qilishsa, zakotni to‘plashda odamlarning mollaridan eng yaxshilarini olib jonlarini achishtirishdan va natija o‘laroq mazlumning badduosiga nishon bo‘lishdan saqlan. Chunki bunday duo bilan Olloh orasida hech qanday to‘siq yo‘q.
So‘ngra uni savolga tutdilar:
-   Ey Muoz, nima bilan hukm qilasan?
-   Ollohning Kitobi bilan hukm qilaman.
-   Izlagan hukmingni Qur’ondan topmasang-chi?
-   Payg‘ambarning sunnati bilan hukm qilaman.
-   Undan ham izlaganingni topmasang-chi?
-   Uholda ijtihodqilaman.
Shunda Janobimizning muborak yuzlarida totli bir mamnunlik alomatlari ko‘rindi. Axtarganini topgan, amaliga qovushgan bir ko‘ngil huzuri ichida:
-   Maqtovlar Ollohgadir, u rasulining elchisini rasulining orzuiga uyg‘un holga keltirdi, - deb marhamat qildilar.
Muozga sherik qilib Abu Muso al-Ash’ariyni tayinladilar va ikkaloviga bunday tavsiya berdilar:
-   Oson qilib ko‘rsatinglar, qiyinlik chiqarmanglar. Ko‘ngillarni zavqlantiradigan ifodalar bilan so‘zlanglar, nafratlantiradigan so‘z va ishlardan uzoq turinglar.
So‘ngra ularni yo‘lga kuzatib chiqdilar. Muoz tuyaga mingan, sarvari koinot (s.a.v.) yonida yayov borardilar.
-   Ey Muoz, - dedilar bir payt, - boshqa meni ko‘rmasang kerak, menga yetisha olmaysan, shekilli. Faqat, masjidimga va qabrimga kelasan.
Bu gaplar Muozning quloqlarini yondirdi, yuragini qovurdi. Ko‘zlari bir onda yoshlanib, yuragining tub-tublaridan qaynab chiqqan bu yoshlarni to‘xtatib bo‘lmay qoldi. Rasuli kibriyoni boshqa ko‘rmas bo‘lib ayrilib ketish shuncha osonmikan?.. Abadiy saodatni uning rahbarligida topgan, jondan aziz bir sevikli o‘laroq qabul etgan edi bu zotni. O’rinlariga o‘lishni joniga minnat biladigan darajada bitmas-tuganmas sevgisi va hurmati bor edi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  07 Fevral 2009, 09:49:39

O’ziga qolsa, ketmasdi, to vafot etgunlariga qadar yonlaridan ayrilmas edi. Ammo sevikli Payg‘ambari unga «Bor!» deb turibdilar. Ketmasa, bo‘lmasdi. Sevgan odam sevgisini buyruqqa itoat etish bilan isbot qilishi lozim, axir.
Demak, taqdir qalami dunyo hayotida Payg‘ambarni (s.a.v.) boshqa ko‘rish yo‘lini unga berkitibdi. Muoz u yoqda Ollohning rasulidan vakil o‘laroq tablig‘ vazifasini yuritar ekan, Ollohning seviklisi (s.a.v.) bu yoqda dunyodagi vazifalarini tamomlagan sifatida olamlar Parvardigorining huzuriga borajak edilar. Qisqasi, endi ko‘rishish mahsharga qolayotgan edi.
-   Ey Ollohning rasuli, menga vasiyat qiling, - dedi.
-   Qaerda bo‘lsang, Ollohga hurmatda bo‘l.
-   Yana vasiyatqiling.
-   Yomonlik qilib qo‘ysang, ketidan yaxshilik qil, to bu yaxshiliging u yomonligingni yuvsin.
-   Yana ayting, ey Ollohning payg‘ambari.
-   Odamlarga chiroyli xulq bilan muomala qil.
Ajralish payti ham kelib qoldi. Muozning qulog‘iga sirg‘a qilib yana bitta tavsiya qilindi:
-   Ne’matga ko‘milib ne’matni berganni unutishdan saqlan. Chunki Ollohning sevikli qullari ne’mat egasini unutib qo‘yishdan qo‘rqqanlaridan ne’matga ko‘p ham ko‘milavermaydilar.
Bu tavsiya ayniqsa Muozga juda lozim edi. Butun mol-mulki qo‘lidan chiqqan bir odam sifatida bundan buyon mol-davlat masalasida yana boshqa xayollarga borish ehtimoli shu zayl o‘nglandi.
Muozning quloqlarida qolgan oxirgi jumla Rasuli amin janobimizning ushbu muborak so‘zlari bo‘ldi:
- Insonlardan menga eng yaqini Ollohni hurmatlaganlaridir, kim bo‘lsa bo‘lsin, qaerda bo‘lsa bo‘lsin...
Bularni aytib bo‘lgach, Ollohning seviklisi, jazo kunining shafoatchisi Muhammad Mustafo (s.a.v.) janobimiz Madinaga qaytib ketdilar. Muoz endi boshqa ko‘rmayajagi sevgili payg‘ambarining ortlaridan hasrat to‘la yoshli ko‘zlari-la qarab turdi-da, so‘ngra uham Yaman yo‘lini tutdi.
Otilgan har bir odim ularni bir-biridan uzoqlashtirayotgan edimi? Yoki ikki sevgili birga-birga bitta yo‘lda ketayotirlarmi?..

Qayd etilgan


AbdulAziz  07 Fevral 2009, 09:50:37

Haqiqat olamida ayriliq yo‘q. Muoz (r.a.) Rasulullohning (s.a.v.) yonlarida, Rasuli kibriyo janobimiz ham Muozning yonida...
Bir vaqtlar suyukli Payg‘ambarimizning: «Sevuvchi sevgilisi bilan birga bo‘ladi», deganlarini Muoz eshitgan edi. Yana bitta xotirasini esa, qabrga kirsa ham unutmasa kerak. Bir kuni Janobimiz uning qo‘lidan tutib: «Ey Muoz, Ollohga qasam, men seni yaxshi ko‘raman. Har namozing ortidan «Allohumma, a’inna ‘ala zikrika va shukrika va husni ‘ibadatik» (Ollohim, seni eslash, senga shukr qilish va chiroyli ibodat etishda menga yordamchi bo‘l) duosini qoldirma, beparvo bo‘lma», deb marhamat qilgan edilar.
Hazrati Rasululloh (s.a.v.) qasam ichib «seni yaxshi ko‘raman» deya maqtaganlari Muoz ibn Jabalni (r.a.) umrlarining oxirlarida uzoqlarga jo‘natishlarining, albatta, bir hikmati bor edi. Jisman ayriliq bo‘lsa ham, ma’naviy birgalik davom etadi, birga bo‘lgan paytlari olganidan ham ortig‘ini Muoz ayriliq onida oladi. Xayr-xo‘shlashilayotganda Janobimiz aytgan gaplarda uzoq-yaqinlik aslo muammo emasligi ham tushuntirilganday bo‘ldi. Qancha uzoqdagilar juda yaqin, qancha yaqindagilar esa, juda uzoqbo‘lishlari mumkin edi.
Yaman sari borayotgan Muoz hozirgacha hech tark etmagan duosini yana har namozidan keyin takror etarkan, bu bilan Janobining xos tavsiyalarini joyiga qo‘yayotganini ham xotirlayajak, qo‘lini Rasuli kibriyoning qo‘llarida turgandek his etajak edi.
Hech unutmaydigan xotiralaridan yana bittasi imom bo‘lib namoz o‘qiyotganda namozni cho‘zib yubormaslik to‘g‘risidagi tavsiya edi. Bir paytlar uzundan-uzoq namoz o‘qib bera boshlaganida Payg‘ambarimiz unga tanbeh berganlarini haligacha unutmagan edi*.

Qayd etilgan


AbdulAziz  07 Fevral 2009, 09:51:24

VIDO HAJI

Hudaybiyada bitim tuzilayotgan choqda o‘rnidan turib ketgan va: «Nuqul Quraysh elchisining gapi bo‘ladimi?» deya portlaganlar o‘shanda rosmana endi imon da’vosini boy berdik, deb o‘ylashgan edi.
Madinaga qaytishda tushgan Fath surasi bu bitimni mo‘minlar uchun «ochiq-ravshan fath» deb baholagan, ko‘ngillarda to‘plangan qayg‘uni sug‘urib tashlagan edi. Bundan buyon Islom dini kundan-kunga quvvat topdi, shirk va kufr hayoti odim-odim chekinishga majbur qoldi. Ana o‘sha bitimdan keyinoq mo‘minlar katta va davomli xavf tug‘dirib kelayotgan Haybar qal’asini fath etishdi. Tevarakdagi katta-kichik amirliklarga xatlar yozildi, Makka fath etildi, to Tabukkacha safarlar uyushtirildi, hazrati Abu Bakrning amirligi ostida qilingan haj paytida bundan buyon hech bir mushrik Ka’bani tavof etolmasligi
e’lon qilindi. Bu e’longa qarshi bosh ko‘tarib, «Yo‘q! Eski tartib davom etadi!» deydigan bir odam chiqmadi.
Undan keyin uzoq-yaqindagi ko‘p arab qabilalari o‘z ixtiyorlari bilan Madinaga kelib, Islomni qabul qilganlarini bildirishdi.
Mana shu oralarda Nasr surasi indi: «(Ey Muhammad,) qachon Ollohning yordami va g‘alaba kelsa va odamlar to‘p-to‘p bo‘lishib Ollohning dini (Islom)ga kirayotganlarini ko‘rsangiz, darhol Parvardigoringizga hamd aytish bilan (U Zotni har qanday «sherik»lardan) poklang va u zotdan mag‘firat so‘rang! Zero, u tavbalarni qabul qilguvchi zotdir».
Bu sharafli sura kelganidan keyin Janobimiz oldingiga qaragandayam ko‘p tavba va istig‘for aytadigan bo‘ldilar.
Ayniqsa, hazrati Abu Bakr bu surani «Endi tayyorgarlik ko‘rish vaqti yaqinlashdi, ey sevikligim!..» ma’nosida tushundi, ko‘zlari yoshlandi. Chunki bu surada vazifa oxiriga yetayotganini his ettiradigan alomatlar bor edi.
Insoniyatning eng buyuk yo‘lboshchisi (s.a.v.) endi ummatlari bilan vidolashajaklar, payg‘ambarlik hayotlari bo‘yicha odamlarga anglatishga harakat qilganlari abadiy saodat yurtiga yo‘l olajaklar.
Bu kabi o‘ylar og‘ushida, hijratning o‘ninchi yili zulqa’da oyida haj qilish uchun Makkaga borishga qaror qilganlarini tevarakdagi qabilalarga bildirdilar. Bu xabarni eshitgan musulmonlar to‘p-to‘p bo‘lib Madinaga oqib kela boshlashdi.
Haj amri kelganidan keyin suyukli Payg‘ambarimiz qilgan ilk va so‘nggi haj edi bu. Madinaga hijratdan oldin, hali farz bo‘lmasidan oldin haj qilganlari ma’lum.
Hayotlarida safarga oxirgi chiqishlari, bundan boshqa haj qilish imkonlari yo‘q edi. Shu bois xotinlari orasida bu gal qur’a tashlanmadi. Oyisha, Ummu Salama, Savda, Zaynab, Juvayriya, Safiya, Ummu Habiba va Maymuna (hammalaridan Olloh rozi bo‘lsin) onalarimiz bu safarga boradigan bo‘lishdi. Cho‘ri hukmidagi Rayhona bilan Moriya ham bor edilarmi, yo‘qmi - bilmaymiz.
Tirik qolgan bittagina qizlari Fotima ham sevikli ota bilan birga. Yaqinda Yamanga yuborilgan hazrati Ali o‘sha yoqdan yo‘lga chiqajak va Makkada topishishajak edi. Ummu Rumonning vafotidan keyin hazrati Abu Bakrga turmushga chiqqan Asmo binti Umays to‘qqiz oylik homilasi bilan u ham safarni mo‘l turibdi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  07 Fevral 2009, 09:52:04

Zulqa’da oyining yigirma beshinchi - shanba kuni peshin namozi o‘qib bo‘lingach, Janobimiz harakat amrini berdilar. Makka yo‘liga chiqqanlarning soni yuz ming edi. Bu yuz ming insonning har biri Ollohning rasuli (s.a.v.) bilan birga haj qilishdek ulug‘ ne’matni g‘animat bilishar, qadr-qiymatini to‘la his etishar edi.
Ikki soatlarcha yurilib, Zulhulayfaga yetib kelishdi. Dam berildi. Sayyidi koinot janobimizning imomliklarida asr namozi ikki rakat o‘qildi. Shom, xufton, bomdod namozlari ham shu yerda o‘qiladigan bo‘ldi.
Shom vaqti kiray deganida Payg‘ambarimizga bir chaqaloq uzatildi. Hozirgina tug‘ilgani, endigina ilk nafaslarini olayotgani shundoq bilinib turardi. Yonida ko‘zlari sevinchdan porlab turgan Abu Bakrni ko‘rib, Rasululloh ahvolni angladilar. Demak, Asmo tug‘ibdi va bu yerga baraka duosini istab olib kelishgan. Hazrati Abu Bakr hayotining oxirgi mevasi bo‘lgan bu bolaga Payg‘ambarimizning muborak ismlarini qo‘ydi. Abu Bakr o‘g‘li Muhammad dunyoga keliboq Olloh rasulining quchoqlariga kirdi, duolarini oldi. Bu murg‘ak go‘dak kelajakda onasi Asmoning hazrati Aliga tegajagini va shu munosabat bilan hazrati Aliga o‘gay o‘g‘il bo‘lajagini hozir bilmas edi. Va yana u hazrati Ali xalifalik
davrida Misrga voliy etib tayinlanishini hamda ketayotganida yo‘lda yoqalanib o‘ldirilishini ham bilmasdi.
Asmo Payg‘ambarimizning tavsiyalari bilan yuvinib oldi, ehromga kirdi va haj safarida davom etish uchun tayyor bo‘ldi.
O’sha kecha Ollohning rasuli xotinlarini bitta-bitta ziyorat qilib chiqdilar, yuvindilar, xushbo‘ylar sepdilar va ehromga kirdilar. Bundan keyin xushbo‘ylar sepish, soch va tirnoqlarni olish, tikilgan kiyim kiyish mumkin emasdi. Xotinlari bilan ham munosabatlari xuddi begonalar oldida turgandagi holatdan oshib ketmasligi kerak.
Ehromga kirgach, «Labbayk, Ollohumma labbayk...» deb Ollohning chaqirig‘iga hozirliklarini bildirdilar. Ehromga kirgan yuz ming odamning bir og‘izdan «Labbayk!..» deb hayqirishlari ufqlarni titratib yubordi, yuraklarga qo‘rquv soldi.
Janobimiz Ollohga hamd aytdilar, «Ollohim, hajimiz ko‘z-ko‘zlashdan, shuhrat tuyg‘usidan uzoq, maqbul haj bo‘lishini nasib et», deb duo qildilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  07 Fevral 2009, 09:55:05

Tuyalarining ustiga yopilgan kigiz sotilsa, bahosi to‘rt dirhamga yetmasdi. Umr bo‘yi shuhratdan, ko‘z-ko‘zlashdan yiroq yashadilar, zotan Janobimizga bu yo‘l berk edi. Janobi Mavlo u kishini bu tuyg‘ulardan qo‘rir edi. Yuz ming kishini ergashtirib hajga borish rahmat payg‘ambariga shuhrat tuyg‘usi emas, hamd va shukr tuyg‘usi berar edi. Bu yerda e’tibor berish lozim bo‘lgan noziklik hajga borishni maqtanish vositasi qiladigan va o‘ziga «hoji» deb murojaat etilishiga katta ahamiyat beradigan kimsalarga oldindan muhim eslatmaqilibqo‘yish edi...
Payg‘ambarimiz qadrdon tuyalari Qasvaga mindilar-da, yurish buyrug‘ini berdilar. Qasvadan sal ilgariroq borayotgan Jobir ibn Abdulloh boshini ko‘tarib tevarakka boqdi: ko‘z ilg‘amas darajada yoyilgan odamlar seli oqib borardi. Umrida bunchalik ko‘p olomonni ko‘rmagan edi. Payg‘ambarimizga jo‘r bo‘lib «Labbayk!..» deyayotgan odamlarning tovushlari tog‘larga urilar, u yerdan qaytib quloqlarda jaranglar edi...
Yo‘lakay haj guruhiga yangi-yangi odamlar kelib qo‘shilaverdi. Tuya ustiga qurilgan bir kajava pardasi qiya ochilib, ayol kishi:
-   Ey Ollohning payg‘ambari, buyam haj qilgan bo‘ladimi? - deb so‘radi qo‘lidagi chaqalog‘iga ishora etib.
-   Ha, - dedilar Janobimiz, - senga ham bu tufayli ajr va savob bo‘ladi...
Abvo qishlog‘iga kirib kelishdi. Bu yer ellik yetti yil ilgari qimmatli va lekin tole’siz onalari qora tuproqqa qo‘yilgan joy edi. Ollohning seviklisi do‘stlaridan ajralib, onalarining qabri tepasiga bordilar. Bir muddat o‘sha yerda turdilar. So‘ng ko‘zlaridan nur tomchilari to‘kila-to‘kila safardoshlarining yoniga qaytdilar. Hech kim: «Nima narsa sizni yig‘latdi, ey Ollohning payg‘ambari?» deb so‘ramadi. Odam onasining mozori boshidan xursand holda qaytmaydi-ku... Shunday bo‘lsa ham, Janobimiz o‘zlari kerakli tushuntirishni berdilar:
-   Onamga mag‘firat istab duo qilishga Egamdan izn so‘radim, menga bu izn berilmadi. Hech bo‘lmasa, qabrini ziyorat etishga izn so‘ragan edim, bunga ijozat berildi. Sizlar ham qabrlarni ziyorat qilinglar, chunki o‘limni va oxiratni eslatadi, - deb marhamat qildilar*.
Shu so‘zlarni aytarkanlar, Janobimizning (s.a.v.) muborak ko‘zlari nur ko‘liga aylandi. Yuzlari eng ochiq ma’nodagi kadar va mahzunlik lavhasi edi.
Bolasi olamlarga rahmat bo‘lgan bir ona bo‘lish, ammo bolasidan mag‘firat duosini olmaslik... bundan katta tole’sizlik bo‘ladimi? Ominani oxiratda qanday natija kutyapti? Eng buyuk shafoat egasi, payg‘ambarlarning eng buyugi o‘zining onasiga foyda bera olmaydimi? «Sen payg‘ambarni tug‘ding, vazifang bitdi, ammo imoning bo‘lmagani
uchun kir jahannamga!» deyishadimi yoki qulog‘iga Payg‘ambar chaqirig‘i kirmagan boshqalar qatori unga ham Ollohning cheksiz rahmati biron imkon beradimi?
Mo‘minlarni uzoq-uzoq o‘yga toldirgan va dardnok etgan bu mavzu juda og‘irdir. Bunda ham ijobiy, ham salbiy qarashlar bor. Bir munosabat ila shularni jiddiy o‘rganib, oxiri: «Hammaning oqibati kabi emas, Janobi Mavlo tayin etadi», degan xulosaga keldik.

Qayd etilgan


AbdulAziz  07 Fevral 2009, 09:56:44

Vido haji chog‘ida Payg‘ambarimiz bir mo‘‘jiza sifatida otalarini va onalarini tiriltirganlari, ular esa imon so‘zlarini aytishgani zaif bir rivoyatda keltirilgan.
Hazrati Abu Bakr bir tuyani oziq-ovqat yuklashga ajratgan, unga Payg‘ambarimiz bilan ikkalovlarining yemaklarini yuklab, Uqba ismli bir qulga topshirgan edi. Kechalardan birida Uqba uyqudan uyg‘onib yonida tuyani ko‘rmadi. Tuya o‘rnida yellar esardi. O’rnidan sapchib turib ketdi, yo‘l bo‘ylab axtarib chiqdi, ko‘rgan-topgan odam yo‘q edi.
Navbatdagi qo‘noq yerida Janobimiz Abu Bakr bilan birga dam olib o‘tirardilar. Asmo bilan Oyisha onamiz ham hozir edilar. Bu orada qul keldi, haligacha tuyani topmagani anglashildi. Abu Bakrning jahli chiqdi.
-   Qanaqa odamsan o‘zi, bittagina tuyani eplay olmasang? - deya birdan uni bo‘g‘a boshladi.
Payg‘ambar janobimiz kulimsiradilar:
-   Ehromli odam qilayotgan ishga qaranglar, - dedilar.
Bu gap bilan ehromdagi kishi bunaqa ishlar qilmasligi lozimligini bildirgan bo‘ldilar. Hazrati Abu Bakr o‘ziga kelib olishi uchun shu yengil tanbeh ham yetarli edi.
Uqba kaltakdan qutulib qolgan payt bu yoqda oziq-ovqat yuklangan tuya ham paydo bo‘ldi. Hazrati Abu Bakr tuyani tutib keltirgan odamga minnat tuyg‘ulari-la boqdi. Oyisha onamiz darrov u kishini tanidi. Chunki bir zamonlar o‘rtalarida esdan chiqmaydigan bir hodisa yuz bergan edi. Bani Musta’liq safaridan qaytishda adashib yo‘lda qolib ketganida uni topib keltirgan va, afsuski, har xil mish-mishlar chiqishiga sabab bo‘lgan Safvon ibn Muattal edi bu odam. Janobi Mavlo eng buyuk guvoh sifatida o‘sha adashuv hodisasida ularning niyatlari toza bo‘lganini hamda har ikkalovining nomusiga dog‘ tushirishga hech kimning haqqi yo‘qligini maxsus oyat tushirib bildirgan edi.
Safvon o‘shanda hazrati Abu Bakrning yo‘lda qolgan qizini, hozir esa oziq-ovqat yuklangan tuyasini topib keltirib berdi.
Tuya yana Uqbaga topshirildi. Oradan bir oz fursat kechdi. Payg‘ambar huzurlariga ikkinchi bitta tuya keltirishdi. Ota-bola aslzodalar yetaklab kelishgan edi uni. Qadimdan saxiyligi bilan tanilgan bir oilaning saxiy ikki a’zosi - Sa’d ibn Uboda va uning o‘g‘liQays...
-   Ey Ollohning payg‘ambari! Oziq-ovqat yuklangan tuyangiz yo‘qoldi, topilmadi, deb eshitdik. Mana, sizga uning o‘rniga ustida oziq-ovqat bilan bir tuya, qabul qilib oling,- deyishdi.
Janobimiz tuya hozirgina topilganini aytdilar. So‘ngra:
-   Tuyalaringni o‘zlaringga qoldiringlar, Olloh sizlarga uni muborak qilsin. Madinaga kelganimdan beri yuborib turgan ne’matlaring, bergan ziyofatlaring yetmaydimi? - dedilar.
-   Ey Ollohning payg‘ambari, aslida biz Islomga hidoyat qilgani uchun Ollohdan va rasulidan minnat va shukrga qarzdor odamlarmiz. Ollohga qasam, siz bizning mollarimizdan olganingiz bizga qoldirganingizdan ko‘ra sevimlidir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  07 Fevral 2009, 09:57:58

Bu so‘zlarni hurmat va samimiyat tuyg‘ulari bezab-ziynatlab turardi. Zotan, shonli Payg‘ambar janobimiz uning gaplarini:
-   To‘g‘ri aytding, ey Abu Sobit, sizlarga najot xushxabari bo‘lsin! - deyish bilan tasdiqlab qo‘ydilar.
Sa’d bu tuyani keltirishga majbur emasdi. Tuya yo‘qolganini eshitganida har kim kabi yuraverganida bo‘lardi, birov unga: «Nimaga bitta tuyani olib kelmading?» demasdi. Ammo bu fazilat to‘la ishi bilan sel oldidan yaxshigina bir g‘o‘lani tutib qolgan, yaxshigina o‘ljani qo‘lga kiritgan edi. Kelajakda ham bu ishining yanada chiroyli mukofotlarini olishiga hech shubha yo‘q...
Yo‘lchilik mana shunday totli xotiralar bilan davom etdi. Sarifda ham bir qo‘noq berildi. Bu yer Maymuna onamizga (r.anho) ifodasiga til ojiz bo‘lgan tuyg‘ular in’om etgan edi. Chunki ikki yil burun xuddi shu yerda Rasulullohga (s.a.v.) xotin bo‘ldi, «mo‘minlarning onasi» bo‘lish sharafi va baxtiga shu joyda erishdi. Janobimiz eng oxiri uylangan xotin ham u edi. Ammo taqdir qalami bir saodatxona sifatida bitgan bu yerni o‘tkinchi dunyo bilan vidolashadigan joyi sifatida ham bitib qo‘yganini u hali bilmasdi. U kelgusida Payg‘ambarning eng oxiri o‘lgan xotinlari sifatida xuddi shu yerga dafn etilajak...
Janobimiz (s.a.v.) Oyisha onamizning (r.anho) yonlariga keldilar.
-   Nimaga yig‘lab o‘tiribsan? - deb so‘radilar. Onamiz yoshli ko‘zlari bilan janobimizga boqdi.
-   Vallohi, bu yil hajga chiqmasam bo‘lar ekan, - dedi.
-   Oy ko‘ribqoldingmi?
-Ha, ey Ollohning payg‘ambari.
-   Bu narsa Olloh Odam qizlariga taqdir qilgan bir ishdir, - deya unga tasalli berdilar va haj vazifalarining hammasini bajaverishini, faqat Ka’bani tavof qilmay turishini tayinladilar.
Makkaga zulhijjaning to‘rtinchi kuni yakshanbada kirib kelishdi. To‘g‘ri Ka’baga bordilar. Ollohning uyini ko‘rgan zahotlari:
-   Ollohim bu uyning sharafini, azamatini, yaxshilik va barakotini ko‘paytir, - deb duo qildilar.
Tuyalaridan tushib, egnilariga tashlangan ehrom matolarining bir uchini o‘ng qo‘ltiqlaridan o‘tkazib yelkalariga tashladilar. O’ng qo‘llari yelkalari bilan ochiq qoldi. Qora toshni «Bismillahi Ollohu akbar», deya salomladilar*. So‘ngra:
-   Ollohim, senga imon keltirgan, Kitobingni tasdiqlagan holda tavof qilaman», dedilar. Ka’bani chap tomonga olib, «Xotim» deb ataladigan devorchaning tashqarisidan aylanib tavof qila boshladilar. Imkon qadar tez yurdilar. Ilk uch aylanishdan keyin bir maromda yurish bilan tavofni tamom qildilar. Bu sirada mo‘minlar onasi Ummu Salama tobi qochgani uchun tuya ustida sal uzoqroqdan aylantirilib, tavofini bajarmoqda edi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  07 Fevral 2009, 09:59:10

Tavof qilib bo‘lgach, Rasululloh (s.a.v.) Ibrohim maqomining orqasiga o‘tdilar. Ka’baga qarab ikki rakat namoz o‘qidilar. So‘ngra tik turgan va Ka’abaga yuz tutgan holda to‘yib-to‘yib zamzam ichdilar. Safo bilan Marva tepaliklari orasida yetti marta lo‘killab borib keldilar. Shunday qilib umra tugadi.
O’zlari bilan qurbonlik olib kelmaganlarni sochlarini oldirib ehromdan chiqishga buyurdilar.
-   Ey Ollohning payg‘ambari, siz ehromdan chiqmadingiz-ku? - deb so‘rashgan edi.
-   Keyindan o‘ylaganlarimni oldin o‘ylaganimda edi, qurbonlik keltirmasdim, ehromdan chiqardim, - deb javob qildilar.
Hazrati Fotima suyukli otalarining bu buyruqlariga qarab rangli kiyimlar kiydi, ko‘zlarini surmaladi. Mana shu oralarda hazrati Ali ham Yamandan Makkaga yetib keldi. Xotinini bu ahvolda ko‘rdi-yu tushunmadi, «dadamning so‘zlari bilan ehromdan chiqdim», degan izohini ham yetarli topmadi. Uning bilgani: shu onda xotini ehromda bo‘lishi lozim, ehromdalik holda esa, ko‘zlarga surma tortilmas edi.
Borib Janobimizga yo‘liqdi, ahvolni tushuntirdi. Payg‘ambarimiz:
-   To‘g‘ri aytibdi, - dedilar.
Hazrati Alining bu ishidan ajablanmaslik kerak. Chunki ashobi kiromning ko‘plari Arafotga ketisharkan, hozirgacha bunaqa holatga duch kelishmagani xususida o‘zaro gap-so‘zlar qilishajak, bu gap-so‘zlar hadis kitoblaridan ham joy olajak. Chunki ilgaridan beri o‘rnashib qolgan odatga ko‘ra, ehrom to haj ibodati bitgunicha davom etardi.
-   Sen hajga nima deb niyat qilding?
-   Ollohim, sening payg‘ambaring qanday niyat qilgan bo‘lsa, men ham o‘shanaqa niyat qilgan bo‘lay, dedim...
O’zi bilan qurbonligini ham olakelgan hazrati Ali esa, Payg‘ambar jinobimiz kabi, hajning oxirigacha ehromli qoladigan bo‘ldi.
Arafadan bir kun ilgari - sakkizinchi zulhijja payshanba kuni Payg‘ambar janobimiz qora tosh bilan Ibrohim (a.s.) izlari orasida tik turgan holda haj ibodatlari haqida bir suhbat qildilar. So‘ng Minoga harakat amrini berdilar. O’zlari ham o‘sha kuni Minoga bordilar. Bu yerda bomdod namozigacha qolib, namozdan keyin yana yo‘lga tushdilar va zulhijjaning to‘qqizinchisiga to‘g‘ri kelgan juma kuni Arafotga bordilar. Peshingacha kutdilar. Quyosh tepadan oshib to g‘arbga og‘a boshlaganida:
-   Odamlar jim bo‘lishsin! - deb buyurdilar. Bir suhbat qilmoqchi ekanlari ma’lum bo‘ldi.
Nabiyyi akmal (s.a.v.) janobimiz payg‘ambarlik hayotlarining eng muhim xutbasini qilish uchun Qasvaga mindilar. Yuzmingdan ortiq bu imon jamoatiga qarab ushbu muborak so‘zlarni aytdilar:
-   Ey insonlar! Gapimga quloq soling. Bilmayman, balki bu yilimdan keyin bu yerlarda sizlar bilan birga bo‘lamanmi-yo‘qmi...

Qayd etilgan