Ahmad Lutfiy Qozonchi. Saodat asri qissalari (4-kitob). Buyuk Fath  ( 155011 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 ... 31 B


Muslimа  23 Fevral 2008, 11:29:25

   Rasuli akram (s.a.v.) orqalariga Usoma ibn Zaydni mingashtirgan holda Makkaga kirdilar. Lashkarga qarshi turishga, qo’l ko’tarishga hech kimsa jur’at etmadi. Amrlariga tobe’ bir qo’shinga bosh edilar Rasululloh (s.a.v.). Shu farq bilanki, zafardan keladigan g’urur yo’q edi. Allohning ne’matini haqqila biladigan va bu tuyg’u og’ushida boshini sajdaga qo’yadigan mutavoze’ bir payg’ambar holi bor edi u zotda.
Payg’ambarlar imomiga (s.a.v.) Makkaning yuqori qismida bir chodir tikildi. Shu yerga kirib, bir muddat istirohat etdilar.

Qayd etilgan


Muslimа  23 Fevral 2008, 11:30:46

    Хolid ibn Valid (r.a.) o’ziga qarashli qism bilan Makka ostonalariga qadam bosganida shaharga emin-erkin kira olmasligini angladi. Qilich va nayzalar bilan qurollangan bir guruh uning qarshisidan to’sib chiqdi. Yoylar tortilgan, o’qlar hozirlangan edi. Oxirigacha olishuvga azm etgan ko’zlar boqib turardi unga. Vaziyat darhol tadbir ko’rishni, yaxshi qo’mondonga munosib shaklda harakat qilishni taqazo etardi.
Хolid qo’shinga to’xtash amrini berdi. Qarshisida bir vaqtlar taqdirlari bog’langan do’stlari — Ikrima ibn Abu Jahl, Safvon ibn Umayya, Suhayl ibn Amr va boshqalar turishardi. Хolid ham bir zamonlar ular qatorida bo’lgan, kufrning bayrog’ini ular bilan birga ko’targan, musulmonlarga qarshi birga-birga qilich sollagan edi.
Bir-ikki odim ilgariladi.
—   Hoy odamlar! Sizlarni Islomga chaqiraman. Allohdan boshqa hech qanday iloh yo’qligiga iqror bo’linglar! Muhammadni Allohning rasuli deb tan olinglar! Bu muborak shaharda qon to’kilishiga sabab bo’lmanglar! — dedi.
Тaklif qabul etilmadi. Javob sifatida otilgan bir-ikki o’q shundoqqina quloqlari yonidan vizillab o’tdi. O’qlarga nishon bo’lib bekordan-bekorga o’lib ketishning ma’nosi yo’q edi. Buyurdi. Mo’minlar ham o’q otishdi. Shu tariqa jang boshlanib ketdi. Qilichlar qinidan sug’irildi. Qisqa bu to’qnashuvning ilk natijasi o’laroq o’n ikki mushrikning jasadi yerga cho’zildi.
Ahvol nozik edi. Abu Sufyon Rasuli akram janobimizning huzurlariga halloslab keldi.
—   Хolid bizlarni qirib bitirdi, — dedi.
Janobi Payg’ambar bir kishini chorlab, darhol Хolidning yoniga borishga va savashni to’xtatishga buyurdilar. U kishi o’sha zahoti chopqillab ketdi. Хolidni topdi.
   Lekin:
—   Rasululloh qo’lingga tushganlarni o’ldirishingni amr qilyaptilar, — dedi.

Qayd etilgan


Muslimа  23 Fevral 2008, 11:32:51

   Jang davom etdi. O’lim farmoni imzolanganlarning hayot daftarlari birin-ketin yopilaverdi. Jami o’ldirilganlarning soni yetmishga bordi.
Shikoyat yana takrorlangach, Janobimiz Хolidning o’zini huzurlariga chorladilar. U kelgach, urushni nega to’xtatmaganini so’radilar. Shunda Хolid:
—    Men sizning buyrug’ingizni bajardim, ey Allohning rasuli. Siz menga qo’limga tushganlarni o’ldirishimni buyurgan ekansiz, men shunday qildim,  — deya javob
berdi.
Ajab... Masalani hal etish uchun boyagi odam chaqirildi.
—    Ey Allohning rasuli, to’g’ri, siz meni jangni to’xtatish farmoni bilan yubordingiz. Lekin bu sizning tilagingiz edi. Men esam, Хolidning yoniga borganimda, qo’lingga tushganini o’ldiraverarkansan, deyishdan o’zimni tiya olmay qoldim.
Janobimiz bir narsa demadilar. Suv so’radilar. Keltirishgach, g’usl qildilar. Qasva laqabli tuyalariga minib, yonlarida vafodor do’stlari hazrati Abu Bakr bilan birga Masjidi Haram tomon yo’l oldilar.
Sakkiz yil avval shu tuyalari egarida, o’shanda ham yonlarida do’stlari Abu Bakr bilan bu shaharni tark etib chiqib ketgan edilar. Ulov o’sha ulov, sherik o’sha sherik, ammo bitta farq bor: u kun o’ligi yo tirigini qo’lga kiritish dardi ila yonib-tutagan, shafqat neligini bilmaydigan zolimlar hozir marhamat va shafqat kutgan boqishlar bilan ularni kuzatib turishar edi.
Ammo... bu nimasi?! Abu Uhayhaning eshigi ochildi, bir nechta qizaloq otilib ko’chaga chiqishdi, go’yo uch olmoqchiday, ro’mollarini Payg’ambarimiznnng tuyalari yuziga ura ketishdi. Janobimiz (s.a.v.) Abu Bakrga o’girildilar:
— Hasson ibn Sobit nima degan edi? — deb so’radilar.
Hazrati Abu Bakr Hassonning «Bor kuchila hujum qilgan otliqlarga faqat xotinlar qarshi chiqajaklarini va ro’mollarini otlarining yuzlariga urmoqdan boshqa bir ish qila olmayajaklarini» ifodalagan baytlarini o’qidi. Shu onda xuddi bu baytlarning mukammal tatbiqoti bo’layotgan edi.
Хolid ibn Saidning singillari yo jiyanlari bo’lgan bu qizlar uylariga kirib ketishdi. Janobimiz yo’llarida davom etdilar. Nihoyat, Masjidul Haramga yetib kelishdi.


Qayd etilgan


Muslimа  23 Fevral 2008, 11:40:43

   Rasuli akram payg’ambarimiz Qasvadan tushmay turib oldin qora toshni qo’llaridagi hassani tekkazib salomladilar, so’ngra Baytullohni tavof qila boshladilar. Muhammad ibn Maslama tuyaning tizginidan ushlab, Ka’ba atrofidan aylantirar edi. Har gal qora tosh ro’parasiga kelinganida, u tavof qilinar edi.
Yetti marta aylanilgach, Janobimiz zamzam bulog’ining boshiga keldilar. Buloqdan hovuchlarida suv olib ichgilari bor edi, ammo kelgusida bu ishlari sunnat sifatida qabul etilajagini va har kim o’z hovuchida suv olaman deb katta qiyinchiliklar yuzaga chiqajagini o’yladilar.
—    Agar sunnat hisoblanib ummatimga og’irlik tushib qolishidan qo’rqmaganimda qo’limda suv olib ichardim, — deb marhamat qildilar.
So’ngra amakilari Abbos tutgan suvni oldilar va tik turgan holda Baytullohga yuzlanib, qona-qona ichdilar.
Navbat Safo va Marvo orasida sa’y qilishga kelgan edi. Mo’minlar eshligida Safo tepaligiga chiqdilar va o’zlariga buyuk fathni nasib etgan Mavlolariga duo eta boshladilar...
Ikki tepa orasida sa’yni bitirib, Rasululloh takror Ka’baga keldilar. Nihoyat, Ka’ba atrofiga qalashtirib o’rnatilgan butlar bilan xisob-kitob vaqti yetdi. Hassalarini ilk duch kelgan butning ko’ziga suqib qulatarkanlar: «Haq keldi, botil yo’q bo’ldi. Hech shubha yo’qki, botil yo’q bo’lishga mahkumdir»*(Isro, 81) mazmunidagi oyatlarni o’qir edilar.


Qayd etilgan


Muslimа  23 Fevral 2008, 11:41:07

    But-sanamlar bitta-bitta ag’darilaverdi. Butlarni va butparastlikni o’rtadan ko’tarish va yolg’iz Allohga ibodat nizomini o’rnatish vazifasi ila yuborilgan buyuk Payg’ambarning qo’llaridagi hassa butlardan ba’zilarini orqadan tortib yuztuban qulatar, ba’zilarining peshonasidan itarib chalqancha yiqitar edi. Shu zaylda Ka’ba atrofidagi hamma but ag’darib tashlandi.
Keyin Nabiyyi akram (s.a.v.) janobimizning buyruqlari bilan Usmon ibn Тalha Ka’baning kalitini olib kelib berdi. Eshik ochildi. Ichkariga osilgan rasmlar yirtildi. Mashxur Hubal buti tashqariga otildi. Mushriklar ko’zi moshdek ochilib, Hubalning parcha-parcha etilishini alam ichra tomosha qilishdi. Uni deb necha-necha urushlar qilindi, qancha-qancha qonlar to’kildi, ne-ne jonlar qurbon berildi. Hubal esa, xuddi boshqa sanamlar kabi, ho’r va haqir bo’ldi, ketma-ket tushayotgan zarbalardan chilparchin bo’ldi.
Hazrati Abu Bakrning kuyovi Zubayr ibn Avvom (r.a.) yonida turgan odamning yuziga boqdi:
—    He-yey Abu Sufyon, Hubalingni tomosha qil! U ham parcha-parcha qilindi. Holbuki, Uhud kuni senga g’alabani u bergan deb ishonarding!..
Darhaqiqat, o’shanda Abu Sufyon: «Hubal ustun keldi! Hubal ustun keldi!» deb xo’roz kabi baqirib-chaqirgan edi. Hozir esa barchaning nigohi unda... Qo’l-oyog’i bog’langan asir taxlit bo’lib turgan Abu Sufyon: «Yanglishyapsizlar, sizlar qabul etmasalaring ham, Hubal yuksakdir», deya olmadi.
—    Bu so’zlaringni qo’y, ey Zubayr. Agar Muhammadning ilohidan boshqa iloh bo’lganida edi, ishlar bunday bo’lmasdi, — deya javob qildi.

Qayd etilgan


Muslimа  23 Fevral 2008, 11:42:02

  Namoz vaqti kirib, hazrati Bilol (r.a.) Ka’ba ustiga chiqdi. Qo’llarini quloqlariga keltirib, bor kuchi-la:
—    Allohu akbar! Allohu akbar!..  — deya azon ayta boshladi.
Azon so’zlari uy-uylariga berkinib olgan mushriklarning boshlariga gurzi kabi tushar, kechagina joniga qasd etib, Makka ko’chalarida bo’ynidan ip bog’latib bolalarga sudratilgan qulning bu hayqirig’iga javob bera olmayotganlarining alami-la quloq solishar edi.
— Ka’ba ustida azon aytish shu qora qulga qoldimi? Yaxshiyam otam Asid o’ldi: Alloh unga bu kunlarni ko’rsatmasdan o’ldirib, buyuk ikrom ko’rsatgan ekan...
Attob ibn Asidning gapi edi bu. Bir kun avval otasini tuproqqa ko’ygan Attob bu so’zlari bilan go’yo o’ziga tasalli bermoqchi bo’lardi.
Hakam ibn Abul Os azonni tinglarkan, tuyg’ularini bunday tilga ko’chirdi:
—   Vallohi, bo’ladigan ish emas bu... Shu qora qul chiqsin-da, Baytulloh tepasida tantana qilsin... Esiz!

Qayd etilgan


Muslimа  23 Fevral 2008, 11:43:33

   O’limga buyurilganlar hamma joydan axtarilardi. Shoir ibn Hatal ka’bapo’shga o’ralib olgan holda yashirinib yotgan ekan. Rasululloh janobimizga habar berildi. «Qaerda topsalaring, o’ldiringlar!» farmonlariga ko’ra boshi tanasidan judo etildi.
Mikyas ibn Suboba sheriklari bilan hamr ichib o’tirganida topildi. Тashqariga chaqirildi, chiqar-chiqmas uning ham hayotiga nuqta qo’yildi.
Ibn Hatalning ikki cho’risi, Sora ismli aytimchi xotin, Horis ibn Тulatila va Huvayris ibn Nukayz ham o’ldirilganlar qatorida edi.
Vahshiy, Habbor ibn Asvad, Ikrima, Safvon, Abdulloh ibn Ziba’ra, Hubayra ibn Abu Vahb tez Makkani tark etib, jonlarini kutqarib qolishgan edi.
Abdulloh ibn Sarx ham o’limga hukm etilganlar qatorida ekanini, Ka’ba yopinchig’iga berkinsa ham o’ldirilajagini eshitgan zahoti dabdurust o’zini yo’qotib qo’ydi. O’lim qo’rquvidan qoni tomirlaridan qochayotgandek xis etdi. Yagona chora emikdosh birodari Usmon ibn Affondan panoh so’rab borish edi. Shunday qila olsa, ozmi-ko’pmi omonlik olgan bo’lardi. Darhaqiqat, ilk fursat topildi deguncha tez Usmon Zinnuraynning yoniga chopdi.
Hazrati Usmon: «Qo’limga tushganing yaxshi bo’ldi, ey ibn Abu Sarx, endi, qani, oxirat safariga xozirlan-chi! Hamma razil ishlaringning jazosini tortish vaqti keldi!» deya olmasdi. Bunday deyish mumkin emasdi. Uhud jangining oxirida o’zidan panoh so’ragan bir dushmanni uyida saqlagani ham uning bunday bir so’zni bilmasligidan edi. Kelajakda shahid bo’lishiga olib keladigan talay voqealarning ostida ham o’zining qotillariga uyidan joy berib, ularni siylagani sabab bo’lajakdir.
Shu onda Payg’ambarimizning buyruqlari bajarilishi lozimmi yoki qat’iy o’limga hukm qilingan emikdosh birodari himoya etilishi kerakmi? Aslida, u Rasululloh janobimizdan ham mehribonroq ko’rinmoqchimi yoki qat’iylik ko’rsatilishi lozim kelgan o’rinda bo’shanglik qilyaptimi?
Ibn Abu Sarx sut qardoshining tabiatini juda yaxshi bilar, bunday bir jasorat va qat’iylik unda yo’qligi besh barmog’iday ma’lum edi. Shu sababdan uning yoniga kelarkan: «Yanglishib mening boshimga bir kulfat keltirmasaydi», degan andisha hayoliga ham kelmadi.
Endi o’zini omonlikda his etardi. Chunki Makka ostin-ustin qilib yuborilsa ham, Payg’ambar (s.a.v.) kuyovining chodirini tekshirish hech kimning hayoliga kelmaydi.
Hazrati   Usmon esa munosib bir fursat tug’ilishini kuta boshladi.

Qayd etilgan


Muslimа  23 Fevral 2008, 11:44:07

Rasululloh (s.a.v.) chodirlarida cho’milar edilar. Qizlari Fotima bir ro’molni parda qilib turdi. Shu orada keksa yoshdagi bir xotin kelib, ichkariga izn so’radi.
—   Kim u? — deyildi ichkaridan.
—   Ummu Xoniyman, — deb javob qildi xotin.
Rasululloh janobimiz (s.a.v.) sevinib ketdilar.
—    Marxabo, ey Ummu Хoniy, xush kelibsan, bizni xursand qilib yubording! — deya ovoz berdilar.
G’usullarini tugatib, kiyimlarini kiydilar, ikki rakatdan sakkiz rakat namoz o’qidilar. Namozni tugatib, mexmonlarga yuzlandilar. Ummu Хoniy qadrli amakilari Abu Тolibning qizi, hazrati Alining opasi edi.
—    Marxabo, ey Ummu Хoniy, qanday xizmatlar bilan kelding? — deb iltifot ko’rgazdilar.
—    Ey Allohning rasuli, Bani Maxzum qabilasidan ikki kishi menga yukinib bordi, men ham ularni ximoyamga oldim. Ammo ukam Ali himoyamni tan olmayapti va ularni o’ldirmoqchi bo’lyapti, — dedi Ummu Хoniy.
Rasuli akram (s.a.v.) uni mamnun etadigan va ayollarga qanday ahamiyat berishlarini anglatadigan ushbu muborak so’zlarni aytdilar:
—    Sen omonlik berganlarga biz ham omonlik berdik, ey Ummu Хoniy! — dedilar.
—    Тashakkur, ey Allohning payg’ambari...

Qayd etilgan


Muslimа  23 Fevral 2008, 11:46:10

FAТH ХUТBASI

   Fath tamom bo’lgach, shaharda tom bir tinchlik o’rnatildi. Rasuli muxtaram (s.a.v.) Ka’ba eshigiga chiqdilar, qo’llarini eshikning ikki chekkasiga tiradilar, qarshilarida to’plangan va nimalar bo’lishini qo’rquv, maroq hamda hayajon-la kutib turgan xalqqa bunday hitob qildilar:
—   Allohga hamdlar bo’lsin, va’dasini bajardi, quliga yordam qildi, dushman guruhlarini yolg’iz o’zi tor-mor etdi... Ey insonlar! Alloh Makkani yeru ko’kni yaratgan kuni harom qilgan,  qiyomat kuniga qadar harom bo’lib qolajak.   Allohga va oxirat kuniga imoni bor biron kimsaga bu yerda qon tukish halol bo’lmaydi. Bu shaharning hayvoni ovlanmaydi. Daraxti kesilmaydi, maysasi yulinmaydi,  yerda yotgan biron narsa olinmaydi,  olinsa ham faqat egasini topib qo’liga yetkazish uchungina olish halol bo’ladi.
Shu o’rinda hazrati Abbos Payg’ambar janobimizning so’zlarini kesdi:
—   Izxir o’ti mustasno bo’lsin, ey Allohning rasuli! Chunki o’likni ko’mish ishlarida va uy qurilishlarida undan foydalanamiz, — dedi.
Rasululloh bir muddat tin olib, so’ng so’zlarini davom ettirdilar:
—   Izxir o’ti bundan mustasno. Uni o’rish haloldir. Bu shaharning hurmati mendan avval hech kimsa uchun bekor qilinmagan, keyin ham hech kimsa uchun bekor qilinmaydi. Agar bir odam chiqib: «Allohning payg’ambari u yerda urushgan-ku, bunga nima deysan?» desa, aytinglar: menga ham faqat bir kunning belgilangan bir soatidagina izn berilgan. U ham Makka ahliga bo’lgan g’azabi sabablidir. Diqqat qilinglar: harom xukmi yana kechagi kun kabi eski holiga qaytdi.
Nabiyyi akram janobimiz bir tarafda to’planib turgan Huzoa qabilasi odamlariga yuzlandilar:
—   Ey huzoaliklar, endi urushdan qo’l tortinglar. Agar foydasi bo’lganida... rosa urushildi. Bu orada, urush to’xtatilganidan keyin bir odamni o’ldirib qo’yibsizlar, men uning hunini to’layman. Shu ondan e’tiboran kim o’ldirilsa, ulganning yaqinlari istasa, o’ldirganga jazo beradi, istasa, hunini oladi.

Qayd etilgan


Muslimа  23 Fevral 2008, 11:47:59

Shundan keyin Rasuli akram muborak yuzlarini Makka xalqiga o’girdilar:
—   Ey Quraysh jamoati, sizlarga qiladigan muomalam qanday bo’ladi deb o’ylaysizlar?
Atrofdan ovozlar yuksaldi:   
- Yaxshilik bilan muomala qilasan!
—    Yaxshisini qilasan!   
—   Sen sharafli birodarimizsan, sharafli bir birodarimizning o’g’lisan!
Shunday kun ham keldi.
O’n uch yil Makkada, sakkiz yildan beri Madinada qon qusdirishga uringan, yashash xaqqi bermagan, eng iflos bo’xtonlarni jirkanmay qilib kelgan odamlari endi sharafli qardosh bo’lib qoldi, sharafli qardoshning o’g’li bo’lib qoldi. Undan hayr va yaxshilik kutishayotganini hech hijolat chekmasdan ayta boshlashdi. Qazo umrasini ado etish uchun kelganlarida Makkada bir kun ham ortiqcha turishlariga yo’l qo’ymaganlar bugun o’zlari u zotdan marhamat kutishyotgan edi. Ovozlarida yutqizikning alami xis etilardi. Тik turishga odatlangan boshlari egik. Fursat topishsa-ku, takror bosh ko’tarishdan ham toymaydigan, bor kuch-g’ayrati bilan qarshi turadiganlar xozir nochor-noiloj, buyuk Payg’ambardan marhamat-shafqat so’rashardi...
Butun olamlarga, xossatan insoniyatga rahmat bo’lgan Janobimiz ularga bunday dedilar:
—   Men bilan sizlarning holingiz payg’ambar Yusuf (a.s.) bilan akalarining holi kabidir. Men ham sizlarga Yusuf akalariga aytgan ganlarni aytaman: bugun sizlardan hech qanday yozg’irashi yo’q, ozor yo’q. Alloh sizlarni kechirsin. U zot mehribonlarning eng mehribonidir. Boringlar, hammalaring erkinsizlar...
Shunday qilib, umumiy kechirim e’lon qilindi, o’ch olish yo’li tutilmadi. ko’plar u yerdan katta bir sevinch bilan tarqalishdi.
Muruvvat shunchalik bo’ladi! Shafqat tuyg’usi bunday ko’rinadi! Qo’lidan kelgan barcha usullarni qo’llab, jonlariga har turli suiqasdlar qilishdan charchamagan odamlarga bu darajada iltifot ko’rsatilgan edi.
O’sha kecha uylarida butlar bitta qo’ymay sindirilishi lozimligi tushuntirildi.
Bundan tangrilar g’azabga kelmadimi?
Hech qaysisi... Ha, hech qaysisi hech narsa qilmadi.
Hatto buyuk Hubal parchalanayotganida ham hech narsa yuz bermadi. Holbuki, u yeru ko’kni bir-biriga uradi, o’zini yerga dumalatganlarning boshiga falokatlar yog’diradi, deb kutilgan edi. Qayoqda!..   



Qayd etilgan