Sufyon ibn Uyaynaning oldiga jiyani kelib: "Ey amaki, qizingning qo'lini so'rayman", dedi. "Munosibsan,— dedilar Sufyon,— o'tirib o'nta hadis ayt". Aytolmagach, o'nta oyat o'qi, dedilar, bunga ham qodir bo'lmadi. "Hech bo'lmasa, o'nta she'r o'qi", dedilar. Buni ham bilmagach, "Na qiroat, na hadis va na she'r bilding. Nimaning hisobiga qizimni senga beray. Noumid bo'lmagin-da, o'n ming dirham keltir", deb aytdilar.
Bir hakim deydilar: "Foydali ilm va yaxshi odob sendan hech kim tortib ololmaydigan kasbdir. Bu ikkisi sening husning, ziynating, dining, dunyo va oxirating ustunidir. Shuning uchun bu ikkisini o'rganishga bor kuchingni sarfla".
Payg'ambar (sollallohu alayhi vasallam) deydilar: "Kim ilm talabida yo'l yursa, Alloh uni jannat yo'liga solib qo'yadi"; "Uch toifa qiyomat kunida shafoat qiladi: payg'ambarlar, olimlar, shahidlar"; "Eru osmondagi jonzotlar olimlarning gunohi mag'firat qilinishini so'raydi"; "Ilm fazilati menga ibodat fazilatidan yaxshiroqdir".