100-bob
Uzuk taqish haqida
Faqih aytadilar: Uzuk taqish o'ng qo'lga ham, chap qo'lga ham joiz va mubohdir, ikkala holat haqida ham xabarlar kelgan, ammo erkak kishi oltin uzuk taqishi joiz emas. Ba'zi odamlar temirdan yasalgan uzuk taqishni ham makruh sanashgan, ba'zilar esa, ruxsat berishgan. No''mon ibn Bashir rivoyat qiladilar: "Oltindan uzuk taqib, Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) oldlariga kirdim. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): "Senga nima bo'ldi, do'zax ahlining libosini taqibsan", dedilar. Uni yechib, misdan yasalganini taqdim va oldlariga kirdim. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): "Nima bo'ldi, senda but-sanamlarning hidini sezayapman", dedilar. Shunda men: "Ey Rasululloh, nima qilay?", dedim. "Uzukni kumushdan qilib ol, lekin uni bir misqoldan oshirma va uni o'ng qo'lingga taq", dedilar".
Jobir ibn Abdulloh rivoyat qiladilar: "Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) uzukni avval o'ng, so'ng chap qo'llariga taqardilar, yechishda oldin chap, so'ng o'ng qo'llaridagisini yechardilar".
Muhammad ibn Siyrin aytadilar: "Nabiy (sollallohu alayhi vasallam), Abu Bakr, Umar, Usmon, Ali (roziyallohu anhum) chap qo'llariga uzuk taqardilar". Amr ibn Shuayb rivoyat qiladilar: "Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) bir kishining qo'lida oltin uzuk ko'rdilar va unga uni yechib tashlashni buyurdilar, so'ng u kishi uni otib yubordi va qo'liga temir halqani oldi. Nabiy (sollallohu alayhi vasallam): "Uni otib yubor, bu oldingisidan ham yomon, bu do'zax ahlining libosi", dedilar. Bas, uni ham otib yubordi va kumush uzukni taqib oldi, shunda Rasululloh bundan qaytarmadilar". Avf ibn Abu Juhayfa otasidan rivoyat qiladi: "Umar (roziyallohu anhu) bir kishida temir uzukni ko'rdilar va uni yechib tashlab yubordilar, so'ng: "Sen kumush uzuk taq", dedilar".