48-bob
Muruvvat haqida aytilgan so'zlar
Ali ibn Abu Tolib (roziyallohu anhu) rivoyat qiladilar: "Nabiy (sollallohu alayhi vasallam): "Kim insonlarga zulm qilmasdan, ularga yolg'on gapirmasdan, va'da berib, xilof qilmasdan muomalada bo'lsa, u muruvvati gapiriladigan kishilardan bo'ladi, adolati ko'rinadi, uni birodar tutish vojib, g'iybat qilish harom bo'ladi", dedilar.
Ibn Zayyod ulug'larning biridan: "Sizlarda muruvvat nima?" deb so'radi. U: "To'rtta xislat,— dedi. — Birinchi, kishi gunohdan uzoqlashishi lozim, chunki gunohkor bo'lsa, xor bo'ladi, muruvvati bo'lmaydi. Ikkinchi, o'zida bor molini isloh etishi, fasod qilmasligi lozim, uni fasod qilsa va boshqaning moliga muhtoj bo'lsa, uning muruvvati bo'lmaydi. Uchinchi, ahliga ular muhtoj bo'ladigan narsani hozirlab qo'yishi lozim, chunki kimning ahli ayoli insonlarga muhtoj bo'lsa, uni muruvvati bo'lmaydi. To'rtinchi, o'ziga mos keladigan taom va sharobga ahamiyat berishi va o'shandan iste'mol qilishi lozim. O'ziga mos bo'lmagan taomni tanavvul qilsa, muruvvati nuqsonli bo'ladi".
Qays ibn Sobit ibn Saidadan rivoyat qilinadi. U Qaysarning oldiga kelib turardi. Qaysar unga: "Oqilning afzali nima?" dedi. U: "Kishi o'z nafsini bilishi", deb javob qildi. "Ilmning afzali nima?" deb so'radi. "Bilmagan vaqtida tek turish", dedi. "Muruvvat nima?" deb so'radi. "Kishi yuzining suvini saqlab qolishi", dedi. "Molning afzali nima?" deb so'radi. "Haqqi ado qilingan", dedi.