Anas ibn Molik Payg'ambardan (sollallohu alayhi vasallam) rivoyat qiladilar: "Parvardigoro, meni miskin holda tiriltir, miskin holda o'ldir va miskinlar to'dasida to'plagil". "Nimaga bunchalik, ey Rasululloh?", deb so'rashdi. "Chunki ular jannatga boylardan qirq yil oldin kiradilar. Boy o'layotgan paytda kambag'al bo'lsam edi, deb orzu qiladi, ammo kambag'al boy bo'lsam edi, deb orzu qilmaydi", dedilar.
Faqirlikning oxiratda hisob berishi oson bo'lishining o'zi etarli dalildir. Qiyomat kunida Alloh taoloning bandalariga eng katta minnati: "Sening zikringni (nomingni) chiroyli qilib qo'ymadimmi?!" deyishi bo'lar ekan.
Faqih aytadilar: Kambag'allik boylikdan afzal, lekin boylikda hech qanday ayb yo'q. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) sahobalari boy bo'lsalar-da, boyliklarini tark qilishga buyurmadilar. Boylik ayb bo'lganida, ularni mol yig'ishdan, albatta, qaytarardilar. Demak, boylikda ayb yo'qligi aniq. Ayb boylikni Alloh taoloning buyruqlariga xilof qilib ishlatishdadir. Yuqoridagi (boylik yoki faqirlik afzal degan) ixtiloflar avvalgi zamonlarda bo'lgan. Chunki ular asosan haloldan kasb qilishgan. Shuning uchun ba'zilar boylik afzal deyishgan. Ammo molu dunyoning ko'p qismiga haromu shubha aralashgan bugungi kunda ixtilofning ma'nosi yo'qolgan. Kambag'allikning afzalligiga hamma ittifoqdir.