Ko’ngil ro’zasi
Ey ko’ngil, sen ham muslimsan,
Menga oxsharsan — muslimsan!
Kel ramazonni kutayli,
Ro’zani birga tutayli!
Sening ro’zang emas oson,
Haq yo’lida mosuvosan!
Yodingda undan o’zga yoq,
Gar o’zga bo’lsa — ro’za yoq!
Bu shart og’ir, base dushvor,
Andisha qil, bo’lib xushyor.
Rabbing faromush etsang bas,
Tushgan ro’zang ro’za emas.
Chalg’itar seni xayollar,
Xayollarga yo’q poyonlar.
Zalolat yo’liga boshlar,
Isyonlar cho’liga tashlar.
Ichga kirib zillat, kibr,
Xotirga kelsa shum fikr.
Qo’rq, ko’ngil, ro’zang ochilgay,
Men nechuk bunga achinmay?
Til biyron, degay: men soyim,
Riyodan saqla, Xudoyim!
Vasvasalar kirib goh-goh,
Ohkim, ko’ngil, holing taboh!
Biru borga iqroring bor,
Ayt, nega sen ag’yorga yor!
Gar ergashib ahli radga,
Ikkilik qilsang Ahadga,
Ko’nglim, seni demak ko’ngil,
Ko’ngil bo’lmay, toshga do’ngil!
Qayt! Qayt! Keldi qaytar chog’ing,
Xolis tavba yuvar dog’ing.
Sarkashlik bas, Haqqa egil,
Qora bo’lsang, oqqa evril.
Desangki, poklansin bu ich,
Ma’rifat bahridan suv ich.
Soim ko’ngil, nurha to’lgil,
Muhabbat oshyoni bo’lgil!
Fozil Zohid