TAVBA
Nigohim oyga botdi,
Yuragim soyga botdi,
Mehrim gunohga botdi,
La ilaha illalloh,
Tavba, astag’firulloh.
O’g’il uchdi uyadan,
Qiz ham ketdi qiyadan,
Qoshingga ro’ysiyoman,
La ilaha illalloh,
Tavba, astag’firulloh.
Sezdirmay o’tdi umr,
Qani, qayda qush-qumur,
Xiralashdi ko’zda nur,
La ilaha illalloh,
Tavba, astag’firulloh.
Baland desam, past keldi,
Faqat olar dast keldi,
Oyat, hadis rost keldi,
La ilaha illalloh,
Tavba, astag’firulloh.
Namoz, ro’zam kam bugun,
Bosh egik, ko’z nam bugun,
Rahmating malham bugun,
La ilaha illalloh,
Tavba, astag’firulloh.
Ra’no Rahmonberdi qizi