--------------------------------------------------------------------------------
Rabbim o'zing asragin!
Qalbi fe’li torlikdan,
Shirin so’zga zorlikdan,
Ikki dunyo xorlikdan,
Rabbim, O’zing asragin!
Ig’vo, fitna, tuhmatdan,
G’iybat, turli kulfatdan,
Qalbi qaro ulfatdan,
Rabbim, O’zing asragin!
Manmanlik ham riyodan,
Qabul bo’lmas duodan,
Og’ir damda jazodan,
Rabbim o’zing asragin!
Yomon fe’l, yomon amal,
Yomon nafsdan asragin.
Yaxshilarga yaqin qil,
Har nokasdan asragin!
Yomon tilning zahridan
Shayton la’in sharridan,
Qahhor oting qahridan,
Rabbim o’zing asragin!
Molu dunyo faxridan,
Azobga duchorlikdan.
Rahmatingga zorlikdan,
Rabbim o’zing asragin!
Omonating ol oson,
Iymon bilan chiqsin jon,
Jannatda yashay shodon,
Do’zaxingdan asragin!