Islomiy she'riyat  ( 367835 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 ... 89 B


Mahdiyah  14 Avgust 2006, 11:30:57

To'rtliklar

Garchi piyodamiz, garchi otliqmiz,
Kim yaxshi, kim esa yomon otliqmiz.
Qanchalar fursatni o'tkazdik zoe,
Xudoning oldida ko'p uyotliqmiz.

***

O'limga baribir: gulday dudoqlar,
Halol yurganlaru harom tamoqlar.
Ust-boshi butlardan choponni yechgay,
Kovush kiyib ketmas yalangoyoqlar.

***

Olis yulduzlarda qanday habar bor?
Oyning gardishida qanday xatar bor?
Mangu xavotirday aylanar falak,
Bir kun hammamizga katta safar bor.

***

O'zincha tijorat qilgani kelding,
Uy qurib imorat qilgani kelding.
Bu dunyo besh kunlik ziyoratgohdir,
Aslida ziyorat qilgani kelding.

Sirojiddin Sayyid

Qayd etilgan


Mahdiyah  14 Avgust 2006, 11:40:05

Shukur qil

Nega nolib yashaysan, berganiga shukr qil,
Ko'zing yorug' dunyoni ko'rganinga shukur qil.

Shivirlagan maysalar qilam bo'ldi yo'lingga,
Oqar suvlar uyinga kelganiga shukr qil.

Boshin egib daraxtlar, yuz ming nozu ne'matlar,
Dasturxonni to'ldirib turganiga shukr qil.

Bahor bilan qo'shilib, darvozangga urilib,
Ayvoningga qaldirg'och kirganiga shukr qil.

Jajjigina qo'lida yurt tuprog'i bolangning,
Ohista qadam tashlab, yurganiga shukr qil.

Ahtamquli ogoh bo'l, olamda yoq bunday yurt,
Qalam qog'ozga ko'ngling yozganiga shukur qil

Ahtam Karim

Qayd etilgan


Mahdiyah  14 Avgust 2006, 11:48:07

Badgumon bo'lma

Ey, aziz zot, arzim bor,
Ijozat bersang, aytay.
Birodarlik qarzim bor,
Sen qaytmasang, men qaytay.

Aytchi, arazing umri,
Ketmadimi uzayib?
Kaminaning chin uzri:
Kechir, bo'lsa menda ayb.

Sen balandda, men pastda,
Lek, zarra yoq hasadim.
Huquq, erk toki dastda,
Adolat qil - maqsadim.

Turtib - siltamasang bas,
Qo'ysang o'z qavmim bilan.
Bas erkin olsam nafas,
Qo'y solat-sovmim bilan.

Qo'rqma, qilma vohima.
Senga g'anim emasman.
So'ramasman bir nima,
Mulkingdan ber, demasman.

Ko'nglim g'arazdan holi,
Do'stim, badgumon bo'lma.
Gumon - iymon zavoli,
Nogoh beiymon bo'lma!

Ne hojat bezovtalik,
Yetar, dilni g'ashlama.
Ha, mendan qilma hadik,
Qo'y, dushman tarashlama!

Arazni chetga surib,
Ber qo'ling, yarashaylik.
Haqiqiy mo'min bo'lib,
Ahillikda yashaylik!

Fozil Zohid

Qayd etilgan


Mahdiyah  14 Avgust 2006, 11:51:52

Yaratganga yaqin bo'lin!

Jonsiz toshga sig'inarmish odamlar!
Alloh buyuk! Kim bo'libda sanamlar.
Jonimizdan aziz bilib iymonni,
Yaratganga yaqin bo'lin odamlar!

Siz aslida kimligingiz unutmang,
Yolg'iz zotga qulligingiz unutmang,
Iymoningiz - boyligingiz unutmang,
Yaratganga yaqin bo'ling odamlar!

Elmurod Nishonov

Qayd etilgan


Mahdiyah  14 Avgust 2006, 11:55:39

Allohdan o'zga yor topmadim...

Gohida ezsa gar meni g'am,
Qiynasa goh ich o'rtar alam.
Topilmasa biror-bir hamdam,
Allohdan o'zga yor topmadim...

Holim tushunmasa do'stlarim,
Yolg'on desalar rost so'zlarim.
Yig'idan tinmasa ko'zlarim,
Allohdan o'zga yor topmadim...

Zulmat ichra chiqmasa ziyo,
Gar sig'masam olamga go'yo.
Izlaganim bo'lsa bir ro'yo,
Allohdan o'zga yor topmadim...

Alisher Isomiddin

Qayd etilgan


Umarbek  14 Avgust 2006, 21:47:20

  Bu bebaho satrlar, Alloh rozi bo'lsin sizdan!!!
Tarifga qalam ojiz ushbu satrlarni tariflagani, chunki Alloh
buyukdir!!!!

Qayd etilgan


Munira xonim  15 Avgust 2006, 11:32:41

Haqiqatdan ham juda bebaho, go'zal
va qalbni larzaga soluvchi satrlar.
Noza, Alloh sizdan rozi bo'lsin!

Qayd etilgan


azizaxon  17 Avgust 2006, 15:22:20

                        Qilinganda tilovat.


Erir ekan tosh yurak ham qilinganda tilovat,
To'kilarkan qalbdagi g'am qilinganda tilovat.

Tinglasang gar, ko'zing yumib, bo ajabo, vo ajab-
Tebrangandek bo'lar olam qilinganda tilovat.

Ko'z oldingdan ruhi o'tar o'tganlarning birma-bir
Go'yo diling topar malham qilinganda tilovat.

Ohangida qorilarning neki sir bor bilmadim
Butun jonzot bo'lar hurram qilinganda tilovat.

Bahra olar emish hatto tog'lardagi giyohlar
Boshlarini qilishib xam qilinganda tilovat.

O'tir, do'stim, o'qilganda, yaratganning kalomi
Har so'zini qil muhtaram qilinganda tilovat.

Ey, Rahimiy, "Qur'on" so'zi-Olloh so'zi, shu bois
Mehring berib tingla doim qilinganda tilovat.

Qayd etilgan


Munira xonim  17 Avgust 2006, 16:02:20

Assalamu alaykum,Azizahon.
Juda go'zal she'r ekan.
Alloh sizdan rozi bo'lsin!
Har birimizga O'zining Kalomini
behato o'qishlikni nasib qilsin.

Qayd etilgan


Mahdiyah  24 Avgust 2006, 20:57:48

Nadomat

Halolni haromdan farqlay olmasam,
Qorani qora deb ayta olmasam,
Gunohligin bilib, qayta olmasam,
Mendayin baxtsizni kechirgin, Rabbim.
Yordam so’rasalar, qovog’im uysam,
Muhtoj kimsalardan nariroq yursam,
Shayton xizmatiga "œlabbay" deb tursam,
Mendayin osiyni kechirgin, Rabbim.
Qurbim yetsa hamki Hajga bormasam,
Ro’zador bandangni xushnud qilmasam,
Mo’minlar dardiga darmon bo’lmasam,
Mendayin noshudni kechirgin, Rabbim.
Sirotni unutdim, dunyoni-chi yoq,
Oxirat g’amini yenganim ham yoq.
Ochni siylamadim, qornim doim toq,
Mendayin ojizni kechirgin, Rabbim.
Solihlar suhbatin izlamadim ham,
Qur’on o’qimadim, tinglamadim ham,
Kechalari turib, yig’lamadim ham,
Mendayin johilni kechirgin, Rabbim.
Dunyo-yu boylikka hirsim zo’raydi,
Birov qarz so’rasa, ko’zim olaydi.
Hisobni unutib, qalbim toraydi,
Mendayin gumrohni kechirgin, Rabbim.
Goho musibatga sabr qilmadim,
O’ylamay so’z berib, so’zda turmadim,
Faqirlarni to’rga taklif qilmadim,
Mendayin baxtsizni kechirgin, Rabbim.
Ko’zim ochiq, ammo ko’rmaydi ko’zim,
To’g’ri so’zdan ko’ra ko’p yolg’on so’zim,
Bariga aybdor yolg’iz men o’zim,
Mendayin so’qirni kechirgin, Rabbim.
Gunohlardan qalbim qorayib ketdi,
Savob ishlar meni tark etib ketdi,
Kibru havo oxir boshimga yetdi,
Mendayin gumrohni kechirgin, Rabbim.
Qiyomat dahshatin yodga solib tur,
Umid so’nmasin, umid berib tur.
Shayton yo’llaridan meni Haqqa bur,
Mendayin gumrohni kechirgin, Rabbim.

Ra’no Hakimova, Andijon shahri

Qayd etilgan