Tohir Malik. Iymonlashish umidi  ( 124853 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 ... 20 B


shoir  26 Iyun 2006, 04:29:33

www.islam.uz kutubxonasidan
IYMONLASHISH UMIDI

Tohir Malikning mazkur kitobi «Mehmon tuyg’ular» kitobining tuzatilgan, to‘ldirilgan ikkinchi nashridir. Mazkur kitob orqali yozuvchining fikriy olamiga mehmon bo‘lasiz, degan umiddamiz.

O’zgaga jahannam «gullari» nasib bo‘lishini istayotgan odam buning o‘rniga o‘zi uchun jannat rohatini tilagani afzal emasmikin? O’zganing jahannam o‘tida kuymog‘i uning duosi bilan bo‘lmaganidek, o‘zining jannat bog‘larida sayr qilishi yaxshi niyat va amallari bilan ekanligini bilishi ham bir baxtdir.

Qayd etilgan


shoir  26 Iyun 2006, 04:30:57

MUALLIFDAN

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Nihoyatda shafqatli va mehribon Allohnig nomi bilan boshlayapman.
Bizlarga to‘g‘ri yo‘lni aniq ko‘rsatib bergan, ko‘zlarimizdan esankirash pardasini olib tashlagan ya robbimiz Alloh, yolg‘iz senigina madh etamiz. Bashoratchi, ogohlantiruvchi, buyrug‘ingga binoan diningga da’vat etuvchi va yorug‘ nurdek yo‘limizni yorituvchi rasulingga duo va salomlar yo‘llaymiz. Sening roziliging uchun Islom dinini quvvatlantirish yo‘lida xizmat qilgan muhtaram sahobalarga, ularga boshpana bergan ansorlarga ham duo va salomlar bo‘lsin.
Assalomu alaykum, ardoqli kitobxon!
Alloh nasib etsa, mazkur bitik bahonasida siz bilan suhbat qurib, iymonlashishdan umidvorman. Avvalgi yaxshi-yomon darajada yozganlarim bahonasida men siz — azizlarning uylaringizga mehmon sifatida kirib borgan edim. Bu safar kamina mezbon bo‘lish taraddudida. Siz, mehribonlar esa, mehmonimsiz. Mehmon izzati uchun yozilajak G’oyibona dasturxonga ko‘p yillar mobaynida yon daftarchaga yozib yurilgan hikmatlarni qo‘ymoqchiman. Shu o‘rinda kamchiligimni ham tan olib, aybimni aytib o‘tishim kerak: mazkur hikmatlarni biron kitobda o‘qiganman yoki biron odamdan eshitgan bo‘lishim mumkin. Ammo manba’ni — ya’ni, qaysi kitobdan olingan, kim aytgan yoki yozgan, fikr qay davrda bayon qilingan — bularni yozib qo‘ymagan ekanman. Ayrim fikrlar esa kaminaning xayoli mahsulidir. Biroq, bular aynan menga tegishli, degan da’vodan yiroqman. Xayolimga kelib, qog‘ozga tushgan fikrlarning asosida baribir ulug‘lar hikmati yotadi. Muhimi shuki, ulug‘larning fikrlari aynan olinmay, bugungi kun muammolarini yechishga mos holda bayon etilgan. Shu sabablarga ko‘ra bitikdagi hikmatlar kim tomonidan aytilgani ko‘rsatilmadi. Nazarimda siz bilan bizning aqlimizni boyitish uchun aytilgan fikrning o‘zi zarurroqdir. Ongimizni quvvatlantiruvchi hikmatlarni aytib o‘tgan dono ustozlarimizni esa duolar qilamiz.
Albatta kaminaning bu ishlari kamchiliklardan xoli emas. Xato-kamchiliklar uchun avvalo Yaratgan, tarbiya etayotgan robbimiz Alloh huzurida tavbalar qilaman. Shuning barobarida siz, azizlardan ham uzr so‘rayman. g’usurlarimni afu etib, haqqimga Allohdan mag‘firat tilamog‘ingizni rijo qilaman.
Umid shuki, bayon etadiganlarim amri ma’ruf, nahiy munkar vazifasini o‘tash ishiga zarra qadar bo‘lsa-da, hissa qo‘shsa, insha Olloh!
Tangri barchalarimizning ishlarimizni xayrli aylasin. Siz — talabchan kitobxonlarning xonadonlariga qut-barakotlar berib, kulli balo va ofatlardan O’zi asrasin.
Omiyn ya Robbil olamiyn.

Qayd etilgan


shoir  26 Iyun 2006, 04:31:13

Kitobning ikkinchi nashriga
muxtasar izohimiz:


Allohga shukrlarkim, mazkur kitob siz azizlarning qo‘llaringizga yetib borgach, niyatga yetishgandek bo‘ldik. O’qigan birodarlarimizdan tahsin ham eshitdik, ba’zan tanqiddan ham bahramand bo‘ldikkim, kitobning mazkur ikkinchi nashrida bu e’tirozlarni inobatga olishga, kamchiliklarga barham berishga intildik. Shuning natijasi o‘laroq, kitobning nomini ham o‘zgartirishni ma’qul topdik va «Shudring tomchilari» deb nomlagan uchliklarni bu kitobga kiritmadik. Buning o‘rnini keyingi ikki yil mobaynida eshitgan hikmatlarimiz, xayolimizni yoritgan ayrim fikrlar bilan to‘ldirdik.

Qayd etilgan


shoir  26 Iyun 2006, 04:31:25

* * *

Bir kuni shahar sayriga chiqqan podshoh ro‘baro‘sida gado paydo bo‘lib tilanibdi. Podshoh unga bitta oltin tanga berib, o‘zining saxiyligidan o‘zi mamnun holda jilmayibdi. Gado esa, norozi ohangda:
— Ey podshohim, hisobsiz xazinang bo‘lgani holda o‘z ukangga bittagina tanga berishdan uyalmadingmi? — debdi.
Bu gapdan podshoh ajablanibdi:
— Ie, qachondan beri sen mening ukam bo‘lib qolding?
— Nechun hayronu lolsan podshohim, axir sening nasabing Odam Ato bilan Momo Havvodan boshlanmaydimi? — debdi gado.
— Ori-ori, so‘zlaring rost, — debdi podshoh.
— Mening nasabim ham shunday: ikkovimizning ota-onamiz Odam Ato bilan Momo Havvo bo‘lgach, og‘a-ini hisoblanmaymizmi?
Bayon qilganim tilanchining gapi latifanamo rivoyatga o‘xshagani bilan isbot talab etilmaydigan haqiqatdir. Buni ilm tilida «aksioma» deydilar.
Hazrat Bilol roziyollohu anhudan «Sening otang kim?» deb so‘rashganida u zot «Mening otamga maloikalar sajda qilishgan», deb javob qaytargan ekanlar.
Alqissa, dunyoda yashab turgan odam bolalari vatanlari, millatlari, irqlaridan qat’i nazar, og‘a-inidurlar. Bu haqiqatni barcha idrok qilar, deb o‘ylayman. Meni ajablantirgan narsa: asli nasablari bir ekanini bilganlari holda odamlar o‘zaro yovlashadilar. Katta-kichik urushlarni boshlashdan charchamaydilar. Ajablanarlisi shuki, jang maydonining u tomonidagisi ham, bu tomonidagisi ham Xudoga bir xilda munojot etadi: o‘ziga omonlik, ro‘parasidagilarga esa o‘lim tilaydi. U dushman deb hisoblab, o‘lim tilayotgan odamining kim ekanligini bilmaydi. Uning ham oilasi, farzandi taqdirini o‘ylab, ruhan azob chekayotgani ham noma’lum. Urush qaysi bir tomon uchun G’alaba bilan yakun topadi, ammo jonini garovga tikkan, muhoraba azoblarini totgan jangchi uchun hech qanday manfaat yo‘q. U qiyomat janglardan omon chiqqaniga shukr qiladi, xalos.
Alloh «urushmanglar, bir-birlaringga zulm qilmanglar», deb buyurgani bilan urushaveradilar, urusha turib Yaratgandan panoh so‘raydilar, qiradilar, qiriladilar.
Makkai mukarramada, Baytullohda, hajarul-asvad qarshisida ikki hoji yonma-yon ibodat qilishardi. Ularning birlari eronlik, ikkinchisi Iroqdan edi. Bir din, hatto bir mazhabdagi bu ikki odam necha yil avval o‘z mamlakatlari manfaatlari uchun qo‘lga qurol olgan edilar. Jang maydonining ikki tomonidan turib olib bir-birlarini o‘ldirmoq qasdida o‘q uzgan edilar. Ulug‘ marhamatli Alloh ularning jonini saqlab qolib, bu muqaddas uyda ularni uchrashtirdi. Ibodatdan so‘ng ular bir-birlariga salom berib, tug‘ishgan birodarlar kabi quchoqlashib ko‘rishdilar.
Odam bolalari hamisha shunday yashasalar bo‘lmasmi ekan?
Donishmandlardan biri «biz bu dunyoga bir parcha kafanlik ishlab topish uchun kelganmiz», degan ekan. Topganimiz, oqibat bizga nasib etuvchi shu narsa ekan, talashmoqdan, zulm qilmoqdan, zulm ko‘rmoqdan qanday naf bor?
Demoqchimanki, tarixga yoki qiyomat kunidagi vaqt o‘lchoviga nisbat qilib olganda bir necha soniyaga teng keladigan umrimizda mehr-muhabbat bilan yashamoqliq saodatiga yetishmoqlik barchamizga nasib etsin. g’iyomatda, hisob-kitob kunida bir-birimizga ko‘rsatgan shu mehr-oqibat o‘zimizga shafoat bo‘lar, insha Alloh!

Qayd etilgan


shoir  26 Iyun 2006, 04:32:11

* * *

Derlarkim, Inson uchun eng ulug‘ dunyoviy ne’mat — uning ozod va hurligidir. Agar ozodlik ne’mat ekan, ozod insonning baxtsiz bo‘lmog‘i mumkin emasdir. Agar baxtsiz insonga duch kelsangiz, qayg‘u-hasratda yonayotganiga guvoh bo‘lsangiz bilingkim, u ozod emasdir. U shubhasiz kim yoki nima tomonidan ezilgandir.
Agar ozodlik ne’mat ekan, ozod inson ablah bo‘la olmaydi. Agar bir odamning boshqalar oldida past ketayotganini, laganbardorlik qilayotganini ko‘rsangiz, bilingkim, u ozod emasdir. U bir quldir. U bo‘ynini qullik sirtmog‘iga tutib, buning evaziga bir tovoq ovqat yoki biron mansab, yoki shunga o‘xshash bir nima undirmoq istaydi. Kim ozroq manfaatga erishibdi, demak, ozroq xushomad qilibdi. Zo‘rroq xushomad bilan esa kattaroq boylikka erishiladi.
Ozod odam hech bir to‘siqsiz egalik qilish mumkin bo‘lgan narsaga egadir. Hech bir to‘siqsiz nimaga egalik qilish mumkin? Faqat O’Z-O’ZIGA! Agar siz odamning o‘z-o‘ziga egalik qilmay, boshqalarga ham hukm o‘tkazmoqqa jazm etganini ko‘rsangiz, bilingkim, u ozod emasdir. U boshqalarga hokimlik qilishni istadimi, demak, u o‘z istagi — nafsi qulidir.

Qayd etilgan


shoir  26 Iyun 2006, 04:32:36

* * *

Nafsimiz bizlarni yomon narsalarga buyuradi. Biz unga quloq soldikmi, tamom, nafsimiz quliga aylandik. Haqning quli emas, nafsimizning quli bo‘ldik. Alloh barchamizni shu qullikdan asrasin.

* * *

Muhabbatsiz qalb — tosh qalbdir. Tangrim tosh qalblarga zinhor nazar solmas. Shunga ko‘ra qalbimiz uyini Allohga bo‘lgan ishqimiz bilan tuzatmog‘imiz joiz. Inson vayrona qalbini faqat muhabbat bilangina obod etmog‘i mumkin.   

Qayd etilgan


shoir  26 Iyun 2006, 04:32:47

* * *

Q’ur’oni Karim oyatlarini, sharafli hadislarni o‘qish qanchalar manfaatli bo‘lsa, ularni anglamoq, qalbga muhrlamoq - kishining hayotda adashmay yurmog‘i uchun yanada manfaatliroqdir. Shukrlarkim, ulug‘ mufassirlar va muhaddislarning, benazir ulamolarning tafsiru sharhlari bizga qadar yetib keldi. Shulardan biri Jaloliddin Rumiy hazratlarining meroslaridir. Bir hadisni mavlono shunday tafsir qilgan ekanlar:
«Payg‘ambar sallolohu alayhi vasallam buyuradilarkim: «Olimlarning yomoni amirlarni ziyorat qilgani, amirlarning yaxshisi olimlarni ziyorat etganidir. Faqirning eshigiga kelgan amir naqadar xush va amirning eshigiga borgan faqir naqadar noxushdir».
Xalq bu hadisning zohiriy ma’nosinigina qabul qilgan. Ya’ni bir olim yomon olim bo‘lmaslik uchun amirni yo‘qlamasligi lozim, amirni borib ko‘rish unga munosib emas, deb bilgan. Aslida fikrning haqiqiy ma’nosi xalq o‘ylaganday emas, balki shunday: Olimlarning yomoni amirdan yordam olgani va ular vositasida o‘z ahvolini yaxshilagani, kuchga kirganidir. Amirlar menga in’om beradilar, meni izzat-ikrom qiladilar va bir yaxshi joy ehson etadilar, degan tushuncha bilan va ularning qo‘rquvi ostida o‘qigan kimsa olimlarning eng yomonidir. Shu holida bu kimsa amirlar tarafidan isloh bo‘lgan, bilimsizliklardan biladigan ahvolga kelgandir. Olim bo‘lganda ham amirlar qo‘rquvidan va ularga yomonlik qilmaslikdan tarbiya ko‘rgan bir insonga aylangandir. Endi u istasa-istamasa, hamma vaqt bu yo‘lga uyg‘un tarzda harakat etmog‘i kerak bo‘ladi. Xullas, bu vajdan zohiran xoh u amirni ko‘rgani borsin, xoh amir uning huzuriga kelsin, baribir, u ziyorat qilgan, amir esa ziyorat qilingan bo‘ladi.
Olim agar amirlar soyasida olim bo‘lishni o‘ylamasa, uning bilimi ibtido va intihoda Alloh uchun qilingan bo‘ladi. Uning tutgan yo‘li va ko‘rsatgan faoliyati savoblidir. Chunki yaratilishi shundaydir, baliq suvdan boshqa yerda yashay olmaganidek, u ham bundan o‘zgani qilolmaydi. Uning qo‘lidan kelgani shu. Bunday bir olim harakatlarini boshqarib yo‘lga solib turgan narsa - AQLdir. Hamma undan qo‘rqadi va insonlar ba’zan bilib, ba’zan bilmasdan u taratgan nurdan bahra oladilar. Xullas, bunday bir olim amir huzuriga borsa, zohiran u ziyorat qilgan, amir esa ziyorat qilingan bo‘ladi. Ammo amir olimdan hamma vaqt yuksalishga chorlovchi bir quvvat-yordam oladi, olimning esa amirga ehtiyoji yo‘q, chunki u badavlatdir, nur sochayotgan quyosh kabidir. Ishi ta’masiz ko‘mak bermoq, ehson etmoqdir. U toshlardan la’l va yoqut qila oladi. Tarkibi tuproqdan iborat bo‘lgan tog’lardan mis, oltin, kumush va temir ma’danlar yasaydi. Tuproqni tozalaydi, yoshartiradi. Daraxtlarni turli-tuman mevalar bilan boyitadi. Ish va ermagi - bag’ishlamoqdir, hadya qilmoqdir.
Arabning «Biz bermoqni o‘rgandik, olmoqni o‘rgana olmadik» maqolidagi singari olim ham beradi-yu, birovdan olmaydi. Nihoyat, bunday olimlar haqiqatda ziyorat etilgan, amirlar esa ziyorat etgan bo‘ladilar.»

Qayd etilgan


shoir  26 Iyun 2006, 04:33:00

 * * *

Baxt haqida ko‘p so‘raydilar. Har kim baxtni o‘z ko‘zi bilan ko‘radi. O’z qarichi bilan o‘lchaydi. Mening baxtim boshqa odam uchun shunchaki arzimas bir narsa bo‘lib tuyular. g’og‘oz-qalam bilan o‘tgan tunlarim men uchun baxtli lahzalar, menga kuyunguvchi do‘stlarim esa, «tirikchilik vajhidan uxlamaydi, bechora», deyishadi. Men esam, boshqalarga achinaman. Menga bir narsa aniq: baxt bevafo narsa — kelaveradi, ketaveradi... «Baxt qushi» degan ta’birning mavjudligi bejiz emas. g’ush hech mahal bir yerda uzoq qo‘nib o‘tirmaydi. Baxt ham shu — kishiga hamisha yo‘ldosh bo‘lavermaydi. Baxtiyorlik ko‘p hollarda kishini xudbinlikka, manmanlikka yetaklashi mumkin. Ana shunda jar yoqasiga keltiradiyu o‘zi g‘oyib bo‘ladi. Kishi «baxtim, qaydasan?» deb chapak chalib qolaveradi. Hayotdan ma’lumkim, jarga qulaganlar ham uchraydi. Esi butun odamlar esa o‘zini asrab qola oladi. «Baxtingni qo‘ldan berma», degan gapni men «manmanlikka berilma, xudbin bo‘lma», degan ma’noda tushunaman.
Baxt zarralardan tashkil topadi. Masalan: ertalab dasturxonimda non turishi — baxt. Uni yemay, isrof qilishlik esa xudbinlik. Har tong ahli oilamni, qo‘ni-qo‘shnimni, qarindoshu do‘stlarni sog‘-omon ko‘rmoqlik — baxt. Ulardan birining ko‘nglini og‘ritish esa — xudbinlik... Zargar tilla zarralarini to‘plab, bir ajib uzuk yasasayu uni bir onda yo‘qotib qo‘ysa... Odam baxtini ana shunday mashaqqat bilan topadi, osonlik bilan yo‘qotadi. Bunga faqat o‘zigina aybdor.

Qayd etilgan


shoir  26 Iyun 2006, 04:33:21

* * *

Ko‘pchilik televizor orqali farzandlarini tug‘ilgan kunlari bilan tabriklamoqni odat qildi. Mayli, bu ham keraksiz odatlarning, bekorchi xarajatlarning bir ko‘rinishi deylik. Lekin masalaning boshqa tomoni ham bor. To‘g‘ri, hamma bolasiga baxt, uzoq umr tilaydi. Biz bu tilakni inkor etmaymiz. Biz uchun ajabki, hech kim farzandu arjumandiga Allohdan iymon, insof, vijdon, aql-idrok so‘ramaydi. Bola uchun bularning zarurati yo‘qmikin? Yoki... iymonsiz odam baxtli bo‘la olarmikin?

* * *

Shoirlar ayollar haqida ko‘p gapirishadi. «Ayol — bahor», «Ayol — sevgi» kabi gaplarni ko‘p eshitamiz. Lekin nima uchundir hech kim «Ayol — INSON» demaydi. Nima, ayol — inson emasmi? Yoki bu ta’bir qofiyaga yaxshi tushmasmikin?

* * *

Bayram tamoshalarida qizlar beqasam choponni chapanichasiga kiyib olib, raqsga tushishadi. Biz bu manzarani tez-tez ko‘rib, ko‘nikib qolganmiz. Lekin xorijliklar bu tamoshalarni ko‘rib, «O’zbeklarning chopon kiyishga layoqatli, belida belbog‘i bor yigitlari qolmabdi-da, a?» deyishmasmikin?

Qayd etilgan


shoir  26 Iyun 2006, 04:33:30

* * *

Bir odam Ovrupoga taqlid qilishni juda yaxshi ko‘rardi. Taom yeyishdan oldin baqbaqasini ko‘tarib turgan yoqasiga sochiq qistiradi — nemislarda shunday odat bor ekan. Ziyofatlarga borganda birinchi qiladigan ishi — qo‘lini aroq bilan yuvadi — frantsuzlar mikrobga qarshi shunday kurashar ekanlar. O’ynashi bilan o‘pishishdan avval og‘ziga atir purkaydi — italiyaliklar bekorga shunday qilishmas. Hammomga tushsa, otasidan xafa bo‘lib ketadi — otasi bechora ovrupoliklarning sunnat qilinmasliklarini bilmay shu bemazagarchilikni qilib qo‘ygan-da bir vaqtlar. Uning eng zo‘r odati — ziyofatlarga gollandiyaliklar kabi kerilib kelib, inglizchasiga indamay, boshqalarga sezdirmay chiqib ketardi. Inglizlar yeb-ichib, to‘yishgach, hech kim bilan xayrlashmay, rahmat ham demay, indamay jo‘nab qolisharkan. Ketgan odamni birov bilib, birov bilmay qolarkan.
Taqdirning yozug‘ini qarangki, bu odamning olamni tark etishi ham inglizchasiga bo‘ldi: oilasi bilan rozi-rizolik ham tilasha olmadi, o‘lib, ko‘milganini birov bildi, birov bilmay ham qoldi.
O’zbekchasiga yashab, o‘zbekchasiga o‘lish ham bir baxt ekan-da, a?

Qayd etilgan