Birdaniga boyib o‘zini bilmay qolayotgan, so‘ng tijoratdami yoki boshqi ishdami «sinib» xonavayron bo‘lib, uyni, bor bisotini sotib mahzun yurganlar shu rivoyatni balki eshitmagandirlar?
Endi ikkinchi rivoyatni eslash fursati yetdi:
Basralik savdogar Chin mamlakati tomon safarga tayyorgarlik ko‘rayotganida bir mo‘ysafid uning kemasiga yaqinlashib iltimos qildi: «Ey, xoja, men huzuringga hojattalib bo‘lib keldim. Mana bu qopdagi qalayini dengiz o‘rtasiga yetganingda suvga tashlab yuborsang, zora nazirim qabul etilsa». Savdogar mo‘ysafidning kimligini surishtirib bilgach, molni olib qoldi. Ammo kemasi dengiz o‘rtasiga yetganida to‘fon ko‘tarilib, mo‘ysafidning iltimosini unutdi. Chinga borib savdo qilayotganda unga bir yigit yaqinlashib «Basrada sifatli qalayi bo‘lardi, olib kelmadingizmi?» deb so‘radi. Shunda savdogar mo‘ysafidni, uning omonatini eslab «Endi buni sotib puliga mol olib egasiga topshirganim ma’qul ko‘rinadir», degan qarorda qalayi to‘la qopni yigitga sotdi.
Basraga qaytgach, mo‘ysafid yashagan mahallaga borib bilsa-ki, u vafot etibdi. Unga yana bir narsa ma’lum bo‘libdiki: mo‘ysafidning jiyani bor ekan. Mo‘ysafid ukasidan yodgorlik bo‘lmish bu yigitni chiqishtirmas ekan. «Sen mening o‘limimni kutib yuribsan», deb ranjitavergani sababli yigit shahardan bosh olib ketgan ekan.
Savdogar biror voris chiqib qolar, degan niyatda Chindan olib kelgan molni yetti yuz dinorga sotib, pulini asrab qo‘ydi. Oradan ko‘p o‘tmay Chin mamlakatida undan qalayi sotib olgan yigit kelib dediki: «Men qalayini uyga olib borib sindirib ko‘rsam, orasidan oltin chiqdi. Men sizdan oltin emas, qalayi sotib olgan edim, bu oltinlar men uchun haromdir, deb izma-iz yetib keldim, toki oltinlarni o‘zingizga topshirgayman».
Shunda savdogar qalayi voqeasini gapirib bergan ekan, yigit kulib debdiki: «U mo‘ysafid mening yagona amakim edilar. Boylikni suvga g‘arq qilishdan maqsad — meni merosdan mahrum qilish edi. Ammo Alloh, mazkur boylikni menga nasib qilgan ekan, turli vosita va vasilalar bilan menga yetkazdi».
Yigitning chindan ham mo‘ysafidga jiyan ekani tasdiqlangach, savdogar unga yetti yuz dinorni ham berib: «Sen haromdan parhez qilding, Alloh senga halol boylikni ato qildi», degan ekan.
Kishining rizqi, rizqning har bir kishining o‘ziga nasib etmog‘i xususida yana ikki balki ikki yuz, balki ikki ming rivoyat bordir vallohi a’lam. Fikr yuritib turmoq uchun hozircha shu ikkisi ham kifoyadir.