* * *
Abu ad-Dardo roziyollohu anhu shunday rivoyat qilgan ekanlar:
— Rasulilloh sollallohu alayhi vasallam dedilarkim: «Agar mening bilganimni bilsaydingiz, oz kular, ko‘p yig‘lar edingiz. Havoyi nafs orzulariga berilib yashalgan bu dunyo hayoti sizlarga tuban ko‘rinardi. Alloh yo‘lida hayot kechirishni ustun qo‘ygan bo‘lardingiz.»
Abu ad-Dardo payg‘ambarimizdan bu hadisni naql etganlaridan so‘ng, yig‘ilgan jamoatga qarab shunday xitob qilgan ekanlar:
— Mening bilganlarimni bilsaydingiz, tog‘larga chiqib Allohga yolborardingiz va shuning barobarinda o‘z holingizga yig‘lardingiz. Butun borlig‘ingiz bilan yig‘lagan bo‘lardingiz. Mol-mulkingizni tashlab, ular HECh NARSA emasligiga ishonardingiz. Afsuski, uzun amal sizlarning kalbingizdan oxirat tushunchasini sidirib tashlagan. Dunyo hayoti birdan-bir amalingiz bo‘lib qolgan. Shu tufayli to‘g‘rilikdan yuz o‘girgansiz. Ba’zilaringiz qilgan ishi oqibatidagi falokatni o‘ylamagani uchun havoyi istaklarini tark etolmagan hayvonlardan ham yomonroqsiz. Sizlarga nima bo‘lgan o‘zi, bir-biringizni sevmaysiz, bir-biringizni to‘g‘ri yo‘lga solmaysiz. Ahvol shundayki, so‘zda bir-biringizning diniy birodarisiz. Ichingiznig yomonligi sizlarni bir-biringizdan ayirgan, bir-biringizni yiqitasiz. Agar to‘g‘ri yo‘lda bo‘lsaydingiz, bir-biringizni sevardingiz. Sizlarga nima bo‘lgan o‘zi? Dunyoviy ishlarda bir-biringizga yo‘l ko‘rsatasiz-u, oxirat masalasida xuddi shu ishni qilmaysizlar? Hech biringiz, dunyoviy masalalarda sevgan va yordam bergan kishingizga, oxiratga oid xususlarda sira nasihat qilmaysiz. Bu hol sizlarning qalbingizdagi imonning sustligi tufayli yuz beradi. Agar dunyo hayotini bilganingizday oxirat hayotini ham yaqindan bilsaydingiz, unga ishonsaydingiz, u dunyo uchun ham biror ish qilar, Alloh o‘rtaga qo‘ygan imonu axloq asoslariga moslashar edingiz. Chunki oxirat hayoti siz uchun abadiydir. Yo‘q, «dunyo hayotiga bo‘lgan sevgimiz ajoyibroq!» deyolmaysiz. Chunki, dunyo hayotida ham ba’zan kelajakda qo‘lga kiritishingiz mumkin bo‘lgan narsa uchun qo‘lingizdagi bor-yo‘q narsalaringizni fido qilasiz. (Masalan, bir yil keyin erishishingiz mumkin bo‘lgan hosil uchun hozir qo‘lingizda tayyor turgan urug‘ni sochasiz). Kutgan narsangiz bo‘lmay qolish ehtimolini bilaturib ham zahmatu mashaqqatlarga ko‘milib, naqd narsangizni qo‘ldan chiqarasiz. Komil imon sohiblariga xos alomatlardan mahrum qanday yomon insonlarsiz?! Ayting, Allohning rasuli hazrat Muhammad (s.a.v.) taqdim etgan haqiqatlardan shubhangiz bormi? Agar shunday bo‘lsa, bu shubhalaringizni bayon eting. Men esa sizlarga haqiqatni dalillari bilan ko‘rsatay. g’alblaringizni qanoatlantiruvchi nur bilan yoritay. Allohga ont ichib aytamanki, sizlar aqli noqis kishilardan emassizki, ma’zur ko‘rsam. Chunki dunyoviy ishlaringizda to‘g‘ri va foydali narsalarni farqlay olasizlar. g’orningizga yaraydigan narsalarni qo‘lga kiritishni yaxshi bilasizlar. Ularga ega bo‘lasizlar. Sizlarga nima bo‘lgan o‘zi?! Oz bir dunyolikni qo‘lga kiritsangiz, sevinib sakraysiz. Lekin ozgina bu dunyolikni yo‘qotsangiz qayg‘urasiz?! Shundayin qayg‘urasizki, bu narsa yuzingizdan o‘qilib turadi. Tilingiz uyalmay shundan gap ochaveradi va shu arzimas yo‘qotishni musibatday ta’riflaysiz va bilmaysizki, bu xususda gunohga botasiz. Ko‘plaringiz din asoslarining aksarini tark etgansiz. Shunday bo‘laturib, yuzlaringizda zarracha o‘zgarish, qayg‘u alomatlari yo‘q. Holbuki zarracha bu dunyolikni yo‘qotsangiz yuzlaringizda qayg‘u alomatlari ko‘rinib qoladi. Men hozircha sizlardan Alloh yuz o‘girgan, deb o‘ylamayman. Ba’zingiz ba’zingiz bilan sevinib suhbatlashasiz. Har biringiz boshqa biringizni qabul qilganda uni ranjitmaslikka tirishasiz, ammo buni faqatgina «u ham meni qabul qilganda xush muomalada bo‘lsin», deb shunday qilasiz. g’alblaringizda esa bir-biringizga nisbatan ginayu adovat va dushmanlik bo‘ladi. Butun hayotingiz uzun amaldan iborat. Ajalni unutish borasida bir-biringizni ortda qoldirab ketgansiz. Istaymanki, Alloh sizlarning bu hollaringizdan meni qutqarsin. Tinchlik, xotirjamlik bersin va meni Allohning rasuliga yetishtirsin. Agar u zot hayot bo‘lsaydilar, sizlarning bu xatti-harakatingizga chiday olmasdilar. Sizlarda zako bo‘lsa, mana sizlarga haqiqatlarni eshittirdim. Allohning nazdidagi narsalarni izlasangiz, osonlik bilan topasiz. Men o‘z nafsim uchun va sizlar uchun yolg‘iz Allohdan yordam talab qilaman.