* * *
Sabr gadoni podshoh darajasiga ko‘tarishi mumkin. Sabrsizlik podshohni gadolik botqog‘iga botiradi. Yusuf alayhissalom sabr qilgan edilar, yuqori martabaga yetdilar. Zulayho nafsiga bandi bo‘lib sabrsizlik qilgan edi, unga xorlik va sharmandalik nasib etdi.
* * *
Bir mahallaga o‘t ketib, deyarli barcha uylar yonibdi. Bu xabarni eshitgan odam xavotirlanib, yugurib kelayotgan ekan, qo‘shnisi peshvoz chiqib:
— Tashvishlanmang, butun mahalla yondi, ammo sizning uyingizga ham, do‘koningizga ham o‘t yetmadi, — deb suyunchilabdi.
Bu xushxabarni eshitgan odam beixtiyor ravishda:
— Ya Allohim, mening mulkimni omon saqlabsan, o‘zingga shukr, — deb quvonibdi. Ammo uch-to‘rt qadam yurgach, qanday gunohga botganini anglab, yig‘lab yuboribdi-yu, sajdaga bosh qo‘yib istig‘for ayta boshlabdi.
Alloh uning mol-mulkini asragani uchun hamd aytgan edi. Endi nechun tavba qilyapti?
Gap shundaki, uning shukronasi zamirida xudbinlik mavjud. Ya’ni, mahallaning kuyib kul bo‘lgani uni tashvishga solmagan, birodarlariga achinmagan, u o‘zining uyi omon qolgani uchungina xursand edi. Avvaliga bilmadiki, Alloh uni sinash uchun mulkini omon saqladi. Ertami indin yanada azobliroq sinov yuborishi mumkin. Ya’ni, butun mahallani omon saqlab, uning mulkini kulga aylantirmog‘i ham ehtimol. U kishi shu haqiqatni anglagan, mulkini jabrdiydalarga ulashib, so‘nggi nafasiga qadar tavba qilgan ekan.
U kishi-ku gunohini anglabdi.
Anglamaganlar qancha? «Otilgan o‘q to‘nkaga sanchiladimi yoki qo‘shnimning ko‘ksigami — men uchun farqi yo‘q, menga tegmasa bas», deydiganlar ozmi?
Bundaylarga deymizki, «Nodonlik qilmang, birodar, qo‘shningizga o‘q uzgan to‘pponcha tepkisi yana bir marta bosilishi mumkin, balki ikkinchisi to‘nkaga ham emas, qo‘shningizga ham emas, aynan sizning ko‘ksingizga atalgandir? Siz Allohdan «g’o‘shnimni panohingda asra!» deb so‘rang. Yig‘lab-yig‘lab yurakdan so‘rang. Shunda Alloh sizni ham asraydi. «g’o‘shnimning rizqiga baraka ber», deb so‘rang. Alloh sizning rizqingizga ham baraka beradi.
Bir kishining uyida sichqonlar ko‘payib ketibdi. Do‘sti mushuk sotib oling, deb maslahat beribdi. «Yo‘q, birodar, mushuk olsam, sichqonlar qo‘shnimnikiga qochib chiqib, ularni bezovta qiladi», debdi u odam. Yana bir odam qo‘shnisining kamchiqim bo‘lib qolganini sezsa, uyida uch-to‘rt kun qozon osdirmas ekan. «Bizdagi taomning hidi ularning dimog‘iga urilib, qiynamasin», der ekan.
Siz balki «Undan ko‘ra qo‘shnisiga pul bersa yoki taom chiqarsa bo‘lmaydimi?» dersiz? Gap shundaki, johil qo‘shni hadya, ehsonni rad etib, «men sizga gadomanmi?» deb o‘jarlik qilar ekan. Bunaqa hollarda «Men berdimu sen noz qildingmi, battar bo‘l», deb maishatini qilaveradiganlar ham bor. Bular Allohning sinovini anglamagan gunohkor bandalardir. Ya Alloh, bundaylarga o‘zing hidoyat ber!