* * *
«Allohdan qo‘rqinglar!» deb ko‘p ogohlantirishadi. Bu xususda oyati karimalar ham mavjud. Men mazkur iboraning talqini xususida ko‘p o‘ylayman. O’ylarimni bayon etmoqqa jur’at qilaman, ya Robbim, meni adashtirma.
«Allohdan qo‘rqmoqlik»ni to‘g‘ridan to‘g‘ri, aynan tushunmaslik kerak. Chunki Alloh — rahmli, shafqatli, tavbalarni qabul etib, gunohlarni kechirguvchidir. Do‘zax azoblaridan qutqaruvchi, jannat bog‘larini in’om etuvchi mehribondir. Demak, Allohning o‘zidan emas, uning g‘azabidan, ayblarimiz uchun Alloh belgilab qo‘ygan jazolarga, azoblarga mubtalo bo‘lib qolishdan qo‘rqmog‘imiz va gunoh ishlardan tiyilmog‘imiz shart.
Rivoyat qilurlarkim, Rasulilloh sallollohu alayhi vasallam sahobalari hamrohligida bir yerga ketayotganlarida sahobalar o‘zaro hazil-mutoyibalar qilishib, kulishib borayotgan edilar. Shunda Rasulilloh alayhissalom dedilarkim:
-Ey ashob, qiyomatda sizning borajak yeringiz do‘zax otashidir. Nega ko‘p kulasizlar?
Bu gapni aytishlari bilan Jabroil alayhissalom tushib keldilar va dedilarkim:
-Ya Rasulilloh! Alloh subhonahu va taolo marhamat qildiki, nimaga mening bandalarimni qo‘rqitasan, ularning gunohini mag‘firat etuvchi g‘afuru Rohiymdurman.
Alloh bandasini dabdurustdan, bekordan bekorga jazolamaydi. Siz bilan biz, hatto necha-necha ajdodlarimiz hali dunyoga kelmayoq Alloh bandalarini ogohlantirib, gunohlar uchun aniq jazolarni tayin etib qo‘ygan. Demak, biz eng avvalo o‘zimizning nafsimizdan qo‘rqishimiz, nafsning xojasi shayton alayhila’nadan va uning oyoqlarimiz ostiga tashlangan sirtmoqlaridan qo‘rqishimiz kerak. Ayni tushunchani ham to‘g‘ri anglamog‘imiz joiz. Chunki qo‘rqish — qochish yoki pisib o‘tirish demakdir. Nafs va shaytondan qo‘rqish — ular yetovida yurib, oqibatda duchor bo‘linajak qiyomat azoblaridan qo‘rqmoqlikdir. Ana shu qiyomatdagi jazodan qo‘rqish bandani nafs va uning xojasi shaytonga qarshi jihodga otlantirmog‘i lozim. Albatta, biz shaytonning yomonligidan Allohga yukinibgina panoh topamiz. Biroq, bu panohga yetmoq uchun ham kurashmoq zarur.
Xulosamiz shuki, Robbimiz, ya’ni tarbiyachimiz bo‘lgan Alloh taborak va taoloni butun qalbimiz bilan, butun jonimiz bilan va butun ongimiz bilan sevmog‘imiz shart. Shuning barobarinda o‘zgalarni ham o‘z-o‘zimizni sevganimiz darajasida sevmog‘imiz lozimdir. Chunki Alloh bandalarini, ya’ni o‘z birodarlarini sevmay turib «Allohni sevaman», deguvchilarning gaplariga inonmoq mushkul.