Tohir Malik. Iymonlashish umidi  ( 125276 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 ... 20 B


shoir  26 Iyun 2006, 04:58:21

Iskandar Zulqarnaynga bu taklif ma’qul kelib, ikki kundan so‘ng Chin mamlakati sarhadidan o‘tdi. Shu ondan boshlab atrofda ming-minglab askarlar paydo bo‘lib, atrofni o‘ray boshladi. Bundan xavotirga tushgan Iskandar dediki:
— Sen hiyla bilan meni olmoqchi bo‘ldingmi?
— Yo‘q, — dedi Chin podshosi, — hiyla — ojizlar ishi. Siz ko‘rib turgan lashkarlar qo‘shinning bir ulushi xalos. Asosiy kuchlar tog‘ ortida turibdi.
— Shuncha qudrating bor ekan, nechun menga taslim bo‘lyapsan, nechun hiroj to‘lamoqqa rozilik beryapsan?—deb hayratlanibdi Iskandar.
— Men insonlar qonining behuda to‘kilmog‘ini istamadim. Undan tashqari sizga Osmon nazar qilgan. Nazarkarda sultonlarni hech qanday kuch bilan yengib bo‘lmas.
Bu javob Iskandarga ma’qul kelib, saroyga kirdi-yu, tovoqlar, laganlarda tovlanib turgan tilla-yu, javharlarni ko‘rib yanada ajablandi. Chin podshosi «dasturxonga marhamat, tanovul qiling», degach, taajjubini yashirmay so‘radi:
— Bu bezaklar odam uchun taom bo‘lolmaydi-ku?
— U holda siz nima yeysiz, ulug‘ sulton?
— Men hamma kabi non yeyman.
— Shundaymi? Voajab! Rumda non topishingiz shunchalar mushkulmidi? Shuncha mashaqqatlar chekib bu yerga qadar lashkar tortib kelibsiz?
Bu gapni eshitib, Iskandar uning donoligiga tahsin o‘qibdi. «Men bu yerdan bir dona javhar ham olmayman, sening hikmatli panding barcha talablarimni qondirdi», deb orqasiga qaytgan ekan.

Qayd etilgan


shoir  26 Iyun 2006, 04:58:32

Necha yuz yillarni oralab bizga qadar yetib kelgan bu rivoyatni o‘qigach, yigirma yilcha avval bo‘lib o‘tgan bir voqeani esladim. Yetmishinchi yillarning oxirida Amerika bilan Sovet Ittifoqining orasidagi munosabat chigallashib, rosmana urushning sharpasi sezilib qolgan edi. Bir izdihomda qariyalar shu masalada kuyunib gapirishdi. Ularning aksari urush ko‘rgan, urushning kasofati qanday bo‘lishini biluvchi odamlar edi. Davra to‘rida o‘tirgan bir qariya suhbatga aralashib:
— Agar menga qo‘yib berishsa Amerikaning podshosi bilan biznikini yarim soatda yarashtirib qo‘yardim, — dedi. Atrofdagilar bu gapni hazilga yo‘yishdi. qariya esa jiddiy turib, fikrini isbot etishga kirishdi:
— Agar menga qo‘yib berishsa, ikkalasini shu yerga chaqiraman. Kelishgach, ikkalasiga bittadan non beraman.
— Nonni nima qilamiz? — deb hayron bo‘lishadi.
— Yenglar, — deyman.
— Yemaymiz, qornimiz to‘q, — deyishadi.
— qorinlaring to‘q bo‘lsa nega urushmoqchisizlar? Nimani talashasizlar? Sizlarga nima yetishmayapti, aytinglar men topib berayin, — deyman. Agar aqli bo‘lsa ikkalasi o‘ylanib qoladi. Keyin «gapingiz to‘g‘ri ekan» oqsoqol, deb yarashib olishadi...
Dunyoning murakkab savdolari bu kabi sodda tarzda hal qilinsa edi, zamin inson qonlaridan to‘yib ketmasdi. Otaxonning gapi ko‘pchilikka g‘alati tuyular. Uch-to‘rt yil muqaddam qo‘shni jumhuriyat bilan chegara bir qishloqqa bordim. Dunyo dunyo bo‘lganidan beri ahil qo‘shni, ahil qarindosh bo‘lib yashab kelgan ikki qishloq zamona zayli bilan endi ikki mamlakatning yeri sifatida bo‘lingan edi. qishloqdan ajib bir soy oqib o‘tardi. Men borganimda, ayni yoz chillasida soy suvi quribdi. Soy qo‘shni qishloqdan (endi qo‘shni jumhuriyatga tobe) oqib o‘tardi. Bilsam, tuman boshlig‘i nimadandir norozi bo‘lib soy suvini burib yuborishga farmon beribdi. Bizning hokim iltimosini inobatga olmabdi. Shunda hokim donolik qilib, qishloq oqsoqollarining vakillarini o‘sha qo‘shni qishloqqa yubordi. Bir soatdan so‘ng soydan sharqirab suv kela boshladi...
Umar Hayyom hazratlarining bir ruboyilarida ikki kishi yer talashib, biri «shu parcha yer meniki», derkan, boshqasi «yo‘q, meniki» derkan. Shunda Yer tilga kirib, talashmalaring, ikkoving ham menikisan», degan ekan. Bu falsafaning ma’nosiga barcha tushunib etsa edi...

Qayd etilgan


shoir  26 Iyun 2006, 04:58:40

* * *

Hamisha o‘qimoq taraqqiy etmoq xarakatida bo‘lmoqdan ziyodroq quvonch bormi? Uzoqdagi do‘stning tashrifidan ham yoqimliroq yana nima bor? Odamlar orasida mashhur emasman, deb nolimaydigan inson dono emasmi?
* * *

Donishmand der ekanki: men kunda uch marta o‘zimni o‘zim tergayman: odamlar uchun halol va xolis xizmat qilyapmanmi, do‘stlar bilan suhbatda riyo yo‘qmi menda, munosabatim samimiymi, ustozlar ta’limini takrorlab turibmanmi?
* * *

Dono ustozlardan birlari debdilarkim: agar biron bir kishi odamlarga yaxshilik bilan xizmatda bo‘lishni o‘ziga bayroq qilib olsa, so‘nggi quvvati qolgunicha ota-onasini parvarish etsa, Vataniga jon fido qilmoqqa har on tayyor tursa, o‘zgalar bilan faqat va faqat haqiqat tilida gaplashsa, uning yetarli darajada ilmi bo‘lmasa-da, men uni ULUG’ OLIM, deb izzat qilardim.

Qayd etilgan


shoir  26 Iyun 2006, 04:58:48

* * *

Jamiyat, nainki jamiyatga, hatto dinga zarar keltiruvchi odatlar bor. Biz ularni umumiy tarzda «Bid’at va xurofot» deb yuritamiz. Endi so‘z shu haqda. Bu o‘rinda bayonimiz bir oz cho‘zilsa aybsitmang. Keling, birgalashib fikr qilaylik:
Bir mamlakatning odil va dono podshosi qarilik yoshiga yetgach, taxtni o‘g‘liga topshirib, debdi-ki:
— Ey ko‘zimning nuri, umidim chechagi, bu obod mamlakatni senga topshiryapman. Aql bilan ish yuritgin va uning xorlanishiga yo‘l qo‘yma. Men mamlakat xazinasidan tashqari o‘zimning boyligimni ham qo‘lingga topshiraman. To mening jonim bor ekan, sen uning bir misqoliga ham tegmagin. Ollohning rahmatiga jo‘naganimdan so‘ng bu xazinani ochasan-da, miskin-kambag‘allarga ulashib chiqasan. Toki ularning duolaridan ruhim bahramand bo‘lgay.
Ne baxtkim, o‘g‘il ham otasi kabi dono ekan. Mamlakatni yaxshi idora etib, yurtni yanada obod qilib, raiyat duosini olibdi. Ammo uning bir odati bor ekanki, na saroy ahli va na shahar ahli tushunarkan. Biron bir kishining «Ey podshohim, bu qilig‘ingizni tushunmoqqa aqllarimiz kosirlik qilyapti, bizga buning ma’nosini anglatib qo‘ying», demoqqa yuragi betlamas ekan. Vaqtiki kelib, keksa podshoh sobiq va sodiq mulozimlarini chorlab, o‘g‘lining hol-ahvolini so‘raganda ular yurak yutib, voqeani bayon qilgan ekanlar. O’g‘lining qilig‘idan hayratlangan podshoh darhol uni chorlatib, bu harakatining ma’nosini so‘rabdi. O’g‘il farzandlik burchiga, odobiga rioya qilgan holda debdiki:
— Otajon, siz menga xazinangizni vafotingizdan so‘ng xalqqa ulashishni vasiyat qilgan edingiz. Rosti, men bu amrni bajarmoqqa burchli va majbur bo‘lganim tufayli siz zoti oliylariga e’tiroz bildirmoqqa jur’at etmadim. Biroq, har tun shaharga chiqqanimda fonus-chiroqni oldinda emas, orqa tomonda olib yurmoqni amr etdim. Sababki, vafotidan so‘ng ehson ulashmoq — qora tunda chiroqni orqa tomonda yoritib bormoq kabi emasmi? Orqa tomondagi fonus yorug‘idan yo‘lovchiga ne foyda? Oldinda yoqib bormoq afzal emasmikin?
Ota o‘g‘lining bu dono tadbiridan quvonib, boyligini o‘zi kambag‘allarga ulashib bergan ekan...

Qayd etilgan


shoir  26 Iyun 2006, 04:58:55

Har safar «yigirma» yoki «yil oshi» deb atalmish ma’rakaga taklif etilganimda shu rivoyatni eslayman.
Birov o‘n kilo, boshqasi yuz (yoki undanda ko‘p) guruch damlab, To’qlarni osh bilan siylaydi («to‘q» so‘ziga alohida urg‘u berishim boisini keyinroq tushuntiraman) va muhim bir burchini ado etganday ko‘ngli taskin topadi. Afsusli yeri shuki, odamlar din tomonidan belgilangan, bajarilmog‘i so‘zsiz shart bo‘lgan vazifani qoyilmaqom qilib uddaladik, deb o‘ylaydilar. Bu odatlarning dinga mutlaqo aloqasiz ekanini esa ko‘pchilik bilmasligi mumkin. Bu ilmni omma orasiga singdirishga mas’ul ayrim birodarlarimiz esa mazkur burchlariga sovuqqon ravishda qaraydilar. To‘g‘ri, ular vaqti-vaqti bilan bid’at va xurofot xususida va’z aytadilar. Ammo...
Jum’a namozidagi ma’izasida «yigirma», «yil oshi» bid’at ekanini aytishib, oradan yarim soat o‘tmay, namozdan so‘ng «Ahli jamoa, tarqalib ketmang, falonchinikida yil oshi», deb e’lon qilib, o‘zi yo‘l boshlaydiganlar ham uchrab turadi. Shuning uchun ham qadrli imomlarimizning va’zlari quruq gap bo‘lib qolyapti. Hatto «domlaning aytganini qil, qilganini qilma», deyilguvchi maqol darajasiga ham yetmayapti. Ya’ni, domlaning qilganini qilmaslik bir masala, aytganini qilmaslik esa yana bir masala bo‘lib qolyapti.
Bid’at va xurofot xususida fikrlarni muhokama tarzida ko‘pning e’tiboriga havola etish niyati anchadan beri mavjud edi.
Dastavval «bid’at», «xurofot» so‘zlarining lug‘aviy ma’nosi xususida: «Bid’at» — so‘zi aynan tarjima qilinsa «yangidan o‘ylab chiqilgan odat» degan ma’noni beradi. Hazrat Alisher Navoiy asarlarida bu so‘zni «yoqimsiz» degan ma’noda ham qo‘llaganlar. Yana «bid’ati sayyia» ham derlarkim, bu «yomon odat» demakdir. Ta’bir joiz bo‘lsa — dinga yot, yoqimsiz bo‘lgan odatlarni «bid’at» deb belgilaymiz. To‘g‘ri, «bid’ati xayriya»- ya’ni «yaxshi odat» degan tushuncha ham bor.Ammo tilimizda ko‘proq yomon odat ma’nosini ifodalab kelgani uchun «bida’ti sayyia» deb o‘tirmay, qisqagina qilib «bid’at» atamasi bilan fikr bildirishga ko‘nikib qolganmiz. «Xurofot» esa «asossiz» demak. Ya’ni, dinda asosi yo‘q, behuda ishlar, odatlardir.

Qayd etilgan


shoir  26 Iyun 2006, 04:59:02

Hozirgi kunda siz bilan biz qattiq amal qilayotgan ko‘pgina odatlarni din ham, jamiyat ham rad etadi. Diniy tomondan buyurilgan farz-sunnat amallar bilan bid’at va xurofotni ayirib olish aslida uncha mushkul vazifa emas. Masalan, farz va sunnat amallar bizda ham, arab mamlakatlari yoki Malayziyada ham aynan bir xildir. Ya’ni, namoz barcha yerda besh mahal o‘qiladi, bomdod azoni Buxoroda subhi sodiqda qohirada kun yoyilganda chaqirilmaydi. quyoshning harakatiga qarab ibodat vaqtlari hamma yerda bir paytga belgilangan. Yoki, hamma joyda insonning insonga zulmi harom, hamma yerda muslim va muslimalarning ilm olmoqlari bir xilda farzdir.
Toshkentda bir kishi vafotidan so‘ng o‘n yetti yoki o‘n to‘qqiz kundan so‘ng «yigirma oshi» beriladi. Vodiyda bu odat sal kechroq bo‘lib, «qirq oshi» deb nomlanadi. Boshqa mamlakatlarda bu kabi oshxo‘rlik umuman yo‘q. Toshkentda ikki hayit bayramida marhumning yaqinlari uch kundan bel bog‘lab turishadi. Vodiyda esa uch hayit, ammo erkaklar arafa kuni fotihada yuradilar. Toshkentda o‘lik chiqarilgan xonadonda uch kungacha o‘choqqa o‘t qalanmaydi. Sirdaryoda esa to janozaga qadar jonliq so‘yilib, taom tortiladi. Ko‘rinib turibdiki, bular mahalliy sharoitga moslangan odatlardir. Ularning ayrimlari, masalan, arafa kuni qabr tepasiga, oshxona burchaklariga shamchiroq yoqib qo‘yish yoki arvohlarni mehmon qilish kabi odatlar islomdan avval ham mavjud bo‘lgan. Demak, ulardan bemalol voz kechish yoki kamtarlik va xolislik bilan sug‘orilgan foydali odatga aylantirishga harakat qilish mumkin. Voz kecha qolsak yanada to‘g‘riroq bo‘ladi. Chunki bugun soddalashtirilgan odat ertaga baribir murakkablashib boraveradi.
Bu kabi odatlar birdaniga yuzaga kelmagan. Bir sabab bilan boshlanib, so‘ng «kim o‘zar» musobaqa, ya’ni manmanlik, riyo yugurishi boshlangan.

Qayd etilgan


shoir  26 Iyun 2006, 04:59:10

Har qanday odatning yo ochiq yoki ramziy ma’nolari bo‘ladi. qadim zamonlarda er vafot etsa, xotini ham tiriklayin qo‘shib ko‘milgan ekan. Shubha yo‘qki, buni Xudoning xohishi deb belgilashgan. Bu odat bilan faqatgina xotinning marhum erga sadoqati, fidoyiligi namoyon etilmagan, balki o‘likning u dunyoda qayta tirilib, maishatini davom ettirishiga ishonishgan. Keyinroq bu odat isloh etilib, qabrdagi xotin o‘rnini cho‘ri egallagan. qabrga maishat uchun zarur taomlar, ashyolarni ham qo‘yganlar. Johiliyat davridagi arablar eri vafot etgan tul xotinga xarob kiyimlarni kiydirib, xarob hujrada bir yil yashashga majbur qilgan ekanlar. Bu bilan u go‘yo erining vafotidan g‘oyat qayg‘uda ekani, dunyo chiroyidan zavqlanishini o‘ziga harom etganini namoyish qilgan. Shu zaylda bir yil aza tutgach, uning huzuriga biron sovliq yoki qush olib kirib berisharkan. Beva biron nima bilan jonlikni tatalab-tatalab terisini shilib, o‘ldirgach, hujradan tashqariga chiqargan. Shunda uning qo‘liga tezak tutqizishar, beva esa «bir yil davomida ko‘rgan kunim shu tezakdan battar edi», degan ma’noda uni otib yuborarkan. Aza shu tarzda barham toparkan. Islom dini nozil bo‘lgach, bu kabi ma’nisiz odatlarga barham berildi. Hatto aza muddati qisqartirilib, to‘rt oyu o‘n kun deb belgilandi. (Bu faqat eri o‘lgan xotin uchun). Ulamolarimizning fikrlariga ko‘ra, bu muddat faqat qayg‘u ramzi emas, balki bevaning homiladorligini aniqlash uchun ham lozim bo‘lgan. Shuningdek, ayolning huquqini himoya qilish ham nazarda tutilgan. Sir emaski, bir kishi vafot etsa, uy-joy, meros talashishlar boshlanadi. Ba’zan qarindoshlar «merosda xotinning haqqi yo‘q», deb o‘zlariga mos ravishda fatvo chiqarib, bevani uydan haydashdan ham toyishmaydi. Belgilangan idda — 130 kun bevani shunday hujumdan ham saqlaydi. Ammo bu muddatni uy qamog‘i shaklida ko‘rmoqlik durust emas. Agar beva istasa idda muddatini boshqa uyda ham o‘tkazishi mumkin ekan. Bu masala ham meros haqidagi oyatlar nozil bo‘lganida hal etib berilgan. Idda davrida beva yasan-tusan qilmoqlikdan, boshqa kishiga turmushga chiqmoqlikdan, o‘yin-kulgudan saqlanadi. Bu — farz, bajarilishi shart bo‘lgan odat. Lekin uni turlicha talqin qiluvchilar ham topiladi. Bu masalaga alohida to‘xtalishimizning sababi: keksa bir onaxon beva qolganlarida «dono» otinchalar «eringizning joni uzilgan uyda to‘rt oy o‘n kun jilmay o‘tirasiz», deb «fatvo» beribdilar. Kampir bechoraga boshqa farzandlari uyiga borolmaslik kamlik qilib, shifoxonada yotib davolanish ham mumkin bo‘lmay qolibdi.

Qayd etilgan


shoir  26 Iyun 2006, 04:59:19

Bu o‘rinda biz farz amalining mag‘zini chaqib ko‘rmay, uni buzib talqin qilinishi oqibatida yuzaga kelgan bid’atga guvoh bo‘lyapmiz. Farg‘ona vodiysining ayrim tog‘li qishloqlarida eri o‘lgan xotin qirq kun yalang oyoq yurishga majbur ekan. «Nega shunday?» deb qiziqsak, «Xudo shunday buyurgan», deb ishonch bilan aytishdi. Vo ajab, Xudo faqat shu qishloqlarning xotinlariga yalang oyoq yurmoqlikni buyuribdi-da, a? Shubha yo‘q-ki, bu odat islomdan avvalgi davrlardan o‘tib kelgan. Xuddi arab bevasining jonliqni timdalab o‘ldirib, so‘ng tezak otishiga o‘xshaydi.
Vodiyning ayrim qishloqlarida yana bir odat saqlanib qolgan: janozadan so‘ng (ko‘pincha masjid imomi rahbarligida) marhumning yaqinlari bir uyga to‘planishadi-da, uning gunohlarini hisob-kitob qilishadi. Marhum yetmish (yoki undan ko‘p) yil umr ko‘rgan. Shundan, aytaylik, o‘ttiz yilini benamoz, bero‘za o‘tkazgan. Demak, benamoz o‘tgan har kuni uchun fidya berishi shart. Ya’ni, kunda bir faqirning qornini to‘yg‘azishi kerak. Bir faqirning qornini to‘yg‘azish (misol uchun) 500 so‘mni tashkil etadi. Shunday qilib, besh yuzni uch yuz oltmish oltiga, hosil bo‘lgan raqamni esa 30 (yil)ga ko‘paytiriladi. Shunday qilib, marhumning salkam besh yarim million so‘mlik «gunohi» borligi aniqlanadi. Unga ro‘za fidyasi qo‘shiladi. Bu ham salkam yarim million so‘mni tashkil etadi. Demak, xonadon egasi shu pulga arziydigan biron nimani: avtomashinanimi, bir-ikki buqanimi, hovliga olib kirib bog‘laydi-da, arqonning bir uchini davra qurilgan o‘yga uzatadi. Shunda marhumning yaqinlari (ko‘pincha imom boshchiligida) arqonni ushlab, «men marhumning mana buncha so‘mlik gunohini sotib oldim», deydi-da, keyin «Ollohning roziligi uchun men bu puldan voz kechdim», deb tantilik qilib qo‘yadi. Go‘yo bu bilan marhumning ma’lum miqdordagi gunohlari shu odamga o‘tadi. Gunohlar shu tarzda bo‘lib olingach, marhum u dunyoga go‘yo farishtadek jo‘naydi. Bunga o‘xshagan odatlar qozoq ovullarida ham uchraydi. Faqat u joylarda bunaqa tomosha ko‘rsatilmay, naqd pul bilan hisob-kitob qilinadi. Ulamolarning aytishlaricha, Toshkentda, boshqa viloyatlarda ham bir paytlar bu bid’at hukmronlik qilgan ekan. Muftiy Ziyovuddin Boboxon hazratlarining fatvolari bilan ko‘p joylarda bu bid’at barham topgan. Ajabki, qo‘qon atrofidagi ayrim qishloqlar hali ham o‘liklarning gunohlarini sotib olish bilan bandlar. qishloq imomlarining bu bid’atga bosh bo‘lganlari achinarli hol, fidyaning xastaligi yoki boshqa uzrli sabab bilan ro‘za tutolmaganlar uchungina berilgan imtiyoz ekani, benamozlarga bunday imtiyoz yo‘g‘ligini bilmasliklari yoki bilib turib shunday bema’ni odatga bosh bo‘lishlari yanada afsuslidir. Bir janozada o‘zimiz ham shunday odatga guvoh bo‘ldik. qishloq imomi «gunoh sotib olish» marosimini boshlash uchun uyga kirganida marhumning shogirdlaridan biri «taqsir, marhum ustozimiz namoz va ro‘za farz bo‘lgan yoshdan boshlab bexato ravishda bu amallarni bajarganlar, sizning hisob-kitob qilmog‘ingizga o‘rin yo‘q, hisob-kitob qilish qiyomatda Olloh tomonidan bajariladi», deb balolarga qolayozdi. U bid’atga emas, naq Ollohning buyrug‘iga qarshi odamday, hatto «Ollohga qarshi isyon qiluvchi»day uydan chiqarildi.

Qayd etilgan


shoir  26 Iyun 2006, 04:59:27

Qadimgi Xitoyda ota yoki ona vafot qilsa uch yil motam tutilar ekan. Bu paytda xatto maktabga bormoq, ilm olmoq ham, mazali taomlar iste’mol qilmoq ham man etilgan ekan. Rivoyat qilishlaricha, faylasuf Konfutsiyning shogirdlaridan biri Szay Vo bu odatga qarshi chiqib, motam uchun bir yil kifoya, degan fikrini bildirganida ustoz «Noinsof o‘g‘il. Axir seni ota-onang uch yoshinggacha qo‘ldan qo‘ymay katta qilishgan-ku? Uch yil motam tutmoqlikni Osmon buyurgan», deb noroziligini bayon qilgan ekan. Ko‘rinib turibdi-ki, ular motam kunini belgilashda ota-onaning go‘dakka qilgan xizmatlarini nazarda tutganlar. Islom dini esa bu odatni rad etadi, aza uch kun deb belgilanadi. Lekin bu uch kundan so‘ng vafot etganlarni unutish mumkin, degan gap emas. Inson tirik ekan, o‘tganlarini har kuni eng kamida besh mahal eslashga, duo qilishga buyurilgan. Inson har kuni Yaratganga munojot qilib, marhumlarni mag‘firat etishini so‘raydi. Zero, «duo»ning lug‘aviy ma’nosi — «iltijo»dir. Bizni tashlab, Ollohning rahmatiga yo‘nalganlar biz damlagan oshga emas, duolarimizga muhtojdirlar. Oilada bir kishi vafot etgani bilan bu xonadonda hayot to‘xtab qolmaydi. Bir-bir yarim yil qayg‘u belgisi sifatida ko‘k kiyib, ko‘z yoshi to‘kishimiz bilan marhumning ruhi orom topmaydi. Marhumlarning ruhi yaxshi ishlarimizning savoblari, pokligimizda qilgan xolis duolarimizdan bahramand bo‘ladilar.
Toshkentda uch kun taom pishirilmasligidan «shunday qayg‘udamizki, tomog‘imizdan ovqat ham o‘tmaydi», degan ramziy ma’noni uqish mumkin. Lekin nima uchundir janozadan fotiha o‘qish uchun qaytganlarga atab noz-ne’matli dasturxonni bezab qo‘yishadi. Bu dasturxon uch kun davomida yozig‘liq turadi. (Hayit bayrami kunlari ham shunday). Yaxshi tomoni shundaki, hozirgi kunda ko‘p xonadonlarda buning bid’at ekanini tushunib, dasturxon bezashmayapti. qo‘shnilarning, qarindoshlarning taom pishirib kelishlari yaxshi odat, ularning mehr-oqibatlaridan darak beradi. Lekin boshqa yerdan ovqat kelishini kutib turish ham durust emas. Dinda «aza uch kun», deb belgilangan, «uch kun ovqat pishirmay, yemay, och o‘tirilsin», deyilmagan.

Qayd etilgan


shoir  26 Iyun 2006, 04:59:37

Sirdaryo tomonlarda jonlik so‘yilib, doshqozonda taom pishirish, janozaga kelganlarga pul tarqatish bid’atiga esa bugungi kunda mutlaqo hojat yo‘q. Keling, bir oz moziyga qaytaylik. Mirzacho‘l tomonlarda odamlar zich yashashmagan. Bir qishloqdan ikkinchisiga yetib kelguncha ot-aravada uzoq yo‘l bosishgan. To janozaga yetib kelgunlaricha ochiqishgan, chanqashgan, xorishgan. Ularga dam berish, to‘ydirish uchun ovqat pishirib qo‘yishgan. qaytib ketishlariga asqotar deb ozgina pul ham berishgandir. Endi esa bunga zarurat yo‘g‘ligini hamma biladi. Hozir qishloqlar orasi uncha uzoq emas, avtomashina degan beminnat dastyorimiz ham bor. Janozaga kelganlarning shu yerning o‘zida ovqatlanishiga, ayniqsa beriladigan besh-o‘n so‘m pulga muhtojliklari yo‘q. Shunga qaramay, bid’atdan qutulishning harakati ko‘rinmay turibdi. Puldor odamlar janoza bahonasida boyliklarini ko‘z-ko‘z qilib olishga urinadilar. Janozani to‘ydan afzalroq tarzda o‘tkazadilar. qo‘l uchida kun ko‘ruvchilar esa «men ham shunday qilishga majburman», degan fikrda qarz olishga majbur bo‘ladilar. Yaqin odamidan ajralgan xonadon uchun bu azob ustiga azob emasmi? Din esa odamlarning behuda azobda qolishini mutlaqo inkor etadi. Har holda marhum ota (yoki ona ruhi «o‘g‘lim mening obro‘yimni o‘ylab, qarz olib bo‘lsa ham mol so‘ydi», deb shod bo‘lmasa kerak.
Janozadan keyingi barcha bid’atlarni tahlil etsak, marhumga, uning ruhiga foydasiz ekanini ko‘ramiz. Aksincha, bu odatlar odamlarning o‘z ruhlarini tinchitish uchun, ko‘ngligini hotirjam qilish uchun xizmat etadi. Ayollarning «kiryuvdi»sida eng yaqin qarindoshlar yig‘ilishsa xonadon egasiga ozgina dalda bo‘ladi, qayg‘usi sal yengillashadi. Yetti mahalla yoki qishloq xotinlarining tugun ko‘tarib kelishlari, ularga uch-to‘rt xil taom tortilishi shart emas. qor yoqqan mahalda (yoki laylak uchib kelganida) «marhum tirik bo‘lganida Ollohning bu ne’matidan shodlanardi, qovun (yoki qovoq) pishganida bu rizqdan bahramand bo‘lardi», degan ma’noda kichik davrada eslanishi, duo qilinishining zarari yo‘q. Ammo shu nomlarda yana katta-katta ziyofat berish — bid’atdir. Ayniqsa xotinlarning tuguni bugungi kunda ortiqcha mashmasha ekanini tushuntirish qiyin bo‘lyapti. Mehmonga hadya bilan borish yaxshi odat, biroq, majburiy emas. Tugunni birovlar hadyaning bir turi, deb baholashlari mumkin. Bizningcha esa unday emas. «Ol tovog‘im, ber tovog‘im, o‘rtada sindi tovog‘im», deganlariday, bunday hadyaning izidan chiqadigan noxush gap-so‘zlar ham bor. Hadya qiluvchi mehribonligi evaziga bundan a’loroq narsa olish niyati bilan bormaydi. Tugunning tarixi hadya bilan emas, og‘ir, qahatchilik kunlari bilan bog‘liq bo‘lsa kerak. Ma’rakaga otlangan ayol uy egasining dasturxoniga qo‘yishga noni bormi, yo‘qmi, degan istiholada ko‘tarib borgan bo‘lishi mumkin. Keyin boshqalar undan ibrat olishib, dorulomon kunlarda ham davom ettiraverganlar.

Qayd etilgan