Tohir Malik. Iymonlashish umidi  ( 125289 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 ... 20 B


shoir  26 Iyun 2006, 04:59:45

Rivoyat qilishlaricha, badavlat odamning bir necha xotinidan anchagina farzandlari bor ekan. U kishi turli onadan bo‘lgan farzandlarining tarqalib, yuzko‘rmas bo‘lib ketishlarini oldini olish, ular orasiga mehr-muhabbat urug‘ini ekish maqsadida o‘limidan so‘ng har payshanbada, so‘ng yigirma kunda, so‘ng qirq kunda, keyin bir yilda yig‘ilib turishlarini vasiyat qilgan ekan. O’gay aka-uka, opa-singillar vasiyatga amal qilishib, birinchi payshanbada o‘zlari to‘planishibdi, keyingisida «dadamizning qadrdonlaridan falonchini yo‘qlaylik», deb ularni ham taklif qilishibdi. Oqibat, bu davra kengaya borib, bundan qarindoshlar andoza olishib, takrorlashib bir bid’atni yuzaga keltirishgan va unga din libosini kiydirishgan. Bu odatni ko‘pxotinli badavlat ota emas, xuddi Xudo buyurganday qabul qiladigan bo‘lib qolishgan.
«Yigirma», «yil oshi»da qur’on tilovat qilinadi. O’qish — sunnat, some holda tinglashning farzligini ko‘pchilik biladi. «Some» degani xayolni faqat Allohning kalomiga berib, jimgina o‘tirishdir. qur’on tilovat qilinayotgan damda hatto nafl namozi o‘qimoq mumkin emas, deyiladi. Biz esak qur’on o‘qilayotganda osh oshalaymiz, xo‘rillatib choyni ham ichaveramiz, turib yuraveramiz ham. Endi qaraylik: ma’rakaga borib, qur’on o‘qisak yoki eshitsak, savob hosil bo‘ladi va biz bu savobdan marhumning ruhini bahramand etishini so‘rab, duo qilamiz. Tilovatni some holatida eshitmaslik gunoh bo‘lsa, marhumning ruhi nimadan bahra oladi?

Qayd etilgan


shoir  26 Iyun 2006, 04:59:54

Ayrim ulamo, imom-domlarimiz buning ham fatvosini topdilar. Hamonki «yigirma», «yil oshi» bid’at, xurofot ekan, bu ma’rrakani yigirma besh yoki ellik kundami «ehson», boshqacha aytganda «amri ma’ruf va nahyi munkar» tarzida o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi hisob. Puli borlarga unisining ham bunisining ham farqi yo‘q — sochaveradilar. To‘g‘rirog‘i, «amri ma’ruf» tarzidagi ma’raka ularga ma’qulroq. Chunki bunday yig‘inda ma’ruzachi mikrofon orqali ma’raka egasini kelishtirib maqtaydi, uning haqqiga ajoyib duolar qiladi. Ammo ma’rakaning bu turi ko‘pchilikni qiynab qo‘yadi: endi ular ma’ruza qiluvchi domlaga, mikrofonchiga ham pul berishlari shart. Domla-imomlarimiz yangi odatga «ehson» deb chiroyli nom qo‘yib berdilar. O’zlari esa ashulachilarga o‘xshab daftarcha tutib olganlar. Ashulachilardan farqli o‘laroq, ular ba’zi kunda to‘rt-besh «ehson»ni gullatib beradilar. Dasturxonga, ziyofat oxirida tug‘ulajak tugunning hajmi, ayniqsa cho‘ntakka solinuvchi «mulla jiring»ning cho‘g‘ini chamalab, duoni quyuq qilaveradilar. Mashhurroq domlalarimiz badavlatlarnikidan qolmaydilar, mundayroqlarnikiga esa shogirdlarini yuboradilar. Achinarlisi shuki, bunday dabdaba marosimlarini rag‘batlantirishga urinadilar. Shayhontohur tumanidagi masjidlardan birining imomi «Aqiqa» deb ataluvchi marosimda «payg‘ambarimiz qarz olib bo‘lsa ham aqiqa qilishni buyurganlar», deganini eshitib, «bu kishi adashib aytib yubordilar», deb o‘ylagandik. Keyin yana bir necha marta bu asossiz gapni eshitib, afsuslandik. Islomda qarz olib ehson yoki xudoyi qilish mumumkinmasligini bu taqsirim yo bilmaydilar yo bilib tursalar-da, o‘z jig‘ildonlari manfaati yuzasidan fatvo to‘qiydilar, mo‘‘minlarni chalg‘itadilar.
Islom ko‘rsatmasi bo‘yicha, odam eng avvalo o‘z oilasini ta’minlashi kerak. Ehsoni ham, hadyasi ham birinchi galda o‘z farzandlari yoki ota-onalariga bo‘lishi shart. Ota-onasini yaxshi parvarish qilish, farzandlarini yaxshi kiyintirib, yedirib, yaxshi o‘qitib... undan orttirsa boshqalarni siylashi mumkin. Farzandlari rizqini qiyib, o‘zgalarni to‘ydirishini din buyurmaydi. Ehson yoki xudoyi degani albatta qo‘y so‘yib, ziyofat qilish, imomni chorlash emas. Agar qo‘y so‘yishga, dasturxon tuzab mehmon chorlashga imkoningiz yetsa, ixtiyor o‘zingizda. Biroq, chorlashning ham chegarasi bor. So‘yilgan qo‘yning go‘shti uch qismga bo‘linadi, bir qismi bilan qancha odamni taomlantirish mumkin bo‘lsa, shuncha mehmon aytiladi. Ulamolarimizning aytishlaricha, «xudoyi» deb so‘yilgan qo‘yning barcha go‘shti miskinlarga tarqatilishi shart ekan.

Qayd etilgan


shoir  26 Iyun 2006, 05:00:06

Do‘stingiz yoki qarindoshingiz sizdan qarz deylik. Qarz to‘lashga qurbi yetmay, ruhan qiynalib yuribdi. Shu qarzdan Olloh roziligi uchun kechsangiz, eng ulug‘ savobga yetgan bo‘lasiz. Agar birov sizni nojo‘ya xafa qilgan bo‘lsa-yu, siz uning bu gunohidan o‘tsangiz, kechirsangiz bu ham o‘ziga xos bir «xudoyi» deyish mumkin.
Ehson-xudoyi agar bilib amalga oshirilsa, islomning eng yaxshi odatlaridan biri. qo‘shnisi, qarindoshi yoki birodari muhtoj bo‘lgani holda kishining sochib, to‘kib, isrof qilish darajasida hayot kechirishi durust emas. Shu bois ham zakot farz qilingan. Har bir din odam bolalarining teng yashamoqliklarini da’vat etadi. Islomda bu masala yanada mukammalroq darajadadir. Hayot shundayki, birov tadbirda ilg‘or bo‘lgani sababli boyib ketadi, boshqasi ilm-hunarda zaifligidan yoki xastaligi tufaylimi muhtojroq bo‘lib qoladi. Hayr-ehsonlar ana shunda kerak. To‘kin-sochin dasturxonlar atrofida biz bu ne’matlarga muhtoj bo‘lmagan o‘ziga TO’q odamlarni ko‘ramiz. Zoriqqan odamlar esa chorlanmaydi. Biron kishi eskiroq kiyimda yaqinlashsa, «sen shoshmay tur, mehmonlarni kuzatib olay, so‘ng senga ovqat beraman», deydi. Xastaligi yoki boshqa uzrli sabab bilan zoriqib yashayotganlarning aksari izzatda bo‘lmasliklarini bilib, bunday «xudoyi»larga yaqin ham kelishmaydi. Ma’raka egasi agar insof qilsa, uning uyiga qolgan oshdan bir lagan chiqaradi, bo‘lmasa yo‘q.
Dinda ehson-xudoyilarning aniq muddatlari belgilanmagan. Bu ma’rakalarni o‘tkazish uchun birovning o‘limini yoki boshga tashvish tushishini kutish shartmas. Kimning qachon imkoni bo‘lsa, isrof qilmagan, barcha odamlarni teng ko‘rgan holda o‘tkazaverishi mumkin. 

Qayd etilgan


shoir  26 Iyun 2006, 05:00:17

Andijonlik do‘stim achinib aytib qoldi: badavlat qo‘shnisi ma’raka qilmoqchi ekan. Do‘stim buning bid’at ekanini tushuntirib, muhtoj qo‘shniga yordam berish afzalroq ekanini aytibdi. Biroq, badavlat odam ikki kundan keyin ma’rakaga aytib chiqib, to‘rt yetim bilan beva qolgan xonadonga ming so‘m sadaqa berganini ham faxr bilan bildiribdi. Ana endi u odam oladigan savobning miqdorini o‘zingiz chamalab ko‘ravering. Uning johilligi yoki kibr-manmanligi katta savob yo‘lini to‘sdi.
Badavlatlarning ma’raka oshlarini yeyishga chidash mumkindir. Biroq, balog‘atga yetmagan, norasida yetim bolalar qolgan xonadonga qaysi bet, qaysi farosat va qanday maqsadda boriladi? O’sha tortilgan oshda yetimning haqi borligini nahot fahm etmaymiz? Ajdodlarimizdan qolgan ibrat bor: yetimlarning uyida ularning piyolasidan ham foydalanish mumkinmas. Nahot bu ibratlar unutildi?
Bir do‘stimning ukasi qazo qilib, voyaga yetmagan besh bolasi yetim qoldi. Janoza oldidan muhtaram domla-imomga vaziyatni tushuntirgan edim, u kishi bu xonadonda ma’raka oshlari qilmaslik haqida yaxshi gapirdilar. Yetim haqi nima ekanini tushuntirdilar. «Yigirmasini men qilib beraman», degan mard topilganda ham bu ma’rakani qilmay, unga ketadigan harajat pulini shu oilaga topshirish savobroq ekanini ta’kidladilar. Dafn marosimidan so‘ng xonadonga kelib, fotiha o‘qigach, bu masalaga qaytib, yanada oydinroq tushuntirdilar.
Ertasiga kelsam, do‘stim tog‘alari, amakilari, mahalla raisi bilan birga «yigirma oshi»ni qaerda, qachon, qanday o‘tkazishni maslahatlashib o‘tiribdi.
— Kecha domlaning gaplarini eshitmadilaringmi?— deb ajablandim.
— Domla gapiraveradi, nima, biz ketmon dasta ko‘mibmizmi?
— Yetim haqi-chi?
— Ma’rakani ana, akasi o‘tkazib beradi.

Qayd etilgan


shoir  26 Iyun 2006, 05:00:27

Akasi — mening do‘stim. Bir necha oy avval to‘ng‘ich o‘g‘lidan ayrilgan, boshqa bolalari hali yosh, o‘zi maoshga qarab kun ko‘radi. «Yigirma oshi» qilsa, qulog‘igacha qarzga botishi aniq.
— Buning ham voyaga yetmagan bolalari bor. O’zidan ortmaydi topgani, — deb e’tiroz bildirdim.
— Ke, qo‘y, do‘stim, shu «yigirma»ni qilmasam malomatga qolaman. Mahalla nima deydi?
— «Mahalla nima deydi?» deb yashagan durustmi yo «Xudo nima derkin?» degan a’loroqmi?
Xullas, o‘sha kuni men yengganday bo‘lib edim. Bir hafta o‘tgach, do‘stim qo‘ng‘iroq qildi:
— Yakshanbada «yigirma». Kelmasligingni bilsam ham aytib qo‘yyapman...
Afsuski, bunday voqealarni tez-tez eshitamiz. Yoki uchratamiz. Yaxshi amallarimiz bilan savob topish o‘rniga bid’at va xurofot quliga aylanib qolamiz. Bu bilan o‘zimiz ham, boshqalarni ham qiynaymiz. Aytganlarimizga qarab, bid’at va xurofotdan qutulish mumkin emas ekanda, deb badbin xulosaga kelmaslik kerak. Bugun jamiyatimizda bid’at va xurofot odatlarimizdan voz kechayotgan, boshqalarga tushuntirayotgan, bu tushuntirishni amalda isbot etayotgan birodarlarimiz ko‘p. Bid’at va xurofotdan qutulish qiyin emas. Bu masalani yaxshi yechib beruvchi ulamolarimiz, ilmiga amal qilg‘uvchi domla-imomlarimizning so‘zlarini yaxshi fahm etsak kifoya.

Qayd etilgan


shoir  26 Iyun 2006, 05:01:03

* * *

O’qiganingiz bu satrlar mulohaza sifatida bayon etilib, fikrlashish maqsadida matbuotda e’lon qilingan edi. Kaminada bilimni ko‘z-ko‘z qilish yoki o‘zni ilmlilar safida ko‘rsatishga urinish maqsadi zinhor bo‘lmagan. Men olim emasman, olimlarning muxlisiman. Ko‘p qatori ularning ilmlaridan bahramand bo‘laman. Bu ulamolar bilan zamondosh qilgani, ularning suhbatlarini nasib etgani uchun hamisha Yaratganga shukr qilib yuraman. Ajabki, bid’at va xurofot xususidagi fikrlarim AYRIM birodarlarimizda g‘alat taassurot uyg‘otibdikim, g‘ayri fikrlarini jamoat orasida ham aytib, bir ozgina g‘iybat gulobidan ham simiribdilar. Bundan ko‘nglimga ozor yetdi. Yo‘q, bu ozor ularning noma’qul muomalalaridan emas, balki g‘iybat gunohidan tatib qo‘yishlaridandir. Dinimizga xizmat qilib kelayotgan ul birodarlarimizning bunday gunohlardan ehtiyot bo‘lishlarini istar edim. Alloh ularni kechirsin. Katta jamoatlarda aytilmish g‘ayri fikrlar unchalik to‘g‘ri bo‘lmagani uchun bayonimizga kichik ilova lozimday ko‘rinib, yana qo‘lga qalam oldik, ma’zur tutgaysizlar.
Birinchi ilovamiz budir:
«To‘g‘ri gap tuqqaningga yoqmas», degan maqolni «To‘g‘ri gap johil imomlarga yoqmas», deb o‘zgartirsak ham bo‘lar ekan. Muborak dinimizning qudratiga salbiy ta’sir etuvchi bid’at va xurofotlar xususida fikr yuritib, bu yaramas odatlarga yo‘l berishda AYRIM imomlarning xizmati haqida bir-ikki achchiq so‘z aytib edik. Niyat xolis edi, kimnidir ayblab, sharmsor qilmoq fikridan uzoq edik. Ammo bayon etilmish haqiqat ayrim taqsirlarimga yoqmabdi. Bu bir jihatdan yaxshi, gap egasini topibdi. Yomon tomoni -ularning bid’at va xurofot botqog‘idan chiqmoqlikdan urinmasliklarida. «Dinimiz uchun ofat hisoblanuvchi bid’at va xurofotlardan qutulaylik», demoqlik o‘rniga «bu odam nega aql o‘rgatmoqchi bo‘ladi, nechta hadisni biladi o‘zi?» deb malomat qilibdilar.

Qayd etilgan


shoir  26 Iyun 2006, 05:01:11

Biz bunga javoban kishining dinga qilgan xizmati nechta hadis yodlamoq bilan emas, bilganlariga to‘g‘ri amal qilmoqlik bilan qadrlanadi, demog‘imiz ham mumkin. Chunki qiyomatda aynan amal asqatmog‘ini taqsirlarim mendanda ko‘ra yaxshiroq bilishar. Yana ular hadisi qudsiydagi Allohning marhamatlari bayonidagi (mazmuni): «Bandalarimning ibodatlari ichida menga suyumlirog‘i - mening yo‘limda yaxshi amallarga targ‘ib hamda xolis nasihat qilishdir», deyilmish haqiqatga qanday munosabatda ekanlar, bizga qorong‘u. «Nechta hadis biladi?» deguvchiga «Taqsirim, kamina qancha hadisni o‘rgangani, fikr qilganini sanagan emas, siz o‘zingiznikini sanabsiz, durust. Biroq, siz ham, kamina ham imom Buxoriy hazratlari bilganchalik bilmasmiz?» deb javob qaytarmog‘imiz ham mumkin edi. Lekin biz bunday tiyilib, u muhtaram taqsirimga sharafli hadislardan biri bilan javob qaytarmoqlikni lozim ko‘rdik:
Abu at-Tufayl Omir ibn Vosila (roziyollohu anhu) aytdilar: hazrat Ali (karamallohu vajhahu)dan so‘ralganda, hazrat Ali: «Payg‘ambarimizning (sollalohu alayhi vasallam) o‘zimizga hos aytgan gaplari faqat mana shu qilichimning qinidagilardir»,- dedilar-da, undan bir sahifa qog‘oz chiqardilar. Bu sahifada: «Alloh taolodan bo‘lak narsalar nomiga atab biron jonliqni so‘ygan kishiga, ota-onasiga la’nat o‘qigan kishiga va shariatda bo‘lmagan narsalarni din nomidan paydo qilganlarga yo‘l bergan (imkoniyat tug‘dirgan) kishiga ham Alloh taoloning la’nati bo‘lsin», degan hadisi sharif yozilgan ekan.
Mazkurni sharhlashdan ojiz banda ojizdir.

Qayd etilgan


shoir  26 Iyun 2006, 05:01:20

 * *

Bid’at va xurofot deyilganda biz asosan dinga doir marosimlarni nazarda tutamiz. Holbuki, xursandchilik to‘ylarimizga doir yaramas odatlarimiz ham borki, bu haqda ham bir oz munozara qilsak foydadan holi bo‘lmas. To‘ylar haqidagi gaplar me’dangizga tekkan bo‘lsa, mazkur bayonni o‘qimay yulduzchadan so‘ng keladigan fikrlarga o‘tavering.
«Alloh hammani to‘yga yetkazsin...» «Topganingiz yaxshi to‘ylarga buyursin...» - shunday deb bizlarni duo qiladilar. Biz ham boshqalarga shu saodatni tilaymiz.
Oilada go‘dak dunyoga kelgani hamon ota-ona qalbida umid ham tug‘iladi. Bu umid farzand bilan birga ulg‘ayadi. Yaratganga iltijo qilingan damlarda shu umidga yetkazish so‘raladi. Farzandning yaxshi, fayzli, nomusli oilalardan biriga kuyov (yoki kelin) bo‘lmog‘i orzusi bilan to‘y qilinadi. Bu to‘yga uzoq yillar ham moddiy ham ruhiy tomondan tayyorgarlik ko‘rilishi barchaga ma’lum. «qizingni beshikka bela, molini sandiqqa tashla», degan maqol bejiz aytilmagandir. O’g‘il tug‘ilganida yigirma tup terak ekish odati ham ana shu to‘yga tayyorgarlikning bir ko‘rinishi. O’g‘il ulg‘ayguniga qadar teraklar o‘sib, imoratbop bo‘ladi. Bo‘lajak yosh oilaga atab uy solinadi. So‘ng qarabsizki, to‘y-da...
To‘y tufayli xonadonimizga tashrif buyurajak shodlik va baxt umrining nechoqli uzun bo‘lmog‘i o‘zimizning fahmu farosatimizga bog‘liq. «qarz qutilar, xotin yonga qolar», maqoliga amal qilgan bo‘lsak, shodligimiz to‘y tugashi bilan tugab, tashvishimiz boshlanadi. Agar «Ko‘rpangga qarab oyoq uzat», hikmatidan yuz o‘girmasak, qarz tashvishi bizlarni azobga solmaydi.

Qayd etilgan


shoir  26 Iyun 2006, 05:01:49

Biz ko‘pgina tashvishlarga o‘zimiz xaridor bo‘lamiz-da, so‘ng «bizni shuncha qiynoqlarga solasanmi», deb Xudoga da’vo ham qilib qo‘yamiz. «Topganingiz yaxshi to‘ylarga buyursin», deyilmish duoni «Topgan-tutganingning barchasini bitta to‘yga sovurib yubor, yetmaganiga qarz ol», degan ma’noda tushunmaslik kerak. Ko‘ngil xohishi bilan hayot haqiqatining murosaga kelmog‘i mushkulligi unutilmasa durust. To‘ydan keyin boshlanajak hayot, turmush tashvishlari nazardan chetda qolmasa yanada yaxshi. «Ortiqcha kuchanish belni sindirar», degan maqolni yodda tutish esa donolikdir. Siz bilan biz har qancha dang‘illama to‘y qilmaylik, uning shuhrati yengil shabada ham uchirib keta oluvchi xazon kabidir. Odamlar to‘yingizni oylab-yillab eslab, madh etib yurmaydilar. Yaqinlarimiz ko‘rishganda «qalay to‘ylarning charchog‘i chiqdimi?» deb qo‘yishlari bilan hammasi tugaydi. To‘y har qancha dabdabali bo‘lmasin, kishining obro‘siga obro‘ qo‘shmaydi. Bugungi kuyov va kelinning ertangi totuv hayoti, saodat yo‘lidagi intilishi, ota-onalari, qarindosh-urug‘lari, qo‘ni-qo‘shnilariga bo‘lgan mehr-oqibati, hayo va odobi xonadonga hurmat va e’tibor keltiradi. Bilmog‘imiz joizki, manmanlik va maqtanchoqlikning eng xunuk ko‘rinishi - to‘y-marosimlarda qilinayotgan soxta saxiylikdir. To‘y bahonasida manmanliklarini ko‘z-ko‘z qilmoqchi bo‘lgan qudalar havoyi polvonlarga o‘xshashadi. Kuch ham yo‘q, usul ham bo‘lmasa-da, gilamga tushgan polvonning beli singanidek, qudalarning nodonligi tufayli oilaning beli sinadi.
To‘y qilish bo‘yicha aniq tavsiyalar yo‘q, bo‘lishi mumkin ham emas. Avval aytganimizday, to‘y - ko‘ngil ishi. Ko‘ngilni esa aql boshqaradi. Yana bir gap: ko‘ngil talab qiluvchi dabdabani cho‘ntak ko‘tarolmasligi mumkin. Har bir shahar-qishloqning to‘yga hos o‘z odatlari, udumlari bor. Afsus shundaki, asosiy e’tiborni dasturxon bezashga qaratib, yaxshi urf-odatlarimizni unutilishga mahkum etyapmiz. Barcha joy uchun bir hilda bo‘lgan yaramas odatimiz - «kim o‘zar» musobaqasi. Bu musobaqaning shiori «Agar sendan ortda qolsam - qulog‘imni kesaman!» Ha, bizga aynan shu shior ma’qul bo‘lib qoldi. Aqlni ishlatib demaymizki: «Birov tomdan tashlasa men ham tashlashim kerakmi?»

Qayd etilgan


shoir  26 Iyun 2006, 05:01:58

To‘yga doir muammolar haqida oqil ustozlarimiz ko‘p va xo‘b yozganlar, gapirganlar. Yil yo‘qki, matbuotda bu masala ko‘tarilmasa. To‘y qiluvchilar bu hikmatlarni o‘qimaydilarmi, har holda o‘z bilgilaridan qolmaydilar. Demog‘ingiz mumkinki: «To‘y qiluvchi Falonchi, qiynalsa o‘ziga jabr, sizga nima?» Sirtdan qaraganda shunday. Ammo «jamiyat, uning taraqqiy etmog‘i», degan tushunchalarimiz ham bor-ku? Bugun oila quradiganlarning ma’naviy-ruhiy olamlari, madaniy darajalarini jamiyatdan ayri holda ko‘rolmaymiz-ku? To‘ylardagi isrofgarchilik jamiyat taraqqiyotiga salbiy ta’sir o‘tkazmaydimi? Tangri - taoloning «englar-ichinglar, ammo isrof qilmanglar», degan amrini bajarmasligimiz jazosiz qolarmikin? O’tmish donolari xazinasiga razm tashlasak, isrofga doir ko‘plab bebaho fikrlarni uchratamiz. Ayni damda shulardan birini eslamoqni lozim topdik:
«Isrof eng hurmatli oilalarni ham buzadi, eng boy xonadonlarni oqibat vayron qiladi. Eng yuqori mansablardan tuban tushiradi. Eng shuhratli nomu nasabga ega bo‘lganlarni xor-zor qiladi. Shunga ko‘ra isrofdan saqlanmoq, har bir ishda tejam, iqtisodga rioya qilmoq shartdir. Tadbir bilan sarf qilingan mol-dunyo ozaymaydi, balki ortadi. Baxil, xasis odam pulini xatto o‘ziga ham sarf qilishga ko‘zi qiymay, ochlik holida yashaydi. Isrofchi esa oxir oqibat bir tiyinga zor bo‘lib qoladi.»
Yillar osha gaplar gapirilaverildi, oqibat maxsus qaror ham qabul qilindi, biroq, avvalgi maqolada(«Bid’at nima, xurofot nima?») ta’kid etganimizday, bir oz fursat o‘tib, bu zarur qarorni unuta boshladik. Zamon yana shu masalaga qaytishni talab qilyapti. Biz ustozlardan o‘qiganimiz, dono otaxonlardan eshitganimiz asosida bir-ikki fikrni bayon qilishga ehtiyoj sezdik.

Qayd etilgan