Tohir Malik. Iymonlashish umidi  ( 125281 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 ... 20 B


shoir  26 Iyun 2006, 05:02:07

Ulug‘imiz Abdulla qodiriyning dastlabki sahna asarlari «Baxtsiz kuyav» deb nomlangan. Asarning ma’nosini sarlavhadanoq anglagandirsiz? Faqat «o‘tmiщda uylanajak qallig‘ini nikohdan avval ko‘rishmagan, bir yigitga qari qiz duch kelgan bo‘lsa, uning baxtsizligi shu-da», deb fikr qilmang. Asardagi kuyov bolaning baxtsizligi - to‘y tufaylidir. «To‘y» va «kasofat» tushunchalari bir-birini inkor etsa-da, mazkur voqeadagi kuyovning baxtsizligi aynan shu to‘yning kasofatidandir. Bo‘lajak kuyov - yetim. Amaki ota o‘rnida ota bo‘lib, jiyanni uylantirish harakatiga tushadi. Yaxshi xonadonning qiziga sovchi bo‘ladilar. qizning otasi «to‘y-to‘ydek bo‘lsin», degan orzuda olamjahon narsalarni talab qiladi. «Bo‘lajak oilani qiynamaslik kerak, dabdabali to‘yning hojati yo‘q», degan nasihatlarga quloq solmaydi. Kuyov bolaning amakisi uyatga qolmaslik uchun bu talablarga ko‘nadi. Oqibat otadan qolgan hovli-joy garovga qo‘yilib, ko‘p miqdorda qarz olinadi. Kuyov qarzni vaqtida berolmaydi. Sudxo‘r hovli-joyni tortib olajagini bildirganda, kuyov «bu kunimdan o‘lganim yaxshi», deb joniga qasd qiladi. Buni ko‘rgan kelinchak ko‘ziga dunyo tor ko‘rinib, u ham o‘zini o‘zi o‘ldiradi.
Ta’sirli tarzda, nasihat yo‘sinida bitilgan bu asarda bayon etilgan voqea yuz yilning nari-berisida bo‘lib o‘tgan. Ajabkim, to‘yda isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslik haqida unda aytilgan gaplar bugunga hamohang bo‘lib turibdi. To‘y egasiga qilingan nasihatlarning shamolga qarshi qichqirish kabi samarasiz ketishi ham yuz yilni oralab bizning kunimizgacha yetib kelibdi. To‘g‘ri, hozir ko‘p joylarda «qalin» degan tushuncha yo‘q. Ammo uning o‘rniga yozilmagan, ammo bajarilishi shart bo‘lgan turli-tuman qoidalar mavjud. Bu qoidalar badavlat oilalar tomonidan tez-tez o‘zgartirilib turiladi. Agar kelin tomonga to‘y yuborilganda avval bitta qo‘y berilgan bo‘lsa, serhimmat birodarlarimizdan biri juft qila qoldi. So‘ng uning yoniga buzoq qo‘shildi. Agar ilgari bitta sandig‘u bitta javon bilan oila qurish mumkin bo‘lgan bo‘lsa hozir «mebel» degani paydo bo‘ldi. Avval faqat yotoq uchun olingan bo‘lsa, endi uning yoniga mehmonxona, oshxona mebellari ham qo‘shildi. «Farzandimning ko‘ngli cho‘kmasin», deb ota-ona jonini jabborga berishga majbur. «Mebel» otliq hashamni Toshkentda kelin tomon qiladi. Boshqa yerlarda kuyov olishi kerak. Bir xonadonda to‘yga tayyorgarlik boshlangan edi. qiz tomon «mebel»ni olib kelib o‘rnatmoqchi bo‘lganida, kuyov tomon «ie, mebel chet elniki emas ekan-ku?» debdi. Shu gap tufayli to‘y buzildi, desak, ishonmassiz. Siz ishoning bu bo‘lgan voqea. Ana endi o‘zimizga savol beraylik: yigit «mebel»ga uylanadimi, yo qiz «mebel»ga turmushga chiqadimi? Shu matoxni deb to‘yni orqaga surishlar ham mavjud-ku? Bunga nima deymiz? qo‘polroq bo‘lsa ham javobimiz shu: bu - aqlsizlikning o‘zginasidir!

Qayd etilgan


shoir  26 Iyun 2006, 05:02:15

O’rni kelganda aytib o‘taylik: ota-ona to‘y harakatini boshlaganida avvalo o‘z imkoniyatini chamalab ko‘rishi va shunga qarab marosimning darajasini, o‘tkazish tartibini belgilab olishi lozim. Undan so‘ng farzandning tarbiyasida shu masalaga ham joy berilishi shart. Ya’ni, dabdabadan, demakkim, kibrdan qochishning savobligi, birovlarga qarab ko‘ngilning cho‘kishi yaxshi emasligi, oila qurmoqlik faqat dabdabali to‘ydan iborat bo‘lmasligi, oila saodatini to‘yning shuhrati emas, to‘ydan keyingi totuv hayot belgilashi haqidagi haqiqatlarni farzandning ongiga singdirishga uriniщ kerak. Aybsitmasangiz misolni o‘z oilamdagi voqeadan keltirsam: agar kuzatsangiz «ZAGS» deb atalmish marosimda kelinnikiga keluvchi avtomashinalarning rusumi, sanog‘i bolalarni qiziqtiradi. Kaminaning o‘g‘li ham bir-ikki «falonchinikiga uchta «Mersedes», o‘nta «Volga» keldi», degan xabarlarni aytardi. Bir kuni shunday xabardan so‘ng «uch-to‘rt yildan so‘ng Xudo xohlasa seni uylantiramiz. Sen ham shunday mashina karvoni bilan kelinnikiga borasanmi?» deb so‘radim. O’g‘lim va u kabi o‘smirlar uchun avtomashinalar karvoni majburiy qoida kabi ko‘rinishi tabiiy. Chunki hamma shunday qilyapti. «Falonchining qiziga «Limuzin» kelibdi...» degan shov-shuvlar shamolday uchib yuradi. O’smir ota-onasidan shunday marhamat kutadi yoki orzu qiladi. Shuni bilgan holda kamina o‘g‘ilga «Xudo to‘yga yetkazsin, ammo biz bunday qilmaymiz. Nikohni ro‘yhatdan o‘tkazish uchun turnaqator bo‘lib borilmaydi, vakilni to‘yxonaga taklif etamiz», dedim. Bu gapimdan o‘g‘limning ajablanishini, ranjishini bilardim. Turnaqator avtomashinalar egalariga to‘lash uchun ortiqcha mablag‘im yo‘q, desam ehtimol tushunardi. Lekin bunga moddiy imkoniyat bo‘la turib rad etilishi o‘smirni lol qoldirdi. Shundan so‘ng bu kabi odatlar manmanlik ekani, manmanlik esa gunohligini tushuntirganday bo‘ldim. Bu suhbatdan so‘ng o‘g‘lim avtomashinalar karvoni haqida gapirmay qo‘ydi. Ammo ich-ichida armon mavjudligini bilardim va shuning uchun vaqt-bemahal ko‘chada ko‘rganim karvonlar haqida o‘zim gap ochardim va bu odatning yaxshi emasligini ta’kidlardim. Shuning barobarinda san’atkorlardan yaqinlarim ko‘p bo‘lsa-da, faqat bitta yoki ikkitasini taklif etish niyatimni ham bildirib turardim. Shu zaylda oradan bir necha yil o‘tib Xudo bizni ham to‘yga yetkazdi. Sovchilar kelin bo‘lmishning uylariga bordilar. Oraga vositachi odam qo‘ymay to‘y tartibi haqida o‘zimiz gaplashaylik, degan taklifimiz quda tomonga ma’qul tushib, mahallamizning oqsoqoli bilan bordik. Kamina orzu qilinayotgan to‘yning tartibini bayon etdim. Nikoh ro‘yxatidan o‘tishga bormaslik, «charlar», so‘ng esa «kuyov chaqirdi», «quda chaqirdi», deb atalmish marosimlarni o‘tkazmaslik haqidagi taklifimiz ularni bir oz o‘ylantirdi, bamaslahat javob qilajaklarini bildirishdi. Shukrki, qudalarimiz ham, kelinimiz ham buni to‘g‘ri tushundilar. Orzu qilgan to‘yimiz bir kunda chiroyli tarzda o‘tdi, isrofdan qochganimiz uchunmi, Olloh yoshlarimizning baxtini berdi.

Qayd etilgan


shoir  26 Iyun 2006, 05:02:24

Endi bugungi to‘ylarimiz xususida bir-ikki so‘z aytsak: bizlarda yo u tomonga yoki bu tomonga keskin og‘ish odatimiz bor. Bugungi kunda «Islomiy to‘y» degan tushuncha paydo bo‘ldi va buning tarafdorlari to‘ydagi o‘yin-kulguni mutlaqo rad etadilar. Keling, shu tarzdagi to‘ylarning tarixiga bir nazar tashlaylik: to‘ydan maqsad - faqat xursandchilik emas, balki shar’iy, qonuniy nikohdan atrofdagilarni boxabar qilib qo‘yishdir. Sahobalardan biri shar’iy tarzda uylanganlarini xabar qilganlarida payg‘ambarimiz alayhissalom «Bir taom tayyorlang-da, qo‘ni-qo‘shnilaringizni chorlab, nikohdan ogoh etib qo‘ying», degan ekanlar. (Albatta, islomdan avval ham har joyning va dinning o‘ziga hos to‘y marosimi bo‘lgan.) Maqsad shuki, odamlar bularni ko‘rsalar «falonchining o‘g‘li bilan pistonchining qizi nomaqbul yurishibdi», degan nojo‘ya xayolga bormasinlar. Ulamolar yetkazgan hadisga ko‘ra, payg‘ambarimiz alayhissalom bir yerga kirib borayotganlarida qo‘shiq aytayotgan ayol, ashulani uzib salavotga o‘tganida, janobimiz «avvalgi qo‘shig‘ingni aytaver», degan ekanlar. Shunga ko‘ra musulmon mamlakatlardagi to‘ylarda qo‘shiqdan voz kechmaganlar. Ammo bu masalada bizda sal quyushqondan chiqilishi afsusli holdir.
Mastalastlik bilan behayo ashulalarni aytishlik, behayo qiliqlar bilan raqsga tushishlik, o‘rtada shodlanib o‘ynayotgan qiz-juvonlarga kayf aralash hirs bilan tikilishlik kabi illatlarni ma’qullay olmaymiz. Axir o‘ylab ko‘raylik: to‘ydan shodlanib raqsga tushayotgan qiz yoki juvon kimningdir suyukli farzandi, kimningdir jufti-haloli. Bu tikilishning yoki mast holda yoniga tushib o‘ynashning yomon oqibatlarini ko‘rib turamiz-ku?!

Qayd etilgan


shoir  26 Iyun 2006, 05:02:34

To‘ylardagi ichkilik ichish alohida bir masala. Bir tanishim to‘y qilib, o‘g‘lini uylantirdi. Bu bilan zimmasidagi burchini ado etgandek bo‘ldi. «Etgandek bo‘ldi», deb kesatishimga asos bor. Aytmoqchimanki, burchni bajarish ikki hil bo‘ladi: birinchisi - atrofidagi odamlarning roziligi, xursandligi uchun. Ya’ni, bir to‘da yeb-ichib, maishat qilib ketsa bas. Halol-haromning farqiga borilmaydi. Savob-gunohning nima ekaniga ham e’tibor berilmaydi. Buning oqibati ma’lum: bugun farzandining oilasidagi notinchlikdan behalovat bo‘layotgan ota-onalar bu tashvishning ildizini topmoq uchun to‘yni qanday o‘tkazganlari, burchlarini qanday ado etganlarini o‘ylab ko‘rsalarmikin? Ikkinchi burch Yaratganning roziligi uchun ado etiladi. Ya’ni haromdan («harom»ning ma’nosi - ta’qiqlash, man etishdir), gunohdan ehtiyot bo‘linadi. Yangi oilani muazzam bir uy deb tasavvur etsak, uning poydevorida halollik yotsagina baquvvat bo‘ladi. Tuz betonni yeb ado etganidek, avval boshda aralashgan harom asta-sekin umr saroyi poydevorini kemiradi.
Bu gaplar shunchaki xayol mahsuli emas, balki hayotdagi voqealar yuzaga chiqargan haqiqatdir. Bayon qilayotgan tanishimiz badavlat emas, dabdabali to‘y qilishga qurbi yetmaydi. Aksincha, qarz-havoladan umid qiluvchi odam. Kamina unga qarz ko‘tarmasdan osongina to‘y qilishning yo‘lini aytdim. Aslida bu yo‘lni men o‘ylab topmaganman. Oltmishinchi yillarga qadar barcha shu hilda to‘y qilgan. Keyin «komsomol to‘yi» deb nomlanmish kasofat - bema’ni bazm kashf qilinib, harajatlar ko‘paygandan ko‘paydi. Bugungi kelib «komsomol» degan narsa yo‘qoldi. Biroq, uning nomi bilan yuzaga kelgan to‘y shakli saqlanib qoldi. Asl o‘zbek to‘yidagi yor-yor, tortishmachoq kabi ajoyib odatlar o‘rnini mast-alast qiyqiriqlar egalladi. Urush-janjal, ba’zan qotillik ham shu yangi to‘yning mevalari ekani hech kimga sir emas. Afsuski, bularni bilib tursak-da, bilmagandek hotirjam yuraveramiz.
Xullas, tanishim aroqsiz to‘y qilishdan uyaldi. Mahalla ahlidan uyaldi. Ularning «to‘yiga aroq qo‘ymabdi», degan malomatidan qo‘rqdi. Aroqni man etgan Zotdan qo‘rqmadi, uyalmadi. Lekin o‘z fikricha, savob ishga ham qo‘l urdi: to‘y arafasida «xudoyi» deb atalmish ehson qildi. Endi «xudoyi» dasturxoni bilan bazm dasturxonini bir-biriga solishtirsangiz savobning miqdorini chamalay olarsiz. Olloh bandasining dasturxoniga muhtoj emas. Aksincha banda Yaratganning marhamatiga muhtoj. O’sha bazmda so‘zlovchilar yoshlarga baxt tilashadi. Kimdan? Baxtni kim beradi? Baxt beruvchi «ichma» degan narsani ichsagu yana undan tilak tilasak berarmikin? Bu tomonini o‘ylamaymizmi? 

Qayd etilgan


shoir  26 Iyun 2006, 05:02:45

Ikkinchi bir tanishimizda o‘zgacha ahvol yuz berdi. Kuyov bo‘lmish yigit dasturxonga aroq qo‘yilmasligini talab qilibdi. Ota-bola orasida shu xususda kelishmovchilik chiqibdi. Ota o‘g‘lidan nolib: «Aroq qo‘ymasam sharmanda bo‘laman-ku, men ham to‘ylarga borib ichganman-ku», deb ezildi. Biz dedik-ki: «Birodar, o‘g‘lingizning aqliga tasanno aytmoq lozim. Siz to‘ylarga borganingizda qarzga yoki nasiyaga olib ichmagansiz-ku? Yo barchalariga «to‘yimda qaytaram ichgan ichgilimni», deb va’da qilganmisiz?» Ota-bola bahsida o‘g‘il yengib, u aytganday to‘y bo‘ldi. San’atkorlar ichkiliksiz ham to‘yni shirin tarzda o‘tkazib berishdi. Mezbonlar o‘ynab-kulib rohatlandilar. Shu mahallada, ikki ko‘cha naridagi to‘y esa fojia bilan yakunlandi. Mast yigitlarning janjali hali chimildiq ko‘rmagan do‘stlarining o‘limiga sabab bo‘ldi. Mana sizga bir vaqtda bo‘lib o‘tgan ikki to‘yning yakuni. «Badmast ulfat - davraga kulfat», deb bejiz aytmaganlar mashoyixlar. Biz aytayotgan masala boshqa millatlarda ham mavjud. Agar eslasangiz, saksoninchi yillarda ukrainaliklarning «To‘y ayblanadi», deb nomlangan kinofilmi bo‘lardi. Film o‘zbek tiliga tarjima qilingan, hozir ham televidenie orqali namoyish etib turiladi. Unda yosh futbol yulduzining o‘limiga sabab bo‘lgan restorandagi to‘y, isrofgarchilik, mast-alast yigitlarning qiliqlari ko‘rsatiladi. E’tibor beraylik: Yevropa uchun restorandagi to‘y, ichkilik odatiy narsa. Shunda ham ular bu odatga qarshi chiqyaptilar. Biz esa Yevropadan madaniyatni emas, ularning o‘zlari ham rad etayotgan yomon odatlarni olyapmiz.

Qayd etilgan


shoir  26 Iyun 2006, 05:02:55

Yevropadagi millioner oilalar ham to‘ylarida biz kabi sochib, isrof qilmaydilar. Ulardagi nikoh o‘qitish marosimining o‘zi to‘y. Eng yaqin odamlarini taklif etishadi. Bir necha soat ichida to‘y o‘tadi. Biz ulardan mana shu nikoh o‘qitish (ya’ni - ZAGS) marosimini oldik-da, o‘zimiznikiga qo‘shdik. Ana endi to‘y marosimlarimizni sanab o‘taylik: sovchilar ishni pishirsalar qiz bilan yigitning ko‘chada ko‘rishuv marosimi bo‘ladi. qiz bilan yigit avvaldan bir-birlarini bilsalar-da, sovchilarning aralashuvisiz ahdu paymon qilib qo‘ygan bo‘lsalar-da, bu marosimga keladilar. Yigit qizga qimmatbaho sovg‘a beradi. Sovg‘aning qabul qilinishi - rizolik alomati ekan. Ana undan keyin yana sovchilar boradilar va «oq o‘rash yoki patir sindirish» marosimi bo‘ladi. Keyin esa fotiha to‘yi, boshqacha aytilsa qo‘ni-qo‘shnilar, yaqinlarga ma’lum qilish maqsadida bo‘lajak kelinning uyiga tog‘oralar karvoni jo‘natiladi. Agar to‘yga qadar orada xayit bayrami bo‘lsa «yo‘qlov» deb atalmish yangi karvon yo‘lga chiqadi. Bular - to‘yning debochalari. Ba’zi joylarda «maslahat oshi» degani ham bor. Nomidan ma’lumki, yaqinlar to‘yni o‘tkazish tartibini belgilash uchun chaqiriladi. Oshdan so‘ng maslahatlar beriladi va... to‘y egasi maslahatlarga quloq ham solmaydi, o‘z bilganidan qolmaydi. Orada dasturxon sarson... Nihoyat to‘y. (Yetkizganiga shukur!) Bir kun to‘y yuboriladi (to‘y olinadi). Bir kun kuyov (yoki kelin)ning otasi ishxonasidagilarni ziyofat qiladi, yana bir kun onasi hamkasblariga dasturxon yozadi. Bir kun kelinnikida «qiz bazmi». Hozir bu marosimga kuyov jo‘ralari hamda otasi va uning yaqinlari bilan keladigan bo‘lgan. Bundan oldin yoki keyin har ikki xonadonda «xudoyi». So‘ng «sabzi to‘g‘rar» deb nomlanmish ziyofatcha. Ertasiga ertalab (yoki peshinda) osh. Keyin «ZAGS» deb ataluvchi marosim. Nikohdan o‘tilgach, yoshlar uchun biron yerda kichkina ziyofatcha. Nihoyat, hovlida yoki biron restoranda nikoh bazmi! Ertalab kelinsalom va ayollarning qaymoqxo‘rlik ziyofati. To‘y egalari nafas rostlashga ulgurmay, ertaga kutilayotgan «charlari» marosimiga tayyorlanishni boshlaydilar. Kuyov to‘ra esa o‘rtoqlariga yana bir ziyofat beradikim, buning nomini «kuyov oshi» derlar. Charlarida avvallari kelin otasinikiga to‘ydan uch kun o‘tib kelardi. Hozir tezlashuv zamonimi, to‘yning ertasigayoq keladi. Kamida 60 ayol bilan kelgan quda xotinlar kamida 6-7 xil taom bilan siylanadilar. Ayollar ketishgach, endi kuyov bo‘lmish jo‘ralari bilan keladi. (Xuddi qaynotasiga «bu yog‘ini qoyillatib qo‘ydim», deganday hisob bergani kelganga o‘xshaydi, shunday emasmi?) Izma-iz kuyovning otasi, boshqar qarindoshlari bilan kelishib «charlari» davom etadi. To‘ylar shu zaylda nihoyasiga yetgach, «tog‘anikida kelinsalom», «Amma-xolanikida kelinsalom»... kabi marosimlar boshlanadi. Bu orada Xudo farzand bersa «aqiqa» yoki «beshik to‘yi»... Xullas, so‘zni muxtasar qilsak, to‘y-to‘yga ulanadi. Donolar ta’biri bilan aytsak, «yo‘g‘onni cho‘zadigan, ingichkani uzadigan» ma’nisiz va keraksiz odatlar, rasm-rusumlar oqimi... Kezi kelganda xayit bayramidagi kelinsalom marosimlarini eslamasak bo‘lmas. Bu marosimga kelin tomon behisob tog‘oralar karvonini jo‘natadi. Uch kun davomida kelinning uyi, yasatig‘liq dasturxon atrofi gavjum bo‘ladi. Mehmonlar orasida qarindoshlar ham yetti yot begonalar ham bor. Bu marosimni fitna uyg‘otuvchi tadbir desak, yanglishmasmiz. Chunki bunga kelganlar faqat yeb-ichmaydilar, balki uyning hashami, dasturxon to‘kinligi, kelmish tog‘oralarning son-sanog‘i bilan qiziqadilar va muhokama qiladilar. Bunday muhokamalarning keraksiz gaplarga va ko‘ngilsiz oqibatlarga olib kelishi bir masala, yana bir masala televidenieda badavlat xonadonlarning uylari ko‘rsatilib, bu hol eng aziz qadriyatlar sifatida obdon tarqib qilindi. Hayriyatki, buning asl mazmuniga tushunilibdimi, endi takrorlanmayapti.

Qayd etilgan


shoir  26 Iyun 2006, 05:03:05

Biz Toshkent to‘ylarini bayon etdik. Boshqa yerlarda bulardanda battar keraksiz odatlar borkim, o‘zingiz yaxshi bilasiz. Odat yoqimsiz va zaruratsiz ekanini bilsangiz-da, uni bajarishga majbur bo‘lasiz. Nima uchun? Nahot «mahalla-ko‘y nima deydi?» degan istiholani yengib o‘tish shunchalik qiyin bo‘lsa? «To‘y qilaman, deb beli sinibdi, bechoraning», degan malomat qayda-yu, «To‘yni ixchamgina o‘tkazdi, baraka topsin», degan sharaf qayda! To‘g‘ri, oramizda og‘ziga kuchi yetmagan «og‘zi bedarvoza»lar ham bor. Ammo ularning gaplari ko‘pchilikning fikrini ifoda etmaydi. Bunaqa tuzsiz gaplarga sal qo‘polroq bo‘lsa-da: «It hurar, karvon o‘tar», deb qo‘ya qolgan ma’qulmikin...
Bizlarni shodlantiradigan narsa: bugunga kelib «sunnat to‘yi» («xatna to‘yi) deb atalmish ziyofatlar ancha kamaydi. Bunaqa to‘ylar butunlay qilinmasa yanada yaxshi. Chunki mazkur to‘y nomining o‘ziyoq nojoiz. Sunnat - payg‘ambarimiz alayhissalomning qilgan ishlari, odatlari demak. U zot hayotlik choqlarida bunaqa to‘y qilmaganlar va shunday qilinglar, deb aytmaganlar. Musulmon mamlakatlarida tug‘ruqxonada tug‘ilgan o‘g‘il bola shu yerning o‘zidayoq xatna qilinar ekan. U tomonlarda «sunnat to‘yi» degan tushunchaning o‘zi yo‘q. Bu odatni bizda biron boyvachcha manmanlik yo‘sinida boshlaganu keyin o‘zgalarga majburiyatga aylanib qolgan bo‘lsa ehtimol.
Keyingi paytlarda nikoh to‘ylarida kuyov tomonning osh berishi ham kamayyapti. Afsus shuki, beli baquvvat birodarlarimiz bu zaruratsiz odatni hamon davom ettirishyapti. Men bir narsaga tushuna olmayman: erkak qudalar faqat to‘y oshida bir-birlari bilan ko‘rishadilar. Ungacha xuddi bir-birlaridan uyalganday ko‘rishmoqlikdan saqlanadilar. Axir to‘ydan oldin uchrashsalar, to‘y tartibini o‘zaro maslahat qilib olsalar yomonmi? Ikki tomonda osh bermay, birgalashib bir yerda qilinsa bo‘ladi-ku, bu marosim. Bunaqa yaxshi odat kam bo‘lsa-da, uchrab turibdi va biz buni quda bo‘lmishlarning donoligi deb hisoblab, ularni sharaflaymiz.

Qayd etilgan


shoir  26 Iyun 2006, 05:03:14

To‘y qilish jarayonida eng murakkabi xotinlarning talablarini va injiqliklarini yengib o‘tish. Muhtarama ayollarimiz, haq gapimizdan ranjimanglar, mavjud keraksiz odatlarning ixtirochilari ham, sadoqatli va o‘jar ijrochilari aynan sizlarsizlar. To‘y uchun topgan-tutganlarni yelga sovurish bo‘yicha siz jahonning mutlaq chempionlarisiz, desak, bu martabani qabul qilarsiz. Sovurib bo‘lgach, to‘ydan keyin nolishlarni boshlovchilar ham o‘zingiz. Keraksiz odatlardan voz kechish haqida gapiraverib tog‘larni eritib yuborish mumkin, ammo sizdagi johillikni yengish mumkin bo‘lmayapti. Siz uzoq tashviqotdan so‘ng biron masalada chekinishga majbur bo‘lasiz-u, o‘sha zahoti yangi bir keraksiz, ba’zan zararli odatni ixtiro qilasiz. Masalan: tugun va tog‘oralar muammosi. Ko‘p ayollar go‘yo tugundan voz kechdilar. Buning o‘rniga esa bitta tugun uchun sarflanajak mablag‘ chamalanib, to‘y egasi ayolning qo‘liga pul qistirish odati rasm bo‘ldi. Boyroq ayollarimiz dollarni oshkora ravishda uzatishga urinadilar: odamlar ko‘rib qo‘yishsin-da! Kamroq pul uzatuvchilar esa iymanadilar. Bu odat to‘y egasi uchun ortiqcha dahmaza eshigini ochdi. Endi u pul berganlarga javob tariqasida tugun o‘rniga qog‘oz xaltalarni shaylab qo‘yadi. Avval tugunlardagi narsalarni o‘zaro almashtirib qo‘ygan bo‘lsa, yandi har biriga alohida narsa solishi kerak. Agar ming kishilik oshda 500 non ishlatilsa, yuz kishilik ayollar marosimiga mingdan ortiq non olinadi.
Kelin-kuyovni kiyintirish bobida ham ayollarga bir so‘z aytmoqlik mushkul. Kuyov to‘ra zar chopon kiyib, salla o‘raydilar. Buni tushunish mumkin: go‘yo qadriyatlarimizga qaytayotgan ekanmiz. Kelinposhshani yevropacha kiyintirib, boshlariga shlyapa kiydirib qo‘yishlari-chi? Bir yerda «kelinning egniga atlas kuylak-lozim, beqasam nimcha, boshiga iroqi do‘ppi kiygizib oq ro‘mol tashlansa bo‘lmaydimi?» degan edik, «nima, bizning kelinimiz juvonmi?» degan tanbehni eshitdik va ajablandik: atlas kiyim juvonlik belgisi ekanmi? Unda kelin hali qizlik olamini tark etmay turib, to‘y bazmi ertasiga kelin salomga atlas kiyim-boshda chiqadi-ku? Istiqloldan avval, horijdagi o‘zbeklar bilan bordi-keldi qiyin bo‘lgan mahallarda eshitgan edim: vatandoshlar atlas mato topilmaguncha qizlarining to‘ylarini boshlamas ekanlar. Gap bu yerda bizning yevropacha kiyimga nisbatan injiqligimizda emas. To‘g‘ri, oq libos ham qizlarimizga yarashadi, oqlikda pokizalik ramzi ham mavjud. Lekin bu kuylak (kuyovning zar choponi ham) o‘zlariniki emas-ku? Birovdan ijaraga olinadi-ku? Nahot pokiza qizimizni necha-necha odam kiygan, oxori to‘kilgan ko‘ylakda uzatib borishdan istihola qilmaymiz. Ertasiga bu kiyimlarni taxlab iziga qaytarishdan uyalmaymiz?

Qayd etilgan


shoir  26 Iyun 2006, 05:03:23

Katta yoshdagi mo‘‘tabar odamlardan eshitgan edim: urush va undan keyingi azobli yillarda ham zamonga mos ravishda to‘ylar bo‘lib turgan. Dasturxonga bir necha turshak, jiyda qo‘yib ham to‘yni o‘tkazishgan. Jamoa xo‘jaligining yoki qishloq kengashi raisining xonasida yamoq tushmagan bitta to‘n bilan bir atlas ko‘ylak saqlanarkan. To‘y kuni kelin-kuyovga shu liboslar ijaraga berib turilarkan. U zamonda umumning kiyimi noilojlikdan olib kiyilgan. Hozir-chi?
O’tmishdagi to‘ylar haqida gapirganimizda marosimlarimiz albatta o‘shanday bo‘lishi shart, deb da’vo qilmoqchi emasmiz. To‘ylar zamonga yarasha bo‘lishi kerak. Shuning barobarinda, zamonaviy to‘y madaniyati haqida o‘ylab ko‘rishga ham majburmiz. Ayrim birodarlarimiz horijdan kelgan mehmonlarni to‘y oshiga yoki bazmiga olib borishni xush ko‘rishadi. Kamina esa bundan hijolatdaman. qarang, to‘y uchun ko‘p minglab pul sarf qilamizu madaniyatni belgilovchi arzimas narsalarga e’tibor bermaymiz. Hatto restoranlardagi to‘ylarda ham ahvol shu. Horijdagi ziyofatlarga e’tibor beraylik: xizmatchilar mehmondan doimo xabar olib turadilar, bo‘shagan idishlar darrov almashtiriladi. Hatto to‘kilgan ushoqlar ham kichik changyutar yordamida tozalab turiladi. Sochiqlar almashtiriladi. Xullas xizmat madaniyati yuksak darajada. Bizning to‘ylarimizda-chi? Ayniqsa to‘y oshlarida qo‘l yuvadigan joy yo‘q. Ba’zan yoshlar suv tutib turishadi, rahmat, ammo sochiqqa qo‘l artilaverilganidan uni siqib qaytarib berishdan o‘zga chorangiz qolmaydi. Ichkariga kirsangiz dasturxon usti yig‘ishtirilmagan. Yog‘li qoshiqlar oppoq dasturxon ustini dog‘ qilib turibdi. Burda nonlar betartib sochilgan. Yarim yeyilgan uzum boshlari ma’yus. Piyolalardagi qoldiq choylar ham to‘kilmagan. Sochiqni siqsangiz bir kambag‘alning oshiga yetgulik yog‘ sizib chiqadi... Biz bunaqa manzaraga ko‘nikib ketganmiz. Ammo xorijlik mehmon bularni ko‘rib bizning tantiligimizga tasannolar aytib ketarmikin? Yigirmata aroqni kamroq olib buning mablag‘ini pokizalik xizmatiga, to‘ychilik madaniyatini oshirishga sarf etish nahot mushkul bo‘lsa?

Qayd etilgan


shoir  26 Iyun 2006, 05:03:39

To‘y madaniyati haqida gapirganda san’atkorlarning o‘zlarini tutishlari, pul qistirish, pulni boshdan sochish kabi yaramas odatni aytmay ilojimiz yo‘q. Bu holat va raqqosalarning behayo qiliqlar qilish evaziga pul to‘plashlari bizning ma’naviy olamimiz pastligidan dalolat bermaydimi? Bir to‘yda hayratga tushganim yodimda. qo‘qon atrofidagi to‘ylardan birida raqqosaga to‘xtovsiz pul qistirayotgan kishi diqqatimizni tortdi. O’sha odam bir kun avval biz bilan suhbatlasha turib, iqtisodiy qiyinchilikdan nolib, «bolalarimga qishlik kiyim ham olib berganimcha yo‘q», degan edi. Ertasiga u odam bilan yana ko‘rishganimizda «pul qistirish o‘rniga bolalaringizga kiyim olib bersangiz bo‘lmaydimi?» desak, «to‘y egasi - tog‘am bo‘ladilar, hamma qistirganda men qarab tursam uyat emasmi?» deydi. qarang, bolasi yupun yursa uyat emas, hayosiz raqqosaning dahaniga pul qistirmasa ayb ekan. Bunisiga nima deymiz?
Sirdaryodagi bir to‘yni gapirib berishdi. To‘y egasi ikki ming dollar sarf qilib bir ashulachini olib kelibdi. O’sha kuni yomg‘ir yog‘ib yo‘llarning atalasi chiqib ketganidan ko‘pchilik to‘yga kelishga qiynalib, oxiri «o‘sha ikki mingni yo‘lni tuzatishga sarflasa savobi mo‘lroq bo‘lardi», deb ketishibdi. Bu gapda ham jon bor.
To‘ylarni batartib, chiroyli ravishda o‘tkazishda mahallaning burchi haqida ko‘p gapiramiz. Ammo, ochig‘ini aytish kerak, bugungi kunimizda to‘y qiluvchilar mahallaning fikri bilan deyarli hisoblashmaydilar. Avval to‘y kuni mahalla bilan bamaslahat belgilanardi. «Siz aytgan kuni falonchi ham belgilab qo‘ygan, siz to‘yingizni boshqa kunga ko‘chiring», deyilardi va bu maslahatga amal qilinardi. Hozir esa bitta mahallada ba’zan bir paytning o‘zida to‘rt-besh to‘y bo‘lib o‘tyapti. Odamlar qaysi to‘yga borishga hayron. Birinchi joyda osh yeb chiqilgach, ikkinchi to‘ydagi lagan to‘la oshga qo‘l ham urilmaydi. qarabsizki, yana isrof. To‘yga kelolmaganlar hijolatda, to‘y egalari esa gina-kuduratda. Ilgarilari idish-tovoq mahalladan olingani tufayli mahalla raisining to‘y egasiga so‘zi o‘tardi. Endi esa gap gapligicha qolib ketadi. Biroq, dabdabali to‘yga qurbi yetadigan birodarlarga «to‘yingizning dabdabasini sal kamaytirib, tejalishdan hosil bo‘lguvchi mablag‘ni falonchi xonadonga bersangiz savob bo‘lardi. Ular ham to‘ylarini vaqtida ko‘ngildagidek o‘tkazishib olishardi», degan maslahatga yuradiganlar ham topilyapti-ki, bu yaxshiliklari evaziga topilgan savoblar tufayli ularning to‘ylari fayzli o‘tib, farzandlari totuvlik va baxtga erishyaptilar. 

Qayd etilgan