Umumiy bo'lim > Madaniyat

Umar Hayyom ijodida ruhiy muhabbat

(1/3) > >>

shoir:
Umar Hayyom nafaqat ilmiy tadqiqotlari, balki o‘zining go‘zal va nozik she’riyati bilan ham asrlar dovonidan oshib zamondoshlarimiz qalbida samimiy qiziqish va mehr uyg‘ota olgan olimdir.

Umuman olganda, uning ruboiylarida falsafiy masalalar nihoyatda sodda va inson qalbiga yaqin bo‘lgan shaklda ifodalanadi. Bir qator tadqiqotchilarning fikricha, Umar Hayyomning ijodi bir tekisda bo‘lmagan. Uni uch davrga ajratish mumkin.

Birinchi davrda Umar Hayyom o‘z she’rlarida hayot quvonchlari, muhabbat his-tuyg‘ulari va may keltiradigan xursandchiliklarni ifodalasa, ikkinchi davrda xursandchilik bilan bir qatorda g‘am-qayg‘u o‘rin almashinishi, bu dunyoning barcha quvonchlari ham, hasratlari ham o‘tkinchi ekanligi va hayot buyuk bir girdobni eslatishini tasvirlaydi.

shoir:
Ijodining uchinchi davrida Umar Hayyom ruhiy sokinlik va xotirjamlikka erishganini sezishimiz mumkin:

Taqdir lavhasida hukmim bo‘lg‘onda,
Maylimga yozardim, uni shu onda.
Qayg‘uni dunyodan yo‘qotib butkul,
Shodlikdan bo‘lardi boshim osmonda.

Shoir insonni o‘z hayotida taqdirning qiyinchiliklariga chidamli bo‘lishga undaydi. Uning qalbidan chiqayotgan nay sadolari gohida g‘amgin, gohida esa quvnoq tuyuladi:

Desalar mayparast, xuddi o‘sha men,
Desalar fosiq, mast, xuddi o‘sha men.
Sirtimga bunchalar qarama, dilim —
Bo‘lsa toza yo past, xuddi o‘sha men.

shoir:
Inson bu dunyoga g‘am-alam chekish uchungina emas, hayotdan xursand bo‘lish uchun ham keladi. Inson qalbi muhabbat va xursandchilik bog‘ini o‘ziga makon qilib tanlaydi. Lekin bu boqqa g‘urbat va tashvish qora ilon bo‘lib kirib oladi. Umar Hayyom fikricha, inson ruhi bu moddiy olamga quvonch uchun keladi. Ruh uchun inson tanasi zindon emas va ruh undan hazar qilmaydi, balki ular bir-biriga moyildir.

Umar Hayyomning falsafiy she’riyatida ruh materiyaga qarama-qarshi qo‘yilmagan, aksincha, ularni bir-biridan ajratib bo‘lmaydi. Umar Hayyomning bu fikrini to‘qqiz asrdan keyin bitilgan Fridrix Nitshening "œZardo‘sht tavallosi" asarida ham uchratishimiz mumkin. Fridrix Nitshening Zardo‘shti ham olamni u dunyo va bu dunyoga ajratmaydi. Olam yagonadir va uning gavhari — komil insondir. Xuddi shunday, Umar Hayyom ham to‘garak olam uzuk bo‘lsa, uning gavharini inson deb hisoblaydi. Insonning moddiy tanasi yerdagi barcha tog‘u toshlar va o‘simliklarda mavjuddir.

shoir:
Sen-mendan oldin ham tun-kun bor edi,
Aylangan falak ham butun bor edi.
Tuproqqa avaylab qadamingni qo‘y,
Bu tuproq qora ko‘z bir nigor edi.

Umar Hayyom o‘tmishni ham, kelajakni ham o‘ylamasdan, hozirgi kun bilan yashab, undagi barcha yaxshiliklardan bahramand bo‘lish kerak, deydi.

U Nizomulmulk saroyida yashagan paytidagi betashvish kunlari o‘tib ketganidan keyin, hayoti qiyinchilik va moddiy tashvishlarga botib ketadi. Shunga qaramay, shoir hayotning go‘zalligini o‘z she’rlarida kuylashda davom etadi.

shoir:
"œMavjudlikning umumiyligi" haqidagi asarida Umar Hayyom aql, jon, muhabbat haqida fikr yuritadi. U Ibn Sinoga o‘xshab aql va jonni bir necha shakllarga ajratadi. Aqlning eng yuqori shakli faol aqldir. Faol aql muhabbat yordamida jonga ta’sir etadi va u bilan birgalikda olamni harakatga keltiradi. Jon esa o‘z-o‘zini anglashga intiladi va muhabbat orqali faol aqlga yaqinlashadi. Umar Hayyom fikricha, jon va faol aqlni birlashtiruvchi kuch — bu muhabbatdir. Albatta, bu muhabbat ruhiy muhabbat bo‘lib, jon o‘z-o‘zini anglashiga yordam beradi, faol aqlning esa jon bilan birlashishiga xizmat qiladi.

Umar Hayyomning muhabbat haqidagi fikrlari tasavvufdagi qarashlarga nihoyatda yaqin bo‘lgan. So‘fiylar ta’limotida Xudo butun borliq bilan birlashib ketgan, uning nuri borliqning har bir zarrachasida, bir vujudida mavjud. Shuning uchun so‘fiylar dunyoqarashida Ollohga bo‘lgan muhabbat butun borliq bilan birlashib ketish, o‘z "œMen"ligini yengish, o‘z irodasidan voz kechishdir. Umar Hayyom fikricha, o‘z "œMen"ligidan voz kechish ancha murakkab jarayon bo‘lib, ziddiyat va qiyinchiliklarga boydir.

Navigation

[0] Message Index

[#] Next page

Go to full version