67-bob. Jingalak soch haqida
Anas ibn Molik rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam ko’zga tashlanadigan darajada novcha ham, vast bo’yli ham, o’ta oq ham, qop-qora ham ermas erdilar. Sochlari ersa, o’ta jingalak ham, sillik ham ermas erdi. Olloh taolo ul zotni qirq yoshga kirganlarida (payg’ambar) qilib yubordi. Makkada o’n yil va Madinada o’n yil istiqomat qildilar. Olloh taolo ul zotni oltmish yoshga yetganlarida vafot ettirganida soch-soqollarining yigirmata ham oqi yo’q erdi».
Abu Iszdoq rivoyat qiladilar: «Men Barroning: «Qizil ,hullaning biror kishiga Nabiy sallallohu alayhi va (sallamdan ko’ra ko’proq yarashganini ko’rmaganman!» — deyayotganini eshitdim.
Ba’zi do’stlarim Molikdan naql qilib: «Ul zotning sochlari ikki yelkalariga tegay deb turar erdi»!,— deyishadi».
Abu Ishoq: «Men (Barroning) mazkur hadisni necha martaba rivoyat qilganini eshitganman, (negadir) u har gall aytib bo’lib, kulib qo’yar erdi»,— deydilar.
Shu’ba mazkur hadisga qo’shimcha qilib: «Sochlari "quloqlarining yumshoq yerigacha tushib turar erdi»,— deydilar.
Abdulloh ibn Umar rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Bu kecha men Ka’ba yonida (uxlab yotganimda) tush ko’rdim. Тushimda bir bug’doyrang kishini ko’rdim. Sen bug’doyrang odamlar ichida bunday go’zal kishini ko’rmagansan. Uning yelkasiga tushib turgan sochlaridek go’zal sochni ham ko’rmagansan. Varishon sochlaridan suv tomib turibdi, o’zi esa ikki kishiga (yokim ikki kishining yelkasiga) suyangan holda Ka’bani tavof qilayotir. Men: «Bu kim?»—deb so’ragan erdim, «Maryam o’g’li Masihdir (Iso alayhissalom)»,— deb aytildi. Keyin, yana bir boshqa kishiga ko’zim tushdi, uning sochlari qo’ng’iroq-qo’ng’iroq, o’ng ko’zi esa ko’r bo’lib, kattakon uzum donasi yanglig’ bo’rtib chiqqan. Men: «Bu kim?» — deb so’ragan erdim, «Masih Dajjoldir»,— deb aytildi».
Anas raziyallohu anhu: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning sochlari yelkalariga tushib turar erdi»,— deydilar.
Qatoda raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Men Anas ibn Molik raziyallohu anhudan Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning sochlari to’g’risida so’radim. Anas: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning sochlari to’lqinsimon bo’lib, sillik ham, jingalak ham emas erdi ikki quloqlari va yelkalariga tushib turar erdi»,--deb aytdi».
Anas raziyallohu anhu: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam qo’li katta odam erdilar. Men bunday qo’li katta odamni keyin sira ko’rmadim. Sochlari ersa to’lqinsimon bo’lib, na jingalak va na sillik erdi»,— deydilar.
Anas raziyallohu anhu: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam qo’l-oyoqlari katta odam erdilar. Men ul zot singari, qo’l-oyoqlari katta odamni ilgari ham, keyin ham ko’rmaganman. Kaftlari ersa sillik erdi»,—deydilar.
Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam oyoqlari katta va xushro’y kishi erdilar. Men ul zot yanglig’ kishini sira ko’rmaganman».
Anas raziyallohu anhu: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam oyoqlari qo’pol (katta) va kaftlari dag’al kishi erdilar»,— deydilar.
Jobir ibn Abdulloh: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam kaftlari va oyoqlari qo’pol (katta) kishi erdilar, ul zotga o’xshash odamni sira ko’rmaganman»,— deydilar.
Mujohid raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Ibn Abbos raziyallohu anhuning huzurida erdik Dajjol haqida gap ketdi. Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Uning ikki ko’zi oralig’iga kofir deb yozilgan»,— dedilar. Ibn Abbos: «Men bu haqda eshitmagan erkanman»,— dedi. Janob Rasululloh: «Biroq, u shunday»,— dedilar. Keyin, yana: «Ammo, Ibrohim alayhissalomning qiyofalari qanday ekanligini bilmoqchi bo’lsangiz, menga — do’stingizga qarangiz. Muso alayhissalom ersalar bug’doyrang, sochlari jingalak kishi erdilar, arqon bilan no’xtalangan qizil tuya minib yurar erdilar. Men ul kishining talbiya aytib vodiyga tushib kelayotganlarini ko’rib turgandekmen»,— dedilar».