56-bob.
Olloh taoloning qavli: «Darhaqiqat, Olloh taolo adolatli bo‘lmoqni, qarindoshlarga ehson qilmoqni buyurib, behayolik, buzuqlik va qaysarlik qilmoqdan qaytarur hamda nasihat qabul qilasizlar deb sizlarga nasihat qilur».
Urva raziyallohu anhu otalaridan, otalari ersa, Oisha onamizdan naql qiladilar: «Nabiy sallallohu alayhi va sallamni bir qancha vaqt (sehr-jodu birlan) bog‘lab qo‘yishdi: o‘zlarida ayollariga yaqinlik qilmoq rag‘bati bordek his qilardilaru, ammo qo‘shila olmas erdilar. Janob Rasululloh bir kuni menga: «Yo Oisha, men bir masala xususida Olloh taolodam fatvo so‘rab erdim, menga ijobat qildi. Ikki kishi kelib, biri oyoq tomonimga, ikkinchisi bosh tomonimga o‘ltirdi. Oyoq tomonimdagi bosh tomonimdagiga: «Bu odamga nima bo‘lgan?» — dedi. Bosh tomonimdagi: «Sehrlab qo‘yilgan»,— deb aytdi. Oyoq tomonimdagi: «Kim sehrlab qo‘ygan?» — dedi. Bosh tomonimdagi: «Lubayd ibn A’sam»,—deb aytdi. Oyoq tomonimdagi: «Nima birlan?» — dedi. Bosh tomonimdagi: «Erkak xurmo gulkosasi ichida soch tolalari va taroq bor, u ersa Zarvon qudug‘i ichidagi tosh tagidadir»,— deb aytdi»,— dedilar. Nabiy sallallohu alayhi va sallam (o‘sha quduq boshiga) borib: «Menga ayon qilingan quduq mana shu quduq erdi, atrofdagi xurmolarning tepasi shaytonning boshiga, quduqning suvi ersa, xina suviga o‘xshab ketibdi-ya!» — dedilar. Keyin, Janob Rasululloh buyurib erdilar, sehrlangan narsalarni quduqdan olib tashlashdi. Men (ya’ni, Oisha): «Yo Rasulalloh, shu bilan Tuzalib ketdingizmi?» — deb so‘radim. Janob Rasululloh: «Olloh taolo menga shifo ato etdi, endi men odamlarga ta’sir o‘tkazib, yomonlik qo‘zg‘amoqchi ermasmen. Lubayd ibn A’sam ersa, Baniy Zurayh qabilasidan bo‘lib, yahudiylar birlan til biriktirgan odamdir»,— dedilar».