Imom al-Buxoriy. Al-jome' as-sahih (4-jild)  ( 496005 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 35 36 37 38 39 40 41 42 43 44 45 ... 96 B


AbdulAziz  24 Aprel 2009, 11:24:56

15-bob. Ertalab uyqudan uyg‘ongach, nima demoq lozim?

Shaddod ibn Avs rivoyat qiladilar: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam: «Istig‘forning sayyidi (zo‘ri) — «Ollohumma anta rabbiy, lo iloha illo anta xalaqtaniy va ano abduka va ano alo ahdika va va’dika, mo-stata’tu abuu’u laka bini’matika va abuu’u laka bizanbiy, fa-g‘fir liy fa-innahu lo yag‘firu-z-zunuuba illo anta, a’uuzu bika min sharrin mo sana’tu» bo‘lib, uni o‘qib yotgan odam tunda vafot etib qolsa, jannatga kirgaydir (yokim ertalab turib o‘qisa-yu, kunduzi vafot etib qolsa ham jannati bo‘lg‘aydir)»,— dedilar». Duoning mazmuni: «Yo parvardigoro, sen rabbimdursen, meni o‘zing yaratgandursen, men sening bandangdurmen, men senga bergan ahdu va’damda turibdurmen. Ammo (o‘z vaqtida) menga ato etgan ne’matlaringni e’tirof qilib, senga shukronalar ayta olmadim va gunohlarimni bo‘ynimga ololmadim, meni mag‘firat qilg‘il, sendan bo‘lak gunohlarni mag‘firat qilg‘uvchi zot yo‘qdir, qilgan gunohlarim yomonlig‘idan o‘z panohingda asrag‘il!».

Huzayfa rivoyat qiladilar: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam uxlamoqchi bo‘lsalar, «Bismika Ollohumma amuutu va ahyo!» — der erdilar, uyg‘onganlarida ersa, «Al-Hamdu lillohi-l-laziy ahyono ba’da mo amotano va ilayhi-n-nushuur!» — der erdilar».

Abu Zarr raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam tunda o‘rinlariga yotsalar: «Ollohumma bismika amuutu va ahyo!»—der erdilar, uyg‘onganlarida ersa, «Al-Hamdu lillohi-l-laziy ahyono ba’da mo amotano va ilayhinnushuur!» — der erdilar». Duolarning mazmuni: Yo rabbiy, sening ismingni aytib o‘lg‘ayman va tirilg‘ayman!» va «Bizni o‘ldirgandan so‘ng qayta tiriltirgan Ollohga shukr, uning dargohiga qayta tirilib borg‘aymiz!».

Qayd etilgan


AbdulAziz  24 Aprel 2009, 11:25:09

16-bob. Namozda o‘qiladirgan duo haqida

Abu Bakr as siddiq raziyallohu anhu rivoyat qiladilarki, ul kishi Rasululloh sallallohu alayhi va sallamdan: «Namozimda o‘qimog‘im uchun bir duo o‘rgatingiz!» — deb iltimos qilibdilar. Shunda Janob Rasululloh: «Ollohumma inniy zalamtu nafsiy zulman kasiyran va lo yag‘firu-z-zunuuba illo anta, fa-g‘fir liy mag‘firatan min indika varhamniy, innaka antal-g‘afuuru-r-rahiymu»— deb aytg‘il!»,— debdilar. Duoning mazmuni: «Yo parvardigoro, darhaqiqat men (gunoh ishlar qilib) o‘zimga ko‘p zulm qildim, gunohlarni ersa sendan bo‘lak kechg‘uvchi zot yo‘qdir, meni kechirg‘il, mag‘firatingdan benasib qilmag‘il, menga rahm qilg‘il, mag‘firatli rahmdil zot o‘zing erursen!»

Oisha raziyallohu anho: «Olloh taoloning: «Va lo tajhar bisalotika va lo tuxofit biho!» — degan oyati karimasi duo haqida nozil bo‘lgandir» — deb aytgan erkanlar. Oyatning mazmuni: «Namozingni baland ovoz birlan ham, ovoz chiqarmay ham o‘qimag‘il!».

Abdulloh ibn Mas’ud raziyallohu anhu rivoyat qiladidar: «Biz namozda Ollohga salom, falonchiga salom, deb aytar erdik. Bir kuni Nabiy sallallohu alayhi va sallam Bizga: «Ollohning o‘zi Salomdir! Agar birortangiz namozda o‘ltirgan bo‘lsangiz, «Attahiyyot» ni «as-solihiyn» degan joyigacha o‘qingiz, shunday qilsangiz, Olloh taoloning yeru ko‘kdagi barcha solih bandalariga savobi tekkaydir. Shundan ko‘ng: «Ashhadu allo iloha illallohu va-shhadu anna Muhammadan abduhu va rasuluhu» — deb aytingiz, keyin hamdu sanolardan istaganingizni aytsangiz, bo‘laveradi»,— dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  24 Aprel 2009, 11:49:28

17-bob. Namozdan so‘ng o‘qiladirgan duo haqida

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: Yo Rasulalloh, boylar yuqori martabalarga hamda doimiy ne’matlarga ega bo‘ldilar»,— deyishdi odamlar. Janob Rasululloh: «Qanday qilib?» — dedilar. Odamlar: «Boylar biz kabi namoz o‘qishadi, biz singari jihod qilishadi va mol-dunyolaridan sadaqalar berishadi. Ammo, bizda ersa sadaqa qilg‘ulik hech vaqo yo‘qdir»,— deyishdi. Janob Rasululloh: «Sizlarga shunday bir ishni o‘rgatayki, uni qilib o‘zingizdan oldindagilarga yetib olingiz, ketma-ket kelayotganlardan ersa o‘zib ketingiz! Agar mening aytganimni qilsangiz, sizga hech kim tenglasha olmagay, faqat siz qilgan ishni qilganlargina tenglashmog‘i mumkindir. Har namozning so‘ngida o‘n marta «Subhonalloh», o‘n marta Alhamdulilloh» va o‘n marta «Ollohu akbar» deb aytingiz!»—dedilar». Mug‘iyra ibn Shu’baning mavlosi (ozod qilingan quli) — Varrod rivoyat qiladilar: «Mug‘iyra raziyallohu anhu Muoviya ibn Abu Sufyonga maktub yozib, unda Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning har namozning so‘ngida (ikki yelkalariga) salom berganlaridan keyin: «Lo iloha illallohu vahdahu, lo shariyka lahu, lahu-l-mulku va lahu-l-hamdu va huva alo kulli shay’in qadiyr. Ollohumma lo moni’a limo a’tayta va lo mu’tiya limo mana’ta valo yanfa’u zo-l-jaddi minka-l-jaddu» — deb aytishlari haqida xabar berdi». Duoning mazmuni: «Ollohdan boshqa tangri yo‘qdir, uning yolg‘iz o‘zigina mavjuddir, uning Sherigi yo‘qdir, jamiki mulk unikidir, barcha maqtovlar unga xosdir va u har bir narsaga qodirdir! Yo parvardigoro, ato qilmoqni istagan narsangga mone’lik qila olarsan hamda sen ato qilmoqni istamagan narsani beraoladirgan zot yo‘qdir, sening dargohingda mol-dunyoga ega bo‘lganlar ermas, balkim senga toat-ibodat qilganlar obro‘-e’tibor qozong‘aylar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  24 Aprel 2009, 11:49:44

18-6o6. Olloh taoloning «Ularga (o‘zingdan boshqalarga Ollohdin) rahmat tila!» degan qavli xususida hamda o‘zini qo‘yib, birodarining sha’niga Olloh taolodin rahmat tilab duo qilgan kishi haqida

Abu Muso rivoyat qiladilar: «Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Yo parvardigoro, Ubayd Abu Omirning gunohini kechirgil, yo parvardigoro, Abdulloh ibn Qaysning gunohini kechirg‘il!» —- deb duo qildilar».

Salama ibn al-Akva’ rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam birlan birga Xaybarga bordik. Shunda odamlardan biri: «Yo Abu Omir, (rajaz vaznidagi) she’rlaringdan bizga aytib bersangchi!»— deb iltimos qildi. U tuyasidan tushib: «Olloh haqi. Olloh bo‘lmaganda biz hidoyat topmas erdik!-deb she’r aytdi. Keyin, yana bashqa she’rlar ham aytib erdi, lekin mening yodimdan ko‘tarilibdi. Janob Rasululloh: «Bu tuyabon kimdir?» — dedilar. «Omir ibn al-Akva’» — deb javob qilishdi. Janob Rasululloh: «Olloh taolo uni rahmat qilsin!» — dedilar. Odamlardan biri: «Yo Rasulalloh, bizni ham duo qilingiz!» — dedi. Keyin, qavm saf tortib, jangga kirdi. Kech kirgach, odamlar ko‘plab gulxan yoqishdi, Janob Rasululloh buni ko‘rib: «Bu qanday o‘t bo‘ldi, nega o‘t yoqmoqdalar?» — dedilar. Odamlar: «Xonaki eshakning go‘shtini pishirmoq uchun»,— deb aytishdi. Janob Rasululloh: Qozonlarni ag‘darib, so‘ng sindirib tashlangiz!» — dedilar. Bir kishi: «Yo Rasulalloh, qozonlarning ichidagini to‘kib, yuvib tashlasak bo‘lmaydimi?» —dedi. Janob Rasululloh: «Yokim shunday qilingiz!»—dedilar».

Ibn Abu Avfo raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: Nabiy sallallohu alayhi va sallam biror kishi zakot olib kelsa «Yo parvardigoro, falonchining ajdod-avlodlarini yorlaqagaysan!» — der erdilar. Bir kuni otam ham zakot olib kelib erdilar: «Yo parvardigoro, Abu Avfoning ajdod-avlodlarini yorlaqagaysen» - dedilar .

Jarir rivoyat qilidilar: Rasululloh sallallohu alayhi va sallam menga: «Meni Zulxulaysadan qutqarmagaymisen?»—dedilar. (Zulxulaysa «Al-Ka’ba al-Yamoniy - deb ham atalib, Qora Toshni o‘rab qurilgan to‘rtburchak binodan iborat bo‘lgan. Quraish qabilasi islomdan avval o‘shanga sig‘ingan. Keyin, Nabiy sallallohu alayhi va sallam uni butparastlardan tozalaganlar). Men: «Yo Rasulalloh, men ot ustida mahkam o‘ltiraolmaydirgan bir odam bo‘lsam, qo‘limdan nima ham kelardi?!—dedim. Janob Rasululloh ko‘kragimga nuqib: «Yo parvardigoro, uni sabotli va hidoyatli qilg‘ilkim, o‘zgalarni ham hidoyatga yetaklovchilardin qilsin!»—dedilar. So‘ng, men ellik minglik eng jasur qavmdoshlarim birlan Zulxulaysaga borib, o‘t qo‘ydimda, qaytib kelib Janob Rasulullohga: «Yo Rasulalloh, Olloh talo haqi, men uni qo‘tir tuyaga o‘xshatib keldim!" — deb aytdim». Janob Rasululloh uning jasoratiga tahsinlar aytib, otliq sheriklarining ham haqqiga duo qildilar»,— deydilar Imom Buxoriy.

Anas Ibn Molik rivoyat qiladilar: «Ummu Sulaym Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga: «Anas sizning xizmatkoringizdir (ya’ni, uni sizning xizmatingizga topshirdim)»,— dedi. Janob Rasululloh: «Yo parvardigoro, uni badavlat va serfarzand qilib, unga ato etadirgan ne’matlaringga baraka berg‘aysen!» — deb duo qildilar».

Oisha raziyallohu anho rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bir odamni masjidda qiroat qilayotganini eshitib: «Olloh taolo uni yarlaqasin, u falon va falon suralardagi yodimdan chiqqan oyatlarni esimga soldi!» — dedilar».

Abdulloh ibn Mas’ud rivoyat qiladilar: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam o‘ljalarni taqsimladilar. Shunda bir kishi: «Olloh taolo haqi, men bunday taqsimlanganidan noroziman!» — dedi. Men Janob Rasulullohni uning bu gapidan xabardor qilib erdim, shu qadar g‘azablandilarki, hatto buni men yuzlaridan bilib oldim. Ul zot: «Olloh taolo Musoni rahmat qilsin, unga bundan ham og‘irroq ozor berishganda, sabr qilgan erdi!» — dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  24 Aprel 2009, 11:49:59

19-bob. Duoni saj’ bilan (qofiyali qilib) aytmoq makruhdir!

Ibn Abbos bunday deydilar: «Har jum’ada odamlarga marta so‘zlag‘il, agar bu ham desang, ikki marta yokim o‘n birlan uch marta so‘zlag‘il. Odamlarni Qur’ondan bezdirib qo‘ymag‘il. Borib-borib ular zerikkanlaridan idingga kelmay qo‘yishadi. Lekin o‘zlari xohlab senga yurishsa, gapiraver, lekin duoni saj’ birlan aytishdan qochg‘il! Men Rasululloh sallallohu alayhi va sallam birlan sahobalarining duoni saj’da aytmasliklarini bilurman».

Qayd etilgan


AbdulAziz  24 Aprel 2009, 11:50:11

20-bob. Olloh taolodin qat’iy ishonch birlan so‘rasin, u rad etmaydi!

Anas ibn Molik rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Birortangiz duoda tilak tilasangiz, qat’iy ishonch birlan tilayveringiz, «Yo parvardigoro, istasang, menga (biror ne’mat) ato etg‘aysen!» — deb noumidlik qilmangiz, darhaqiqat, u rad etmag‘aydir!» — dedilar».

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Birortangiz: «Yo parvardigoro, istasang, meni mag‘firat qilg‘il, yo parvardigoro, istasang, menga rahm qilg‘il!»—deb aytmangiz, undan qat’iyat birlan so‘rayveringiz, darhaqiqat, u rad etmag‘aydir!»— dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  24 Aprel 2009, 11:50:24

21-bob. Banda oshiqmasa, tilagi mustajob bo‘lg‘aydir!

Abu Hurayra rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Ollohdin duoda tilak tilab erdim, mustajob bo‘lmadi» — deb oshiqmasangiz, tilagingiz mustajob bo‘lg‘aydir!»—dedilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  24 Aprel 2009, 11:50:38

22-6ob. Duoda ikki qo‘lni ko‘tarib (ochib) tilak qilmoq haqida

Abu Muso al-Ash’ariy: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam ikki qo‘llarini ko‘tarib (ochib) duo qildilar, shunda men qo‘ltiqlarining oppoqligini ko‘rdim»,— deydilar.

Ibn Umar: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam ikki qo‘llarini ko‘tarib (ochib): «Yo parvardigoro, Xolidning gunohlarini kechirgaysen!» — dedilar».

Yahyo ibn Sa’id va Shariyk ikkalalari Anas ibn Molikning: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam qo‘llarini ko‘tarib duo qildilar, hatto men ko‘ltiqlarining oppoqligini ko‘rdim» — deb aytganini eshitgan erkanlar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  24 Aprel 2009, 11:50:49

23-bob. Qiblaga qaramay duo qilmoq haqida

Anas ibn Molik rivoyat qiladilar: «Jum’a kuni Rasululloh sallallohu alayhi va sallam va’z aytayotgan erdilar, bir odam o‘rnidan turib: «Yo Rasulalloh, duo qilib Olloh taologa iltijo qilingiz, bizga yomg‘ir bersin!» — dedi. Janob Rasululloh duo qilib erdilar, osmonni bulut bosib, shunday yomg‘ir quyib berdiki, hatto uylarimizga arang yetib oldik. Yomg‘ir kelasi jum’agacha tinmadi. Shunda o‘sha odam yokim boshqa bir odam o‘rnidan turib: «Yo Rasululalloh, Olloh taolodin so‘rangiz, yomg‘irni to‘xtatsin, g‘arq bo‘layozdik-ku!» —dedi. Janob Rasululloh: «Yo parvardigoro, atrofimizga yog‘dirg‘il, ustimizga yog‘dirmag‘il!» — deb duo qilib erdilar, bulutlar parchalanib Madina atrofiga tarqalib ketdi, shahar ahli ustiga yog‘madi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  24 Aprel 2009, 11:51:01

24-bob. Qiblaga qarab duo qilmoq haqida

Abdulloh ibn Zayd rivoyat qiladilar «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Olloh taolodin yomg‘ir so‘ramoq niyatida mana shu musallo (namoz o‘qiydirgan joy)ga chiqdilar, so‘ng qiblaga yuzlandilarda, ridolarini tuzatib oldilar».

Qayd etilgan