34-bob. Vijdon (halollik)ning yo‘qolib ketmog‘i haqida
Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Halollik yo‘qolib ketganda qiyomat bo‘lmog‘ini kutavergil!»—dedilar. «Halollik qay tariqa yo‘qolib ketgaydir?»— deb so‘rashdi. Janob Rasululloh: «Ish noloyiq odamlarga topshirilganda qiyomat bo‘lmog‘ini kutaverg‘il!»—deb javob qildilar».
Hurayra rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bizga ikki hadis aytdilar, birining amalga oshganining shohidi bo‘ldim, ikkinchisining bo‘lmog‘ini kutib yuribdurmen. O’shanda Janob Rasululloh bizga vijdon (halollik)ning kishilar qalb tomirlarida nozil qilingani, so‘ng kishilar Qur’on va sunnatni o‘rganganliklari hamda vijdonning yo‘qolib ketmog‘i haqida so‘zlab bunday degan erdilar: «Kishi bir uxlab turganda qalbidagi vijdoni chiqib ketib, o‘rnida bir rangsiz narsadagi nuqtadek iz qolgaydir, so‘ng yana bir uxlab turgach, qolgani ham chiqib ketib, cho‘g‘ni yalang oyog‘ing birlan tepib yuborganingda hosil bo‘ladirgan qabariqdek nuqta qolg‘aydir, keyin ersa pufakcha paydo bo‘lganini yokim hech narsa qolmaganini ko‘rgaydursen. Keyin, odamlar o‘zaro ahdlashadirlaru, ammo birortalari bunga amal qilmaydirgan bo‘lib qoladilar. Shunda falon qavmda halolu pok kishi bor ermish, u qanchalar dono, xushnamo va matonatli ermish deb so‘zlaydirgan bo‘lishgaydir, ammo haqiqatda ersa, ul odamning qalbida xardal urug‘ichalik ham iymon bo‘lmagaydir». Hozir shunday zamonda yashamoqdadurmenkim, barchangiz birlan bay’atlashavergaymen (ahdlashavergaymen), bay’atlashguvchi islomga sodiq musulmonmi yokim o‘z voliysiga vafodor nasroniymi, buning ahamiyati yo‘qdur. Ammo, shunday ersada, bugun men falon va falon kishilar birlangina ahdlashgan bo‘lur erdim!».
Abdulloh ibn Umar rivoyat qiladilar: «Men Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning «Odamlar bamisoli orasida birorta ham minishga yaroqlisi yo‘q yuzta tuyaga o‘xshaydir!» — deb aytganlarini eshitganmen».