Imom al-Buxoriy. Al-jome' as-sahih (4-jild)  ( 496963 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 44 45 46 47 48 49 50 51 52 53 54 ... 96 B


AbdulAziz  25 Aprel 2009, 20:36:00

37-bob. Tavoze’ haqida

Anas ibn Molik rivoyat qiladilar: «Nabiy sallallohu alayhi va sallamning Al-Azbo’ degan tuyalari bo‘lib, biror marta ham poygada yengilmagan erdi. Bir a’robiy yosh bir tuya minib kelib, undan o‘zib ketdi. Bundan ranjigan musulmonlar: «Al-Azbo’ yutqazib qo‘ydi!» — deyishdi. Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Bu dunyodagi biror narsani obro‘sizlantirmoqqa faqat Olloh, taoloning O’zigina haqlidur!» — dedilar.

Abu Hurayra rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallhu alayhi va sallam: «Olloh taolo bunday deydi»,— dedilar: «Kimda kim menga do‘st bo‘lmish bandamga dushmanlik qilgaydir, men unga urush e’lon qilg‘aydurmen! Bandam mening uchun eng mahbub bo‘lmish men unga farz qilgan narsa menga yaqin bo‘lmadi, agar bandam nafl toat-ibodatlar birlan menga yaqin bo‘lmoqda davom etgaydir, men uni yaxshi ko‘rgaydirmen. Men agar biror bandamni yaxshi ko‘rib qolgaydirmen, uning eshitmog‘i uchun quloq, ko‘rmog‘i uchun ko‘z, ishlamog‘i uchun qo‘l, yurmog‘i uchun oyoq bo‘lgaymen, ul mendan biror narsa tilagaydir, tilagini ravo qilgaydirmen, mendan panoh tilagaydir, panoh bergaydirmen. Men o‘limni yoqtirmaydirgan mo‘minning jonini olmoqqa ikkilanmaganimdek biror narsa xususida ikkilanmagaydirmen, uni darhol bajargaydirmen, men bandamga yomonlikni ravo ko‘rmagaydirmen».

Qayd etilgan


AbdulAziz  25 Aprel 2009, 20:36:38

38-bob. Nabiy sallallohu alayhi va sallamning «Men payg‘ambar qilib yuborilganimda qiyomatning manavi ikki barmog‘im orasini ochib yopganimchalik tez fursatda sodir bo‘lib o‘tmog‘i ayon qilindi, Olloh taolo: «Qiyomatning ishi ko‘z ochib yumgunchalik yokim shunga yaqin fursatda sodir bo‘lib o‘tgaydir, Olloh barcha narsaga qodirdur!» — deydi» deb aytganlari xususida

Sahl rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Men payg‘ambar qilib yuborilganimda qiyomatning mana bunday (tez fursatda bo‘lib o‘tmog‘i ayon qilindi)» — deb ikki barmoqlarini ayri qilib ko‘rsatdilar».

Anas ibn Molik rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Men payg‘ambar qilib yuborilganimda qiyomatning manavi ikki (barmog‘im orasini ochib yopganimchalik tez fursatda sodir bo‘lib o‘tmogi ayon qilindi)», — dedilar».

Abu Hurayra rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Men payg‘ambar qilib yuborilganimda Qiyomatning manavi ikkitaning, ya’ni ikki barmog‘imning (orasini ochib yopganimchalik tez fursatda bo‘lib o‘tmog‘i ayon qilindi)» — dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  25 Aprel 2009, 20:37:19

39-bob.

Abu Hurayra rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday deb aytdilar: «Quyosh botadirgan tomonidan chiqmaguncha qiyomat bo‘lmag‘aydir. Quyoshning o‘sha tomondan chiqqanini ko‘rgan barcha odamlar iymon keltira boshlagaydirlar, ammo endi, ularning iymon keltirganlaridan foyda bo‘lmagaydir, chunkim ular bundan ilgariroq iymon keltirmagandirlar va iymonli bo‘lib biror xayriyatga zrishmagandirlar. Qiyomat shul qadar tez sodir bo‘lg‘aydirkim, hatto sotmoq bo‘lib kiyimlarini bir ariga yoyib ko‘rsatib turgan ikki kishi savdolashib ham, uni o‘rab berib ham ulgurmagaydir. Qiyomat shul qadar tez sodir bo‘lg‘aydirkim, hatto kishi tuyasini sog‘ib, sutini icholmay qolgaydir. Qiyomat shul qadar tez sodir bo‘lgaydirkim, xatto kishi hovuzchasiga suv to‘ldirmoq bo‘lib ariqning suvini to‘sib ulgurmagaydir. Qiyomat shul qadar tez sodir bo‘lgaydirkim, hatto kishi qo‘liga taom olib, og‘ziga solib ulgurmagaydir!»

Qayd etilgan


AbdulAziz  25 Aprel 2009, 20:37:45

40-bob. Kimdakim Olloh taoloning visolini ko‘rmoq orzusida ersa, Olloh taolo ham uni ko‘rmoqni istagaydir!

Uboda ibn as-Somit rivoyat qiladilar «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Kimdakim Olloh taoloning visolini ko‘rmoq istagida ersa, Olloh taolo ham uni ko‘rmoqni xohlagaydir. Kimdakim Olloh taoloning visolini ko‘rmoqni istamagaydir, Olloh taolo ham uni ko‘rmoqni xohlamagaydir»,— dedilar. Shunda Oisha onamiz yokim ul zotning zavjai muhtaramalaridan biri: «Darhaqiqat, biz o‘lmoqni istamag‘aydirmiz»,— dedilar. Janob Rasululloh: "Yo‘q, unday ermas! Ammo, mo‘min odam uchun, qoshiga o‘lim kelib, Olloh taoloning rizoligi hamda marhamatidan bashorat qilinganda, oldida turgan o‘limdan ko‘ra suyukliroq narsa bo‘lmagaydir va ul Olloh taoloning visolini ko‘rmoqni istab qolgaydir, Olloh taolo ham uni ko‘rmoqni xohlagaydir. Kofir uchun ersa, qoshiga o‘lim kelib Olloh taoloning azob-uqubatidan bashorat qilinganda, oldida turgan o‘limdan ko‘ra yomonroq narsa bo‘lmagaydir va ul Olloh taoloning visolini ko‘rmoqni istamagaydir, Olloh taolo ham uni ko‘rmoqni xohlamagaydir»,— dedilar».

Abu Muso al-Ash’ariy rivoyat qiladilar: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam: «Kimdakim Olloh taoloning visolini ko‘rmok istagida ersa, Olloh taolo ham uni ko‘rmoq istagida bo‘lgaydir, kimdakim Olloh taoloning visolini ko‘rmoqni xohlamagaydir, Olloh taolo ham uni ko‘rmoqni xohlamagaydir», — dedilar».

Nabiy sallallou alayui va sallamning zavjai muhtaramalari — Oisha onamiz rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam sog‘-salomat yurgan chog‘larida: hech qaysi payg‘ambarning jannatdagi joyi ko‘rsatilmay turib, joni olinmagaydir»,— dor erdilar. Bemor bo‘lib qolganlarida muborak boshlari tizzamga qo‘yilgan holda muncha vaqt behush yotdilar, so‘ng o‘zlariga kelib shiftga qilgancha: Ollohumma ar-rafiyq al-a’lo»,— dedilar. undan men bildimki, bizni ko‘rmoqqa ixtiyorlari bo‘lmay, o‘sha o‘zlari bizga aytib yurgan gaplari mana shu erkan: «Mo‘min odam uchun qoshiga o‘lim kelib, Olloh taoloning rizoligi hamda marhamatidan bashorat qilinganda, oldida turgan o‘limdan ko‘ra suyukliroq narsa bo‘lmagaydir», — deb aytgan gaplari). «Ollohumma ar-rafiyq al-a’lo!» Janob Rasulullohning eng so‘nggi aytgan so‘zlari bo‘ldi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  25 Aprel 2009, 20:38:16

41-bob. O’lim talvasasi haqida

Oisha onamizning ozod qilgan qullari — Abu Ajr Zakvon rivoyat qiladilar: «Oisha raziyallohu anho bunday der erdilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning ro‘paralarida suvi bor bir qahvajo‘sh (yokim, «Quticha bo‘lsa kerak»,— deydilar Hazrat Umar) bo‘lib, ichiga qo‘llarini tiqib, namini yuzlariga surtar erdilarda, nuqul: «Ollohdin o‘zga tangri yo‘qdir, o‘limning talvasalari mavjuddir!»—der erdilar. So‘ng, qo‘llarini fotihaga ko‘tarib, «Ar-Rafiyq al-a’lo!» deb takror-takror aytaverdilar, hatto jon taslim qilganlarida qo‘llari fotihaga ko‘tarilgancha qoldi».

Oisha raziyallohu anho rivoyat qiladilar: «Bir guruh badaviylar oyoq yalang holda Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning huzurlariga kelib, nuqul: «Qiyomat qachon bo‘lgaydir?» — deb so‘rayverdilar. Shunda Janob Rasululloh ulardan eng yoshiga qarab: «Olloh taolo mana shunga umr bersa, ul qarimay turib sizlarning qiyomatingiz bo‘lgaydir»,— dedilar. (Hishom: «Ya’ni, o‘lgaydirlar»,— deydilar)».

Qatoda ibn Ruv’iy al-Ansoriy bunday der erdilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning yonlaridan bir janoza o‘tib erdi, ul zot: «Mustariyh va mustaroh minhu»,— dedilar. Shunda odamlar: «Mustariyh va mustaroh minhu ne demakdir?» — deyishdi. Janob Rasululloh: «Mo‘min banda bu dunyo azob-uqubatlaridan qutulib, Olloh taolo azza va jallaning rahmatig‘a sazovor bo‘lgach, rohat topgaydir. Nopok (osiy) bandadin ersa boshqa bandalar, shaharlar, daraxtlar va hayvonlar qutulib, rohatlangaydir", — dedilar?..

Ibn Ka’b Abu Qatodadan naql qiladilar: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam «Mustariyh va mustaro minhu, al-mu’min yastariyh»,— dedilar (ya’ni, mo‘min banda bu dunyo azoblaridan qutulib rohat topadi, osiy bandadan ersa boshqalar qutulib, rohat topadi, mo‘min banda rohat topgaydir)».

Anas ibn Molik bunday der erdilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Mayyitga uch narsa ergashib, undan ikkisigina qaytib, birigina o‘zi birlan qolgaydir: unga bola-chaqalari, boyligi hamda qilgan ishlari ergashib borgaydir, ammo bola-chaqalari, birlan, dunyosigina ortga qaytg‘aydir, o‘zi birlan ersa birgina qilgan ishlarigina qolg‘aydir»,— dedilar».

Ibn Umar rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu mayhi va sallam: «Birortangiz o‘lsangiz, qabringizda erta-yu kech jannatmi, do‘zaxmi, borar joyingiz ko‘rsatib kirilgaydir va: «Qiyomatda, qayta tirilganingdan so‘ng, borar joying ana shuldir!» — deyilgaydir», — dedilar. Oisha raziyallohu anho rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «O’lganlarni so‘kmangizlar, chunkim ular qilmishlariga (javob bergali) ketdilar!» — dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  25 Aprel 2009, 20:38:48

42-bob. Qiyomatda sur (karnay) chalinmog‘i haqida

Abu Hurayra rivoyat qiladilar: «Ikki kishi, biri — musulmon, ikkinchisi — yahudiy o‘zaro so‘kishib qoldi. Musulmon: «Olloh taolo Muhammad alayhissalomni butun dunyoga mustafo (muxtor) qilib yuborgandur! — dedi. Yahudiy ersa: «Olloh taolo Musoni butun dunyoga mustafo (muxtor) qilib yuborgandur! — dedi. Shunda musulmonning g‘azabi kelib, yahudiyning yuziga bir shapaloq urdi. Yahudiy Janob Rasulullohking huzurlariga borib ikki o‘rtada bo‘lib o‘tgan gapni aytib, shikoyat qildi. Janob Rasululloh: «Meni Musodin yuqori qo‘ymangizlar! Qiyomat kuni odamlar (sur ovozidan) boxush bo‘lib yiqilgaydirlar, shunda men, Muso Arsh yonida turganida, birinchi bo‘lib o‘zimga qolgaydirmen. Balkim, ul ham barcha barobar behush bo‘lib, mendan ilgari o‘ziga kelgandir yokim ul Olloh taolo istisno qilganlardandir, buni bilmagaydirmen», — dedilar».

Abu Hurayra rivoyat qiladilar: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam «(Sur chalingach), odamlar behush bo‘lib yiqilar, men ersam Muso Arsh yonida turganida birinchi bulib o‘zimg‘a kelg‘aydirmen. Balkim, ul ham barcha barobar behush bo‘lgandir, buni bilmagaydirmen»,— dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  25 Aprel 2009, 20:39:03

43-bob. (Qiyomat kuni) Olloh taolo yerni (qo‘li birlan) ezgaydir!

Abu Hurayra rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «(Qiyomat kuni) Olloh taolo yerni ezib, osmonni o‘ng (qo‘li) birlan bukib tashlagaydirda, «Men podshohdurmen, yerning podshohlari qaerdadir?» deb so‘raydir — dedilar.

Abu Sa’id al-Xudriy rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Qiyomat kuni yer bitta non zuvalasi kabi bo‘lib, safarda siz hamir qorib zuvala qilganingiz yanglig‘ Olloh taolo uni qo‘li birlay zuvala qilgaydir, so‘ng jannat ahliga taom qilib yo‘llagaydir», — dedilar (ya’ni, Olloh taolo yer tarkibini o‘z qudrati ila o‘zgartirib, yegulik holiga keltirgaydir). Shu asnoda bir yahudiy kelib «Yo Abulqosim, Olloh, taolo sizga barakot ato qilsin! Qiyomat kuni jannat ahliga yuboriladigan yegulik haqida sizga aytib berayinmi?» — dedi. Janob Rasululloh: «Ha, aytgil!» — dedilar. Yahudiy: «Ha, to‘g‘ri, Nabiy sallallohu alayhi va sallam aytganlaridek qiyomat kuni yer bitta non zuvalasi kabi bo‘lgaydir»,— dedi. Shunda Nabiy sallallohu alayhi va sallam bizga bir kulib qarab qo‘ydilar, hatto muborak oziq tishlari ko‘rinib ketdi, so‘ng: «Uni xushxo‘r qilg‘uvchi xurushlari haqida senga aytib berayinmi? U lom va nun birlan xushxo‘r bo‘lg‘aydir»,— dedilar. Sahobalar: «U nedir?»— deyishdi. Janob Rasululloh: «Ho‘kiz va nahang bo‘lib, ularning jigar o‘simtasidan yetmish ming kishi yegaydir»,— dedilar».

Sahl ibn Sa’d rivoyat qiladilar: «Men Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning «Qiyomat kuni odamlar toza undan qilingan nondek tufrogi oppoq joyda to‘plangaydirlar» deb aytganlarini ko‘p eshitganmen».

Qayd etilgan


AbdulAziz  25 Aprel 2009, 20:39:19

44-bob. Odamlar mahsharga qay tariqa to‘plangaydir?

Abu Hurayra rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «(Qiyomat kuni) odamlar (Olloh taoloning visolini tezroq ko‘rmoqni) ishtiyoq qilib, qo‘rqqanlaridan titrab-qaqshab bir tuyaga ikkitadan, uchtadan, to‘rttadan va o‘ntadan mingashib olgan holda uch tariqa mahsharga to‘plangaydirlar, qolganlari ersa jahannamga yig‘ilib, tunu kun yotadirgan joylari o‘t bo‘lgaydir, tong ottirsalar ham, kunni kech qilsalar ham, hamisha o‘t ichida qolgaydirlar», — dedilar».

Anas ibn Molik rivoyat qiladilar: «Bir odam: «Yo Rasululloh, kofir qanday qilib mahsharga yuzi birlan yurib kelgaydir?» — dedi. Janob Rasululloh «Bu dunyoda insonni oyog‘i birlan yurgizmoqqa qudrati yetgan zotning qiyomat kuni uni yuzi birlan yurgizmoqqa qudrati yetmagaydirmi?» — dedilar».

Ibn Abbos rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Qiyomat kuni sizlar yalangoyoq, yalang‘och, piyoda va xatna bo‘lmagan qolda Olloh taologa bo‘lgaydirsizlar».— dedilar.

Sa’id ibn Jubayr Ibn Abbosdan naql qiladilar: «Men Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning minbarda turib: «Qiyomat kuni sizlar yalangoyoq, yalang‘och va xatna bo‘lmagan holda Olloh taologa ro‘baro‘ bo‘lgaydirsizlar»,—deganlarini eshitganmen».

Abbos rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu va sallam bizga va’z aytayotib bunday dedilar: qiyomat kuni sizlar yalangoyoq, yalang‘och va xatna qilinmagan mahsharga to‘plangaydirsizlar. Bu xususda Olloh taolo o‘z oyati karimasida: «Dastlab qay holda yaratgan ersa o‘sha holda tiriltirgaydurmiz», — deydi. Qiyomat kuni xaloiqdan birinchi bo‘lib Ibrohim xalilullohga kiyim kiydirilg‘aydir va ul kishi mening ummatimga mansub kishilar birlan keltirilib, chap tomonga turg‘azib qo‘yilg‘aydir. Men ularni ko‘rib: «Yo rabb bechora sahobaginalarimey!» — deydirmen. Shunda Olloh taolo: «Ularning sendan keyin ne qilgonlarin bilmassen!» — degaydir. Men bir bandai solih kabi (ularning yonini olib) gapirg‘aymen. Shunda menga javoban: «Ular ortlariga qaytishda (gunoh qilmoqda) davom etgandirlar», — deyilgaydir».

Oisha raziyallohu anho rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam «Sizlar mahsharga yalangoyoq, yalang‘och va xatna bo‘lmagan holda to‘plang‘aydursizlar»,— dedilar. Shunda men: «Yo Rasulalloh, erkaklar birlan ayollar bir-birlariga shu ahvolda ro‘baro‘ bo‘ladirlarmi?» — dedim. Janob Rasululloh: «O’shal kun odamlar shunday ahvolga tushib qoladirlarki, ularning bu narsalarga e’tibor bermakka mayllari qolmag‘aydir!»—dedilar».

Abdulloh ibn Mas’ud rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam birlan birga chodirda o‘ltirgan erdik. Shunda Janob Rasululloh bizga: «Ahli jannatning to‘rtdan bir qismi sizlardan iborat bo‘lmog‘iga rozi bo‘lg‘aydirsizlarmi?» — dedilar. Biz: «Ha» —dedik. Janob Rasululloh: «Ahli jannatning uchdan bir qismi sizlardan iborat bo‘lmog‘iga rozi bo‘lg‘aydirsizlarmi?» — dedilar. Biz: «Ha!»—dedik. Janob Rasululloh: «Ahli jannatning yarmi sizlardan iborat bo‘lmog‘iga rozi bo‘lg‘aydirsizlarmi?» — dedilar. Biz: «Ha!» — dedik. Janob Rasululloh: «Muhammadning joni qo‘lida bo‘lgan zot nomi birlan qasamyod qilg‘aydirmenkim, men sizlarning jannat ahliiing yarmini tashqil qilmog‘ingizdan umidvormen, chunkim jannatga musulmon ruhdan o‘zgasi kirmagaydir. Sizlar mushriklar orasinda go‘yokim qora ho‘kiz junlari aro oppoq yokim qizil ho‘kiz junlari aro qop-qora tuklar monanddursizlar»,— dedilar».

Hurayra rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Qiyomatda birinchi bo‘lib Odam alayhissalom chaqirilg‘aydirlar, shundan so‘ng ul kishidan tarqalgan zurriyotlar zohir bo‘lib, ularga «Bu — otangiz Odam alayhissalomdir»,— deyilgaydir. ul kishining zurriyotlari: «Labbay, xizmatingizga hozirdurmiz!» — degaylar. Olloh taolo Odam alayhissalomga: «Zurriyotlaringdan do‘zaxiylarini ajratib bergil!»—degaydir. Odam alayhissalom: «Yo rabb, qanchasini ajratayin?» — degaydirlar. Olloh taolo: «Har yuztasidan to‘qson to‘qqiztasini ajratgil!» — degaydir». Odamlar: «Yo Rasulalloh, agar bizning har yuz nafarimizdan to‘qson to‘qqiztasini ajratsalar, unda qanchamiz qolgaymiz?» —deyishdi. Janob Rasululloh: «Mening ummatlarim boshqa ummatlar orasinda qora ho‘kiz junlari aro oppoq tuklarga monanddir!» — deb javob qildilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  25 Aprel 2009, 20:39:39

45-bob. Olloh taoloning «Qiyomat kunining zilzilasi buyuk ishdir!» degan qavli xususida

Abu Sa’id al-Xudriy rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Olloh taolo: «Yo Odam!» — deydi. Odam alayhissalom: «Labbay, hamisha men xizmatingga tayyor va ilgingdadur xayriyat bisyor!» — deydilar. Olloh taolo: «Do‘zaxiylarni ajratg‘il!» — deydi. Odam alayhissalom: «Do‘zaxiylar qanchadir?»—deydilar. Olloh taolo: «Har mingtadan to‘qqiz yuz to‘qson to‘qqiztasi»,— deydi. Shunda odamlar yoshlarning sochi oqarib ketguday va har qanday homilador homilasini tashlaguday ahvolga tushg‘aydirlar, ular ichkilik ichmay turib mastu devona bo‘lg‘aydirlar, ammo-lekin Olloh taoloning azobi nihoyatda qattig‘ bo‘lg‘aydir!». Bu gaplarni eshitib ta’blari tirriq bo‘lgan sahobalar: «Yo Rasulalloh, o‘sha jannatga tushadirgan bir kishi qaysi birimizdir?»—deyishdi Janob Rasululloh: «Sizlarga ilgari bashorat qilingan kim, Ya’juj va Ma’jujdan ming kishi, sizlardan bir kishi»,— dedilar. (Ya’ni, payg‘ambarimizga zamondosh ummatning har mingtasidan to‘qqiz yuz to‘qson to‘qqiztasi jannati va bittasi do‘zaxi bo‘lgan chog‘da ul zotdan ilgarigi hamda keyingi barcha ummatlarning har mingtasidan to‘qqiz yuz to‘qson to‘qqiztasi do‘zaxi va bittasi jannati bo‘lg‘aydir. Yana, Olloh taoloning o‘zi yaxshiroq bilg‘aydir!). So‘ng «Jonim ilgida bo‘lmish zot nomi birlan qasamyod qilg‘aydurmenkim, men sizlarning jannat ahlining uchdan birini tashkil qilmog‘ingizdan umidvormen!» — dedilar. Shunda biz yengil tortib, Olloh taologa hamdu takbir aytdik. Keyin, Janob Rasululloh: «Jonim ilgida bo‘lgan zot nomi birlan qasamyod qilg‘aydurmenkim, men sizlarning jannat ahlining yarmini tashqil qilmog‘ingizdan umidvormen, sizlar ummatlar aro, go‘yokim, qora ho‘kiz terisidagi oppoq tuklar yokim eshak oyog‘idagi oppoq xolsizlar!» - dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  25 Aprel 2009, 20:39:55

46-bob. Olloh taoloning «Ular insonlar Olloh taoloning qat’iy hukmini eshitmoqlari uchun qabrlaridan tik turadirgan kun bo‘lmish buyuk kun tufayli qayta tiriltirilajaklari haqida o‘ylaydilarmi?!» degan qavli xususida

Ibn Abbos: «Hayot vositalari uzildi, degani — bu dunyodan nasibasi uzildi, demakdir»,— deydilar.

Ibn Umar rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Insonlar Olloh taoloning qat’iy hukmini eshitmoqlari uchun qabrlaridan tik turadirgan kuni qaysi biringizdir quloqlaringizning yarmiga qadar terga botib qabringizdan turg‘aysiz», — dedilar».

Abu Hurayra rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Qiyomat kuni insonlar shul qadar ko‘p terlaydirkim, hatto terlari yetmish gaz chuqurlikda yerga singib, quloqlariga qadar chiqg‘aydir», — dedilar».

Qayd etilgan