51-bob. Sirot — jahannam ko‘prigi xususida
Abu Hurayra rivoyat qiladilar: «Bir guruh odamlar: Yo Rasulalloh, qiyomat kuni rabbimizni ko‘ramizmi?» deb so‘rashdi. Janob Rasululloh: «Bulutsiz kuni quyoshdan zarar ko‘rurmisizlar?!» — dedilar. Ular: «Yo‘q, aslo, yo Rasulalloh!»—deyishdi. Janob Rasululloh «Bulutsiz tunda oydan zarar ko‘rurmisizlar!» — dedilar. Ular «Yo‘q, aslo, yo Rasulalloh!» — deyishdi. Janob Rasululloh bunday dedilar: «Sizlar qiyomat kuni rabbingizni ko‘rib, ana shunday zarar ko‘rmag‘aysizlar. O’shal kun Olloh taolo insonlarni to‘plab: «Kim nega sig‘ingan ersa, o‘shanga ergashsin!» — deb amr qilgaydir. Shunda har kim o‘zi sig‘ingan narsa ortidan, birovlar quyoshning, birovlar oyning va yana birovlar but-sanamlarning (yokim shaytonning) ketidan ergashib ketg‘aydir. Faqat bu ummat (mening ummatim) joyida qolg‘aydir, ammo oralarida munofiqlari ham bo‘lg‘aydir. So‘ng, Olloh taolo (oralaridagi munofiqlar bilib qolmasin, degan maqsadda) o‘zgacha qiyofaga kirib, ularning oldig‘a kelg‘aydirda: «Men sizning rabbingizdurmen!» — degaydir. Ular: «Ollohning o‘zi sendan asrasin, biz to rabbimiz kelgunga qadar ana shu joyimizdan jilmagaymiz, kelsa, biz uni tanig‘aymiz!»— degaylar (xato qilib qo‘ymaylik deb shunday degaylar). Keyin, Olloh taolo ular tanib oladirgan qiyofada kelib: «Men sizning rabbingizdurmen!» — degaydir. Ular: «Ha, sen bizning rabbimizdursen!» — deb ortidan ergashg‘aydurlar. So‘ng, jahannam ustiga ko‘prik tashlang‘aydir». «Men birinchi bo‘lib ko‘prikdan o‘tg‘aymen, — dedilar Janob Rasululloh,— o‘sha kuni payg‘ambarlar nuqul: «Ollohumma sallim, sallim (Yo parvardigoro, o‘zing asrag‘il, o‘zing asragil)!» — deb duo o‘qig‘aydirlar. Pulsirotning yantoq tikanlari yanglig‘ ilmoqlari bo‘lg‘ay, yantoq tikanlarini ko‘rganmisizlar?». Ular: «Ha, ko‘rgandurmiz, yo Rasulalloh!«—deyishdi. Janob Rasululloh bunday dedilar: Uning ilmoqlari yantoq tikani kabi ersada, qanchalik kattaligini birgina Olloh taoloning o‘zi bilgaydir. Ana o‘shal ilmoqlar sirotdan o‘tayotgan odamlarni qilgan yomonliklariga yarasha sanchib-sanchib ilintirib olg‘aydir. ularning har biri qilmishiga muvofiq tilka-pora bo‘lib, jahamnamga qulag‘aydir. So‘ng, ular najot topg‘aydirlar. Olloh taolo barcha bandalari ustidan o‘z hukmini chiqarib bo‘lgach, lo iloha illallohu deb shahodat keltirgan bandalaridan o‘zi istaganlarini do‘zaxdan chiqarmoqni iroda qilib, farishtalarg‘a amr qilg‘aykim, ular bunday bandalarni ularning badanlaridagi Olloh taolo do‘zax o‘tiga kuydirmoqni man’ qilgan sajda izlaridan tanib olg‘aylar. Farishtalar ularni tanalari kuyib ko‘mir bo‘lgan holda do‘zaxdan chiqarib olib, ustlaridan hayot suvi deb atalmish suv quyg‘aylar, shundan so‘ng ular sel loyqasidan unib chiqqan urug‘ niholi yanglig‘ navnihol bo‘lib qolg‘aylar. (Eng oxiri) - yuzi jahannam otashiga qaratilgan bir banda qolg‘aydir, ul: «Yo rabb, meni jahannamning tutini zaharlab, alangasi kuydirayotir, yuzimni o‘tdin o‘zga tomonga qaratgil!» — deb iltijo qilaverg‘aydir. Olloh taolo: «Agar aytganingni bajo keltirsam, mendan yana bir boshqa tilak qilg‘aysen!» — degaydir. Ul: «Yo‘q, aslo, izzating haqi, boshqa tilak qilmag‘aymen!» — degaydir. Olloh taolo uning yuzini jahannamdan o‘zga tomonga qaratib qo‘ygach, ul: «Yo rabb, meni jannat qopqasiga yaqinlashtirib qo‘yg‘il!» — deb aytg‘aydir. Olloh taolo: «Sen boshqa tilak qilmag‘aymen deb ta’kidlab ermabmiding, sho‘ring qursin, ey Odam bolasi, nechog‘lik beqarorsen?» — degaydir. Ul ersa, Olloh taologa o‘zining mazkur tilagini aytib, iltijo qilmog‘ini qo‘ymag‘aydir. Olloh taolo: «Tilagingni bajo keltirsam, yana bir uzga tilak qiladirgan ko‘rinursen», — deb aytg‘aydir. Ul: «Yo‘q, aslo, izzating haqi, o‘zga tilak qilmag‘aymen!» — deb Olloh taologa va’da bergaydir. Olloh taolo uni jannat qopqasiga yaqinlashtirib qo‘yg‘aydir. Ul jannatdagi narsalarni ko‘rgach, Olloh taolo istaganicha jimib qolgaydir. So‘ng: «Yo rabbim, meni jannatg‘a kirgizgil!» — degaydir. Olloh taolo: «Sendan o‘zga narsa so‘ramag‘aymen deb ta’kidlab ermabmiding, sho‘ring qursin, ey Odam bolasi, naqadar beqarorsen!» — degaydir. Nihoyat, Olloh taolo uning: «Yo rabbim, meni eng baxtiqaro banda qilib qo‘ymagil!» — deya iltijo qilaverg‘anidan kulib yuborg‘aydir, Olloh taoloning kulib yuborgani ersa unga jannatg‘a kirmog‘iga izn berganining alomati bo‘lg‘aydir. Ul jannatga kirgach, falon narsalarni ham tilayvergil, deyilg‘aydir, ul tilag‘aydir. So‘ng, yana falon va falon narsalarni ham tilayvergil, deb aytilg‘aydir, ul jamiki tilaklarini aytib tugatmaguncha, tilak qilaverg‘aydir. Shundan so‘ng, Olloh taoloning o‘zi: «Mana bu ham senga, anavi ham senga!» — deb ne’matlar ato etg‘aydir».
Abu Hurayra: «Bu odam eng keyin jannatga kirgan jannat ahlidandir» — deydilar.