Imom al-Buxoriy. Al-jome' as-sahih (4-jild)  ( 427419 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 51 52 53 54 55 56 57 58 59 60 61 ... 96 B


AbdulAziz  27 Aprel 2009, 08:35:24

26-bob. Nazrga vafo qilmaydirgan odamning gunohi haqida

Zahdam ibn Muzarrib Ijrom ibn Husayndan bunday deb eshitgan erkanlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Sizlarning yaxshilaringiz (ummatlarimning yaxshisi) — menga asrdosh bo‘lgan ummatlarimdur, so‘ng undan keyingilar, so‘ng undan keyingilardur»,— dedilar. Shunda o‘zlari yashab turgan asrdan keyingi ikki-uch asrni nazarda tutdilarmi, bilmag‘aymen, ammo so‘ng aytdilarki, «Undan keyin, nazr qilmoq bo‘lib vafo qilmaydirgan, xoinlik qilib ishonchini yo‘qotadirgan, guvohlik berib guvohligidan tonadirgan qavmlar dunyog‘a kelg‘aydur. Ularning orasida semiz odamlar ko‘payg‘aydur!»

Qayd etilgan


AbdulAziz  27 Aprel 2009, 08:35:44

27-bob. Olloh taologa toat qilmog‘ini nazr qilmoq xususida

Olloh taoloning qavli («Al-Bakara» surasi): «Va mo anfaqtum min nafaqatin av nazartum min nazrin fa-innalloha ya’lamuhu va mo lizzolimiyna min ansorin». Oyatning mazmuni: «Olloh, sizlarning qancha xayr-ehson qilganingizni yokim qay tariqa va qay turli nazr berganligizni bilib turg‘aydur, zolimlarga oxiratda hech bir madadkor yo‘qdur!»

Oisha raziyallohu anho rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Kimki Olloh taologa toat qilmog‘ini nazr qilg‘aydir, nazr qila bersin va kimki Olloh taologa osiy bo‘lmog‘ini nazr qilg‘aydir, bunday qilib Olloh taologa osiy bo‘lmasin!» — dedilar («Olloh taologa osiy bo‘lmog‘ini nazr qilg‘aydir»,— ya’ni, «Olloh taologa gunohkor bo‘ladirgan g‘arazli ishni nazr qilg‘aydir»)».

Qayd etilgan


AbdulAziz  27 Aprel 2009, 08:35:59

28-bob. Johiliyat davrida hech kim birlan so‘zlashmaslikka (ya’ni, e’tikof qilmoqqa) ont ichib yokim birov birlan so‘zlashmaslikni (ya’ni, e’tikof qilmoqni) nazr qilib, so‘ng islom davrida musulmon bo‘lsa...

Ibn Umar rivoyat qiladilar: «Men Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga: «Yo Rasulalloh, johiliyat davrida men bir kecha masjidda e’tikof qilmog‘imni nazr qilg‘on erdim»,— dedim. Janob Rasululloh: «Nazringga vafo qilg‘il!» —dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  27 Aprel 2009, 08:36:13

29-bob. Nazr qilmog‘i lozim bo‘la turib vafot etganlar haqida

Abdulloh ibn Abbos rivoyat qiladilar: «Sa’d ibn Uboda al-Ansoriy Janob Rasulullohdan onasining bo‘ynida qarz bo‘lib qolgan nazr xususida so‘ragan erdi, ul zot mazkur nazrni ado etmoqni uning o‘ziga topshirdilar. Shu-shu bo‘ldi-yu, ota-ona ado etolmagan nazrni ularning farzandlari o‘tamoqligi sunnat bo‘lib qoldi».

Ibn Abbos raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Bir odam Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning huzurlariga kelib: «Mening singlim haj qilmoqni nazr qilg‘on erdi, afsuski vafot etib qoldi»,— dedi. Janob Rasululloh: «Agar uning bo‘ynida karzi bo‘lganda to‘larmi erding?» — dedilar. Ul: «Ha!» —dedi. Janob Rasululloh: «Nazr — Olloh taologa to‘lanadirgan qarzdur, uni ado etg‘il, chunkim Olloh taolo qarzning uzulmog‘iga barchadan ham haqliroqdur!» — dedilar. (ya’ni, eng avvalo Olloh taologa berilmog‘i lozim bo‘lgan qarzni uzmoq darkordur!)».

Qayd etilgan


AbdulAziz  27 Aprel 2009, 08:36:33

30-bob. O’z ixtiyorida bo‘lmagan va gunoh ishlarni nazr qiluvchilar xususida

Oisha raziyallohu anho rivoyat qiladilar: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam: «Kimki Olloh taologa toat qilmog‘ini nazr qilg‘aydir, nazr qila bersin va kimki Olloh taologa osiy bo‘lmog‘ini nazr qilg‘aydir, bunday qilib Olloh taologa osiy bo‘lmasin!» —dedilar».

Anas ibi Molik rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam ikki o‘g‘li ikki qo‘ltig‘idan ushlab yetaklab ketayotgan bir keksa odamni ko‘rib «Olloh taolo bu odamning o‘zini qiynamog‘idan manfaatdor ermas!» — dedilar».   

Ibn Abbos rivoyat qiladilar «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bir odamni tasma birlan yetaklab Ka’bani tavof qildirayotganlarini ko‘rib, tasmani qirqib tashladilar».

Ibn Abbos rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Ka’bani tavof qilayotib bir odamning ikkinchi bir odamni tasma birlan yetaklab ketayotganini ko‘rib qoldilarda, tasmani o‘z qo‘llari birlan qirqib tashladilar».

Ibn Abbos rivoyat qiladilar «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam va’z aytayotganlarida ro‘paralarida bir odamning o‘ltirmay tik turganini ko‘rib: «Ul kimdur?» — dedilar. Odamlar: «Bul odam Abu Isroil bo‘lib, o‘ltirmay tik turib, soyada turmay (oftobda turib) hamda birov birlan so‘zlashmay ro‘za tutmoqni nazr qilg‘ondur»,— deyishdi. Janob Rasululloh: «Buyuringlar, so‘zlashsin, o‘zini soyaga olsin, o‘ltirsin va ro‘zasini tugatsin (ochsin)!» — dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  27 Aprel 2009, 08:37:14

31-bob. Bir necha kun ro‘za tutmoqni nazr qilg‘on ersa-yu, ammo o‘shal kunlar Qurbon yokim Ramazon hayitiga to‘g‘ri kelib qolsa...

Abu Harra al-Aslamiy rivoyat qiladilar: «Abdulloh ibn Umardan ro‘za kuni kelmay turib bir necha kun ro‘za tutmoqni nazr qilib qo‘ygan va o‘shal niyat qilgan kunlari Qurbon yokim Ramazon hayitiga to‘g‘ri kelib qolgan kishi xususida so‘rashdi. Abdulloh ibn Umar: «Bul xususda Janob Rasululloh sizlarga yaxshi ibrat bo‘lg‘aylar, ul zot Qurbon hayiti birlan Ramazon hayiti kunlari sira ham ro‘za tutmas hamda o‘shal kunlarni ro‘za kunlari deb hisoblamas erdilar»,— dedi».

Ziyod ibn Jubayr rivoyat qiladilar:Men Ibn Umar birlan birga turgan erdim, bir odam undan «Men o‘la-o‘lgunimcha har seshanba yokim chorshanba kunlari ro‘za tutg‘aymen deb nazr qilib erdim, ammo o‘shal kun Qurbon hayitiga to‘g‘ri kelib qoldi, endi ne qilg‘aymen?» — deb so‘radi. Ibn Umar: «Olloh taolo nazrga vafo qilmoqni amr qilg‘on ersada, Qurbon hayiti kuni ro‘za tutmog‘imiz man’ qiling‘ondur»,— dedi. Boyagi odam o‘z savolini yana takrorlab erdi, Ibn Umar avval ne degan ersa, shunday javob qildi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  27 Aprel 2009, 08:37:38

32-bob, Yer, qo‘y, ekin va narsalar xususida qasam ichmoq va ularni nazr qilmoq mumkinmidur?

 Ibn Umar rivoyat qiladilar: «(Otam) Umar ibn al-Xattob Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga: «Men shunday bir yer oldimki, bunday ajoyib yerga hech kim ega ermas!» — dedilar. Janob Rasululloh: «Agar istasang, uni o‘zingda olib qolib, hosilini sadaqa qilmog‘ing mumkindur!»— dedilar. Abu Talha Janob Rasulullohga: «Mening mulklarim ichida bog‘i masjid qarshisida joylashgan Bayruho eng sevimlidur!» — dedi».

Abu Hurayra rivoyat qiladilar: «Biz Rasululloh sallallohu alayhi va sallam birlan birga Xaybar jangi kuni chiqib kiyim-kechak va latta-puttadan bo‘lak na oltin va na kumush o‘lja ololmadik. Shunda Zabib qabilasiga mansub Rifoat ibn Zayd ismli bir kishi Janob Rasulullohga Mid’am degan bir g‘ulom hadya qildi. So‘ng, Janob Rasululloh Vodiy ul-Kuroga yo‘l oldilar. U yerga yetib borganlaridan keyin Mid’am tuyalarini cho‘ktirayottan erdi, bir daydi o‘q tegib o‘ldi. Odamlar: «Unga jannat qutlug‘ bo‘lsin!» — deyishdi. Janob Rasululloh: «Aslo unday ermas, jonim qo‘lida bo‘lmish zot haqi, bul g‘ulom Xaybar jangi kuni o‘lja olingan kiyimlardan biri — shamlani, o‘ziga tekkan ulush ermasligiga qaramay, o‘g‘irlab olgan erdi. O’shal shamla jahannamda unga o‘t qo‘ymagaymidur!»—dedilar. Odamlar bu gapni eshitgach, bir kishi o‘g‘irlab olgan bitta (yokim bir juft) poyabzal bog‘ichini Janob Rasulullohga, olib kelib berdida: «Bu bog‘ich ham jahannamda o‘t qo‘yg‘aymidur?»— dedi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  27 Aprel 2009, 08:38:02

Bismillohir rahmonir rahiymi

QASAMLAR KAFFORATLARI BOBI

1-bob.

Olloh taoloning «Qasamning kafforati — o‘nta miskinning qornini to‘yg‘azmoqdur!» degan qavli xususida hamda Olloh, taolo qasam ichganlik gunohini yuvish uchun «Ro‘za tutib yokim sadaqa qilib yokim qurbonlik qilib fidya (tovon) berilg‘aydur» degan qavlini nozil qilganda Nabiy sallallohu alayhi va sallamning odamlarga bergan farmonlari haqida, shuningdek Ibn Abbos, Ato va Ikrimaning «Qasam ichganlik gunohini yuvish uchun beriladirgan kafforatlar xususida Qur’onda aytilgan uch kafforatdan qaysi birini ado etmoq qasam sohibining o‘z ixtiyoridadur» deganlari zikr qilinadur. Nabiy sallallohu alayhi va sallam Ka’bga uch kafforatdan istaganini ado etmog‘i mumkinligini aytganlar.

Ka’b ibn Ujra rivoyat qiladilar: «Men Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning huzurlariga kelib erdim: «Beriroq kelg‘il!» — dedilar. Men yaqinroq bordim. Shunda: «Hashoratlaring (ya’ni, boshingdagi bitlar) ozor beryaptimi» — dedilar. «Ha!» — dedim. «(Bitlab ketganingning kafforati uchun) ro‘za tutg‘il yokim sadaqa berg‘il yohud qurbonlik qilg‘il!»—dedilar. Ibn Avn menga Ayyubdan naql qilib aytdiki, kafforat uchun uch kun ro‘za tutmoqlik yokim bir qo‘y qurbonlik qilmoqlik yohud olti miskinni to‘yg‘azmoqlik darkor bo‘lur erkan».

Qayd etilgan


AbdulAziz  27 Aprel 2009, 08:38:18

2-bob.

Olloh taoloning qavli («Attahriym» surasi): «Qad farazallohu lakum tahillata aymonikum vallohu mavlokum va huval-aliymul-hakiymu». Oyatning mazmuni «Olloh qasamlaringizga kafforat bermoqni sizlar uchun farz qildi va Olloh sizlarning egalaringizdur va ul bilguvchi hikmatli zotdur». Boy va faqir kishilar uchun qachon kafforat vojib bo‘lg‘ay?

Abu Hurayra rivoyat qiladilar «Nabiy sallallohu alayhi va sallamning huzurlariga bir kishi kelib Ramazonda o‘z ayoli birlan jimo’ qilib qo‘yganini aytdi. Janob Rasululloh: «Qilgan gunohing badaliga bir qul ozod qilmoqqa qodirmisen?» —dedilar. Ul: «Yo‘q»,— dedi. Janob Rasululloh: «Ikki oy muttasil ro‘za tutmoqka qodirmisen?» — dedilar. Ul: «Yo‘q»,— dedi. Janob Rasululloh: «Oltmish miskinning qornini to‘yg‘aza olurmisen?» — dedilar. Ul: «Yo‘q»,— dedi. Janob Rasululloh: «O’ltirg‘il!» — dedilar, ul o‘ltirdi. Shul asnoda Janob Rasulullohga bir katta savatda liq to‘la xurmo olib kelib qolishdi. Janob Rasululloh: «Buni olib muhtojlarga yedirg‘il!» — dedilar. Ul: «Mendan ham muhtojroq odam bormidur?!» — dedi. Shunda Janob Rasululloh kulib yubordilar, hatto muborak tishlari ko‘rinib ketdi, so‘ng: «Undoq bo‘lsa, buni o‘z oilangga yedirg‘il!» — dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  27 Aprel 2009, 08:38:32

3-bob. Kambag‘alning kafforat bermog‘iga ko‘maklashgan kishi xususida

Bu yerda Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qilgan yuqoridagi hadis takroran keltirilgan.

Qayd etilgan