Imom al-Buxoriy. Al-jome' as-sahih (4-jild)  ( 427520 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 52 53 54 55 56 57 58 59 60 61 62 ... 96 B


AbdulAziz  27 Aprel 2009, 08:38:46

4-bob. Kafforat uchun, xoh qarindoshi bo‘lsin, xoh begona bo‘lsin, oltmish miskinning qornini to‘yg‘azmog‘i lozimdur!

Bu yerda ham Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qilgan yuqoridagi hadis takroran keltirilgan.

Qayd etilgan


AbdulAziz  27 Aprel 2009, 08:39:05

5-bob. Madina so’i birlan Nabiy sallallohu alayhi va sallamning muddlari va uning barakoti hamda Madina ahliga bulardan qaysilari asrlar osha meros bo‘lib kelayotgani haqida

Soib ibn Yazid rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning zamonlaridagi bir so’ (taxm. 2,5 kg) bugungi kunda biru chorak muddga (bir mudd — biru chorak ratl) teng kelgaydur. Umar ibn Abdulaziz zamonida ersa, ul biroz ko‘paytirilgan erdi».

Molik Nofi’dan naql qiladilar: «Ibn Umar Ramazon zakotini Nabiy sallallohu alayhi va sallamning muddlari hisobida, o‘shal dastlabki mudd o‘lchovida berar erdi. Qasam kafforatini ham Nabiy sallallohu alayhi va sallamning muddlari hisobida to‘lar erdi».

Abu Qutayba bunday der erdilar: «Bizning muddimiz sizlarning muddlaringizdan ortiqroq erdi, biz Janob Rasulullohning muddlarinigina afzal ko‘rar erdik. Molik menga: «Agar sizlarga yangi amir tayinlansa-yu, ul avvalgisidan kichikroq muddni joriy qilsa, qaysi bir muddni o‘zingizga o‘lchov qilib olur erdingizlar?» — dedi. Men «(Albatta) Janob Rasulullohning muddlarini o‘lchov qilib olur erdik!» —dedim. Ul: «Ko‘rdingmi, baribir Janob Rasulullohning muddlariga qaytilyalti!» — dedi». Anas ibn Molik rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Yo parvardigoro, bularning (Madina ahlining) toshu tarozusiga — so’u muddiga barakot ato etgaysen!» — dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  27 Aprel 2009, 08:39:19

6-bob. Olloh taoloning «...yokim bir qulni ozod qilmoq...» degan qavli xususida. Qanday qulni ozod qilmoq afzalroqdur?

Abu Hurayra rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Kimki bir musulmon joriyani ozod qilg‘aydir, Olloh taolo o‘shal joriyaning ozod bo‘lgan har bir a’zosi badalig‘a uning ham har bir a’zosini, hattoki avrat a’zosi evazig‘a avrat a’zosini ham do‘zax otashida kuymoqdin xalos qilg‘aydur!»—dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  27 Aprel 2009, 08:39:34

7-bob. Sohibi vafot etgach, ozod qilmoqni va’da qilgan qulni, bolali onani narxini oqlasa, ozod qilinmog‘i o‘zi birlan shartlashilgan qulni va zinodan tug‘ilgan bolani kafforat tariqasida ozod qilmoq haqida

Hammod ibn Zayd rivoyat qiladilar: «Ansoriylardan biri o‘z mamlukini (oqbadan qulini): «Vafot etsam, ozodsen!» — deb va’da berib qo‘yg‘on erdi, lekin shul quldan o‘zga hech qanday bisoti yo‘q erdi. Bundan xabar topgan Janob rasululloh: «O’shal qulni mendan kim sotib olg‘ay?»— dedilar (Janob Rasululloh o‘shal qulni sotib olib, kafforat tariqasida ozod qilmoqchilar va pulini quldan o‘zga bisoti bo‘lmagan kambag‘al ansoriyga bermoqchilar). Shunda uni Nu’aym ibn an-Nahhom sakkiz yuz dirhamga sotib oldi. Keyin, Jobir ibn Abdullohdan eshitdimki, o‘shal qul qibtiylardan (Misrning tub xalqidan bo‘lib, burungi yil vafot etgan erkan».

Qayd etilgan


AbdulAziz  27 Aprel 2009, 08:39:47

8-bob. Kafforat tariqasida ozod qilingan qulning valoyati kimga o‘tadi?

Asvad rivoyat qiladilar: «Oisha raziyallohu anho Barira ismli bir cho‘rini sotib olib, kafforat tariqasida ozod qilmoqchi bo‘ldilar. Ammo uning egalari valoyat huquqini (sotib olib ozod qilingan qulga xomiylik qilmoq huquqini) o‘zlarida saqlab qolinmog‘ini shart qilib qo‘ydilar. Oisha onamiz bu gapni Janob Rasulullohga aytib erdilar, ul zot: «Sotib olaverg‘il, chunkim valoyat huquqi sotib olgan shaxs ixtiyorig‘a o‘tg‘aydur!» — dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  27 Aprel 2009, 08:40:03

9-bob. Qasamdagi istisno

Bu yerda Abu Muso al-Ash’ariyning bir guruh ash’ariylar birlan Janob Rasulullohdan ulov so‘rab borganliklari haqidagi hadis takroran keltirilgan. Hammod: «Ilgari ichgan qasamimga kafforat bergach, undan afzalroq qasamni ichganim ma’qulmi yokim yaxshiroq qasamni ichgach, avvalgi qasamimga kafforat berganim ma’qulmi?» — deydilar.

Bu yerda Abu Hurayra rivoyat qilib bergan Sulaymon alayhissalomning to‘qsonta o‘g‘il ko‘rmoq niyatida bo‘lganlari haqidagi hadis takroran keltirilgan.

Qayd etilgan


AbdulAziz  27 Aprel 2009, 08:40:21

10-bob. Qasamni buzishdan ilgari va buzgandan keyingi kafforat haqida

Zahdam al-Jarmiy rivoyat qiladilar: «Biz Abu Muso huzurida erdik. Biz birlan Jarm qabilasiga mansub bo‘lgan mana shu mahalla ahli o‘rtasida do‘stlik-birodarlik munosabatlari mavjud erdi. Keyin bizga tovuq go‘shtidan tayyorlangan taom keltirildi. Mehmonlar orasida Baniy Taymulloh qabilasidan, afti-angori qizg‘ish bir kishi ham bo‘lib, chamasi mavlo (ozod qilingan qul) erdi. Ul dasturxonga yaqin kelmadi. Shunda Abu Muso unga: «Yaqinroq kelg‘il, men Janob Rasulullohning shunday taom tanovul qilg‘onlarin ko‘rganmen!» — dedi. O’shal odam ko‘ngil aynitarlik darajada xunuk ovqat yer erkan, uni ko‘rib ta’bim tirriq bo‘lg‘onidan: «Hech qachon bu taomni yemag‘aymen!» — deb ont ichdim. Abu Muso menga: «Beri kelg‘il, men senga shul haqda bir voqeani aytib berayin!» — deb quyidagini hikoya qila ketdi: «Biz — bir guruh ash’ariylar Janob Rasulullohdan ulov so‘rab borganimizda ul zot g‘azabnok holda o‘lja olingan mollarni taqsim qilayotgan erkanlar. Shunda Janob Rasululloh «Olloh taolo haqi, menda ulov yo‘q. Sizlarga ulov bera olmag‘aymen!» — dedilar. Biz huzurlaridan noiloj qaytib chiqdik. Shul asnoda Janob Rasulullohning qoshlariga ulja olingan tuyalarni haydab kelib qolishdi. Buni ko‘rib, Janob Rasululloh: «Ash’ariylar qaerda?» — deb so‘radilar. Biz huzurlariga yana qaytib kirdik. Bizga beshta oq o‘rkachli tuya bermoqlarini amr qildilar. Yo‘lga chiqqanimizdan so‘ng, men sheriklarimga: «Biz Janob Rasulullohdan ulov so‘rab borgan erdik ul zot qasam ichib ulov bera olmasliklarini aytdilar. Keyin ersa, bizni chaqirtirib ulov berdilar. Qasamlarini unutganlaridan foydalanib tuyalarni minib ketaversak omadimiz chopmag‘aydur. Kelinglar, huzurlariga qaytib borib, qasamlarini unutganlarini yodlariga solaylik!» — dedim. Biz qaytib borib, Janob Rasulullohga bor gapni aytdik. Janob Rasululloh: «Ketaveringlar, ulovni sizlarga Olloh taolo ato etdi, men ersam, inshoOlloh, ilgari ichgan qasamimga kafforat berib undan xalos bo‘lmagunimga qadar, biror qasamni afzal ko‘rib qasam ustiga qasam ichmag‘aymen!» — dedilar».

Abdurrahmon ibn Sumra rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Amirlikni talab qilmagil, gar unga talabingga binoan ta’yin qiling‘aysen, undan foydalang‘aysen va gar unga o‘z layoqatingga muvofiq erishg‘aysen, unga madad berib, rivojlantirg‘aysen. Basharti qasam ichgam ersang, o‘shal qasamingga kafforat berib xalos bo‘lmaguningcha, biror boshqa qasamni afzal ko‘rib qasam ustig‘a qasam ichmag‘il!» — dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  27 Aprel 2009, 08:40:54

Bismillohir rahmonir rahiymi

FAROIZ (MEROS) KITOBI

Olloh taoloning qavli («An-Niso» surasi): Oyatlarning mazmuni: «Olloh taolo o‘zingizdan keyin qoladirganlar xususida sizlarga bunday deb buyurur: Bir erkakning ulushi ikki ayolning ulushiga tengdur. Bas, shunday erkan, ikkitadan ortiq xotini bo‘lgan mayyitning, farzandlari bo‘lmagan chog‘da, qoldirgan molining uchdan ikki hissasi xotinlariga berilur va agar uning birgina xotini bo‘lsa, unga molning yarmi berilur, ota-onalarining har biriga ersa, barcha molning oltidan bir hissasi berilur. Agar mayyitning farzandlari bo‘lmay, ota-onasidan bo‘lak merosxo‘ri yo‘q ersa, u holda onasiga molning uchdan bir hissasi berilur (qolgani otasiga) va agar mayyitning birdan ortiq aka-uka, opa-singillari bo‘lsa, uning vasiyat va qarzi ado etilgach, onasiga molining oltidan bir hissasi berilur, (qolganining hammasi otasiga, aka-uka va opa-singillariga meros berilmagay). Otalaringiz birlan o‘g‘illaringizdan qaysi biri Olloh taolo tarafidan buyurilg‘on farzlarni ado etib sizlarga manfaat yetkazg‘ay, bilmassizlar. Albatta, Olloh taolo buyuk donish va xikmat sohibidur! Va agar xotinlaringizning farzandlari bo‘lmasa, ular qoldirgan molning yarmi sizlarga berilur, basharti farzandlari bo‘lsa ularning vasiyati birlan qarzi ado etilgandan so‘ng qoldirgan molining to‘rtdan bir hissasi sizlarga berilur. Xotinlarga ersa, agar sizlarda farzand bo‘lmasa, qoldirgan molingizning to‘rtdan bir hissasi berilur, agar farzandlaringiz bo‘lsa, vasiyatingiz birlan qarzingiz ado etilgach, ularga qoldirgan molingizning sakkizdan bir hissasi berilur. Basharti, meros qoldirgan bir er yokim xotinning ota-onasi bo‘lmay, bir onadan tug‘ilgan bitta birodari yokim bitta singlisi bo‘lsa, ularning har biriga molning oltidan bir hissasi berilur, agar ular bittadan ortiq bo‘lsa, ul holda ularning hammalari, qilingan vasiyat birlan qarz ado etilgach, molning uchdan bir hissasiga sherik bo‘lur, basharti bul vasiyatda boshqa merosxo‘rlarga zarar bo‘lmasa. Bul narsalar Olloh taolo tarafidan chiqarilgan hukmdur va Olloh taolo behad bilimdon hamda nihoyatda bardoshli zotdur!».

Muhammad ibn al-Munkadir rivoyat qiladilar: «Jobir ibn Abdulloh raziyallohu anhu bunday der erdi: «Men betob bo‘lganimda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam birlan Abu Bakr piyoda ko‘rg‘ani keldilar. Janob Rasululloh tahorat olib, suvini mening ustimdan quyib erdilar, o‘zimga kelib: «Yo Rasulalloh, mol-mulkimni ne qilgumdur, uni qanday hal qilg‘umdur?»—dedim. Janob Rasululloh menga javob qilmadilar. Shunda meroslar haqidagi oyati karima nozil bo‘ldi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  27 Aprel 2009, 08:41:19

1-bob. Faroiz (meros) ilmini o‘rgatmoq xususida

Uqba ibn Omir: «Shubhachilardan, ya’ni shubha birlan so‘zlovchilardan ilgari o‘rganingizlar!»—deydilar.

Abu Hurayra rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Gumonsiramangizlar, gumondin yolg‘onroq so‘z yo‘qdur, badgumonlik qilib, tirnoq ostidan kir qidirmangizlar, josuslik qilmangizlar, o‘zaro nafratlanib bir-biringizga yov qarash qilmangizlar, o‘zaro urushmangizlar va Olloh taoloning o‘zaro inoq birodar bandalari bo‘lingizlar!».

Qayd etilgan


AbdulAziz  27 Aprel 2009, 08:41:43

2-bob. Nabiy sallallohu alayhi va sallamning «Biz meros qoldirmagaymiz, biz qoldirgan narsa sadaqadur!» deb aytganlari haqida

Urva Oisha raziyallohu anhodan naql qiladilar: «Fotima birlan Abbos alayhu va salomu Abu Bakrning huzurlariga kelib Janob Rasulullohdan qolgan merosni talab qildilar. Ular Fadakdagi yerlar bilan Xaybardagi yer ulushlarini so‘ramoqda erdilar. Abu Bakr ularga: «Janob Rasululloh: «Biz (payg‘ambarlar) meros qoldirmagaymiz, biz qoldirgan narsa sadaqadur!»—deganlarini eshitganmen. Olloh taolo haqi, men Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning qaysi ishni qilganlarini ko‘rgan ersam, o‘shanigina qilgaymen!» — dedilar. Shundan so‘ng, Fotima umidlarini uzib, to vafot etgunlariga qadyar ham bu haqda lom-mim demadilar».

Oisha raziyallohu anho rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Biz meros qoldirmag‘aymiz, biz qoldirgan narsa sadaqadur!» — dedilar».

Molik ibn Avs ibn al-Qadasoi rivoyat qilidilar: «Muhammad ibn Jubayr ibn Mut’im menga shul haqda (meros haqida) bir vaqtlar eslatib erdi, yaxshiroq bilib olmoq uchun uning huzuriga bordim. Ul menga bunday dedi: «Men Hazrat Umarning huzurlariga borib, ichkariga kirdim. Shunda eshikbonlari qoshlariga kelib: «Usmon, Abdurrahmon, Zubayr va Sa’dni ko‘rmoqqa ra’yingiz bormidur?» — dedi. Hazrat Umar: «Ha»,— dedilar. Eshikbon ularga ichkariga kirmoqqa izn berdi. Keyin, yana kaytib kelib: «Ali va Abbosni ko‘rmoqqa ra’yingiz bormidur?»— dedi. Hazrat Umar: «Ha», — dedilar. Ichkariga kirishgach, Abbos: «Yo Amir al-Mo‘minin, men birlan mana bu kishi (ya’ni, Hazrat Ali) ikkimizning ishimizni hal qilib bersangiz!» — dedi. Hazrat Umar: «Yeru osmonlarning mavjudligi izniga bog‘liq bo‘lgan Olloh taoloning nomi birlan o‘zlardan o‘tinib so‘raydurmen, Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning: «Biz meros qoldirmag‘aymiz, biz qoldirgan narsa — sadaqadur!» — deganlarini bilurmisizlar? Janob Rasululloh bu birlan o‘zlarini nazarda tutganlar», — dedilar. Huzurlaridagilar: «Ha, shunday deb aytganlar» , — deyishdi. Hazrat Umar Ali birlan Abbosga yuzlanib: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning shunday deganlarini sizlar ham bilurmisizlar?» — dedilar. Ular: «Ha, shunday deganlar»,— deyishdi. Hazrat Umar bunday dedilar: «Men sizlarga shul haqda so‘zlab berayin, Olloh taolo o‘z rasuli sallallohu alayhi va sallamga urushsiz maxsus mol ato etgan erdikim, bunday ne’matni ilgari o‘zgalarga in’om qilmagandir. Parvardigor azza va jalla «Olloh taolo o‘z rasuliga ulardan (kofirlardan) urush qildirmay olib bergan mol (er-suv) uchun sizlar na ot va na tuya choptirib (mehnatingiz singan ermas), lekin Olloh taolo o‘zi istagan bandalariga payg‘ambarlarini hukmdor qilg‘aydur, Olloh taolo har narsaga kodirdur!» — deydi. Olloh taolo bu molni (er-suvni). unga sizlar ega bo‘lib olmoqlaringiz uchun ermas, balkim Janob Rasulullohning o‘zlariga maxsus ato etgandir. Janob Rasululloh uni xolisona sizlarga bo‘lib berdilar, mana endi undan ana shul molgina qoldi. Nabiy sallallohu alayhi va sallam yil bo‘yi o‘shal mol orqali oilalarini boqar erdilar va ortiqchasini Olloh taolo yo‘lida sarflar erdilar. Janob Rasululloh umr bo‘yi shunday qilib yashaganlar. Olloh taolo nomi birlan sizlardan o‘tinib so‘raymen, shul aytganlarimni bilurmisizlar?». Barchalari: «Ha»,— deyishdi. So‘ng, Hazrat Umar Ali birlan Abbosga: «Olloh taolo nomi birlan sizlardan o‘tinib so‘raymen, shul aytganlarimni sizlar ham bilurmisizlar?» — dedilar. Ular: «Ha»,— deyishdi. Hazrat Umar bunday dedilar: «Olloh taolo o‘z rasulini dargohiga chaqirib olgach, Abu Bakr «Men Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning vorislaridurmen!» deb Olloh taolo payg‘ambarimizga maxsus ato etgan molni (er-suvni) qo‘llariga oldilar va uni Janob Rasululloh qanday tasarruf qilgan ersalar shunday tasarruf qildilar. So‘ng, Olloh taolo Abu Bakrni ham o‘z dargohiga chaqirib oldi. Shunda men «Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning vorislarining vorisi Mendurmen!» deb o‘shal molni o‘z qo‘limga oldim. Mana ikki yildurkim, uni Janob Rasululloh va Abu Bakr singari tasarruf qilmoqdamen. Siz ikkingizning ersa, tilingiz bir, maqsadingiz ham birdur. Sen (ya’ni, Abbos) ersang, akangning o‘g‘lidan qolgan moldan ulush bermog‘imni talab qilib oldimga kelding. Mana bul (ya’ni, Ali) ersa, xotini uchun otasidan qolgan moldan ulush bermog‘imni talab qilib kelgan. Mening qat’iy so‘zim shuldur: agar istasangiz, Rasululloh singari tasarruf qilmoq sharti birlan ulushlaringizni berg‘aymen, ammo keyinchalik boshqacha hukm chiqarib bermog‘imni talab qilsangizlar yeru osmonlarning mavjudligi izniga bog‘lik bo‘lgan zot haqqi, qiyomatga qadar ham bunga yurmag‘aymen. Basharti, shartimni eplay olmasangizlar, ularni (er-suvlarni) menga qaytarib bergaysizlar, men ersam, sizlarni bu mushqilotdin xalos qilg‘aymen».

Abu Hurayra rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Merosxo‘rlarim mendan qolgan narsalarning bir dinorini ham bo‘lib olmasinlar. xotinlarimning tirikchiligi hamda dastyorimning ta’minotidan ortgani ersa sadaqadur!» — dedilar».

Urva Oisha raziyallohu anhodan naql qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning (Oisha onamizdan bo‘lak) xotinlari ul zot vafot qilganlaridan so‘ng Hazrat Usmonni Abu Bakrnint huzurlariga yuborib meros talab qilmoqchi bo‘ldilar. Shunda Oisha onamiz «Janob Rasululloh «Biz meros qoldirmaymiz, biz qoldirgan narsa — sadaqadur!» deb aytgan ermasmidilar?!—dedilar».

Qayd etilgan