Imom al-Buxoriy. Al-jome' as-sahih (4-jild)  ( 428983 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 60 61 62 63 64 65 66 67 68 69 70 ... 96 B


AbdulAziz  08 May 2009, 09:06:28

29-bob. Ayolning fohishalik qilganini hamda unga qo‘yilgan aybning rost ekanligini guvohu dalilsiz isbotlagan shaxs xususida

Sahl ibn Sa’d rivoyat qiladilar: «Men bir eru xotinning o‘zaro bir-birini zinokorlikda ayblab la’natlaganligining shohidi bo‘lganmen. O’shanda o‘n besh yoshlarda erdim. Janob Rasululloh ularni ajratib qo‘ygan erdilar. Xotinning eri: «Agar uni xotin qilsam, tuhmatchi bo‘lib qolgaymen!» — deb aytgan erdi. Zuhriy o‘shal kishi haqida: «Agar xotinim qorachadan kelgan bola tug‘sa, mening gapim to‘g‘ri chiqqay, basharti sarg‘ish bola tugsa, unda aybsiz bo‘lgaydur!» — degandi, keyin xotini qorachadan kelgan bola tug‘ib qo‘ygan erdi",—deydilar».

Ibn Abbos rivoyat qiladilar: "Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning huzurlarida bir eru xotinning o‘zaro bir-birini zinokorlikda ayblab la’natlagani haqida gap bo‘ldi. Shunda Osim ibn Adiy shul haqda bir gap aytdida, keyin chiqib ketdi. Uyida o‘ltirganida bir kishi huzuriga kelib xotinimi bir begona erkak birlan tutib olganini aytib shikoyat qildi. Osim: «Tilimdan ilinib o‘zimga balo orttirib o‘ltiribmen!»—dedida, boyagi kishini ergashtirib Nabiy sallallohu alayhi va sallamning huzurlariga bordi, ul zotni bor gapdan voqif qildi. Xotinidan shikoyat qilib kelgan kishi sarg‘ish, qotma, sochlari muloyim va silliq erdi. Xotinining o‘ynashi ersa, qorachadan kelgan, semiz kishi erdi. Janob Rasululloh: «Yo parvardigoro, o‘zing fosh qilg‘aysen!»—dedilar. Keyin, o‘shal xotin eri belgilarini aytgan kishiga o‘xshash bola tug‘di. Janob Rasululloh ularni ajratib yubordilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  08 May 2009, 09:06:39

30-bob. Pokdomon ayollarga tuhmat qilg‘uvchilar haqida

Olloh taoloning qavli: «Pokdomon ayollarga tuhmat qilib qo‘yib, so‘ng to‘rtta guvoh topolmaganlarga sakson darra uringizlar va zinhor tanho o‘zlarining guvohligini qabul qilmangizlar! Ular fosiq bo‘lib, shundan keyin tavba qilib tuzalganlari bundan mustasnodurlar. Olloh taolo mag‘firat qilg‘uvchi rahmdil zotdur!» «Begunoh, pokdomon mo‘mina ayollarga tuhmat qilg‘uvchilar ikki dunyoda la’nati bo‘lg‘aylar, qiyomatda qattiq azobga duchor qiling‘aylar!» «O’z xotinlariga tuhmat qilib, qo‘yib so‘ng (guvoh) topolmaydirganlar...».

Abu Hurayra rivoyat qiladilar: «Halokatovar yetti narsadan qochingizlar!» —dedilar. «Yo Rasulalloh, ular nimadur?» — deyishdi. Janob Rasululloh: «Olloh taologa shirk keltirmoq, sehr-jodu qilmoq, nohaq birovni o‘ldirmoq, sudxo‘rlik yetimning haqini yemoq, jang maydonidan qochmoq va begunoh, pokdomon mo‘mina ayollarga tuhmat qilmoqdur!» — dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  08 May 2009, 09:06:54

31-bob. Qulga tuhmat qilmoq haqida

Abu Hurayra rivoyat qiladilar: «Abulqosim sallallohu alayhi va sallam: «Kimki o‘z quliga ul pok bo‘lgani holda tuhmat qilg‘aydur, qiyomat kuni darralang‘aydur, basharti gapi rost ersa, unda quli aybiga yarasha jazosini tortg‘aydur!» — dedilar».

32-bob. Imom o‘zining o‘rniga darra urmoqni birovga buyura oladirmi?

Bu yerda 9-bobdagi hadis takroran keltirilgan.

Qayd etilgan


AbdulAziz  08 May 2009, 09:07:06

Bismillohir rahmonir rahiymi

TOVONLAR KITOBI


Olloh taolo: «Kimki qasddan mo‘minni o‘ldirg‘aydur, joyi jahannamdur!» — degan.

Amr ibn Sharuabiyl rivoyat qiladilar: «Bir kishi: «Yo Rasulalloh, Olloh taoloning dargohida eng katta gunoh qaysidur?» — dedi. Janob Rasululloh: «O’zingni yaratgan Olloh taologa shirk keltirmog‘ingdur!» — dedilar. Ul: «Yana qaysidur? « — dedi. Janob Rasululloh: «Rizqimga sherik bo‘lmasin deb o‘z bolangni o‘ldirmog‘ingdur!» — dedilar. Ul: «Keyinchi?» — dedi. Janob Rasululloh: Qo‘shningning jufti haloli birlan dom olishmog‘ingdur! Buning tasdiqi uchun Olloh taolo «Ollohga shirk keltirmaydirganlar, haq bo‘lgan hollardan tashqari vaqtda Olloh o‘ldirmoqni man’ qilgan insonni o‘ldirmaydirganlar va zino qilmaydirganlar... va kimki buni qilsa, azobga qolur» degan karimasini nozil qilgan», — dedilar».

Ibi Umar rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Nohaq qon to‘kmagan mo‘min o‘z dinida doimo rohatlanib yurgaydur!» — dedilar».

Abdulloh ibn Umar: «Qutilib bo‘lmaydirgan mushkul holatlardan biri — kishining nohaq qon to‘kib qo‘ygan holatidur!» — deydilar.

Abdulloh ibn Mas’ud rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Qiyomat kuni insonlardan dastavval to‘qilgan qon haqida so‘ralib, hukm chiqarilgaydur»,— dedilar».

Ubaydulloh ibn Adiy rivoyat qiladilar: «Banu Zahra tifoqchisi bo‘lmish hamda Janob Rasululloh birlan birga Badr g‘azotida qatnashgan Miqdod ibn Amr al-Kindiy: «Yo Rasulalloh, agar bir kofirga duch kelib qolsamu, o‘zaro jang boshlasak va ul qilichi birlan qo‘limni chopib tashlagach, bir daraxtning ortiga qochib o‘tib: «Olloh taologa taslim bo‘ldim!» — desa, shul ganidan keyin uni o‘ldirg‘aymenmi?» — dedi. Janob Rasululloh: «Yo‘q, uni o‘ldirmagil!»— dedilar. Ul: «Yo Rasulalloh, axir ul mening bir qo‘limni chopib tashlagandan so‘ng shunday dediku, uni o‘ldirmag‘aymenmi!»—dedi. Janob Rasululloh: «yo‘q, o‘ldirmag‘il, agar uni o‘ldirsang, unda ul sening uni o‘ldirmasingdan oldingi holatingda, sen ersang uning o‘shal gapini aytmasidan ilgarigi holatida bo‘lib qolgaysen!» —dedilar».

Ibn Abbos rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Miqdodga: «Kofir qavmlar orasida yashaydirgan bir mo‘‘min o‘z iymonini ulardan berkitib yurgan ersa-yu, keyin oshkor qilganda uni o‘ldirsang?! O’zing ham ilgari Makkada shul tariqa iymoningni yashirib yurur erding-ku!» —dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  08 May 2009, 09:07:18

1-bob.

Olloh taolo: «Unga kim jon ato qilgan?» — deydi. Ibn Abbos: «Barcha insonlarga jon ato qilgani kabi uni nohaq o‘ldirmoqni ham man’ qilgan zotdur!»—deydilar.

Abdulloh raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Kimki nohaq odam o‘ldirg‘aydur, Odam alayhissalomning (insoniyat tarixida birinchi bo‘lib odam o‘ldirgan) to‘ng‘ich o‘g‘illari (Qobilning) gunohini bo‘yniga olgan bo‘lur!»— dedilar».
Abdulloh ibn Umar rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Mendan keyin bir-biringizning bo‘g‘zingizga tig‘ uradirgan kofir bo‘lib ketmangizlar — deb aytdilar».

Abu Zur’a rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Hajjat ul-Vido’da odamlarni ogohlantirib: «Mendan keyin bir-biringizning bo‘g‘zingizga tig‘ uradirgan kofir bo‘lib ketmangizlar!» — dedilar».

Abdulloh ibn Amr rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam «Olloh taologa shirk keltirmoq va ota-onaga oqlik qilmoq (yokim «Yolg‘ondan qasam ichmoq» deb aytgan bo‘lishlari ham mumkin, deydilar Shu’ba) gunohi azimlardandur!» — dedilar».

Maoz bunday deydilar: «Bizga Shu’ba aytdiki, Janob Rasululloh: «Olloh taologa shirk keltirmoq, yolg‘ondan qasam ichmoq, ota-onaga oqqlik qilmoq (yokim odam o‘ldirmoq, degan bo‘lishlari ham mumkin) gunohi azimlardandur!» — degan erkanlar».

Anas ibn Molik rivoyat qiladilar: "Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Olloh taologa shirk keltirmoq, odam o‘ldirmoq, ota-onaga oqqlik qilmoq, yolg‘on guvohlik bermoq (tuhmat gap aytmoq) eng katta gunohi azimlardandur!» — dedilar.

Usoma ibn Zayd ibn Horisa rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bizni Juhayna qabilasining al-Huraka urug‘iga qarshi urushga jo‘natdilar. Biz tong chog‘ida hujum qilib, ularni yengdik. Men va bir ansoriy ulardan qochib ulgurgan bir kishini quvib yetganimizda «Lo iloha illallohu» deb kalima keltirdi. Shunda ansoriy unga tegmadi, men ersam nayza sanchib uni o‘ldirib qo‘ydim. Ortimizga qaytgach, bul haqda Janob Rasulullohga aytib erdik ul zot: «Lo iloha illallohu deganiga qaramay o‘ldirdingmi!» — dedilar. Men: «Yo Rasulalloh, ul jon saqlamoq niyatida kalima keltirdi!» — dedim. Janob Rasululloh: «Lo iloha illallohu» deganiga qaramay o‘ldirdingmi!» — deb takror takror aytaverdilarki, hatto men o‘shal kundan oldin musulmon bo‘lganimga pushaymonlar yedim».

Uboda ibn as-Somit raziyallohu anhu bunday deydilar: «Men Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga qo‘l berib Olloh taologa zarracha shirk keltirmaslikka, zino qilmaslikka, o‘g‘rilik qilmaslikka, Olloh taolo o‘ldirmoqni man’ qilgan insonni o‘ldirmaslikka, birovlarning molini talon-taroj qilmaslikka, jannatga xilof ishlarni qilmaslikka bay’at qilgan qabila oqsoqollaridan biri erdim. Bulardan birortasiga amal qilmasak Olloh taoloning o‘zi bizni jazolasin!»

Abdulloh rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Bizga qarshi qo‘liga qurol olgan shaxs bizdan emasdur!»—dedilar».

Ahnaf ibn Qays rivoyat qiladilar: «Bir kishining yonini olib yordam bergani ketayotgan erdim, yo‘lda Abu Bakr yo‘likib: «Qaerga ketayotirsan?» — dedilar. Men: «Bir kishining yonini olib yordam bergani ketayotirman»,— dedim. Abu Bakr bunday dedilar: «Qaytg‘il, chunkim Janob Rasululloh ikki musulmon bir-biriga qarshi qilich ko‘tarsa, o‘ldirgan ham, o‘lgan ham do‘zaxi bo‘lmog‘ini menga aytgan erdilar. Shunda men: «Yo Rasulalloh, o‘ldirgan-ku... tushunarli, ammo o‘lgan nega do‘zaxi bo‘lay?» — deb erdim, ul zot: «O’lgan ham raqibini o‘ldirmokqa qasd qilgandur!» — dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  08 May 2009, 09:07:29

2-bob.

Olloh taaloning qavli ("Al-Baqara» surasi): Oyatning mazmuni: «Ey mo‘minlar, o‘ldirilgan ozod odam badalig‘a ozod odamni, qul badalig‘a ulni, xotin badalig‘a xotinni o‘ldirmoq sizlarga farz qilindi. Bas, kimki o‘ldirilgan odamning vorislari tarafidan afv qilinsa, ul buning uchun qoidaga muvofiq yaxshiliklar qilsin va bul sizlarga parvardigoringiz tarafidan ato etilgan yengillik va marhamatdurkim, kimki bundan buyon ham qotillik qilmoqda davom etsa, ul alamli azob-uqubatga duchor qilingaydur!».

Qayd etilgan


AbdulAziz  08 May 2009, 09:07:41

3-bob. Qotilni aybiga iqror bo‘lguniga qadar so‘roq qilmoq va unga hadd jazosining haqlig‘ ekanligini tan oldirmoq haqida

Anas ibn Molik rivoyat qiladilar: «Bir yahudiy bir cho‘rining boshini tosh bilan urib yorib qo‘ydi. Shunda undan: «Kim seni bunday qildi, falonchimi yokim pistonchimi?» — deb so‘rashavergach, ul nihoyat o‘shal yahudiyning nomini aytdi. Uni olib kelishgach, Janob Rasululloh iqror bo‘lguniga qadar so‘roq qilaverdilar. Iqror bo‘lgach, uning boshini ham tosh bilan urib yorishdi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  08 May 2009, 09:07:54

4-bob. Tosh yokim aso birlan urib o‘ldirsa ...

Anas ibn Molik rivoyat qiladilar: «Bir cho‘ri kumush taqinchoq taqib Madina bo‘ylab ketayotgan erdi, bir yahudiy tosh otib boshini yorib qo‘ydi. Uni ramaqijon holatda Janob Rasulullohning huzurlariga olib kelishdi. «Seni falonchi o‘ldirdimi?» — dedilar Janob Rasululloh. Shunda cho‘ri boshini ko‘tardi, ikkinchi bor so‘rab erdilar, boshini yanada balandroq ko‘tardi, uchinchi marta so‘raganlarida ersa, boshini quyi tushirdi. Janob Rasululloh o‘shal yahudiyni chaqirtirib keltirdilarda, aybini bo‘yniga olgach, boshini ikki tosh orasiga olib o‘ldirtirdilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  08 May 2009, 09:08:03

5-bob.

Olloh taoloning qavli (Al-Moida» surasi): Oyatning mazmuni: «... jon uchun jon (oling‘ay), ko‘z uchun ko‘z (o‘yilg‘ay), burun uchun burun va quloq uchun quloq (qirqilg‘ay), tish uchun tish (sindirilg‘ay) va jarohatlarga yarasha jarohatlar (etkazilg‘ay). Kimki afv etibdur, bul uning uchun kafforatdur va Olloh taolo nozil qilgan hukmga muvofiq hukm qilmaganlar zolimlardur!».

Abdulloh rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Ollohdan bo‘lak tangri yo‘qligiga hamda mening Ollohning elchisi ekanligimga guvohlik bergan musulmonning qonini uch holdagina — odam o‘ldirgan, zino qilgan va dindan qaytib o‘z jamoasini tark etgan chog‘dagina to‘kmoq mumkindur»,— dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  08 May 2009, 09:08:16

6-bob. Tosh birlan qotillik qilgan shaxsdan tosh birlan qasos olgan shaxs haqida

Bu yerda 4-bobdagi hadis takroran keltirilgan.

7-bob. Biror kimsasi o‘ldirilgan odamga ikki qasos yo‘lidan birini tanlamoq ixtiyori berilg‘ay!

Abu Hurayra rivoyat qiladilar: «Makka fath qilingan yili Xuzoa qabilasi Baniy Lays qabilasidan bir kishini o‘ldirdi, ya’ni johiliya davrida qabiladoshlaridan bir kishini o‘ldirishgani uchun qasos oldi. Bu xabar Janob Rasulullohga yetkazildi. Shunda ul zot tuyalariga minib turib va’z aytdilar: «Olloh taolo fil mingan askarlarni Makkaga qo‘ymadi, o‘z rasuli birlan mo‘minlarning qo‘lini baland aylab, ularni mag‘lub etdi. Ogoh bo‘lingiz, Makkada urush qilmoq va odam o‘ldirmoq mendan avval ham halol bo‘lmagan va mendan keyin ham hech kimga halol bo‘lmag‘ay. Menga kunduzi bir soatgina urush qilmoqqa izn berildi. Shul soatdan e’tiboran bu yerda urush qilmoq, odam o‘ldirmoq, bu yerning o‘t-o‘lanlarini yulmoq, daraxtlarini kesmoq, yo‘qotilgan (tushib qolgan) narsani egasini qidirib topishrmoqdan o‘zga niyatda olmoq haromdur. Biror kimsasi o‘ldirilgan kishi ikki qasos yo‘lidan birini tanlag‘aydur, yo xun haqini yokim qasosini olg‘aydur!». Shunda Abu Shoh ismli yamanlik bir kishi turib: «Yo Rasulalloh, ushbu gaplaringizni menga yozib beringiz!»—dedi. Janob Rasululloh: «Abu Shohga yozib beringizlar!» — deb amr qildilar. Keyin, Quraysh qabilasidan bir kishi turib «Yo Rasululloh, «O’t-o‘lanlari yulinmag‘ay, daraxtlari kesilmag‘ay»,— dedingiz, biroq izxirni o‘rib uylarimizga olib borg‘aymiz hamda qabrlarimizga qo‘yg‘aymiz!» — dedi. Ul zot: «Izxirdan boshqasini yulmangizlar!» — dedilar».

Ibn Abbos rivoyat qiladilar: «Baniy Isroilda o‘ldirilgan odam uchun qasos olinar erdi-yu, ammo xun haqi olinmas erdi. Keyin, Olloh taolo bu ummatga (musulmonlarga) quyidagi oyati karimasini nozil qildi: «Ey mo‘minlar, o‘ldirilgan ozod odam badaliga ozod odamni, qul badaliga qulni, xotin badalig‘a xotinni o‘ldirmoq sizlarga farz qilindi. Bas, kimki o‘ldirilgan odamning vorislari tarafidan afv qilinsa, ul buning uchun qoidaga muvofiq yaxshiliklar qilsin va bul sizlarga parvardigoringiz tarafidan ato etilgan yengillik va marhamatdurkim, kimki bundan buyon ham qotillik qilmoqda davom etsa, ul alamli azob-uqubatga duchor qiling‘aydur!».

Qayd etilgan