Imom al-Buxoriy. Al-jome' as-sahih (4-jild)  ( 427531 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 61 62 63 64 65 66 67 68 69 70 71 ... 96 B


AbdulAziz  08 May 2009, 09:08:28

8-bob. Birovning qonini nohaq to‘kmoq talabida bo‘lganlar haqida

Ibn Abbos rivoyat qiladilar: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam: «Olloh taolo haromni (ta’qiqlangan narsalarni) tan olmaydirgan, musulmon bo‘laturib johiliyat odatlarini qo‘msaydirgan hamda birovning qonini nohaq to‘kmoq talabida bo‘lgan uch toifa bandasini haddan ziyod yomon ko‘rg‘aydur»,— dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  08 May 2009, 09:08:37

9-bob. Yanglishib o‘ldirib qo‘yganni afv qilmoq xususida

Oisha raziyallohu anho rivoyat qiladilar: «Uhud jangida mushriklar mag‘lub bo‘ldilar. Shunda iblis musulmoshlarni chalg‘itmoq niyatida: «Ey Ollohning bandalari, ortingizdagilardan ehtiyot bo‘lingizlar!» — deb xitob qildi. Natijada oldingi qatorda jang qilayotgan musulmonlar chalg‘ib qolib ortlariga o‘girildilarda, o‘z musulmon birodarlari bo‘lmish Yamonni o‘ldirib qo‘ydilar. Huzayfaning ham «Otam, otam!» deganiga qaramay, otasini o‘ldirdilar. Bo‘lar ish bo‘lgach, Huzayfa ularga: «Sizlarni Olloh taolo mag‘firat qilsin!»— dedi. So‘ng, afsuslanib "Mushriklarning bir qismi mag‘lub bo‘lib Toifga ketib bo‘lgan erdi-ya!»deb qo‘ydi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  08 May 2009, 09:08:47

10-bob.

Olloh taoloning qavli («An-niso» surasi): Oyatning mazmuni: "Va hech bir mo‘minning o‘zi kabi mo‘minni o‘ldirmog‘i durust ermaski, basharti bilmay o‘ldirib qo‘ygan bo‘lmasa va kimki bir mo‘minni bilmay o‘ldirgan ersa-yu, o‘ldirilgan shaxsning vorislari uning bul gunohini afv qilgan ersalar, ul holda qotil bir mo‘min qul yo cho‘ri ozod qilsin hamda o‘ldirilgan shaxsning vorislariga xun haqi bersin va agar o‘ldirilgan odam sizlarga dushman jamoadan bo‘lib, o‘zi mo‘min ersa, ul holda uning vorislariga xun haqi berilur shu bir mo‘min g‘ulom ham ozod qilinur va kimniki g‘ulomi bo‘lmasa, tavbasi Olloh taolo tarafidan qabul bo‘lmog‘i uchun ul ikki oy muttasil ro‘za tutg‘aydur. Olloh taolo bilguvchi va hikmatli zotdur!».

Qayd etilgan


AbdulAziz  08 May 2009, 09:09:04

11-bob. Odam o‘ldirganiga bir marta iqror bo‘lsa bas, shu birlan o‘ldirib yuborilaverg‘aydur!

Bu yerda 4-bobdagi hadis takroran keltirilgan.

12-bob. Erkakni ayolni o‘ldirgani uchun o‘ldirmoq haqida

Bu yerda ham 4-bobdagi hadis takroran keltirilgan.

13-bob. Erkagu ayollarning o‘zaro yetkazilgan jarohatlar uchun qasos olmoqlari haqida

Ulamolar: «Erkakni o‘ldirgan ayol o‘ldirilg‘aydur!» — deydilar. Hazrat Umardan naql qilinishiga ko‘ra, erkakning joniga qasd qilgan ayol, qanday jarohat yetkazganiga qaramay, o‘ldirilmog‘i darkor erkan.

Abuzzanod aytadilarkim, Rabiy’ning singlisi bir odamga jarohat yetkazganda Janob Rasululloh: «Qasos!» — degan erkanlar.

Oisha raziyallohu anho rivoyat qiladilar: «Biz, Nabiy sallallohu alayhi va sallam betob yotganlarida, og‘izlarining bir chekkasidan qo‘yarda-qo‘ymay dori tomizdik. Shunda ul zot: «Meni majbur qilib og‘zimga dori tomizmangizlar!» — dedilar. Biz: «Odatda kasalning doriga toqati yo‘qligidan shunday deyaptilarda!» — deb qo‘ydik. Keyin, o‘zlariga kelgach: «Shul uydagilar orasida Abbosdan bo‘lak og‘ziga dori tomizilmagan birorta ham odam qolmag‘aydur, chunkim ul sizlarning bul qilmishingizda ishtirok etgani yo‘qdur!» — dedilar (ya’ni, bu dunyo qasosli dunyodir).»

Qayd etilgan


AbdulAziz  08 May 2009, 09:09:17

14-bob. Hukmdorning iznisiz o‘z haqqini yokim o‘chini olgan kimsa haqida

Abu Hurayra rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Biz bu dunyoda oxirgilarmiz, ammo oxiratda birinchilarmiz!» — dedilar. Shunga binoan: «Birov ruxsatingsiz uyingga mo‘ralasa-yu, tosh otib ko‘zini chiqarsang, gunohkor bo‘lmag‘aysan!»—deydilar».

Yahyo (ibn Sa’id al-Qattol) rivoyat qiladilar: «Hamid (at-tavil): "Bir kishi Nabiy sallallohu alayhi va sallamning uylariga mo‘ralab erdi, ul zot qo‘llaridagi tig‘ birlan uning ko‘zini mo‘ljalladilar»,— dedi. Men: «Senga buni kim aytdi?»—deb erdim, ul: «Anas ibn Molik aytdi», - dedi».

15-bob. To‘s-to‘polonda o‘lgan yokim o‘ldirilgan bo‘lsa...

Bu yerda 9-bobdagi hadis takroran keltirilgan.

Qayd etilgan


AbdulAziz  08 May 2009, 09:09:31

6-bob. Bilmay o‘zini o‘ldirib qo‘ygan odam uchun tovon berilmaydi

Salama raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Biz Rasululloh sallallohu alayhi va sallam birlan birga Xaybarga chiqdik. Shunda bir kishi : «Ey Omir, bizga qo‘shiqlaringdan aytib bersangchi!» — dedi. Omir tuyabonlar qo‘shig‘idan birini ayta boshladi. Janob Rasululloh: «Bu tuyabon kimdur?»— dedilar. «Omir»,— deb aytishdi. Janob Rasululloh: «Uni Olloh taolo rahmat qilsin!» — dedilar. Odamlar: «Yo Rasulalloh, (ul o‘lmay turib nega bunday degaysiz), bizga tushuntirib bermaysizmi?» — deyishdi. O’sha kecha tongida Omir (bir yahudiyga qilich uraturib) bilmay o‘zini chopib qo‘ydi. Shunda qavm: «O’zini o‘ldirib qo‘yib, butun amali solihlarini habata qildi!» — dedi. Men bu gapni eshitib Janob Rasulullohning qoshlariga bordimda: «Yo Rasulalloh, ota-onam sizga fido bo‘lsin, odamlar Omirning butun qilgan amali solihlari habata bo‘lib ketdi, deb aytishmoqda?!» — dedim. Ul zot: «Bekor aytg‘aylar, Omirga ikki savob tekg‘aydur, biri — sidqidildan toat-ibodat qilgani evaziga, ikkinchisi — Olloh taolo yo‘lida jihod qilgani badaliga, uning uchun bundan ortiqroq o‘lim bormidur!» — dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  08 May 2009, 09:09:43

17-bob. Bir kishini tishlab olsa-yu, shunda ikki tishi tushib ketsa...

Imron ibn Husayn rivoyat qiladilar: «Bir kishi bir odamning qo‘lini tishlab erdi, ul qo‘lini uning og‘zidan tortib olganda ikki tishi tushib ketdi. Keyin, ikkalasi da’volashib Janob Rasulullohning huzurlariga borishdi. Ul zot: «Qaysi biringiz o‘z birodaringizni ayg‘ir kabi tishlab olsangiz, buning uchun tovon yo‘qdur!» — dedilar».

Safvin ibn Ya’lo atalaridan naql qiladilar: «G’azotga chiqib erdim, bir kishi bir odamning qo‘lini tishlab olib, ikki tishi tushib ketdi. Nabiy sallallohu alayhi va sallam uning da’vosini bekor qildilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  08 May 2009, 09:09:53

18-bob. Tushirilgan tish badalig‘a tish tushirilg‘ay!

Anas (ibn Molik) rivoyat qiladilar: Nazarning qizi cho‘rini bir shapaloq urib tishini sindirib qo‘yib erdi, uni Janob Rasulullohning qoshlariga olib borishdi. Shunda ul zot qasos olmoqni buyurdilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  08 May 2009, 09:10:03

19-bob. Barmoqlar uchun beriladigan tovon

Ibn Abbos rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam ko‘rsatkich barmoqlari birlan jimjiloqlarini ko‘rsatib: «Bul va bul ikkisi tengdur!» — dedilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  08 May 2009, 09:10:13

20-bob. Bir kishiga musibat yetgan ersa, butun qavmdan qasos olinadirmi?

Mutarrif Sha’biydan naql qiladilar: «Ikki kishi bir odamning o‘g‘rilik qilganiga guvohlik berib erdi, Hazrat Ali uning qo‘lini kesdilar. Keyin, o‘shal ikki kishi yana bir odamni tutib kelib: «Biz xato qilgan erkanmiz!» — dedi. Shunda Hazrat Ali ularning guvohligini bekor qilib, qo‘li qirqilgan odamning tovonini olib berdilarda: «Agar yolg‘on guvohlik berganingizni ilgariroq bilganimda erdi, o‘zingizning qo‘llaringizni kesgan bo‘lur erdim!» — dedilar».

Nofi’ raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: "Bir bola ehtiyotsizlik oqibatida o‘ldirib qo‘yildi. Shunda Ibn Umar: «Bu bolaning o‘limiga San’o shahrining butun aholisi sababchi bo‘lganida ham hammasini o‘ldirgan bo‘lur erdim!»—dedilar».

Mug‘iyra ibn Hakim otalaridan naql qiladilar: «To‘rt kishi bir bolani o‘ldirib qo‘ydi. Ibn Umar o‘shanda ham xuddi shunday degan erdilar. Abu Bakr, Ibn az-Zubayr, Ali va Suvayd ibn Muqrin bir shapaloq uchun, Hazrat Umar nohaq darra urilgani uchun, Hazrat Ali uch qamchi urilgani uchun, Shurayh ersalar, qamchilagani va tirnab qonatgani uchun qasos olmoqni amr qilgan erdilar».

Oisha raziyallohu anho rivoyat qiladilar: «Biz, Nabiy sallallohu alayhi va sallam betob yotganlarida, og‘izlarining bir chekkasidan qo‘yarda-qo‘ymay dori tomizdik. Shunda ul zot: «Meni majbur qilib og‘zimga dori tomizmangizlar!» — dedilar. Biz «Odatda kasalning doriga toqati bo‘lmaganidan shunday deyaptilarda!» — deb qo‘ydik. Keyin o‘zlariga kelgach «Shul uydagilar orasida Abbosdan bo‘lak og‘ziga dori tomizilmagan birorta ham odam qolmagaydur, chunkim ul sizlarning bul qilmishingizda ishtirok etgani, yo‘qdur!» — dedilar». (ya’ni, dorini bir kishi tomizgan ersada, qolganlar qarshilik qilmagani uchun bunga bosh qo‘shgandek bo‘lib qolganlar va natijada payg‘ambarimiz ularning barchasidan xafa bo‘lib, shunday dedilar).

Qayd etilgan