11-bob. Nikoh haqida
Abu Hurayra rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Bokira qizni roziligini so‘ramay, juvonni ersa, o‘zi birlan maslahatlashmay erga berilmag‘ay», — dedilar. «Yo Rasulalloh, bokira qizning rozi bo‘lg‘oni qanday biling‘ay?» — deyishdi. Janob Rasululloh: «Sukut qilsa, rizo bo‘lg‘onidur!» — deb javob qildilar». Ba’zi odamlar (ba’zi ulamolar): «Deylik bir bokira qiz bir kishiga tegmoqqa rozilik bermadi, shunda ul kishi hiylakorlik qilib ikkita soxta guvoh topib qizning rozilig‘iga binoan uylanganini bildirsa-yu, qozi ishonib o‘rtadagi nikoqni tasdiqlasa, er bo‘lmish kishi o‘z guvohlarining botil erkanin bilsa ham, jimo’ qilmog‘i mumkin bo‘lib, nikohi ravodur", — deyishadir.
Yahyo ibn Sa’id rivoyat qiladilar: «Ja’farning ilgari turmush ko‘rgan bir qizi qarindoshlarining majburan erga berib yubormoqlaridan xavotir olib, ansorlardan bo‘lmish Abdurrahmon va Mujammi’ ismli ikki shayxga odam yubordi. Ular: «Xavotirlanmag‘il, hechqisi yo‘q, Xanso binti Hizomni ham otasi noroziligiga qaramay erga berib yuborgan!» — deb aytib yuborishdi. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam ersalar, buni rad qildilar».
Oisha raziyallohu anho rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Bokira qizdan (nikohga) rozilig‘ so‘ralgay», — dedilar. Men: «Bokira qiz hayo qilg‘ay», — dedim. Janob Rasululloh: «Uning rozilig‘i — sukut qilg‘onidur!» — dedilar».
Ba’zi odamlar (ba’zi ulamolar): «Agar kishi hiylakorlik birlan ikkita soxta guvoh topib o‘z himoyasidagi (qaramog‘idagi) juvonga uylanganligini bildirsa-yu, qozi nikohni tasdiqlasa, o‘shal kishi unga hali uylanmaganligini o‘zi bilsa ham, nikohi ravo bo‘laverg‘ay va ul ayol birlan yashamog‘i mumkindur», — deyishadi.
Ba’zi odamlar (ba’zi ulamolar): «Agar kishi yetim cho‘rini (yokim bokira qizni) yoqtirib qolib, unga uylanmoqchi bo‘lsa-yu, ul ko‘nmasa, hiylakorlik birlan ikkita soxta guvoh topib unga uylanganligini bildirganda qozi ishonib nikohni tasdiqlasa, o‘shal kishining, o‘rtadagi nikohning botil erkanin bilg‘oniga qaramay, qizni jimo’ qilmog‘i mumkindur», — deyishadi.