Imom al-Buxoriy. Al-jome' as-sahih (4-jild)  ( 495808 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 70 71 72 73 74 75 76 77 78 79 80 ... 96 B


AbdulAziz  21 May 2009, 08:05:31

44-bob. Tushda qilich o‘ynatsa...

Abu Muso al-Ash’ariy rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Tushimda qilich o‘ynatgan erdim, sopi sinib tushdi. Men buni mo‘minlarning Uhud jangida shikast topganiga yo‘ydim. Keyin, tushimda yana qilich o‘ynatib erdim, sopi sinmay, qayta baquvvatroq bo‘ldi. Men buni Olloh taolo bizga Makkani fatx etmog‘imizni muyassar qilg‘oniga hamda mo‘minlarning hamjihat bo‘lg‘oniga yo‘ydim».

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 May 2009, 08:05:40

45-bob. Yolg‘on tush to‘qiydirganlar haqida

Ibn Abbos rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Kimki yolg‘on tush to‘qisa, qiyomatda unga ikkita qilni bir-biriga bog‘lamoq amr qiling‘ay, ammo ul harchand urinmasin, eplay olmag‘aydur. Kimki o‘zgalarning gapiga o‘g‘rincha quloq solsa-yu, undan nafratlanib o‘zlarini olib qochsalar, qiyomatda bunday odamning qulog‘iga qo‘rg‘oshin eritib quyilg‘aydur. Kimki surat chizsa, azobga qolgaydur, qiyomatda unga o‘zi chizgan suratga jon ato etmoq buyurilg‘ay, ammo ul bunga qodir ermasdur!».

Ibn Umar rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam «Eng yolg‘on gap — ikki ko‘z birlan ko‘rmagan narsani ko‘rdim, demoqdur!» — dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 May 2009, 08:05:53

46-bob. Tushda noxush narsani ko‘rsa, uni birovga aytmasligi va xotirlab yurmasligi lozim!

Abdurrahmon ibi Sa’id: «Abu Salamadan bunday deb eshitgan erdim», — deydilar: «Men shunday (noxush) tushlar ko‘rar erdimki, hatto undan ta’sirlanib kasal bo‘lib qolar erdim. Bir kuni Abu Qatoda: «Men ham shunday tushlar ko‘rganimda xastalang‘ay erdim, keyin Janob Rasulullohdan quyidagi gapni eshitdim», — dedi: Yaxshi tush — Olloh taolodandur, kimki yaxshi tush ko‘rsa, uni faqat o‘zi yaxshi ko‘rgan odamlarga aytsin, basharti yomon tush ko‘rsa, uning va shaytonning yomonliklaridan Olloh taolodan panoh tilab, uch bor (chap tarafiga) tupurib qo‘ysin hamda ko‘rgan tushini hech kimga aytmasin. Shunday qilsa, tushi zarar keltirmag‘aydur!».

Abu Sa’id al-Xudriy rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Qaysi biringiz yaxshi tush ko‘rsangiz, ul Olloh, taolo tarafidan sizga marhamat qiling‘on bo‘lib, darhol turib rabbingizga munosib hamdu sanolar aytingiz va tushingizni (o‘zingiz sevgan kishiga), so‘ylangiz! Basharti yomon tush ko‘rsangiz, bilingkim, ul , shaytondan sodir bo‘lg‘ondur. Darhol turib shaytonning — yomonligidan Olloh taolodan panoh tilangki va uni birovga aytmangiz! Shunday qilsangiz, tushingiz zarar keltira olmag‘aydur!» — dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 May 2009, 08:06:04

47-bob. Dastlabki ta’birchi noto‘g‘ri tabir qilganda uning xatosini aytmagan kishi xususida

Ibn Abbos rivoyat qiladilar: «Bir kishi Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning huzurlariga kelib: «Men bugun kechasi tushimda bir bulutdan sarig‘yog‘ birlan asal tomayotganini va odamlarning unga kaftlarini tutib turganlarini ko‘rdim. Shunda ba’zilarga ko‘proq, ba’zilarga kamroq nasib etar erdi. Osmon birlan yer oralig‘ida ersa, bir arqon osilib turgan erdi. Qarasam, siz unga tirmashib yuqoriga chiqib ketdingiz, ortingizdan bir kishi, yana bir kishi va yana bir kishi yuqoriga ko‘tarildi. Keyin, yana bir kishi chiqmoqchi erdi, arqon uzilib ketdi, so‘ng yana ulanib qoldi», — dedi. Shunda Abu Bakr: «Yo Rasulalloh, ota-onam sizga fido bo‘lsin, menga ijozat beringiz, bul tushning ta’birini aytayin!» — dedi. Janob Rasululloh: «Mayli, aytg‘il!» — dedilar. Abu Bakr: «O’shal bulut islomdur, undan tomib turgan sarig‘yog‘ birlan asal ersa, Qur’on bo‘lib, uning lazzatidan har kim Olloh taolo nasib etgancha bahramand bo‘lmoqdadur, osmon birlan yer oralig‘ida osilib turgan arqon xususiga kelsak ul siz mahkam tutgan haqiqat yo‘li bo‘lib, Olloh taolo sizni uning orqali yuksaklikka ko‘tarmoqda. Keyin, bir kishi shul yo‘ldan sizga ergashib, yuksaklikka ko‘tarilg‘ay, uning ketidan yana bir kishi, undan so‘ng yana bir kishi shul yo‘lni tutib yuksaklikka ko‘tarilg‘ay. Bulardan keyin ergashgan kishining yo‘li to‘silib, yana ravon bo‘lgach, yo‘lda davom etgay. Yo Rasulalloh, otam sizga fido bo‘lsin, to‘g‘ri ta’bir aytdimmi, yo yo‘qmi?» — dedi. Janob Rasululloh: «Qisman to‘g‘ri, qisman xato aytding», — dedilar. Abu Bakr: «Yo Rasulalloh, Olloh taolo haqi, qaerda xato qilganimni aytib beringiz!» — dedi. Janob Rasululloh: «Qasam ichmag‘il!» — dedilar (Ba’zi ulamolar arqonning uzilganini Hazrat Usmonga yetadirgan shikast deb ta’bir qildilar va Janob Rasulullohning Abu Bakrning xatosini aytmaganliklarini kelajakda sodir bo‘ladirgan fitnalar haqida oldindan tafsilot bermoqni istamaganliklariga bog‘laydilar)».

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 May 2009, 08:06:18

48-bob. Tushning ta’birini bomdod namozidan so‘ng aytmoq haqida

Sumra ibn Jundub rivoyat qiladilar: Rasululloh sallallohu alayhi va sallam o‘z sahobalaridan: «Birortangiz tush ko‘rdingizmi?» — deb tez-tez so‘rab turar erdilar. Shunda xohlagan kishi Olloh taolo iroda qilgancha o‘z tushini so‘ylab berar erdi. Bir kuni erta birlan Janob Rasululloh bunday dedilar: «Bul kecha huzurimga ikki kishi(ikki farishta) kelib meni uyg‘otdida: «Yurg‘il!» — dedi, men ularga ergashdim. Bir joyga borsak bir kishi chalqancha yotibdir, ikkinchi bir kishi uning tepasida turibdir, qo‘lidagi mushtdek tosh birlan chalqancha yotg‘an kishining boshiga urmakdadir, tosh sapchib ketib nariga borib tushmakdadir. Ul toshni olib kelguncha chalqancha yotgan kishining boshi tuzalib qolayotir. Shul tariqa tik turgan kishi chalqancha yotgan kishining boshini qayta-qayta majaqlab azob berayotir. Men: «Subhonalloh, bul kimdur?» — dedim. Hamrohlarim: «yurg‘il, ketdik!» — deyishdi. Bir joyga borsak yana bir kishi cho‘zilib yotibdir, uning tepasida ham avvalgidek bir kishi tik turibdir. Tik turgan kishi qo‘lidagi temir changak birlan cho‘zilib yotgan kishining avval bir lunjini burnidan to ko‘ziga qadar shilib terisini tashqariga qilib qo‘ymoqdadur. Keyin, bul yoniga yotqizib qo‘yib, ikkinchi lunjini ham shunday qilayotir. Bir lunjini shilib bo‘lib ikkinchi lunjiga o‘tguniga qadar avval shilingan lunji tuzalib qolayotir. Tik turgan kishi cho‘zilib yotgan kishiga shul tariqa qayta-qayta azob berayotir. Men: «Subhonalloh, bul nimasi?» — dedim. Hamrohlarim: «Yurg‘il, ketdik!» — deyishdi. Bul yerdan chiqib yo‘lda tandirga o‘xshash bir chuqurlikka duch keldik uning ichidan dod-voy ovozlari quloqqa chalinar erdi. Pastga qarab ul yerda qip-yalang‘och erkak va ayollar borligini, ularning ostlaridan ersa, alanga ko‘tarilib kelayotganini ko‘rdim. Bilsam, ular har safar alanga ko‘tarilganda dod faryod qilishayotgan erkanlar. Men buni ko‘rib: «Bular kimdurlar?» — dedim. Hamrohlarim: «Yurg‘il, ketdik!» — deyishdi. Yura-yura suvi qon rangi yanglig‘ bir daryo bo‘yidan chiqib qoldik. Uning ichida bir kishi zo‘rg‘a suzib yuribdur, qirg‘oqda ersa, boshqa bir kishi oldiga tosh to‘plab o‘ltiribdur. Shunda daryodagi kishi zo‘r-bazur qirgoqqa suzib kelib og‘zini ochib erdi, qirg‘oqdagi kishi tosh solib qo‘ydi, keyin ul qaytib suzib ketdi. So‘ng, yana qaytib suzib kelib og‘zini ochib erdi, yana tosh solib qo‘ydi. Shul tariqa har gal suzib kelsa, qirg‘oqdagi kishi uning og‘ziga tosh solib qo‘yib qaytarib yuborayotir. Men hamrohlarimga: «Bul ikkisi kimdur?» — dedim. Hamrohlarim: «Yurg‘il, ketdik!" — deyishdi. So‘ng biz afti-angoridan hatto ko‘zgu ham nafrat qilgudek bir badnamo odamning oldiga borib qoldik. Ul oldidagi olovni har tarafidan puflab alangalantirayotgan erdi. Men «Bul nimasi?» — dedim. Hamrohlarim: «Yurg‘il, ketdik!» — deyishdi. Biz yo‘lda davom etib bahor nafasi ufurib turgan bir so‘lim bog‘ oldidan chiqib qoldik. Bog‘ning o‘rtasida shul qadar novcha odam turibdikim, uning boshi osmonu falakda bo‘lg‘onidan, yuzini ko‘ra olmadim. Uning atrofida ko‘plab bolalar o‘ynab yurishibdur. Men: «Bular kimdur?» — dedim. Hamrohlarim: «Yurg‘il, ketdik!» — deyishdi. Keyin, yura-yura boshqa bir bog‘ga yetib bordik men bunchalik ulkan va go‘zal bog‘ni (daraxtni) sira ko‘rmaganmen. Hamrohlarim menga: «Unga chiqgil!» — deyishdi, biz chiqib, kumush va oltin g‘ishtlardan bunyod etilgan bir shaharga yetdik. So‘ng, shahar darvozasiga kelib, ochmoqlarini so‘radik ochib erdilar, biz ichkariga kirdik. Shahar ahli qiyofasining yarmi sen ko‘rib yurgan xushnamo odamlardan ham go‘zalroq, yarmi ersa sen ko‘rib yurgan badnamo odamlardan ham xunukroq erkan. Hamrohlarim ularga: «Boringizlar, anavi daryoga tushib cho‘milib chiqingizlar!» — deyishdi, daryoning suvi sut kabi oppoq edi. Ular daryoda cho‘milib chiqqach, qiyofalaridagi badnamolik yo‘qolib, juda go‘zal surat kasb etdilar. Hamrohlarim menga: «Bul — Adn jannatidur, anavi ersa, sening manzilingdur!» — deyishdi. Men nigohimni balandga qaratib oppoq bulut yanglig‘ muhtasham qasrni ko‘rdim. Hamrohlarim «Ana o‘shal qasr senikidur!» — deyishdi. Men ularga: «Olloh taolo sizlarga barakot ato etsin, meni qo‘yib yuboringiz, ul yerga kirayin!» — dedim. Ular: «Ammo, sen hozir ul yerga kira olmag‘aysen!» — deyishdi. Men ularga: «Bul kecha davomida men juda ajib narsalarning guvohi bo‘ldim, ko‘rganlarimni tushuntirib beringiz!» — dedim. Ular: «Biz senga xabar berg‘aymiz» — deya tushuntira ketdilar: «Boya sen ko‘rgan boshi tosh birlan majaqlanayotgan kishi avvallari Qur’on tilovat qilib yurib, keyin tashlab qo‘ygan hamda farz qilingan namozlarni o‘qimay g‘aflat bosib uxlab yotgan. Keyingi — lunjini burnidan to ko‘ziga qadar shilishayotgan kishi ersa, uyidan chiqib yolg‘on gaplarni aytar erdi, uning bo‘htonlari hatto ufqqa qadar tarqalgandur. Tandirga o‘xshash chuqurdagi yalang‘och erkak va ayollar — zinokorlar erdi. Daryoda suzib yurib tosh yutayotgan odam xususiga kelsak ul sudxo‘r (poraxo‘r) bo‘lgan. Qattiqroq yonsin deb olovning chor tarafidan zo‘r berib puflayotgan, afti-angoridan hatto ko‘zgu ham hazar qilgudek badbashara odam ersa, jahannam o‘t yoquvchilarining boshlig‘idur. Bog‘dagi ulkan odam — Ibrohim alayhissalom bo‘lib, atroflaridagi bolalar fitratda (ya’ni, tabiatan musulmon qilib yaratilgan holida) vafot etib ketgan (norasida) bolalardur». Janob Rasululloh gaplarini tugatishlari birlanoq, ba’zi musulmonlar: «Yo Rasulalloh, ularning ichida mushriklarning bolalari ham bormidur?» — deyishdi. Janob Rasululloh: «Ha, mushriklarning bolalari ham bordur! Ammo, yarmi go‘zal, yarmi xunuk odamlar xususiga kelsak ular yaxshi amallarini yomon amallari birlan qorishtirib yuborganlardur, Olloh taolo ularning gunohlarini mag‘firat qilg‘ay», — deb aytdilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 May 2009, 08:07:39

Bismillohir rahmonir rahiymi

FITNALAR HAQIDA KITOB


Olloh taoloning: «Gunoh qilib o‘zig‘a zulm qilganlar tufayli boshqalarga ham shikast yetkazadirgan fitnalarning nozil qilinmog‘idan qo‘rqingizlar!» — degan qavliga, shuningdek Nabiy sallallohu alayhi va sallamning fitnalardan ogohlantirganlariga ta’lluqli hadislar

Asmo binti Abu Bakr rivoyat qiladilar: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam: «Men (qiyomatda) Havzi (Kavsar) labida uning suvidan qongani kelguvchilarni kutib o‘ltirg‘aymen, ammo ularni mening oldimdan qaytarib olib ketishg‘ay, Men: «Bular mening ummatlarimdur!» — degaymen. Olloh taolo: «Yo Muhammad, sen ularning keyin dindan qaytib zalolatga yuz tutganlaridan bexabarsen!» — degay», — dedilar. Shunda Ibn Abu Mulayka: «Yo parvardigoro, bizni dindan qaytmoqdin hamda fitnachi bo‘lmoqdin o‘z panohingda asrag‘il!» — deb yubordi».

Abdulloh (ibn Mas’ud) rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Men Havzi Kavsar bo‘yiga sizlardan burun borib turg‘aymen. Sizlardan bir guruhingizning qoshimga kelayotganingizni ko‘rib men suv uzatganimda yo‘lingizni to‘sib chiqib sizlarni qaytarib olib ketishg‘ay. Shunda men: «Yo larvardigorim, bular mening sahobalarimdur!» — degaymen. Olloh taolo: «O’zingdan keyin bularning ne qilg‘onlarin bilmassen!» — degay.

Sahl ibn Sa’d rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Men barchangizdan burun Havzi Kavsar bo‘yiga borib turg‘aymen. Kimki kelib undan ichsa, sira qayta tashna bo‘lmagay. (Qiyomat kuni) uning suvidan ichmoq bo‘lib qavmlar qoshimg‘a yo‘l olg‘aylar, men ularni tanig‘aymen, ular ham meni tanig‘aylar. Ammo, yo‘llarini to‘sib chiqib, ularni qaytarib olib ketg‘aylar», — dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 May 2009, 08:07:52

1-bob. Nabiy sallallohu alayhi va sallamning «Men vafot qilganimdam keyin sizlar o‘zingizni nafratlantiradirgan ishlarning guvohi bo‘lg‘aysizlar, Havzi Kavsar bo‘yida uchrashg‘unimizga qadar sabr-bardoshli bo‘lingizlar!» deganlari haqida

Abdulloh ibn Mas’ud rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bizga qarata: «Men vafot qilganimdan keyin asara (mol-dunyo to‘plab manmanlik qilmoq)ning hamda o‘zlaringiz nafratlanadirgan boshqa ishlarning guvohi bo‘lg‘aysizlar», — dedilar. Sahobalar: «Yo Rasulalloh, bizga ne deb amr qilg‘aysiz?» — deyishdi. Ul zot: «Amirlaringizning farmoyishlarig‘a itoat etingizlar va Olloh taolo oldidagi burchingizni bajo keltiringizlar!» — dedilar».

Ibn Abbos rivoyat qiladilar: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam:Kimki o‘z amirining biror ishidan nafratlansa, sabr qilsin, chunkim hokimiyat itoatidan zarracha chiqqan kishi johiliyat davridagi (itoatsiz kishilar kabi) o‘lim topg‘ay!» — dedilar».

Abu Rajo al-Atorudiy Ibn Abbosdan naql qiladilar: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam: «Kimki o‘z amirining biror noto‘g‘ri ish qilg‘onini ko‘rsa, sabr qilsin, chunkim o‘z jamoatidan kechib bir qarich tashqari chiqqan kishi johiliyat davridagi (itoatsiz kishilar kabi) o‘lim topg‘aydur!» — dedilar».

Janoda ibn Abu Ulshiya rivoyat qiladilar: «Uboda ibn as-Somit betob erdi, biz ko‘rgani kirib, unga: «Olloh taolo senga shifo ato etsin!» — dedik. Shunda ul bizga o‘zi Janob Rasulullohdan eshitgan quyidagi hadisni (Iloho, ushbu hadis o‘zingga ham manfaat yetkazsin!) aytib berdi: "Janob Rasululloh bizni huzurlariga chaqirdilar, biz bay’at qildik. Ul zot bizni amirni yoqtiramizmi, yo‘qmi yokim chor-nochor ahvolda bo‘lamizmi, yo‘qmi yohud amir o‘ziga boylik orttirayotgan bo‘ladirmi yo‘qmi, bundan qat’iy nazar, uning farmoyishlariga qarshilik qilmaslikka bay’at qildirdilar. «Lekin, — dedilar Janob Rasululloh, — uning ochiqdan-ochiq kufr yo‘liga o‘tganligini ko‘rsangizlar, qo‘lingizda Olloh taolo nozil qilgan Qur’oni Kariym mavjud bo‘lib, shunga binoan ish ko‘ringizlar!»

Usayd ibn Huzayr rivoyat qiladilar: "Bir kishi Janob Rasulullohning huzurlariga kelib: «Yo Rasulalloh, falonchini amalga ta’yin etdingiz, nechun meni ta’yin etmaydursiz?» — dedi. Janob Rasululloh: «Mendan keyin sizlar boylikka ruju’ qilganlarning shohidi bo‘lg‘aysiz dedilar», men birlan (Havzi Kavsar bo‘yida) uchrashguncha sabr qilingizlar!

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 May 2009, 08:08:08

2-bob. Nabiy sallallohu alayhi va sallamning «Ummatimning halokati nodon yoshlar qo‘lidadur!» deganlari haqida

Amr ibn Yahyo bobolaridan naql qiladilar: «Janob Rasulullohning Madinadagi masjidlarida Abu Hurayra birlan birga o‘ltirgan erdim, Marvon ibn al-Hakam ham biz birlan birga erdi. Shunda Abu Hurayra: «Rostgo‘ylar rostgo‘yi bo‘lmish Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Ummatimning halokati quraysh yoshlari qo‘lida bo‘lg‘aydur!» — dedilar», — dedi. Marvon: «Unday yoshlarga Olloh taoloning la’nati bo‘lsin!» — dedi. Abu Hurayra: «Agar Banu falon va Banu falon deb ularning nomlarini aytmog‘imni istasang, aytayin!» — dedi. Men bobom birlan birga Marvon qabilasi huzuriga, ular Shomni egallagan kezida borgan erdim. Shunda bobom ularning nuqul yosh-yalanglar erkanligin ko‘rib: «Janob Rasululloh bizga aytgan yoshlar shular bo‘lmasa erdi!» — dedilar. Biz: «Siz bizdan ko‘ra yaxshiroq bilg‘aysiz!» — dedik».

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 May 2009, 08:08:24

3-bob. Janob Rasulullohning «Yaqinda bo‘ladirgan fitnalardan arablarning sho‘ri qurib qolg‘aydur!» deb aytganlari haqida

Zaynab binti Jahsh rivoyat qiladilar: «Bir kuni Rasululloh sallallohu alayhi va sallam yuzlari qizarib uyg‘ondilarda, «Lo iloha illallohu, yaqinda fitnalardan arablarning sho‘ri qurib qolg‘aydur! Bugun Yajuj-Majujning oldidagi g‘ov mana shuncha ochildi», — dedilar (Sufyon ibn Uyayna: «To‘qson yokim yuz foiz, degan bo‘lsalar kerak», — deydilar). Sahobalar: «Biz — solih bandalar ham halokatga o‘chrag‘aymizmi» — deyishdi. Janob Rasululloh: «Ha, agar yomonlik ko‘payib ketsa!» — deb javob qildilar».

Usoma ibn Zayd rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bir balandlikka chiqib Madinadagi uylarga ko‘z tashladilarda: «Menga hozir nelar ayon qiling‘onin bilurmisiz?» — dedilar. Sahobalar: «Yo‘q», — deyishdi. Ul zot: «Mana shul uylaringiz aro yomg‘ir kabi fitnalar yog‘ilmog‘ini ko‘rib turibmen!» — dedilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 May 2009, 08:08:37

4-bob. Fitnalarning yuzaga kelmog‘i haqida

Abu Hurayra rivoyat qiladilar: Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday deb aytdilar: «Umr tez o‘tadirgan bo‘lib qoladir, ezgulik kamayib boradir, xasislik kuchayadir, fitnalar yuzaga keladir va harj ko‘payadir», — dedilar. Sahobalar: «Yo Rasulalloh, harj nedur?» — deyishdi. Ul zot: «Qotillikdur, qotillikdur!» — dedilar».

Shaqiq rivoyat qiladilar: «Abdulloh va Abu Muso birlan birga o‘ltirgan erdim, ular menga: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam bunday deb aytganlar», — deyishdi: «Qiyomat qoim bo‘lmog‘i arafasida jaholat kuchayib, qotillik ko‘payg‘aydur».

Abdulloh (ibn Mas’ud) rivoyat qiladilar: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam: «Qiyomat arafasida qotillik avjga chiqib, ilm zavol topg‘ay va jaholat keng yoyilg‘aydur», — dedilar. Keyin, yana: «Qiyomat qoim bo‘lgach, tirik qolganlar — eng yomon odamlardur!» — dedilar (ya’ni, huzurbaxsh shamol esib mo‘‘min-musulmonlarning ruhlari (jonlari)ni olib ketgach, tirik qolgan kofiru munofiqlar)».

Qayd etilgan