Imom al-Buxoriy. Al-jome' as-sahih (4-jild)  ( 496044 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 72 73 74 75 76 77 78 79 80 81 82 ... 96 B


AbdulAziz  27 May 2009, 09:16:09

15-bob. Janob Rasulullohning: «Fitna mashriq tarafdin chiqg‘aydur!» — deganlari haqida

Solim (ibn Abdulloh ibn Umar) rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam minbar yonida turib: «Fitna anavi tarafdan, shayton shoxi (yokim quyosh toji) chiqadirgan tomondan sodir bo‘lg‘ay», — dedilar».

Nofi’ ibn Umar rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Ey parvardigoro, bizning Shomimizga barakot berg‘il, bizning Yamanimizga barakot bergil va Najdimizga barakot berg‘il!» — dedilar. Keyin menimcha ul zot Najdda zilzilalar, fitnalar ro‘y berg‘ay va ul yerdan shayton chiqgay», — dedilar ham shekilli».

Sa’id ibn Jubayr rivoyat qiladilar: «Huzurimizga Abdulloh ibn Umar chiqib erdi, biz undan biror yaxshi hadis eshitmoq orzusida bo‘ldik. Oramizdan bir kishi: «Ey Abu Abdurrahmon fitnaga qarshi kurashmoq haqida so‘ylangiz, chunkim Olloh taolo: «Fitna sodir bo‘lmasligi uchun ularga (fitnachilarga) qarshi jang qilingizlar!» — deydi», — dedi. Ibn Umar: «Fitna o‘zi nedur, bilurmisen, onang sendan ajrab qolg‘ur?! Janob Rasululloh mushriklarga qarshi jang qilganlar, mushriklar dinida bo‘lmoqlikning o‘zi — fitnadur, ul zotning janglari sizlarning mol-mulk uchun qilgan janglaringiz kabi ermasdur!» — dedi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  27 May 2009, 09:16:51

16-bob. Dengiz mavjlangani kabi mavj urib keladirgan fitna haqida

Halaf ibn Havshan rivoyat qiladilar: «Sahobalar fitna xususida Imrulqaysning quyidagi baytlarini misol keltirmoqni xushlar erdilar»:

«Urush jonon kabi dastlab qilur odamni maftun,
Ziynatini ko‘rsatib barcha nodonni etur afsun.
Gurkirab yonsa, alanga olsa ko‘kka bo‘y cho‘zib,
Badnamo kampir kabi ko‘ngulga tekkaydur u kun.
Rangu ro‘yi o‘zgarib ham sochi bo‘lur oqu qaro,
Endi bo‘lmas hidlamoq, o‘pmoq uni badbo‘y uchun.


Shaqiq raziyallohu anhu rivoyat qilidilar: «Huzayfa: «Bir kuni biz Hazrat Umarning huzurlarida o‘ltirgan erdik ul kishi: «Qay biringiz Janob Rasulullohning fitna haqidagi hadislarini bilursiz?» — dedilar», — dedi. Shunda Huzayfa: «Barcha fitna kishining o‘z xotini, bolalari va qo‘shnisidan sodir bo‘lg‘aydur, uni sadaqa bermoq, namoz o‘qimoq va amri ma’ruf qilmoq birlan daf etg‘aydurlar» — deb aytganlar», — debdi. Hazrat Umar: «Men buni nazarda tutganim yo‘qdur, men dengiz yanglig‘ mavj uradirgan fitna haqida so‘rayotirmen», — debdilar. Huzayfa: «Ey Amir al-mo‘‘miniyn, unday fitnadan siz xavotir olmasangiz ham bo‘lur, chunkim siz birlan uning o‘rtasidagi eshik yopiqdur!» — debdi. Hazrat Umar: «O’shal eshik sindirilg‘aymi yokim ochilg‘aymi?» — debdilar. Huzayfa: «Ehtimol, sindirilg‘aydur», — debdi. Hazrat Umar: «Agar sindirilsa, abadulabad qayta yopilmas!» — debdilar. Huzayfa: «Ha, shundoq!» — debdi. Keyin, biz Huzayfaga: «Hazrat Umar o‘shal eshikning kim erkanligin bilurmi erdilar?» — deb so‘radik. Huzayfa: «Ha, albatta, men ertangi kun kelmog‘idan avval tun bo‘lmog‘ini bilganimdek yaxshi bilg‘aydurlar, chunkim men ul kishiga Janob Rasulullohning shul haqdagi hadislarini aytib berganmen», — dedi. So‘ng, biz o‘shal eshik haqida boshqa savol bermoqqa tortinib, Masruqqa: «Sen so‘rag‘ilchi!» — dedik. Ul so‘ragan erdi, Huzayfa: «O’shal eshik Hazrat Umarning o‘zlaridurlar» — deb javob berdi».

Abu Muso al-Ash’ariy rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam hojat talab bo‘lib Madina bog‘laridan biri tomon yo‘l oldilar, men ortlaridan ergashdim. Keyin, ul zot bog‘ ichkarisiga kirib ketdilar, men bog‘ darvozasi oldida qoldimda: «Koshki erdi, men Janob Rasulullohning darvozabonlari bo‘lsam!» — deb qo‘ydim, ammo menga bunday demadilar. Janob Rasululloh qazoi hojat qilib bo‘lgach, izorlarini shimarib quduq taxtasiga o‘ltirdilarda, oyoqlarini uning uchiga osiltirib oldilar. Shu payt Abu Bakr kelib, boqqa kirmoqqa ijozat so‘radilar. Men: «Shoshmay turingiz, ruxsat so‘rab kelayin!» — dedim. Keyin, borib Janob Rasulullohga: «Abu Bakr kirishga ijozat so‘rayotirlar», — dedim. Janob Rasululloh: «Ruxsat berg‘ilda, jannat birlan uni xushnud qilg‘il!» — dedilar. Abu Bakr ichkariga kirib izorlarini shimardilarda, Janob Rasulullohning o‘ng taraflariga kelib ul zot kabi oyoqlarini kuduqqa osiltirib o‘ltirdilar. So‘ng Hazrat Umar kelib qoldilar. Men: «Shoshmay turingiz, ruxsat so‘rab chiqayin!» — dedim. Janob Rasululloh: «Ruxsat berg‘ilda, jannat birlan uni ham xushnud qilg‘il!» — dedilar. Hazrat Umar ichkariga kirib izorlarini shimardilarda, Janob Rasulullohning chap taraflariga kelib oyoqlarini quduqqa osiltirib o‘ltirdilar. Shunda quduq taxtasida o‘ltirgani joy qolmadi. Shul asnoda Hazrat Usmon kelib ichkariga kirmoqqa ijozat so‘radilar. Men: «Shoshmay turingiz ruxsat so‘rab chiqayin!» — dedim. Janob Rasululloh: «Ijozat berg‘ilda, jannat birlan uni ham xushnud qilg‘il hamda unga musibat ham yetajagini aytg‘il!» — dedilar. Hazrat Usmon quduq taxtasidan joy topolmay, aylanib o‘tdilarda, ularning ro‘parasiga kelib quduqning chetiga o‘ltirdilar, so‘ng izorlarini shimarib oyoqlarini uning ichiga osiltirib oldilar. Shunda men birodarim (Abu Burda) kelib qolarmikan deb Olloh, taologa iltijo qildim, kelmadi. Ibn Musayyab: «Men bul holni uchchovlari (Janob Rasululloh, Hazrat Abu Bakr va Hazrat Umar)ning qabrlari yonma-yon erkanligiga, Hazrat Usmonning qabrlari ersa, ulardan chetda qolg‘onligiga yo‘ydim», — deydi».

Abu Voil rivoyat qiladilar: «Qarindoshlaringnzni katta mansablarga tayinlayotganingizdan odamlar norozi bo‘lishayotir deb Hazrat Usmonga aytmabmi erding?» — deyishdi Usomaga. Usoma bunday dedi: «Fitna eshigini birinchi bo‘lib ochg‘uvchi shaxs bo‘lib qolmayin deb, maslahat tarzida yotig‘i birlan aytgan erdim. Men kechagina o‘z so‘ziga amal qilmay yurgan odamga, bugun amir bo‘lib qolsa, «Sen yaxshisen!» deb tilyog‘lamalik qiladirganlardan ermasmen. Chunkim, Janob Rasululloh: «Bir odamni olib kelishib, do‘zaxga tashlashg‘ayda, eshak tuyoqlari birlan (somon) yanchgandek yanchishg‘ay. Shunda uning atrofiga do‘zax ahli to‘planib: "Ey falonchi, sen odamlarga islom amallarini ado etmoqni hamda makruh ishlardan qochmoqni buyurar erding-ku?!» — deyishg‘ay. Ul ersa: «Ha, to‘g‘ri, shunday qilur erdimu, ammo o‘zim bunga amal qilmas erdim» — degaydur» — deb aytgan erdilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  27 May 2009, 09:17:58

17-bob.

Abu Bakra rivoyat qiladilar: «Olloh taolo marhamati ila «Tuya jangi»dan (Bul voqea hijriy 36 yili Hazrat Usmon o‘ldirilganlarida sodir bo‘lgan bo‘lib, o‘shanda Oisha onamiz boshliq musulmonlar birlan xalifalik taxtini talab qilib chiqqan Hazrat Ali yetakchiligidagi musulmonlar o‘rtasida jang bo‘lgan) o‘zimga foydali xulosa chiqarib olganmen. Chunkim, Janob Rasulullohga forslarning Xisrav qizini o‘zlariga podshoh qilib ko‘targanlari haqidagi xabarni aytishganda, ul zot: «O’z ishlarini ayol kishiga topshirib qo‘ygan qavm sira ham ro‘shnolik ko‘rmag‘aydur!» — deb aytganlar».

Abu Maryam Abdulloh ibn Ziyod al-Asadiy rivoyat qiladilar: «Talha, Zubayr va Oisha raziyallohu anho Basraga yo‘l olganlaridan so‘ng Hazrat Ali Ammor ibn Yosir va Hasan ibn Alini Kufaga jo‘natdilar. Ular yetib kelib minbarga chiqishdi. Hasan ibn Ali minbarning yuqori pog‘onasida, Ammor ersa, quyi pog‘onasida turdi. Biz minbar atrofiga to‘plandik. Shunda Ammor: «Oisha Basraga kelayotir, Olloh taologa qasam ichamenkim, ul Janob Rasulullohning bu dunyo va oxiratdagi jufti halollaridur. Ammo, Olloh taolo sizlarni: «Menga itoat qiladirmi yokim Oishgami?» deb sinab ko‘rmoq niyatidadur», — dedi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  27 May 2009, 09:18:09

18-bob.

Abu Voil rivoyat qiladilar: «Ammor Kufada minbarga chiqib Oisha raziyallohu anhoning Basraga yo‘l olganlarini aytdida «Oisha Janob Rasulullahning bul dunyo va oxiratdagi jufti halollaridur, ammo Olloh taolo sizlarni «Menga itoat qiladurmi yokim Oishagami?» deb sinab ko‘rmoq niyatidadur», — dedi».

Abu Voil rivoyat qiladilar: «Abu Muso va Abu Mas’ud Ammorning huzuriga kirishdi. Hazrat Ali Ammorni Kufa aholisini jangga safarbar qilmoqqa yuborgan erdi. Ular Ammorga: «Islomga kirganingdan buyon ko‘ngilsiz buyruqni bizga bunchalik zudlik birlan yetkazganingni ko‘rmagan erdik!» — deyishdi. Ammor: «Men ham sizlarning islomga kirganingizdan buyon buyruqqa bunchalik sustkashlik qilganingizni ko‘rmagan erdim!» — dedida, ikkalasiga sarpo kiydirdi, so‘ng masjidga ravona bo‘lishdi».
Shaqit ibn Salama rivoyat qiladilar: «Abu Mas’ud, Abu Muso al-Ash’ariy va Ammor birlan birga o‘ltirgan erdik. Abu Mas’ud Ammorga: «Do‘stlaringning orasida birorta ham arzigulik odam yo‘qki, seni qo‘yib unga gapimni aytsam, Janob Rasulullohga sahobalik qila boshlaganimdan beri sening noxush buyruqni bunchalik zudlik birlan yetkazmoqqa oshiqqaningni ko‘rmagan erdim!» — dedi. Ammor unga: «Men ham sizning Janob Rasulullohga sahobalik qilayotganingizdan buyon buyruqqa bunchalik sustkashlik qilganingizni ko‘rmaganmen!» — dedi. Abu Mas’ud badavlat odam erdi, o‘z g‘ulomiga: «Ey g‘ulom, ikkita sarpo keltirg‘il!» — deb amr qildi, so‘ng birini Abu Musoga, ikkinchisini Ammorga tuhfa qildida: «Shuni kiyib jum’aga boringizlar!» — dedi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  27 May 2009, 09:18:24

19-bob. Olloh taolo biror qavmga azob yuborsa...

Hamza ibn Abdulloh ibn Unir rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Olloh taola biror qavmga azob yuborsa, oralarida solih kishilar mavjudligidan qat’iy nazar, barchaga barobar shikast yetgay, so‘ng har kim qilgan amali solihlariga yarasha najot topg‘aydur!» — dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  27 May 2009, 09:18:34

20-bob. Nabiy sallallohu alayhi va sallamning Hasan ibn Ali haqida «Darhaqiqat, bul o‘g‘lim rahnamodur! Shoyad, Olloh taolo uning vositasida ikki musulmon toifaning orasini kelishtirib qo‘ysa!» deb aytganlari xususida

Sufyon ibn Uyayna rivoyat qiladilar: «Isroil ibn Muso, ul birlan Kufada uchrashganimda: «Ibn Shubruma huzurimga kelib: «Meni Iso ibn Muso (Kufa amiri) qoshiga olib qirg‘il, men unga bir nasihat qilib qo‘yayin!» — deb , aytdi, — dedi. Shunda, aftidan Ibn Shubruma Iso ibn Musodan hayiqib bunday qilmagan ko‘rinadi. Hasan al-Basriy bizga aytdiki, Hasan ibn Ali Muoviyaga qarshi lashkar tortib borganida Amr ibn al-Os Muoviyaga: «Boshqalar chekinsa, cheking‘aydur, ammo bul lashkar chekinmag‘ay», — debdi. Muoviya Amr ibn al-Osga: «Musulmonlarni o‘ldirsak ularning bolalarini kim boqadir?» — debdi. Amr ibn al-Os: «Men!» — debdi. O’shanda Abdulloh ibn Omir va Abdurrahmon ibn Sumra: «Muoviyani topib, unga sulh tuzmoqni taklif qilamiz», — deyishdi. Hasan al-Basriy: Men Abu Bakrdan eshitib erdimki, bir kuni Janob Rasululloh va’z aytib turganlarida Hasan ibn Ali kelib qolibdi. Shunda Janob Rasululloh «Bul o‘g‘lim rahnamodur! Shoyad, Olloh taolo uning vositasida ikki musulmon toifa orasini kelishtirib qo‘ysa!» — deb aytibdirlar», — dedi».

Amr (ibn Dinor) rivoyat qiladilar: «Harmalani uchratib qolgan erdim, ul munga bunday dedi: «Meni Usoma Hazrat Alining huzurlariga yuborayotib: «Borganingda sendan «Ne uchun xo‘jayining menga yordamga kelmadi?» deb so‘raydirlar, sen: «Agar sherning og‘ziga tushib qolsangiz ham siz birlan birga bo‘lur erdimu, ammo bunday fitnaovar ishda ishtirok etmoqni o‘zimga ravo ko‘rmadim, deb aytib yubordilar, degil», — dedi. Keyin men Hasan, Husayn hamda Ibn Ja’farning huzuriga borib erdim, ular tuyam ko‘targancha sovg‘a salom berib yuborishdi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  27 May 2009, 09:18:47

21-bob. Qavm huzurida bir gapni aytib, tashqariga chiqqach, boshqa bir gapni aytsa...

Nofi’ rivoyat qiladilar: «Madina ahli Yazid ibn Muoviyani mansabdan tushirgach, Ibn Umar o‘z mulozimlari birlan bola-chaqalarini to‘plab: «Men Janob Rasulullohdan eshitganmenki, qiyomat kuni har bir xoin tepasiga (uning xoin erkanlig‘in anglatg‘uvchi) bayroq tikib qo‘yilg‘aydur. Biz Olloh taolo birlan uning rasuliga (adolatli bo‘lg‘aymiz deb bul kishiga (Yazid ibn Muoviyaga) ont ichgan erdik. Men Olloh taolo birlan uning rasuliga sadoqat bildirib bir kishiga ont ichgach, ontidan qaytib o‘shal kishiga qarshi jang qilmoqlikni oqlamag‘aymen. Birortangizni uni mansabdan tushirgansiz va bul xususda ont ichgansiz demaysiz, aks holda o‘rtamizga rahna tushgan bo‘lur erdi», — dedi».

Abulmipuol rivoyat qiladilar: «Ibn Ziyod va Marjj Shomda erkanligida Ibn az-Zubayr Makkada, xavorijlar Basrada bosh ko‘tardilar. Men otam birlan birga Abu Barza al-Aslamiyning xuzuriga yo‘l oldim. Hovlisiga yetib borib ichkariga kirsak qamishdan qilingan kulbasining soyasida o‘ltirgan erkan, biz ham uning yoniga borib o‘ltirdik. Keyin, Otam uni suhbatga chorlab: «Ey Abu Barza, odamlarning ne ahvolga tushib qolganlarini ko‘rmaysizmi?! — dedilar. Keyin, shunday bir gapni aytdilarki, bunday gapni ul kishining og‘izlaridan ilgari sira eshitmaganimdan, Olloh taolodan qo‘rqib nafasim ichimga tushib ketdi. Ul kishi bunday dedilar: «Men Quraysh qabilalaridan darg‘azabmen, sizlar ilgari bechora hol, yo‘ldan adashgan bir arab jamoasi erdingizlar, Olloh taolo Islom va Muhammad sallallohu alayhi va sallamni, yuborib sizlarni bul ayanchli holdin qutqardi va o‘zingiz ko‘rib turgan mavqega muyassar etdi. Mol-dunyo deb oralaringizni buzgan shaxs — bu Shomdagi kishidur (ya’ni, Marvon ibn al-Hakam), Olloh taolo haqi, ul mol-dunyo deb jang qilayotir, sizlarning oralaringizdagilar ham Olloh. taolo haqi, mol-dunyo uchun jang qilaetirlar, ularni qo‘zg‘agan shaxs — Makkadagi kishidur (ya’ni, Abdulloh ibn az-Zubayr). Olloh taolo haqi, ul ham mol-dunyo uchun jang qilayotir!».

Shaqiq ibn Salamiy rivoyat qiladilar: «Huzayfa ibn al-Yamon: «Bugungi munofiqlar Janob Rasululloh zamonlaridagi munofiqlardan ham yomonroqdur, chunkim ul vaqtdagilari o‘z kirdikorlarini yashirar erdilar, hozirgilari ersa, yashirmaydilar», — dedi». Huziyfa ibn al-Yamon: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam zamonlarida munofiqlar iymon keltirib musulmon bo‘lur erdilar, ammo bugun ersa, iymon keltirgach qayta kofir bo‘layotirlar», — deydilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  27 May 2009, 09:19:30

22-bob. Tiriklar qabrda yotganlar o‘rnini orzu qiladirgan bo‘lmaguncha qiyomat bo‘lmag‘aydur!

Abu Hurayra rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Qabr yonidan o‘tib ketayotgan kishi «Koshki, shuning o‘rnida bo‘lsam!» deb orzu qiladirgan bo‘lmaguncha qiyomat qoim bo‘lmag‘aydur», — dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  27 May 2009, 09:19:38

23-bob. Zamonlar o‘zgarib odamlarning butlarga ibodat qiladirgan bo‘lib qolmoqlari haqida

Abu Hurayra rivoyat qiladilar: "Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Davs qabilasi ayollari Zulxulusa atalmish butga sig‘inadirgan bo‘lmagunlariga qadar qiyomat bo‘lmag‘aydur, Zulxulusa ersa Davs qabilasi johiliyat davrida ibodat qilgan butdur», — dedilar».

Abu Hurayra rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam:. «Qahton qabilasidan bir kishi chiqib odamlarni tayog‘i birlan (qo‘y haydagandek) haydamaguncha Qiyomat bo‘lmag‘aydur», — dedilar».   

Qayd etilgan


AbdulAziz  27 May 2009, 09:19:47

24-bob. O’t (alanga) chiqmog‘i haqida

 Akas (ibn Molik) rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Qiyomatning dastlabki belgilaridan biri shulkim, mashriqdan o‘t (alanga) chiqib, mag‘ribga tarqalg‘aydur», — dedilar.

Abu Hurayra rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam «Hijoz yeridan o‘t chiqib Busrodagi tuyalar bo‘ynini yoritmaguncha qiyomat bo‘lmag‘aydur», — dedilar».

Abu Hurayra rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Yaqinda Firot daryosi o‘z oltin xazinalarini yuzaga chiqaradur, ko‘rganlar undan zarracha olmasin!» — dedilar».

Qayd etilgan