Imom al-Buxoriy. Al-jome' as-sahih (4-jild)  ( 496179 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 74 75 76 77 78 79 80 81 82 83 84 ... 96 B


AbdulAziz  28 May 2009, 07:29:49

7-bob. Qo‘l ostidagilarga nasihat qilmagan boshliq haqida

Hasan (al-Basriy) rivoyat qiladilar: «Ubaydulloh ibn Ziyod kastalanib yotgan Ma’qil ibn Yasorni ko‘rgani bordi. Shunda Ma’qil unga: «Men o‘zim Janob Rasulullohdan eshitgan bir hadisni senga hikoya qilayin, ul zot bunday deb aytgan erdilar», — dedi: «Olloh taolo biror bandasini odamlarga boshliq qilsa-yu, ul o‘z qo‘l ostidagilarga nasihat amri ma’ruf qilmasa, jannatning hidini ham topolmag‘aydur!».

Hasan al-Basriy rivoyat qiladilar: «Biz bemor Ma’qil ibn Yasorni ko‘rgani bordik. Ubaydulloh ichkariga kirganda Ma’qil unga Janob Rasulullohdan eshitgan quyidagi hadisni aytib beribdur: «Musulmonlarga boshliq bo‘lgan kishi o‘z qo‘l ostidagilarni aldasa, Olloh taolo uni jannatdan mahrum qilg‘aydur!».

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 May 2009, 07:30:18

8-bob. Qiynaganni Olloh taolo qiynagay!

Tarif Abu Tamima rivoyat qiladilar: «Men Safvon birlan Jundubni va uning do‘stlarini ko‘rdim, Jundub ularga nasihat qilayotgan erdi. Ular: «Siz Janob Rasulullohdan biror hadis eshitganmisiz?» — deyishdi. Jundub: «Men Janob Rasulullohning «Kimki birovni sharmisor qilsa, Olloh taolo ham uni qiyomat kuni sharmisor qilg‘ay, kimki o‘zgalarni qiynasa, Olloh taolo ham uni Qiyomat kuni qiynag‘ay» — deb aytganlarini eshitganmen», — dedi. Ular «Bizga o‘git beringiz!» — deyishdi. Shunda ul «Inson (o‘lgach), dastlab qorni iriydi. Faqat halol topib yenglar, o‘zingiz birlan jannat orasiga g‘ov tushmasin desangiz, kaftingizni qon birla bulg‘amanglar», — dedi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 May 2009, 07:35:16

9-bob. Yo‘lda (ketayotib) hukm va fatvo chiqarmoq haqida

Yahyo ibn Ya’mur yo‘lda ketayotib, Sha’biy ersalar eshiklari ostonasida turib fatvo berganlar.

Anas ibn Molik rivoyat qiladilar: «Men va Janob Rasululloh masjiddan chiqib kelayotgan erdik bir kishi bizni masjid eshigi ostonasida uchratib: «Yo Rasulalloh, qiyomat qachon sodir bo‘lgay?» — dedi. Janob Rasululloh: "Qiyomatga qanday hozirlik ko‘rib qo‘ygansen?» — dedilar. Shunda boyagi odam jimib qoldi, so‘ng «Yo Rasulalloh, na qiyomatga yetarli hozirlik ko‘ra olmadim, na ro‘zani, na namozni va na sadaqani yolchitdim, ammo men Olloh taolo birlan uning rasulini yaxshi ko‘rg‘aymen!» — dedi. Ul zot: «Sen o‘zing yaxshi ko‘rganlar birlasen!» — dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 May 2009, 07:35:29

10-bob. Janob Rasulullohning eshikbonlari bo‘lmagani haqida

Sobit al-Bunoniy rivoyat qiladilar: «Men Anas ibn Molikning o‘z oilasidagi ayollardan biriga: «Sen falon ayolni tanirmisen?» — deganini eshitdim. Ayol unga: «Ha, tanirmen», — deb javob berdi. Shunda Anas bunday dedi: «Bir kuni Janob Rasululloh mozordan o‘tib ketayotib o‘shal ayolning bir qabr ustida yig‘lab o‘ltirganini ko‘rib qoldilarda, unga: «Olloh taolodan qo‘rqg‘il, sabr qilg‘il!» — dedilar. Ayol: «Nari turingiz, siz mening musibatimdan bexabarsiz!" — dedi, Janob Rasululloh indamay yo‘lda davom etdilar. Shul asnoda bir kishi kelib qolib, ayoldan: «Janob Rasululloh senga ne dedilar?» — deb so‘radi. Ayol Men ul zotni tanimabmen», — dedi. Boyagi odam: «Ul kishi Janob Rasululloh erdilar», — dedi. Shunda ayol (uzr so‘ramoq bo‘lib) Janob Rasulullohning huzurlariga ravona bo‘ldi, yetib borgach, eshikbon yo‘qligini ko‘rib ichkariga kirdida: «Yo Rasulalloh, Olloh taolo haqi, men sizni tanimabmen!» — dedi. Janob Rasululloh: «Boshga musibat tushgan dastlabki kunlardagi sabr — sabrdur!» — dedilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 May 2009, 07:35:53

11-bob. Hokim o‘zidan mansabi yuqori bo‘lmish imom mavjud bo‘lmasa ham qatl jazosiga loyiq kishini o‘limga mahkum qilaveradi

Anas ibn Molik rivoyat qiladilar «Qays ibn Sa’d Rasululloh sallallohu alayhi va sallam huzurlarida amirga itoat qilg‘uvchi mirshablar boshlig‘i sifatida erdi».

Abu Muso (al-Ash’ariy) rivoyat qiladilarki, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam uni (Yamanga) jo‘natgach, ketidan Maozni yuboribdirlar.

Abu Burda rivoyat qiladilar: Bir odam islomga kirdi, so‘ng undan qaytib yahudiy diniga kirdi. Maoz ibn Jabal o‘shal odamni izlab kelib, Abu Musoning xuzuridan topdi. Uning oyoq-qo‘li bog‘liq holda yotganini ko‘rib, Abu Musoga: «Bul odamni nechun bog‘lab ko‘yding?» — dedi. Abu Muso: «Ul islomga kirgach, undan qaytib yahudiy diniga kirdi», — dedi. Maoz: «Uni o‘ldirmagunimcha o‘ltirmag‘aymen, chunkim Olloh taolo va uning rasuli sallallohu alayhi va sallamning hukmlari shuldur!» — dedi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 May 2009, 07:36:10

12-bob. Hokim g‘azabnok holida hukm chiqarishi yokim fatvo bermog‘i joizmi?

Abdulmalik ibn Numayr Abdurrahmon ibn Abu Bakradan naql qiladilar: «Abu Bakra o‘g‘li Sijistonda qozilik qilib turgan vaqtda: «G’azabnok holingda ikki kishi ustidan hukm chiqarmagil, chunkim men Janob Rasulullohdan eshitganmenkim, hokim bo‘lmish shaxs ikki kishi ustidan hukm chiqarayotgan chog‘ida g‘azabnok holda bo‘lmasligi lozimdur!» — deb maktub yo‘lladi».

Abu Mas’ud rivoyat qiladilar: «Bir odam Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning huzurlariga kelib: «Yo Rasulalloh, men falonchi (imom) sababli bomdod namoziga chiqmaymen, chunkim ul uzun suralarni o‘qib namozni cho‘zib yuboradir», — dedi. Men Janob Rasulullohning o‘shal kun va’z aytayotganlaridagidek darg‘azab bo‘lganlarini ko‘rmaganmen, ul zot: «Ey odamlar, oralaringizda qavmni namozdan bezdirg‘uvchi kishilar bor erkan, qaysiningiz imomlik qilsangiz, namozni qisqaroq o‘qingiz!» — dedilar».

Solim (ibn Abdulloh ibn Umar) rivoyat qiladilarki, otalari Abdulloh ibn Umar xotinlarini hayz ko‘rgan holida taloq qilibdirlar. Bul haqda Janob Rasulullohga aytishganda, ul zot darg‘azab bo‘lib: «Uni qayta nikohlab olsin va hayzdan poklangach, yana bir marta hayz ko‘rib poklanguncha uyida saqlab tursin, keyin taloq shart bo‘lsa, taloq qilaversin!» — deb aytibdilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 May 2009, 07:36:28

13-bob. Gap-so‘z va tuhmatdan qurqmaydirgan qozi odamlar ishi yuzasidan o‘zi bilib hukm chiqaravergay deb hisoblagan kishi xususida

Chunonchi, Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallam (Abu Sufyonning xotini) Hindga: «Insofdan chiqmay o‘zing birlan bolalaringga yetarligini olg‘il!» — deb aytganlar. Qozi ana shunday xayrli ishlar yuzasidangina o‘zi bilib hukm chiqarmog‘i joizdur.

Oisha raziyallohu anho rivoyat qiladilar: «Hind binti Utba ibn Rabi’a kelib: «Yo Rasulalloh, Olloh taolo haqi, men ilgari yer yuzidagi chodirda yashovchilarning sizning chodiringizdagilardan xor-zorroq bo‘lmog‘ini istamas erdim, endi bugun ersa sizning chodiringiz ahlining yer yuzidagi chodir ahlidan azizroq bo‘lmog‘ini istagaydurmen!» — dedi. Keyin: «(Erim) Abu Sufyon xasis odam, agar uning narsalaridan bolalarimga yedirsam, menga gunoh bo‘lmagaymi?! — deb so‘radi. Janob Rasululloh: «Insof birlan olib yedirsang, senga gunoh bo‘lmag‘aydur», dedilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 May 2009, 07:37:38

14-bob. Muhrlangan xatning soxta ermasligiga dalil keltirmoq va buning qulay va noqulay tomonlari hamda hokimning‘ o‘z xizmatchilariga, qozining ersa qoziga xat yozmog‘i haqida

Ba’zi odamlar (ulamolar). «Hokim hadd jazosiga taalluqli masala xususida tegishli odamlariga xat yozmasligi kerak», — deb turib, keyin: «Lekin, birov birovni bilmay o‘ldirib qo‘yganda hokim tegishli odamlariga ko‘rsatma berib xat yozmog‘i joizdur, chunkim bul masala endi hadd jazosiga aloqador bo‘lmay, mol (xun uchun olinadirgan jarima) birlan bog‘liqdur», — deb ta’kidlaydilar. Aslida, bilmay o‘ldirganlik birlan qasddan o‘ldirganlikning hukmi birdur.

Umar ibn al-Xattob o‘z xizmatchisiga hadd jazosi haqida xat yozdi. Umar ibn Abdulaziz ersa, sindirilgan tish uchun tish sindirmoq kerakligi xususida xat yozdi. Ibrohim: «Qozi qoziga xat yozmog‘i mumkindur, agar ular bir-birlarining yozuv va muhrlarini tanisalar», — deydilar. Sha’biy: «Qozining muhrlangan xatini ochmasdan topshirish kerak», — deydilar. Muoviya ibn Abdulkarim as-sakafiy: «Basra qozisi Abdulmalik ibn Yaa’lo, Iyos ibn Muoviya, Hasan, Sumoma ibn Abdulloh ibn Anas, Bilol ibn Abu Burda, Abdulloh ibn Burayda al-Aslamiy, Omir ibn Ubayda va Abbod ibn Mansurning qozidan kelgan xatlarni guvoh-dalilsiz qabul qilib olganlarini shohidi bo‘lganmen. Agar xatni birovdan qabul qilib olgan mas’ul kishi uni soxta deb aytsa, tekshirib aniqlag‘il, deyilg‘ay. Qozidan kelgan xatga birinchi bo‘lib isbot talab qilgan kishi — Ibn Abu Laylo va Suvor ibn Abdullohdurlar. Abu Nu’aym: «Bizga Ubaydulloh ibn Muhriz bunday deb aytgan erdi», — deydilar: «Men Muso ibn Anasning xatini olib Basra qozisining huzuriga keldimda, falonchida mening unday va bunday narsalarim bor, ul ersa o‘zi Kufadadur, deb xatni dalil qilib ko‘rsatdim. Keyin xatni olib Qosim ibn Abdurrahmonning huzuriga bordim, ul xatning to‘g‘riligiga ishonib, mening ishimni hal qilib berdi». Ammo, Hasan al-Basriy va Abu Kiloba xatni ochib o‘qimay turib vasiyatga guvohlik berishni makruh deb hisoblashadir, chunkim birovga jabr qilib qo‘yish mumkindur. Nabiy sallallohu alayhi va sallam Xaybar ahliga: «Yokim sohiblaringizning xunini to‘laysizlar yohud sizlarga urush e’lon qilg‘aymiz!» — deb xat yozdilar. Zuhriy parda ortida turgan ayolga guvohlik bermoq haqida so‘zlab: «Uni tanisang, guvohlik berg‘il, aks holda guvohlik bermag‘il!» — deydilar.

Anas ibi Molik rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Rumga maktub yozmoqchi bo‘lganlarida, sahobalar: «Ular muhrlangan xatnigina o‘qig‘aylar», — deyishdi. Shunda Janob Rasululloh kumushdan muhr ko‘zli uzuk yasatib oldilar, men uning jilosini va undagi «Muhammad rasululloh» deb o‘yilgan yozuvni hozir ham ko‘rib turgandekmen».

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 May 2009, 07:37:56

15-bob. Kishi qachon qozilikka munosib bo‘lg‘ay?

Hasan al-Basriy: «Olloh taolo hokimlarga nafsning quli bo‘lmaslikni, odamlardan cho‘chimaslikni va oyatlarni pulga sotmaslikni amr qildi», — dedida, quyidagi oyatni o‘qidi («Sod» surasi): Oyatning mazmuni: «Ey Dovud, biz seni yer yuziga xalifa qildik endi sen odamlar o‘rtasida insofu adolat ila hukmdorlik qilg‘il va nafsing xohishiga bo‘yin egmag‘ilkim, seni yo‘ldan ozdirur, Olloh yo‘lidan ozganlar uchun ersa, ular o‘zlari unutib qo‘ygan hisob-kitob kunida qattig‘ azob mavjuddur») Keyin, al-Basriy mana bul oyatni o‘qidi («Al-Moida» surasi): Oyatning mazmuni: «Biz hidoyat va nurovar tavrotni nozil qilgan erdikkim, Olloh taologa bo‘yinsungan payg‘ambarlar uning ila yahudiylar o‘rtasida hukm yurgizur erdilar, mashoyixlar va ulamolar ham Olloh taoloning Kitobida o‘zlarini tiymoqlari xususida aytilgan ko‘rsatmalarga rioya qilgan holda hukm chiqorur erdilar va ular buning guvohi bo‘lganlar. Bas, sizlar ham odamlardan cho‘chimangizlar, (aksincha) mendan qo‘rqingizlar va mening oyatlarimni pulga sotmangizlar, Olloh taoloning nozil qilgan hukmiga muvofiq hukm qilmaganlar kofirlardur». So‘ng, Hasan al-Basriy quyidagi oyatni o‘qidi («Al-Anbiyo» surasi) Oyatning mazmuni: «Dovud birlan Sulaymonni eslangiz, bir qavmning qo‘ylari birovning ekinini tunda yeb qo‘yganda ikkisi o‘z hukmlarini chiqargan erdilar, biz ular hukm chiqarayottanda hozir bo‘lib, bul xususda qanday hukm chiqarmoq lozimligini Sulaymonga anglatdik hamda ikkalasiga ham hukmu ilm ato etdik». Hasan al-Basriy bunday deydilar: «Olloh taolo Sulaymonni maqtab, Dovudni izza qilmadi. Agar Olloh taolo ular ikkalasining qilgan ishlarini Qur’onda eslatmaganida (bugungi kunda) qozilar halok bo‘lgan bo‘lur erdilar (ya’ni, xato hukm chiqarib, gunohga qolgan bo‘lur erdilar), chunkim Olloh, taolo Sulaymonni bilimi uchun maqtab, Dovudni idrokiga yarasha hukm chiqargani uchun kechirdi».

Muzohim ibn Zufar: «Bizga Umar ibn Abdulaziz bunday dedi», — deydilar: «Besh xislat mavjudkim, qozi ulardan birida xatolikka yo‘l qo‘ysa, o‘ziga gunoh orttirg‘ay. Bular — fahm farosatlilik, xushmuomalalik, halollik, matonatlilik va ilmga chanqoqlikdur».

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 May 2009, 07:38:19

16-bob. Hokim va unga xizmat qilg‘uvchilarning rizqi (maoshi) haqida

Qozi Shurayh qoziligi uchun maosh olar erdi. Oisha onamiz: «Vasiy qilgan ishiga yarasha maosh olib turgan, Abu Bakr va Umar ham xuddi shunday», — deydilar.

Huvaytib ibn Avduluzzo rivoyat qiladilar: «Abdulloh ibn assa’diy Hazrat Umarning huzurlariga xalifalik qilib turgan vaqtlarida borgan erkan, ul kishi: «Biror amalga seni ta’yin qilayin, maosh olib turg‘il, desam, istamading», — debdilar. Abdulloh: «Ha, shundoq!» — debdi. Hazrat Umar: «Unda mendan ne istag‘aysen?» — debdilar. Abdulloh: «Mening ko‘plab yilqim va qullarim mavjud, turmushim yaxshi, oladirgan maoshimni musulmonlarga sadaqa qilsam, deb erdim!» — debdi. Hazrat Umar bunday debdilar: «Bunday qilmag‘il, men ham bir paytlar sen kabi fikr qilg‘on erdim! Nabiy sallallohu alayhi va sallam menga tortiq berib turur erdilar, har safar men ul zotga: «Buni mendan ko‘ra kambag‘alroq kishiga bersangiz!» — der erdim. Bir kuni odatdagidek mol (maosh) berib erdilar, men yana: «Buni mendan kambag‘alroq kishiga beringiz!» — dedim. Janob Rasululloh shunda: «Avval buni bisotingga ko‘shib qo‘yg‘il, so‘ng sadaqa qilaverg‘aysen! O’zingga biror narsa tortiq qilinganda, agar tama’girlik ham, tilamchilik ham qilmagan ersang, olg‘il, illo ko‘zingni och qilmag‘il!» — dedilar».

Qayd etilgan