Imom al-Buxoriy. Al-jome' as-sahih (4-jild)  ( 495985 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 77 78 79 80 81 82 83 84 85 86 87 ... 96 B


AbdulAziz  28 May 2009, 07:47:32

37-bob. Hokimning o‘z amaldorlariga, qozining ersa, o‘z aminlarig‘a xat yozmog‘i haqida

Abu Laylo ibn Abdulloh ibn Abdurrahmon ibn Sahl Sahl ibn Abu Hasmadan naql qiladilar: «Sahl ibn Abu Hasma va uning qavmiga mansub oqsoqollar xabar qildilarkim, Abdulloh ibn Sahl va Muhayyisa bir zarurat birlan Xaybarg‘a borganlarida Abdullohning o‘ldirilib chuqurga yokim quduqqa tashlanganini ma’lum qilibdirlar. Shunda Muhayyisa yahudiylarning huzuriga borib: «Olloh taolo haqi, uni sizlar o‘ldirgandursizlar!» — debdi. Yahudiylar: «Olloh taolo haqi, uni biz o‘ldirgan ermasmiz!» — deyishibdi. Keyin, Muhayyisa o‘z qavmi huzuriga qaytib, ularni bor gapdan xabardor qilibdi. So‘ng, Muhayyisa va uning akasi Huvayyisa hamda Abdurrahmon ibn Sahl (ul ham Xaybarda bo‘lgan erdi) birgalashib Janob Rasulullohga bul haqda aytish uchun yo‘lga chiqibdir va Abdurrahmon ibn Sahl Muhayyisaga «Avval ichimizda kattarog‘imiz so‘z boshlasin!» — debdi. Yetib borishgach, o‘zlari kelishgandek avval Huvayyisa, so‘ng Muhayyisa gapiribdi. Janob Rasululloh: «Yo do‘stingizning xunini to‘laydirlar, yokim ularga urush e’lon qilinadir!» — deb aytibdilarda, yahudiylarga shul haqda maktub yo‘llabdilar. Yahudiylar: «Uni biz o‘ldirgan ermasmiz», — deb javob yozibdi. Shunda Janob Rasululloh Huvayyisa, Muhayyisa va Abdurrahmonga: «Yahudiylar o‘ldirgan deb qasam ichib do‘stingizning xunini olmoqqa haqlig‘ bo‘la olasizlarmi?» — debdilar. Ular: «Yo‘q», — deyishibdi. Janob Rasululloh: "Unday ersa, yahudiylar do‘stingizni o‘ldirmaganmiz deb qasam ichsinlarmi?» — debdilar. Ular: «Ular musulmon ermas-ku!» — deyishibdi. Shunda Janob Rasululloh o‘zlariga qarashli tuyalardan yuztasini ularga berib yuboribdilar. Sahl: «O’shal tuyalardan biri meni tepib olgan erdi», — deb eslaydi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 May 2009, 07:48:01

38-bob. Hokim taftish uchun yolg‘iz bir kishini yuborsa joizmidur?

Abu Hurayra va Zayd ibn Xolid al-Juhaniy rivoyat qiladilar: «Bir badaviy kelib: «Yo Rasulalloh, bizning mojaromizni Olloh taoloning Kitobiga muvofiq hal qilib beringiz!» — dedi. Uning raqibi ham o‘rnidan turib: «Ul rost aytur, bizning mojaromizni Olloh taoloning Kitobiga muvofiq hal qilib bersangiz!» — dedi. Badaviy: «Mening o‘g‘lim manavi odamning xizmatini qilib yurur erdi, (bir kuni) uning xotini birlan o‘ynashib qo‘ydi. Shunda odamlar menga: «O’g‘ling toshbo‘ron qiling‘ay», — deyishdi. Men yuzta qo‘y va bir cho‘ri berib o‘g‘limni qutqarib qoldim. Keyin, ulamolardan surishtirib bilsam, o‘g‘lim yuz darra urilib, bir yilga badarg‘a qilinmog‘i lozim erkan», — dedi. Janob Rasululloh: «Sizlarning mojarongizni Olloh taoloning Kitobiga muvofiq hal qilg‘um: sening yuzta qo‘ying birlan cho‘ring o‘zingga qaytarib berilg‘ay, o‘g‘ling ersa, yuz darra urilib, bir yilga badarg‘a qiling‘usidur. Yo Unays, sen borib buning xotinini toshbo‘ron qildirg‘il!» — dedilar. Unays borib o‘shal xotinni toshbo‘ron qildirdi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 May 2009, 08:41:54

39-bob. Hokimlarga tarjima qilib turmoq. Ularga bir tarjimon joizmi?

Xorija ibn Zayd ibn Sobit otalari Zayd ibn Sobitdan naql qiladilar: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam menga yahudiycha yozuvni o‘rganib olmoqni amr qildilar. Men Janob Rasulullohning yahudiylarga yo‘llaydirgan maktublarini yahudiycha qilib bitadirgan va ularning Janob Rasulullohga yo‘llagan maktublarini o‘qib (tarjima) qilib beradirgan bo‘lib qoldim. Bir kuni Hazrat Umar huzurlarida Ali, Abdurrahmon va Usmon o‘ltirganlarida, shikoyat qilib kelgan bir ayolni gapini tushunmay: «Bul ayol ne deydir?» — deb so‘rabdilar. Shunda Abdurrahmon ibn Hotib: «Anavi ikkalasining sohibi ularga ne qilg‘onlig‘i haqida so‘zladi» — deb tarjima qilib bergan erkan. Abu Jamra ham Ibn Abbos birlan odamlar o‘rtasida tilmochlik qilur erdim», — deb aytgan erdi. Ba’zi ulamolar: «Hokimga tarjimon zarur», — deyishadir».

Abdulloh ibn Abbos rivoyat qiladilar: «Menga Abu Sufyon ibn Harb aytib erdiki, ul Quraysh karvoni birlan Shomga borganida Hirakl odam yuborib huzuriga chaqirtirgan erkan. Shunda Hirakl o‘z tarjimoniga: «Ularga aytg‘il, men payg‘ambar haqida so‘ramoqchimen, agar menga yolg‘on so‘ylasalar, o‘z payg‘ambarlari haqida yolg‘on so‘ylagan bo‘lurlar!» — dedi. (Bu yerda ushbu hadis qisqartirib keltirilgan). Keyin, Hirakl tarjimoniga: «Agar aytganlaring rost bo‘lsa, ul kelib mana shul ikki oyoqlarim birlan bosib turgan yerni egallag‘aydur, deb Abu Sufyonga aytg‘il!» — dedi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 May 2009, 08:43:34

40-bob. Imomning o‘z amaldorlarining ishini hisob-kitob qilib turmog‘i haqida

Abu Humayd as-So’idiy rivoyat qiladilar: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam Ibn al-Lutbiyyani Banu Salich qabilasidan zakot yig‘ib kelmoqqa yubordilar. Ul qaytib kelgach, Janob Rasululloh uning ishini hisob-kitob qildilar. Shunda ul: «Mana bular sizga, mana bular ersa, menga hadya qilindi», — deb aytdi. Janob Rasululloh: «Gaping rost ersa, ota-onangning uyida hadya olib kelmoqlarini kutib o‘ltiravermaysanmi?!» — dedilar. Keyin, Olloh taologa munosib hamdu sanolar aytgach, odamlarga xitob qilib: «Olloh taolo zimmamga yuklagan ishlarni sizlardan biringizga bajarib kelmoqni buyursamu, ul qaytib kelib: «Mana bular sizga, mana bular ersa, menga hadya qilindi desa, joizmidur?! Agar gapi rost ersa ota-onasining uyida hadya olib kelmoqlariii poylab o‘ltiravermaydirmi?! Olloh taolo haqi, basharti birortangiz zakotga berilgan biror narsani urib qolsangiz, qiyomat kuni o‘shal narsani yelkangizda ko‘tarib kelib Olloh taologa ro‘baro‘ bo‘lg‘aysiz, agar ul tuya ersa, bo‘kirib, sigir ersa, o‘kirib, qo‘y ersa, ma’rab turg‘aydur!» — dedilar. Keyin, ikki qo‘llarini baland ko‘tarib: «Sizlarga tushuntira oldimmi?» — deb aytdilar. Qo‘llarini baland ko‘targanlarida men qo‘ltiqlarining oppoq erkanligiga ko‘zim tushdi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 May 2009, 08:44:51

41-bob. Imom (hukmdor)ning a’yonlari va maslahatchilari haqida

Abu Sa’id il-Xudriy rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Olloh taolo yuborgan har bir payg‘ambar va (ul) qoldirgan xalifaning ikki toifa a’yonlari bo‘lg‘ay, biri — xayrli ishlar qilmoqni maslahat berib, ezgulikka undasa, ikkinchisi — yomon ishlar qilmoqni maslahat berib, qabohatga chorlag‘aydur. Olloh taoloning o‘zi gunohdan asragan kishigina begunohdur!» — dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 May 2009, 08:47:12

42-bob. Imomga odamlar qanday bay’at qilg‘ay?

Uboda ibn as-Somit rivoyat qiladilar: «Biz «(Imom, hokim yokim amirlarimizning farmonlari bizga) yoqadirmi, yo‘qmi, quloq osib itoat etgaymiz, ularga qarshi kurashmag‘aymiz, qaerda bo‘lmaylik doimo haq ish qilib, haq gapni aytg‘aymiz, Olloh taolo yo‘lida malomatchining malomatidan qo‘rqmag‘aymiz!» — deb Janob Rasulullohga bay’at qildik».
 
Anas ibn Molik rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam ertalab barvaqt tashqariga chiqdilar. Shunda muhojirlar birlan ansorlar xandaq qaziyotgan erdilar, (ularning tirishib ishlayotganlarini ko‘rib): «Ey parvardigoro, haqiqiy xayriyat — oxiratning baxayr bo‘lmog‘idur, ansor va muhojirlarni o‘zing mag‘firat qilgaysen!» — dedilar. Ular (buni eshitib): «Biz Muhammad sallallohu alayhi va sallamga bay’at qilgan kishilardurmiz!» — deb javob qilishdi».

Abdullo ibn Umar rivoyat qiladilar: «Agar biz Janob Rasulullohga qobilu itoatkor bo‘lmoqqa bay’at qilsak ul zot bizga: «Ilojingiz (imkoningiz) boricha!» — der erdilar».

Abdulloh ibn Dinor rivoyat qiladilar: «Men ibn Umarni Abdulmalikka bay’at qilmoq uchun to‘plangan odamlar orasida ko‘rdim. Ul o‘z bay’atnomasida: «Men Olloh taoloning buyruqlari birlan uning rasuli sunnatiga muvofiq mo‘minlar amiri bo‘lmish Abdulmalikka imkonim qadar quloq osib itoat etmoqqa so‘z berurmen, o‘g‘illarim ham shunga so‘z berurlar!» — deb yozdi».

Jarir ibn Abdulloh rivoyat qiladilar: «Men Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga quloq osib itoat qilmoqqa bay’at qildim. Shunda menga: "Imkoning boricha qobilu itoatkor bo‘lgil va har bir musulmonga nasihat qilg‘il!» — deb aytdilar.

Yazid (ibn Abu Ubayd) rivoyat qiladilar: Men Salama (ibn al-Akva’)ga: «Hudaybiya kuni sizlar Janob Rasulullohga ne deb bay’at qildingizlar?» — dedim. Ul: «O’limga (rozi bo‘lg‘aymiz) deb bay’at qildi», — dedi».

Misvar ibn al-Mahrama rivoyat qiladilar: «Hazrat Umardan (ulardan keyin yangi xalifa ta’yinlanguncha) davlatni idora qilib turmoq huquqini olgan kishilar guruhi (yangi xalifa nomzodini kelishib olmoq uchun) maslahatga to‘planishdi. Shunda Abdurrahmon ularga: «Men bul xususda sizlar birlan tortishadiganlardan ermasmen, ammo agar istasangizlar, oralaringizdan xalifalikka munosib bir kishini tavsiya qilmog‘im mumkin», — dedi. Ular (rozi bo‘lib) bul ishni Abdurrahmonga topshirdilar. Shundan so‘ng, barcha odamlar Abdurrahmon tomoniga og‘ib ketdi, hatto qarasam, boyagi guruh tarafini oladirgan birorta ham odam qolmabdi. Odamlar Abdurrahmonga shul qadar og‘ib ketishdiki, hatto o‘shal kechalar tongotar unga maslahat berib chiqishdi. Piravardida bir kuni tong ottirib biz Usmonga bay’at qildik».

Misvar ibn al-Mahrama bunday deydilar: «Bir kuni Abdurrahmon tun qorong‘usida kelib eshigimni taqillatdi, men uyg‘onib huzuriga chiqdim. Ul menga: «Uxlab yotgan erkansanda, Olloh taolo haqi, men bul kecha uxlay olmadim borg‘il, Zubayr birlan Sa’dni chaqirib kelg‘il!» — dedi. Men borib ularni chaqirib keldim. Abdurrahmon ular birlan maslahatlashib olgach, meni yoniga chaqirdida «Borg‘il, Alini chaqirib kelg‘il!» — dedi. Men uni chaqirib keldim, ikkalalari tun oqargunga qadar maslahatlashishdi. So‘ng, Ali uning huzuridan chehrasi yorishib chiqib keldi. Abdurrahmon negadir Alidan cho‘chir erdi. Keyin, Abdurrahmon menga: «Borg‘il, Usmonni chaqirib kelg‘il!» — dedi. Men chaqirib keldim. Ular ikkalalari muazzin bomdodga azon aytguniga qadar maslahatlashishdi. Odamlar bomdodni o‘qib bo‘lgach, Hazrat Umar ta’yin qilgan boyagi guruh minbar yoniga kelib to‘planishdi. Abdurrahmon namozga kelgan muhojirlar, ansorlar hamda Hazrat Umar birlan shu yilgi hajda birga bo‘lgan lashkarboshilarni yoniga chorladi. Ular to‘plangach, Abdurrahmon kalimai shahodat aytdi. Keyin, «Ammo, andin so‘ng» degach: «Ey Ali, men ko‘pchilikning fikriga qarab ish tutayotirmen, o‘ylaymenki, ular Usmonning xalifa bo‘lmog‘iga e’tiroz bildirmag‘aylar, sen ersang bul mansabga tomon o‘zingga yo‘l ochmoqqa intilmag‘il!» — dedi. So‘ng, Usmonga: «Men Olloh taoloning amriga va uning‘ rasuli sunnatiga hamda ul zotdan keyingi ikki xalifaga bildirgan sadoqatimga muvofiq sizga bay’at qilurmen!» — dedi. Uning ortidan muhojirlar, ansorlar, lashkarboshilar va barcha musulmonlar ham Usmonga bay’at qilishdi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 May 2009, 08:49:12

43-bob. Ikki bor bay’at qilgan kishi haqida

Salama ibn al-Akva’ rivoyat qiladilar: «Biz Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga bir daraxt tagida turganimizda bay’at qilgan erdik. Ul zot menga: «Ey Salama, bay’at qilmaysenmi?» — dedilar. Men: "Yo Rasululloh, bir safar bay’at qilganmen-ku?!» — dedim. Ul zot: «Ikkinchi safarchi?!» — dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 May 2009, 08:50:26

44-bob. Badaviylar bay’ati haqida

Jobir ibn Abdulloh rivoyat qiladilar: «Bir badaviy kelib islomga sadoqat bildirib Janob Rasulullohga bay’at qildi. Keyin, ul xastalanib qolib: «Bay’atimni bekor qilingiz!» — dedi, ul zot ko‘nmadilar, so‘ng yana kelib: «Bay’atimni bekor qilingiz!» — dedi, ul zot yana ko‘nmadilar. Badaviy noiloj (Madinadan bosh olib) chiqib ketdi. Shunda Janob Rasululloh: «Madina temirchining bosqoni ma’dan kuyindisini puflab chiqarib tashlagani yanglig‘ odamlarning iflosini chiqarib tashlab, pokizasini olib qolg‘aydur!» — dedilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 May 2009, 08:51:20

45-bob. Bolalarning bay’ati haqida

Abdulloh ibn Hishom Rasululloh sallallohu alayhi va sallamni ko‘rgan bo‘lib, onasi Zaynab binti Humayd uni bolaligida ul zotning huzurlariga yetaklab borgan erdi. Onasi o‘shanda Janob Rasulullohga: «Yo Rasulalloh, bul sizga bay’at qilsin!» — deb aytgan erdi. Shunda Nabiy sallallohu alayhi va sallam: «Bul (hali) yoshdur!» — deb boshini silab duo qilgan erdilar. Abdulloh ibn Hishom (katta bo‘lganida) barcha oila a’zolari nomidan payg‘ambarimizning ruhi poklarini yodlab (tez-tez) qo‘y qurbonlik qilib turar erdi.

46-bob. Bay’at qilib, bay’atidan qaytgan kishi haqida

Bu yerda 44-bobdagi hadis takroran keltirilgan.

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 May 2009, 08:52:28

47-bob. Mol-dunyo uchun bir kishiga bay’at qilgan shaxs haqida

Abu Hurayra rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Olloh taolo qiyomat kuni uch toifa bandasi ila so‘zlashmagay ham, mag‘firat qilmag‘ay ham, ular qattiq azobda qolg‘aylar. Ulardan biri o‘zining yo‘l bo‘yidagi limmo-lim arig‘i, hovuzi yokim qudug‘idan yo‘lovchilarga suv bermagan kishidur, ikkinchisi — bir odamga mol-dunyo orttirmoq niyatidagina bay’at qilib, ul aytganini berib tursagina bay’atiga vafo qiladirgan kishidur, uchinchisi — asrdan keyin, «Olloh taolo haqi, molingga buncha va mana buncha berurmen!» — deb birovni ishontirib, uning molini aldab qo‘lga kiritib olib, so‘ng pulini bermaydirgan kishidur» (Bu yerda asrdan keyingi vaqtni alohida ta’kidlashdan maqsad uning boshqa vaqtlardan ulug‘roq erkanligidadur, chunkim bu pallada farishtalar yig‘ilib odamlarning kun bo‘yi qilgan ishlarini Olloh taologa arz qiladirlar).

Qayd etilgan