Imom al-Buxoriy. Al-jome' as-sahih (4-jild)  ( 495833 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 82 83 84 85 86 87 88 89 90 91 92 ... 96 B


AbdulAziz  29 May 2009, 00:08:46

13-bob. Qozilarning Olloh taolo nozil qilgan yo‘l-yo‘riqlardan chetga chiqmasliklari lozimligi haqida

Olloh taolo: «Olloh taolo nozil qilgan yo‘l-yo‘riqlarga muvofiq hukm qilmaydirganlar — zolimdurlar!» — deydi. Janob Rasululloh takalluf qilmay ilmu hikmat birlan hukm qiladirgan va boshqalarni ham shunga o‘rgatadirgan odamni maqtadilar. Xalifalar ilm ahliga maslahat solmoqlari, ulardan bilmaganlarini so‘ramoqlari lozim bo‘ladi.

Abdullloh (ibn Mas’ud) rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Ikki narsa xususidagina havas qilsa bo‘lg‘aydur: agar Olloh taolo bir odamga halol mol-dunyo bergan ersa-yu, ul uni haq yo‘lida sarflayotgan bo‘lsa va Olloh taolo bir odamga ilmu hikmat bergan ersa-yu, ul ilmu hikmat ila hukm qilib, o‘zgalarga ham shunday qilmoqni o‘rgatayotgan bo‘lsa».

Mug‘iyra ibn Shu’ba rivoyat qiladilar: «Hazrat Umar ibn al-Xattobdan ayolning qorniga urib homilasini tushirib qo‘ygan odamga nisbatan qanday hukm chiqarilmog‘i haqida so‘rashdi. Hazrat Umar: «Qaysi biringiz Janob Rasulullohdan shul haqda biror hadis eshitgansiz?» — dedilar. «Men eshitganman», — dedim. Hazrat Umar: «Qani, aytg‘ilchi!» — dedilar. «Janob Rasulullohdan eshitdimki, biror ayol homilasini tushirib qo‘ygan odamga bir qul yokim cho‘ri tovon solinar erkan», — dedim. Hazrat Umar: «Aytganlaringga guvoh topib kelmaguningga qadar uyingga ketmag‘il!» — dedilar. Men borib Muhammad ibn Maslamani topdimda, Hazrat Umarning huzurlariga olib keldim. Ul mening aytganlarimni Janob Rasulullohdan eshitganligiga guvohlik berdi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 May 2009, 00:09:12

14-bob. Nabiy sallallohu alayhi va sallamning «O’zingizdan ilgarigi qavmlarning tariqatiga ergashasizlar» deganlari haqida

Abu Hurayra rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Ummatim o‘zidan ilgarigilarning tariqatini qarichma-qarich, qadam-baqadam o‘zlashtirmagunga qadar qiyomat qoim bo‘lmagaydur!» — dedilar. «Yo Rasululloh, fors va rumliklar singari qavmlarning tariqatinimi?» — deyishdi.. Janob Rasululloh: «Ulardan o‘zgalarning ham!» — dedilar».

Abu Sa’id al-Xudriy rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «O’zlaringizdan ilgarigilarning tariqatlariga qarichma-qarich, qadam-baqadam ergashgaysizlar, agar ular kaltakesakning iniga kirgan ersalar, sizlar ham ketlaridan kirg‘aysizlar!» — dedilar. Biz: «Yo Rasulalloh, yahudiy va nasorolarning hammi?» — dedik. Ul zot: «Ularga bo‘lmay, kimga?!» — dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 May 2009, 00:10:43

15-bob. Zalolatga da’vat qilgan va qabohatga yo‘l ochib bergan kishining gunohi hamda Olloh taoloning «Nodonlik birlan odamlarni to‘g‘ri yo‘ldan adashtirg‘uvchilarning gunohlaridan...» degan qavli xususida

Abdulloh (ibn Mas’ud) rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Odam alayhissalomning (insoniyat tarixida birinchi bo‘lib odam o‘ldirgan) to‘ng‘ich o‘g‘li zulm birlan odam o‘ldirgan har bir insonning gunohiga sherik bo‘lg‘aydur!» — dedilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 May 2009, 00:10:56

16-bob. Nabiy sallallohu alayhi va sallamning ilm ahlini va ikki haram — Makka va Madina aholisini totuvlikka da’vat qilganlari xususida hamda Nabiy sallallohu alayhi va sallam, muhojirlar va ansorlarning Makka va Madinadagi qadam joylari va Nabiy sallallohu alayhi va sallamning namozgoh, minbar va qabrlari haqida

Jobir ibn Abdulloh as-Calamiy rivoyat qiladilar: Bir badaviy islomga sadoqat bildirib Janob Rasulullohga bay’at qildi. Keyin ul xastalanib qolib, Janob Rasulullohning huzurlariga keldida: «Yo Rasulalloh, bay’atimni bekor qilingiz!» — dedi. Janob Rasululloh ko‘nmadilar. Ul yana kelib talab qildi. Janob Rasululloh yana ko‘nmadilar. So‘ng, yana kelib talab qilib erdi, yana ko‘nmadilar. Keyin, badaviy Madinadan bosh olib chiqib ketdi. Shunda Janob Rasululloh: «Madina temirchining bosqoni yanglig‘ odamlarning iflosini puflab chiqarib tashlab, pokizasiga yanada sayqal berg‘aydur» — dedilar».

Ibn Abbos rivoyat qiladilar: "Men Abdurrahmon ibn Avfga Qur’on tilovat qilmoqni o‘rgatar erdim. Ul Hazrat Umar so‘nggi bor haj qilganlarida birga bo‘lgan bo‘lib, menga bunday dedi: «Bugun Amir al-Mo‘mininning huzurlariga kelgan kishini bir ko‘rganingda erdi! O’shal odam: «Yo Amir al-Mo‘minin, siz falonchiga nima yomonlik qilgan erdingiz, ul sizning haqingizda: «Agar Umar o‘lsa, men falonchiga bay’at qilgan bo‘lur erdim!» — dedi. Hazrat Umar darg‘azab bo‘lib: «Inshoolloh, men bugun kechqurun kimlar ig‘vo qilib odamlarni chalg‘itishga urinayotganini barchaga oshkor qilg‘aymen!» — dedilar. Shunda men: «Yo Amir al-Mo‘minin, bunday qila ko‘rmangiz, chunkim hozir haj mavsumi bo‘lib, ko‘plab johil va ig‘voga tez uchadirgan odamlar to‘plangandur, odamlarga so‘zlayotgan vaqtingizda o‘shal toifadagi kishilar sizni qurshab olishib, yengib qo‘yishmasa erdi! Men qo‘rqamenkim, biror nojo‘ya so‘z og‘zingizdan chiqsa, ular ilib olishib. darhol chor atrofga tarqatgaylar va odamlar bunga o‘ylamay-netmay ishonib qo‘ya qolg‘aylar. Sira oshiqmangiz, avval Madinaga eson-omon qaytib boringiz, chunkim bul shahar hijrat va sunnat qarorgohi bo‘lib, ul yerda siz faqihu ashroflar birlan holis suhbat qurib, o‘zingiz aytmoqchi bo‘lgan gaplarni aytgaysiz, ular ersa, gapingizni aql tarozusiga solib ko‘rib, noqis yerlarini tuzatg‘aylar!» — dedim. Hazrat Umar: «Gaping ma’qul, Olloh taolo haqi, Madinaga borishim birlanoq dastlab shul ishni qilgaymen!» — dedilar. Biz Madinaga qaytdik. Hazrat Umar odamlarga: «Olloh taolo Muhammad sallallohu alayhi va sallamni haq dinni yuzaga chiqarmoq uchun yuborgandur, ul zotga Kitob nozil qilgandur. Nozil qilgan qavli karimlaridan biri — «Rajm» oyatidur!» — dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 May 2009, 00:11:06

Muzammid ibn Sirin rivoyat qiladilar: «Biz Abu Hurayra huzurlarida o‘ltirgan erdik ul kishi ustlaridagi kanopdan to‘qilgan qizil ko‘ylak-ishtondan mamnun bo‘lib: «Voybo‘y, juda yaxshiku!» dedilarda, «Bilasizlarmi, bir vaqtlar men Janob Rasulullohning minbarlari birlan (qizim) Oishaning hujrasi oralig‘ida hushimdan ketib yiqilib qolgan erdim. Shunda bir odam tepamga kelib, meni jinni deb gumon qilib oyog‘i birlan bo‘ynimni bosgan erdi, vaholanki men jinni ermas, och erdim!» — deb aytdilar».

Abdurrahmon ibn Obis rivoyat qiladilar: «Janob Rasululloh birlan birga hayit namozini o‘qiganmisiz?» — deb Ibn Abbosdan so‘rashdi. Shunda ul bunday dedi: «Ha, o‘qiganmen. Agar Janob Rasulullohning menga mehr-muhabbatlari tushib qolmaganda erdi, men yosh bola bo‘laturib ul zot birlan birga namoz o‘qimoqqa muyassar bo‘lmagan bo‘lur erdim. O’shanda ul zot Kusayr ibn as-Salt uyi oldidagi tug‘ (bayroq) tagiga kelib odamlar birlan namoz o‘qib bo‘lgach, xutba aytdilar. Shunda azon va iqomat xususida hech narsa demadilar. Keyin, sadaqa qilmoqqa amr qilib erdilar, ayollar zirak va bilaguzuklarini yecha boshladilar. Bilol ayollar oldiga borib sadaqa yig‘dida, Janob Rasulullohning huzurlariga qaytdi».

Ibn Umar rivoyat qiladilar: «Janob Rasululloh Qubo masjidiga bir gal piyoda va bir gal ulovda kelar erdilar».

Hishom otalari Urva ibn az-Zubayrdan naql qiladilar: «Oisha raziyallohu anho Abdulloh ibn az-Zubayrga: «Meni dugonalarim yoniga dafn qilg‘il, Janob Rasulullohning yonlariga dafn qilmag‘il, chunkim meni maqtashlarini yoqtirmag‘aymen!» — dedilar.

Hishom otalari Urvadan naql qiladilar: «Umar ibn al-Xattob Oisha onamizning huzurlariga odam yuborib: «Menga ruxsat etsangiz, Janob Rasululloh birlan Hazrat Abu Bakrning yonlariga dafn qilinsam!» — deb iltimos qildilar. Oisha onamiz: «Men roziman!» — deb aytib yubordilar lekin, Oisha onamiz boshqa sahobalar shunday deb iltimos qilganda, rad qilib: «Men hech kimni ularga munosib ko‘rmagaymen!» — der erdilar».

Anas ibn Molik rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam asr namozini o‘qib bo‘lib, al-Avoliga kelganlarida quyosh hali balandda bo‘lar erdi».

Ju’ayd: Soib ibn Yaziddan eshitdimki, Janob Rasululloh, zamonlaridagi 1 so’ (o‘lchov birligi) bugungi 1,3 mudingizga teng erkan», — deydilar.

Anas ibn Molik rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Ey parvardigoro, Madina ahlining toshu tarozusiga baraka ato etg‘aysen! — deb duo qildilar».

Ibn Umar rivoyat qiladilar: «Bir zinokor erkak birlan ayolni tutib Janob Rasulullohning huzurlariga olib kelishdi. Ul zot ularni masjidning janoza o‘qiladirgan yerida rajm (toshbo‘ron) qildirdilar».

Anas ibn Molik rivoyat iladilar: «Yo‘lda ketib borayotgan Janob Rasulullohning ro‘paralarida Uhud tog‘i ko‘rindi. Ul zot: «Bul tog‘ bizni, biz ersak uni yaxshi ko‘rg‘aymiz! Ey parvardigoro, Ibrohim alayhissalom Makkani muqaddas qildilar, men ersam, Madinaning ikki toshloq yeri oralig‘ini muqaddas qildim!» — dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 May 2009, 00:11:17

Sahl (ibn Sa’d) rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam masjidlarining qibla tomonidagi devor birlan minbar oralig‘ida bir qo‘y o‘tgudek joy bor erdi».

Abu Hurayra rivoyat qiladilar: «Janob Rasululloh: «Mening uyim (qabrim) birlan minbarim oralig‘ida jannat bog‘laridan biri joylashgandur, minbarim ersa Havzi Kavsarim labidadur», — dedilar».

Abu Burda rivoyat qiladilar: «Madinaga kelganimda Abdulloh ibn Salom meni kutib olib: «Bizning uyimizga marhamat qilgil, Janob Rasulullohning lablari tekkan qadahda senga sharbat berg‘aymen, keyin Janob Rasululloh namoz o‘qigan masjidda namoz ham o‘qig‘aysen!» — dedi. Men Abdulloh birlan birga ketdim, ul menga saviq (sharbat) quyib berdi, xurmo birlan mehmon qildi va keyin ularning masjidida namoz o‘qidim».

Ibn Abbos rivoyat qiladilar: «Janob Rasululloh bunday dedilar: «Bul kecha Aqiqdalik vaqtimda parvardigorim dargohidan huzurimga kelib turadirgan farishta kelib: «Shul muborak vodiyda namoz o‘qig‘il, so‘ng haj va umra qildim, degil!» — deb aytdi».

Ibn Umar rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Qarnni Najd ahli uchun, Juhfani Shom ahli uchun, Zulhulayfani Madina ahli uchun miyqot qilib berdilar. Men buni Janob Rasulullohning o‘zlaridan eshitdim. Ammo, Yalamlamning Yaman ahli uchun miyqot qilib berganliklarini boshqalardan eshitdim. Iroq ahli ersa, o‘shal vaqtda hali islomni qabul qilmagan erdi».

Solim ibn Abdulloh otalaridai naql qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Zulhulayfadagi dam olib o‘tadirgan joylarida kechaning oxirida tush ko‘rdilar, unda: «Siz muborak Bathoda (vodiy) turibdursiz!» deb bashorat bo‘ldi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 May 2009, 00:11:28

17-bob. Olloh taoloning «Ularning birortasini ham sen yaratmagansen!» degan qavli xususida

Umar ibn al-Xattob rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bomdod namozining so‘ngi rak’atida boshlarini ko‘tarib: «Yo parvardigorim, senga shukrlar bo‘lsin! Falonchi va falonchini la’natlag‘aysen!» — dedilar. Shunda Olloh taolo «Ularning birortasini ham sen yaratmagansen, xohlasam, ularni kechirg‘aymen, xohlasam, azoblag‘aymen, darhaqiqat ular zolimlardur!» degan oyati karimasini nozil qildi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 May 2009, 00:12:21

18-bob. Olloh taoloning «Inson eng urushqoq maxluqdur!» va «Kitob ahliga qarshi kurashda eng maqbul yo‘lni qo‘llangiz!» degan qavli xususida

Ali ibn Abu Tolib rivoyat qiladilar: «Janob Rasululloh tunda eshigimizni taqillatib: «Namoz o‘qimaysizlarmi?» — dedilar. Men: «Bizning jonimiz Olloh taoloning qo‘lidadur, istasa, o‘zi uyg‘otgaydur!" — dedim. Janob Rasululloh indamay qaytib ketayotib qo‘llari birlan sonlariga urdilarda: «Inson eng urushqoq maxluqdur!» degan oyati karimani aytdilar».

Abu Hurayra rivoyat qiladilar: «Biz masjidda o‘ltirgan erdik Janob Rasululloh huzurimizga chiqib: «Yahudiylar yashaydirgan tarafga ketdik!» — dedilar. Biz birgalashib yo‘l oldikda, yahudiylar tavrotxonlik qiladirgan uyga yetib bordik. Janob Rasululloh yahudiylarga: «Ey yahudiylar jamoasi, islomni qabul qilingizlar, molu joningiz omon bo‘lg‘ay!» — dedilar. Ular: «Yo Abulqosim, bizga aytgan erdingiz!» — deyishdi. Janob Rasululloh: Mening istagim shulkim, islomga kiringizlar, molu joningiz omon bo‘lg‘ay!» — dedilar. Ular yana: «Yo Abulqosim, bizga aytgan erdingiz!» — deyishdi. Janob Rasululloh yana boyagi gaplarini takrorladilarda, so‘ng: «Bilib qo‘yingizlarkim, yer Olloh taolo, va uning rasulinikidur! Men sizlarni bul yerdan ko‘chirmoq niyatidamen, kimning (olib ketolmaydirgan) mol-mulki bo‘lsa, sotsin, aks holda, bilib qo‘yingizlarkim, yer Olloh taolo va uning rasulinikidur!» — dedilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 May 2009, 00:13:09

19-bob. Olloh taoloning «va shul tariqa biz sizlarni bir vositachi ummat qilib qo‘ydik!» degan qavli xususida hamda Janob Rasulullohning bunga javoban ilm ahliga qanday zaruriy ko‘rsatmalar berganlari haqida

Abu Sa’id al-Xudriy rivoyat qiladilar: Janob Rasululloh bunday dedilar: Qiyomat kuni Nuh alayhissalomni Olloh taoloning huzuriga olib kelg‘aylar, Olloh taolo ul kishidan: «Sen mening amrimni ummatingga yetkazganmi erding?» — deb so‘rag‘ay. Nuh alayhissalom: «Ha, ey rabbim, yetkazgan erdim!» — deb javob berg‘aylar. Keyin, Olloh taolo Nuh alayhissalomning ummatlaridan: «Ul mening amrimni sizlarga yetkazganmi erdi?»— deb so‘rag‘ay. Ular: Bizlarga hech bir ogoh qilg‘uvchi kishi kelgan ermas!» — deyishgay. Olloh taolo Nuh alayhissalomga: "Guvohing bormidur?» — degay. Nuh alayhissalom: «Mening guvohlarim Muhammad sallallohu alayhi va sallam birlan ul zotning ummatlaridur!»— degaylar. Shunda sizlarni olib kelishg‘ay, sizlar guvohlik berg‘aysizlar. Olloh taolo: «Va shul tariqa biz sizlarni vositachi (guvoh) qilib qo‘ydik!» — deydi. Sizlar odamlarga, payg‘ambar ersa, sizlarga odil guvoh bo‘lg‘aydur!».

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 May 2009, 00:13:44

20-bob. Agar zakotchi yokim hokim g‘ayrat qilaman deb bilmay xato qilib payg‘ambarga xilof qaror qabul qilib qo‘ysa, qarori bekordur!

Nabiy sallallohu alayhi va sallam: «Kimki biz buyurmagan ishni qilsa, ul bekordur!» — deganlar.

Sa’id ibn al-Musayyab rivoyat qiladilar: «Abu Sa’id al-Xudriy va Abu Hurayra menga aytdilarkim, Janob Rasululloh Banu Adiy al-Ansoriyning akasini Xaybardan zakot yig‘ib kelmoq uchun yubordilar. Ul odamlarning eng yaxshi xurmolarini zakotga olib keldi. Shunda ul zot: «Xaybardagi xurmolarning barisi shunday sifatli erkanmi?» — dedilar. Zakotchi: "Xudo haqi, unday ermas, yo Rasululloh, biz odamlardan ikki so’ sifatsiz xurmo o‘rniga bir so’ sifatli xurmo olamiz», — dedi. Janob Rasululloh: «Bunday qilmangizlar, aralash olingizlar!» — dedilar».

Qayd etilgan