Bismillohir rahmonir rahiymi
TAVHID KITOBI
1-bob. Nabiy sallallohu alayhi va sallamning o‘z ummatlarini Olloh taborak va taoloni yakkayu yagona deb e’tiqod qilmoqqa da’vat qilganlari haqida
Ibn Abbos rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Maozni Yamanga yuborayotib bunday dedilar: «Sen ahli kitob bo‘lmish bir qavm huzuriga ketayotirsen, dastlabki qiladirgan ishing shulkim, ularni Olloh taoloni yakkayu yagona deb e’tiqod qilmoqqa da’vat qilg‘il! Agar so‘zingga kirsalar, ularga Olloh taolo bir kecha-kunduzda besh vaqt namoz o‘qimoqni farz qilganini aytgil! Bunga ham ko‘nsalar, aytgilki, Olloh taolo ularning mollaridan zakot olmoqni ham farz qilgan bo‘lib, bunda boylardan olib kambag‘allarga qaytarilgaydur. Agar shul aytganlaringga iqror bo‘lsalar, ulardan zakot olgil, ammo eng yaxshi mollarini olmagil!».
Maoz ibn Jabal rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam menga: «Yo Maoz, bilurmisen, Olloh taoloning o‘z bandalaridagi haqi nedur?» — dedilar. Men: «Olloh taolo va uning rasuli yaxshiroq bilgaydur!» — dedim. Janob Rasululloh: «Olloh taologa ibodat qilib, unga hech narsani shirk keltirmasliklaridur» — dedilar. So‘ng: «Yo Maoz, bilurmisen, bandalarning Olloh taolodagi haqlari nedur?» — dedilar. Men: «Olloh taolo va uning rasuli yaxshiroq bilgaydur!» — dedim. Janob Rasululloh: «(Agar bandalar Olloh taoloning haqini ado etsalar), ularni azoblamasligidur», — dedilar».
Abu Sa’id al-Xudriy rivoyat qiladilar: «Tunda bir odam ikkinchi bir odamning «Qul huvallohu ahad»ni o‘qib takrorlayotganini eshitdi. Tong otgach, ul Janob Rasulullohning huzurlariga bordi-da, shul haqda gapirib uni kamsitdi. Shunda Janob Rasululloh: «Jonim qo‘lida bo‘lgan zot haqi, ul sura Qur’oni Karimning naq uchdan biriga tengdur!» — dedilar».
Oisha raziyallohu anho rivoyat qiladilar: «Janob Rasululloh bir kishini Sariyaga boshliq qilib yubordilar. Ul o‘z sheriklariga imomlik qilib o‘qigan namozini nuqul «Qul huvallohu ahad» birlan tamomlar erdi. Ular Janob Rasulullohning huzurlariga qaytib kelishgach, shul haqda aytishdi. Janob Rasululloh: «So‘rangizlarchi, nechun ul bunday qilur erkan?» — dedilar. Ular so‘rashgan erdi, ul «Chunkim «Surai ixlos» Rahmonning sifatidur, shul boisdan men uni o‘qimoqni yaxshi ko‘rurmen!» — dedi. Janob Rasululloh: «Unga aytingizlar, Olloh taolo ham uni yaxshi ko‘rg‘aydur!» — dedilar».