Imom al-Buxoriy. Al-jome' as-sahih (4-jild)  ( 495629 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 86 87 88 89 90 91 92 93 94 95 96 B


AbdulAziz  29 May 2009, 00:38:41

20-bob. Nabiy sallallohu alayhi va sallamning «Olloh taolodan ko‘ra rashkliroq zot yo‘qdur!» deganlari haqida

Mug‘iyra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Sa’d ibn Uboda: «Agar men xotinimni boshqa erkak birlan yotganini ko‘rib qolsam, uni (erkakni) qilichimni beti birlan urmay, sharta chopib qo‘ya qolur erdim!» — dedi. Janob Rasululloh uning bo‘lganini eshitib: «Sizlar Sa’dning rashkidan taajjub qilyapsizlarmi? Olloh taolo haqi, men undan rashkliroqmen, Olloh taolo ersa, mendan ham rashkliroqdur! Olloh taolo ham rashkli erkanligidan barcha oshkora va xufiya fahsh ishlarni harom (man’) qildi. Olloh taolo har ishda dalilu hujjatni yaxshi ko‘rg‘uvchi bo‘lib, shul boisdan ham o‘z bandalariga bashoratchi va ogohlantiruvchi qilib payg‘ambar yubordi. Olloh taolodan ko‘ra maqtovni xushlaguvchi zot yo‘qdur, shuning uchun ham ul jannatni va’da qilgandur, — dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 May 2009, 00:40:33

21-6o6.

Olloh taolo «Aytgil, qaysi narsa ko‘proq shohiddur (guvohdur)?» degan qavlida kamtarlik qilib o‘zini «narsa» deb atagandur. Janob Rasululloh Qur’oni Karimni «narsa» deb atadilar, «narsa» ersa, Olloh taoloning sifatlaridan biridur. Olloh taolo: «Uning o‘zidan bo‘lak hamma narsa halok bo‘lg‘uvchidur!» — deb aytgan.

Sahl ibn Si’d rivoyat qiladilar: Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bir kishiga «Sen Qur’ondan biror narsa (sura) bilurmisan?» — dedilar: Ul: «Ha, falon va falon suralarni bilurman», — deb yod olgan suralarni tilovat qildi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 May 2009, 00:41:09

22-bob. «Ollohning Arshi suv ustida erdi va ul Buyuk Arsh sohibidur!»

Imron ibn Husayn rivoyat qiladilar: «Men Janob Rasulullohning huzurlarida erdim, Banu Tamim qavmi kirib keldi. Janob Rasululloh: «Yo Banu Tamim qavmi, o‘zlaringizning jannatga kirmog‘ingiz haqidagi bashoratni qabul qilingizlar!» — dedilar. Ular: «Bizga bashorat qildingiz, endi naqdini beringiz!» — deyishdi. Keyin, bir guruh yamanliklar kirishdi. Janob Rasululloh ularga: «Yo Yaman yahli, bashoratni qabul qilingizlar, chunkim uni Banu Tamim qabul qilmadi!» — dedilar. Ular: «Qabul qildik yo Rasulalloh! Biz huzuringizga dinni o‘rgatsangiz deb keldik va shul haqdagina sizdan so‘ramagaymiz» — deyishdi. Janob Rasululloh bunday dedilar: «Olloh taolo azaldan mavjud va undan ilgari hech narsa bo‘lmagan, uning Arshi suv ustida bo‘lgan, keyin ul osmonlar birlan yerni yaratdi va Lavhga barchasini yozib qo‘ydi», — dedilar».

Abu Hurayra rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Olloh taoloning o‘ng qo‘li doim ne’matlarga to‘ladur, sarf qilgan birlan sira ozaymag‘ay, kechayu kunduz mo‘lligidan to‘kilib turadir. Ko‘rdingizlarmi, osmonlar birlan yerni yaratgandan buyon qancha sarf qilgan bo‘lsa ham sira kamaymagan! Uning Arshi suv ustida bo‘lib, bir qo‘lida fayzu barakot mavjud».

Anas ibn Molik rivoyat qiladilar: «Hijob haqidagi oyat Zaynab binti Jahsh haqida nozil bo‘lgan. Ul Janob Rasulullohning boshqa xotinlariga faxrlanib: «Olloh taolo meni (Janob Rasulullohga) osmonda nikohlab qo‘ygan!» — der erdi».

Abu Hurayra rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar «Olloh taolo butun maxluqotni yaratib bo‘lgach, «Mening rahmatim g‘azabimni mag‘lub etadir!» deb Lavhga yozib qo‘ydi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 May 2009, 00:43:37

Abu Hurayra rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Kimki Olloh taologa va uning rasuliga iymon keltirsa, namoz o‘qisa va ro‘za tutsa, Olloh taolo yo‘lida hijrat qilmaganligi va tug‘ilgan yeridan hech yoqqa chiqmaganligiga qaramay, Olloh taolo unga jannatga kirmoq huquqini ato etgaydur», — dedilar. Sahobalar: «Yo Rasulalloh, bul xushxabarni odamlarga aytaylikmi?» — deyishdi. Ul zot: «Jannatda yuzta daraja mavjud bo‘lib, Olloh taolo ularni o‘z yo‘lida jihod qilganlar uchun tayyorlab qo‘ygandur. Har bir darajaning oralig‘i yer birlan osmon o‘rtasidagi masofachalik keladir. Olloh taolodan tilasangiz, Firdavsni tilangiz, chunkim, ul jannatning eng o‘rtasi yokim eng a’losidur. Uning tepasida Rahmonning Arshi joylashgan bo‘lib, undan jannatning daryolari oqib chiqgaydur», — dedilar».

Abu Zarr rivoyat qiladilar: «Men masjidga kirsam, Janob Rasululloh o‘ltirgan erkanlar. Quyosh botgach, menga: «Ey Abu Zarr! Bul (quyosh) qayoqqa ketayotganini bilurmen?» — dedilar. Men: «Olloh taolo va uning rasuli yaxshiroq bilgaydur!» — dedim. Ul zot: «Quyosh Olloh taologa sajda qilmoq uchun ruxsat so‘rgali ketayotir, unga ruxsat berilgay va go‘yokim «Kelgan yeringdan (bul yerga yana) qaytib kelgil!» deb qo‘yilgandek botgan yeridan qo‘zg‘olib (ertasiga) yana qaytib chiqgaydur», — dedilarda, «Bul unga azaldan taqdir qilingandur» degan oyati karimani tilovat qildilar».

Zayd ibn Sobit rivoyat qiladilar: «Abu Bakr menga amr qilib erdilar, Qur’oni Karim oyatlarini yig‘a boshladim. «Surai Tavba»ning oxirini Abu Huzayma al-Ansoriydan topdim, uni boshqalardan topolmagan erdim. «Laqad joakum rasuulun min anfusikum» dan to «Baroat surasi»ning oxirigacha».

Ibn Abbos rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam biror narsadan tashvish cheksalar: «Hamma narsadan boxabar, ko‘ngilchan Ollohdan bo‘lak tangri yo‘qdur, Buyuk Arsh sohibi bo‘lmish Ollohdan bo‘lak tangri yo‘qdur, yeru osmonlar hamda saxovatli Arsh sohibi bo‘lmish Ollohdan bo‘lak tangri yo‘qdur!» — der erdilar».

Abu Sa’id al-Xudriy rivoyat qiladilar «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Kiyomat kuni sizlar yashin urgandek behush bo‘lib yiqilgaysizlar, shunda qarasam, Muso alayhissalom Arsh ustunlaridan birini ushlab turgan bo‘ladirlar», — dedilar.

Abu Salama Abu Hurayradan naql qiladilar: Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Qiyomat kuni men birinchi bo‘lib tiriltirilgaymen, shunda Muso alayhissalom Arshni ushlab turgan bo‘ladilar», — dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 May 2009, 00:43:59

24-bob. Olloh taoloning «O’shal kuni mo‘minlarning chehralari parvardigorlariga kulib qarab turgaydur» degan qavli xususida

Jarir rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning huzurlarida o‘ltirgan erdik to‘lin oy kechasidagi oyga termulib qaradilarda, bizga: «Sizlar qiyomat kuni bir-biringizga xalal bermay rabbingizning yuzini mana shul oyni ko‘rib turganingizdek ko‘rg‘aysizlar. Quyosh chiqishidan ilgarigi va quyosh botishidan ilgarigi namozlarni shaytonga boy bermangizlar!» — dedilar».

Jarir rivoyat qiladilar: «Janob Rasululloh: «Sizlar parvardigoringizni o‘z ko‘zingiz birlan ko‘rgaysizlar», — dedilar».

Abu Hurayra rivoyat qiladilar: «Odamlar: «Yo Rasulalloh! Qiyomat kuni parvardigorimizni ko‘rgaymizmi?» — deb so‘rashdi. Janob Rasululloh: «To‘lin oy kechasidagi oyga qarab zarar ko‘rgaymisizlar?» — dedilar. Ular «Yo‘q, yo Rasulalloh!» — deyishdi. Janob Rasululloh: «Musaffo osmondagi quyoshga qarab zarar ko‘rgaymisizlar?» — dedilar. Ular: «Yo‘q, yo Rasulalloh!» — deyishdi. Shunda Janob Rasululloh bunday dedilar: «Sizlar uni (Olloh taoloni) ham shul kabi ko‘rgaysizlar. Olloh taolo qiyomat kuni bandalarini to‘plab, ularga: «Kim ul dunyoda qanday narsaga sig‘ingan ersa, o‘shanga ergashsin!» — degay. Quyoshga sig‘inganlar quyoshga, oyga sig‘inganlar oyga, shaytonga sig‘inganlar shaytonga ergashgaylar. Mahsharda tanho shul (musulmon) ummatning o‘zigina qolgay. Ularning oralarida Olloh taolodan shafoat tilab bermog‘imni so‘rovchilar (yokim munofiqlar) ham bo‘lgaydur. Olloh taolo ummatimning qoshiga kelib: «Men rabbingizman!» — deydir. Ular (Olloh taoloni ko‘rmay turganlari uchun yanglishib qolmaylik deb) «Rabbimiz kelguncha kutib turadirgan joyimiz shul yermi? Biz rabbimiz kelsa, uni tanigaymiz!» — degaylar. Keyin, Olloh taolo ular taniydirgan qiyofada kelib: «Men rabbingizman!» — deydir. Shunda ular: «Ha, sen bizning rabbimizdursan!» — deb uning ortidan ergashgaylar. So‘ng, jahannam ustiga Sirot ko‘prigi o‘rnatilgayda, birinchi bo‘lib men o‘z ummatim birlan undan o‘tgayman. O’shal kuni payg‘ambarlardan bo‘lak hech kimsa so‘zlamagay. O’shal kuni payg‘ambarlar nuqul: «Yo parvardigoro, salomat saqlagil, salomat saqlagil!» — deb duo aytib turgaylar. Jahannamda qiyoq tikanlari yanglig‘ tikanlar bo‘lgay». Janob Rasululloh qiyomat haqidagi bashoratlarimi shul yerida to‘xtatib, odamlarga: «Sizlar qiyoqni ko‘rganmisizlar?» — dedilar. Ular: «Ha, yo Rasulalloh!» — deyishdi. Janob Rasululloh bashoratlarini bunday deb davom ettirdilar: «O’shal tikanlar qiyoq tikaniga o‘xshash bo‘lgani birlan, uning kattaligini Olloh taolodan o‘zga hech kim bilmagaydur. Odamlar qilgan qabih amallariga muvofiq ilinib qolgaylar, birov halokatga uchragay, birov tilka-pora bo‘lg‘ay, xullas har bir odam gunohiga yarasha turli darajada jarohatlangay. Olloh taolo o‘z bandalari ustidan hukm chiqarib bo‘lgach, do‘zax ahlidan kimlarni o‘z rahmatiga muyassar etmoqni istagan ersa, o‘shalarni do‘zaxdan chiqarmoqni iroda qilgay va farishtalarga buyurib, «Ashhadu an lo iloha illalloh» deb Olloh taologa shirk keltirmaganlarni do‘zaxdan chiqarmoqni amr qilgay. Bunday bandalarni o‘tda kuymay qolgan sajda izlaridan tanib olgaylar, chunkim Olloh taolo Odam bolasining sajdada ishtirok qilgan a’zolaridan bo‘lak hamma yog‘ini kuydirmoqni amr qilgaydur. Ular do‘zaxdan kuyib ko‘mir bo‘lgan holda chiqgaylar, ustlaridan hayot suvi quyilgach, seldan keyin qolgan loyqadan unib chiqqan maysadek yosharib qolgaylar. So‘ng Olloh taolo bul yumushlardan ham xalos bo‘lgach, bir kishi yuzi do‘zax tomonga qaratilgan holda qoldirilgay, ul do‘zaxiylardan bo‘lib, jannatga eng oxiri kirgay. Ul iltijo qilib «Yo parvardigoro, yuzimni do‘zaxdan bo‘lak tarafga o‘girib qo‘ygil, uning tutuni bo‘g‘ib, otashi kuydirmoqda!» — degay. Olloh taolo: «Agar aytganingni bajo keltirsam, boshqa narsa so‘ramagaysanmi?» — degay. Ul: «Izzating haqi, so‘ramagaymen!» — deb va’da bergay. Olloh taolo uning yuzini o‘girib qo‘ygach, jannatga ko‘zi tushib Olloh taolo istagancha muddat jimib qolgay. Keyin, yana: «Yo parvardigoro, meni jannat darvozasiga yaqinroq olib borib qo‘ygil!» — degay. Olloh taolo unga: «Seni qara-yu, axir aytganingni qildim-ku! Va’dangga vafo qilganiig qani, bundan bo‘lak narsa so‘ramayman deb erding-ku?» — degay, ul ersa, iltijo qilavergay. Nihoyat, uni jannat darvozasi ostonasiga eltib qo‘yishgay. Ul jannat oldida turib uning bog‘ rog‘lari-yu, anvoi ne’matlarini, jannatilarning shodu xurramliklariii ko‘rib, Olloh taolo istagancha muddat sukut qilgay. Keyin yana iltijo qilib: «Yo parvardigoro, meni bul jannatga kirgizgil!» — degay. Olloh taolo: «Ey Odam bolasi, bundan boshqa narsa so‘ramaslikka va’da berib erding-ku! Nechun so‘zingda turmagaysen?» — degay. Ul ersa: «Yo parvardigoro, eng baxtsiz bandang bo‘lib qolmayin!» — degayda, takror va takror iltijo qilavergay. Shunda Olloh taolo kulib: «Uni jannatga olib kiringizlar!» — deb amr qilgay. Ul jannatga kirgach, Olloh taolo: «Tila tilagingni!» — degay, ul tilagini aytgay. Olloh taolo uning barcha so‘raganlarini bajo keltirgay. Boyagi banda yana ne tilamog‘ini bilmay qolgach, Olloh taolo unga: «Mana bularni ham, anavilarni ham, hammasini senga berdim!» — degay».

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 May 2009, 00:50:47

Abu Sa’id al-Xudriy rivoyat qiladilar: «Yo Rasulalloh! Qiyomat kuni biz rabbimizni ko‘rgaymizmi?» — deb so‘radik. Ul zot: «Musaffo osmon uzra porlab turgan quyosh yokim oyga boqib zarar ko‘rgaymisizlar?» — dedilar. Biz: «Yo‘q, yo Rasululloh!» — dedik. Ul zot bunday dedilar: «Quyosh va oyga boqib zarar ko‘rmaganingiz kabi rabbingizga boqib ham zarar ko‘rmagaysizlar! O’shal kuni jarchi (farishta) kelib, kim nimaga sig‘ingan ersa, o‘shaning ortidan ergashsin, deb ovoza qilgay. Xoch (but)ga sig‘inganlar xoch ortidan, sanam (ma’buda)larga sig‘inganlar sanamlar ortidan, xullas, kim Olloh taolodan bo‘lak narsalarga sig‘ingan ersa, o‘shaning ortidan ergashgay. Mahsharda Olloh taologa sig‘ingan solih va gunohkor musulmon bandalar hamda kitob ahlining bir qismigina qolgay. So‘ng, jahannam yuzaki bir tarzda ularning ko‘z oldilaridan o‘tkazilgay. Keyin, yahudiylardan: «Ul dunyoda nimaga ibodat qilgan erdingizlar?» — deb so‘ralgay. Ular: «Ollohning o‘g‘li Uzayrga ibodat qilgan erdik», — deyishgay. «Yolg‘on aytursizlar, Ollohning xotini ham, o‘g‘li ham bo‘lmagandur! Istagingiz nedur?» — deyilgay. Ular: «Bizga suv ichirsang!» — deyishgay. Shunda: «Ichingizlar!» — deyilgay. Suv ichishgach, ular jahannamga qulab tutgaylar. Keyin, nasorolarga qarata: «Nimaga ibodat qilgan erdingizlar?» — deyilgay. Ular: «Ollohning o‘g‘li Isoga ibodat qilgan erdik», — deyishgay. «Yolg‘on aytursizlar, Ollohning xotini ham, bolasi ham bo‘lmagandur! Ne istagaysizlar?» — deyilgay. Ular: «Bizga suv ichirsang!» — deyishgay. «Ichingizlar!» — deyilgay. Suv ichishgach, ular ham jahannamga qulab tushgaylar. Nihoyat, Olloh taologa sig‘ingan solih va gunohkor musulmon bandalarning tanho o‘zi qolgay. Ularga «Barcha odamlar ketib bo‘ldi, nechun sizlar bunda ushlanib qoldingizlar?» — deyilgay. Shunda ular: «Bizlar, dushmanlaring bo‘lmish ahli kitoblardan (Yahudiy va nasorolardan), garchi tirikchiligimiz ularga bog‘liq bo‘lgan ersada, seni deb yuz o‘girgan erdik, endi nechun ularga ergashaylik? Axir, bizlar jarchi farishtaning «Har kim o‘zi ibodat qilgan narsasi ortidan ergashsin!» degan ovozasini eshitdik-ku?! Shul boisdan ham bizlar bul yerda qolib, rabbimizni kutmoqdamiz», — deyishgay. Shunda, Olloh taolo ular ko‘rib tanib ololmagan dastlabki qiyofasini o‘zgartirib, o‘zining asl ko‘rinishida kelgayda: «Men rabbingizdurmen!» — degay. Ular: «Sening birlan faqat payg‘ambarlargina so‘zlasha oladirgan o‘shal rabbimizdursen!» — deyishgay. Olloh taolo: «Parvardigoringizni kaysi alomatidan tanib olursizlar?» — degay. Ular: «Jamolining o‘ta nurafshonligidan», — degaylar. Olloh taolo o‘z jamolini ko‘rsatgach, barcha mo‘minlar unga sajda qilgaylar. Ammo, Olloh taologa riyokorlik va shuhratparastlik yuzasidangina sajda qilib yurganlar endi harchand urinmasinlar, sajda qila olmagaylar. Keyin, sirot ko‘prigi olib kelinib, jahannam ustiga o‘rnatilgay». Biz (Janob Rasulullohning gaplarini bo‘lib): «Yo Rasulalloh, Sirot ko‘prigi nedur?» — dedik. Ul zot bunday deb gaplarida davom etdilar: «Ul shunday bir yo‘lkim, usti tiyg‘onchiq, ilmoqli va tikanlidur, tikanlari Najdda o‘sadirgan Sa’don butasining tikanlariga o‘xshaydur. Mo‘min odam ul ko‘prikdan bir lahzada, yokim yashin tezligida yohud shamoldek yoinki chopqir otdek yo tezyurar tuyadek o‘tib ketgay. Birovlar sog‘-salomat, birovlar a’zoyi badani tilka-pora bo‘lgan xolda o‘tib olgay, birovlar ersa, jahannamga yuz tuban qulagay. Sirot ko‘prigidan eng oxiri o‘tadirgan odam zo‘r-bazur sudralib o‘tgay. Keyin, o‘zlaringiz bilgan mo‘minlarning holi ne kechganini ko‘rib, Olloh taologa: «Yo parvardigorimiz! Ular biz birlan birga namoz o‘qigan, ro‘za tutgan va amali solihlar qilgan birodarlarimiz erdilar», — deb yolvorgaysizlar. Shunda Olloh taolo: «Boringizlar, agar qalbida bir dinorchalik iymoni bor kishini topsangizlar, do‘zaxdan chiqaringizlar!» — degayda, «Ular kirganlarida kuydirmagil!» — deb do‘zaxga tayinlagay. Mo‘‘minlar borib qarasalar, birovlar to‘pig‘igacha, birovlar tizzasigacha olovga botib ketgan bo‘lur, shunda (olovda kuymay qolgan sajda izlaridan) tanib o‘z birodarlarini do‘zaxdan chiqarib olgaylar. Keyin, qaytib kelgaylar. Olloh taolo yana: «Boringizlar, qalbida yarim dinorchalik iymoni borlarni topsangizlar, do‘zaxdan chiqaringizlar!» — degay. Ular borib, o‘zlari tanigan kishilarni do‘zaxdan chiqarib qaytib kelgaylar. Olloh taolo yana: «Boringizlar, qalbida zarracha iymoni borlarni topsangizlar, do‘zaxdan chiqaringizlar!» — degay. Ular borib o‘zlari taniganlarni do‘zaxdan chiqarib olgaylar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 May 2009, 00:52:49

Abu Sa’id bunday debdilar: «Agar ishonmasangizlar, Olloh taolo zarracha zulm qilmagay!» degan oyati karimani o‘qingizlar. Olloh taolo, agar bandasi yaxshilig‘ qilgan ersa, unga barakot ato etib, o‘ziga qaytargay. Payg‘ambarlar, farishtalar va mo‘minlar o‘zgalarga Olloh taolodan shafoat tilagaylar. Olloh taolo: «Endi o‘zim shafoat qilmog‘im qoldi xolos!» — deb (qalbida zarracha iymoni bor) bandalarini ko‘mirdek qorayib ketgan holda do‘zaxdan chiqargay. So‘ng, ularni jannat oldidagi hayot daryosiga tashlagaylar. Shunda ular sel loyqasidan unib chiqqan don singari o‘shal daryo qirg‘oqlaridan unib chiqgaylar. Sizlar daraxt yokim xarsangtosh yonida ungan don maysalarini ko‘rgansizlar. Oftobdagilari ko‘m-ko‘k, soyadagilari ersa, oqish bo‘lgay. Ular ham shul singari marvariddek tovlanib turgaylar. Keyin, ular bo‘yinlariga halqa kiygizilib jannatga kiritilgaylar. Jannat ahli ularni ko‘rib: «Bularni Rahmon ozod qilib, biror xayrli ish qilmagan bo‘lsalar ham jannatga kiritdi», — degaylar. Ular jannatga kirgach, «Ko‘rib turganlaringizning barchasi va boshqa shunga o‘xshash ko‘pgina narsalar sizlargadur», — deyilgay».

Anas ibn Molik rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam odam yuborib ansorlarni chaqirtirib keltirdilarda, ularni qubba ostiga yig‘ib bunday dedilar: «(Qiyomatda) Olloh taolo va uning rasuli birlan uchrashmaguningizga qadar sabr qilingizlar, men ersam, Havzi Kavsar labida bo‘lgaymen!» — dedilar».

Ibn Abbos rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam tunda tahajjud qilsalar, quyidagi duoni o‘qir erdilar: «Yo parvardigoro, jamiki maqtovlar senga xosdir! Yeru osmonlar va undagi borliqning yorug‘ligi sendandur, jamiki maqtovlar senga xosdir! Sen yeru osmonlarning va undagi borlikning yaratguvchisi va boshqarib turguvchisen, jamiki maqtovlar senga xosdir! Sen haqdirsen, va’dang ham haqdir, so‘zing ham haqdir, oxiratda seni ko‘rmoq ham haqdir, jannat ham haqdir, do‘zax ham haqdir, qiyomat ham haqdir, jamiki payg‘ambarlar ham haqdir, Muhammad ham haqdir! Yo parvardigoro, senga bo‘yinsundim va senga tavakkal qildim, senga iymon keltirdim va dildan senga tavba qildim, seni deb (dushmanlaring birlan) kurashdim, ularga o‘zing jazo bergaysen, o‘tgan va kelgusi gunohlarimni, xufyona va oshkora xatolarimni o‘zing kechirgil, sen yakkayu yagonadirsen, sendan bo‘lak iloh yo‘qdir!».

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 May 2009, 00:54:23

Adiy ibn Hotim rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Olloh taolo har biringiz birlan tarjimonsiz so‘zlashgay, shunda o‘rtada hijob (parda) hah o‘lmagaydur», — dedilar».

Abu Bakr ibn Abdulloh ibn Qays otalaridan naql qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam «Ikki jannatning idishlari va ul yerdagi jamiki narsalar kumushdandur va yana ikki jannatning idishlari va ul yerdagi jamiki narsalar oltindandur. Jannat ahlining o‘z parvardigorlari jamoliga ko‘z tashlamoqlariga uning ulug‘vor salobatidan o‘zga narsa Adn jannatida mone’lik qilmagaydur!» — dedilar».

Abdulloh ibn Mas’ud rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Kimki yolg‘on qasam ichib bir musulmonning molini tortib olsa, Olloh taolo qiyomatda uni darg‘azab holda qarshi olgaydur!» — dedilar. So‘ng buning tasdiqi uchun Olloh taoloning Kitobidan quyidagi oyati karimani tilovat qildilar: «Arzimas matohni deb Olloh taologa bergan va’dalari birlan qasamlarini buzgaylar, bundaylar oxiratdan benasib bo‘lib, Olloh taolo ular birlan so‘zlashmagaydur».

Abu Hurayra rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday deb aytdilar: «Qiyomat kuni Olloh taolo uch toifa bandasi birlan so‘zlashmagay ham, ularga qiyo boqmagay ham: agar kishi birovning molini sotib olgach, unga to‘lagan pulidan ko‘ra ko‘proq pul to‘ladim, deb yolg‘on qasam ichsa, agar kishi bir musulmonning molini tortib olmoq uchun yolg‘on qasam ichsa, agar kishi ortiqcha suvi bo‘la turib, o‘zgalarga bermasa. Olloh taolo bunday odamga qiyomat kuni: «O’z qo‘ling birlan yaratmagan narsadan boshqalarni mahrum qilganing uchun bugun men seni o‘z fazlu karamimdan mahrum etgaymen!» — degaydur».

Abu Bakr rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Zamon (vaqt, yil hisobi) Olloh taolo osmonlar birlan yerni yaratgan kundagi o‘z joyiga yana qaytib keldi. Yil o‘n ikki oydan iborat bo‘lib, ulardan to‘rttasi muqaddasdur (ya’ni, qon to‘kish man qilinadi). To‘rttadan uchtasi — Zulqa’da, Zulhijja, Muharram ketma-ket keladir, to‘rtinchisi ersa, Rajab (Muzar) oyi bo‘lib, Jumodus soniy birlan Sha’bon oylari oralig‘idadur. Hozir qaysi oy?» — dedilar. Biz: «Olloh taolo va uning rasuli yaxshiroq bilgaydur! — dedik. Ul zot biroz sukut qildilar, biz o‘zlari nomini so‘ragan oyni boshqa nom birlan atasalar kerak deb xayol qildik. «Bul oy Zulhijja oyi ermasmi?» — dedilar. Biz: «Ha», — dedik. Bul shahar kaysi shahar?» — dedilar. Biz: «Olloh taolo va uning rasuli yaxshiroq bilgaydur!» — dedik. Janob Rasululloh biroz sukut qildilar, biz shaharning boshqa bir nomini aytsalar kerak deb o‘yladik. «Bul Madina ermasmi?» — dedilar. Biz: «Ha», — dedik. «Bugun qanday kun?» — dedilar. Biz: «Olloh, taolo va uning rasuli yaxshiroq bilgaydur!» — dedik. Ul zot bu gal ham sukut qildilar, biz bul kunning o‘zga bir nomini aytsalar kerak deb o‘yladik. «Bul kun nahr (qurbonlik) kuni ermasmi?» — dedilar. Biz: «Ha», — dedik. Ul zot bunday dedilar: «Qoningiz, mol-dunyongiz, obro‘yingiz mana shul shahringizdagi kuningiz va oyingiz hurmati yanglig‘ bir-biringizga muqaddasdur! Oxiratda parvardigoringizga ro‘baro‘ bo‘lganingizda sizlardan qilgan amallaringiz haqida so‘ragaydur. Mendan keyin bir-biringizning bo‘g‘zingizga tig‘ uradirgan gumroh bo‘lib ketmangizlar! Gapimni eshitganlar zshitmaganlarga yetkazsin! Chunkim, ba’zi bir birovdan eshitganlar o‘z qulog‘i birlan eshitganlardan ko‘ra ongliroq bo‘ladir. Men sizlarga tushuntira oldimmi?»

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 May 2009, 00:54:47

25-bob. Olloh taoloning «Darhaqiqat, Ollohning rahmati amali solih qilguvchilarga yaqindur!» degan qavli haqida

Usoma ibn Zayd rivoyat qiladilar: «Janob Rasulullohning qizlaridan biri «O’g‘lim jon taslim qilay deyapti, ota tezroq kelingiz!» deb odam yubordi. Ul zot «Farzand beradirgan ham, uni qaytib oladirgan ham Olloh taoloning o‘zidur, har bir narsaning umri belgilab qo‘yilgan. Olloh taolodan savob umid qilib, sabr qilsin!» deb aytib yubordilar. Ammo, qizlari yana odam yuborib, tezda yetib kelmoqlarini so‘radi. Shunda Janob Rasululloh men, Maoz ibn Jabal, Ubay ibn Ka’b, Uboda ibn as-Somit birlan birgalikda yo‘lga tushdilar. Yetib borganimizda bolani ul zotning qo‘llariga tutqazdilar, bola o‘xtin-o‘xtin nafas olar, go‘yokim suvi yo‘q bir meshga o‘xshab qolgan erdi. Uni ko‘rib Janob Rasulullohning muborak ikki ko‘zlari jiqqa yoshga to‘ldi. Shunda Sa’d ibn Uboda «Yig‘layotirsizmi?!» — dedi. Janob Rasululloh: «Olloh taolo rahmdil bandalariga rahm qilgaydur!» — dedilar».

Abu Hurayra rivoyat tiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday deb aytdilar: «Jannat birlan do‘zax bir-birlari birlan xusumatlashib o‘z parvardigorlariga arz qildilar. Jannat: «Yo parvardigoro, nechun unga (do‘zaxga) irodasiz va tuban (sarqit) bandalaringdan o‘zgasi kirmagay?» — dedi. Do‘zax: «Men Olloh taoloning hukmlariga takabburlik qilib bo‘yin egmaganlarni azoblamoqqa ta’yin qiling‘andurmen!» — dedi. Olloh taolo jannatga: «Sen mening rahmatimdursen!» — dedi, do‘zaxga ersa: «Sen mening azobimdursen, men sening vositang ila o‘zim istagan bandamga azob bergaymen. Har biringizni o‘zingizga munosib bandalarim birlan to‘ldirgaymen», — dedi. «Jannat xususiga kelsak — dedilar Janob Rasululloh, — Olloh taolo birorta ham bandasiga zulm qilmagaydur. Ul o‘zi istagan bandasini do‘zaxbop qilib qo‘ygayda, keyin ularni do‘zax otashiga tashlagaylar. Shunda do‘zax: «Yana bormi, yana bormi?» — deb uch bor so‘ragay, hattoki Olloh taolo o‘zi qadam ranjida qilib borib ko‘rgay. Keyin, do‘zax to‘lib-toshib ketgach: «Bo‘ldi, bo‘ldi, bo‘ldi!» — deb yolvorgay.

Anas ibn Molik rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday deb aytdilar: «Qavmlar o‘zlarining qilgan gunohlariga yarasha do‘zax otashida kuyib azob chekkanlaridan so‘ng Olloh taolo rahm qilib ularni jannatga kiritgay, jannatda ularni «Jahannamiylar» deb atashgay».

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 May 2009, 00:55:18

26-bob. Olloh taoloning «Olloh osmonlar birlan yerni tushib ketmoqdan saqlab ushlab turadir» degan qavli xususida

Abdulloh (ibn Mas’ud) rivoyat qiladilar: «Yahudiy ulamolaridan biri kelib: «Ey Muhammad! Olloh taolo bir barmog‘iga osmonni, bir barmog‘iga yerni, bir barmog‘iga tog‘larni, bir barmog‘iga dov-daraxtlar birlan daryolarni va yana bir barmog‘iga bo‘lak maxluqotlarini qo‘yib turib: «Men podshohmen!» — degay», — dedi. Janob Rasululloh kulib: «Olloh taoloning qudratini munosib qadrlamadilar!» — dedilar».

Qayd etilgan