Imom al-Buxoriy. Al-jome' as-sahih (4-jild)  ( 495835 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 87 88 89 90 91 92 93 94 95 96 B


AbdulAziz  29 May 2009, 00:55:47

27-bob. Osmonlar birlan yerning va bundan boshqa borliqning yaratilishi haqida

Bu — Olloh taborak va taoloning fe’li va amridur. Ollohning sifatlari, fe’li va amri mavjud bo‘lib, ul yaratguvchidur, yaratilgan ermasdur, balki o‘zi bor qilguvchidur, barcha narsalar uning fe’li, amri, yaratishi va bor qilishi birlangina vujudga kelgandur!

Ibn Abbos rivoyat qiladilar: «Men Maymuna xolamning uylarida tunab qoldim. Janob Rasululloh ham shul yerda erdilar. O’shal kuni men ul zotning qanday namoz o‘qishlarini kuzatdim: dastlab, xolam birlan bir soatcha so‘zlashib o‘ltirdilar, keyin o‘rinlariga yotdilar. Tunning oxirgi uchdan biri yokim bir qismi qolgach, turib o‘tirdilar va osmonga tikilib turib «Osmonlar birlan yerning yaratilishi aqllilarga bir ibratdur» degan oyati karimani tilovat qildilar. So‘ng, o‘rinlaridan turib tahorat oldilar, misvok birlan tish tozaladilar. Keyin, o‘n bir rak’at namoz o‘qidilar. So‘ng, Bilol azon aytib erdi, ikki rak’at namoz o‘qidilar. Keyin, masjidga chiqib odamlar birlan bomdod (farzini) o‘qidilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 May 2009, 00:57:35

28-bob. Olloh taoloning «So‘zimiz payg‘ambar qilib yuborilgan bandalarimizga ilgari aytilgan erdi» degan qavli xususida

Abu Hurayra rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Olloh taolo yaratmoq ishidan xalos bo‘lgach, o‘z dargohidagi Arshi tepasiga «Rahmatim g‘azabimdan ustundur!» deb yozib qo‘ydi», — dedilar».

Abdulloh ibn Mas’ud rivoyat qiladilar: «Rasululloh allallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Olloh taolo biror bandasini yaratmoqni iroda qilsa, avval uni onasining qornida qirq kunu qirq kecha jamlaydir, so‘ng shuncha muddat davomida uni alaq (laxta qon) holiga keltiradir, keyin shuncha muddat davomida uni bir parcha et holiga keltiradir, so‘ng ona qorniga bir farishtani yuborib, unga to‘rt so‘zni — rizqini, umrini (ajalini), kasbini va baxtsiz yokim baxtli bo‘lmog‘ini peshonasiga yozib qo‘ymoqqa izn beradir. Olloh taolo haqi, birortangiz do‘zax ahliga mansub ish qilayotgan ersangizu, ammo jannatga kirmog‘ingiz taqdir qilingan ersa, siz birlan jahannam oralig‘ida bir gaz yokim bir necha gaz masofa qoldi deguncha peshonangizga bitilgan taqdiri azal peshvoz chiqib, sizga jannat ahliga munosib ishni nasib etgaydir va siz jannatga kirgaydirsiz. Yokim, aksincha, jannat ahliga mansub ish qilayotgan ersangizu, ammo do‘zaxga kirmog‘ingiz taqdir qilingan ersa, siz birlan jannat oralig‘ida bir gaz yokim bir necha gaz qoldi deguncha peshonangizga bitilgan taqdiri azal peshvoz chiqib, sizga do‘zax ahliga munosib ishni nasib etgaydir va siz do‘zaxga kirgaydirsiz».

Ibn Abbos rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Hazrat Jabroil alayhissalomga: «Yo Jabroil! Bizning huzurimizga bundan ko‘ra ko‘proq kelib-ketib turmog‘ingizga ne monelik qilg‘ay?» — dedilar. Shunda: «Rabbingning amrisiz biror narsa qilmagaymiz, neki qildik va qilajakmiz, barchasi Ollohning amri ila bo‘lgaydur» degan oyati karima nozil qilindi. Bu — Muhammad sallallohu alayhi va sallamga Hazrat Jabroilning javoblari o‘rnida bo‘ldi».

Abu Hurayra rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Olloh taolo yo‘lida va uning so‘zlarini tasdiq etmoq niyatida jihodga chiqqan kishini jannatga kiritmoqqa yokim uni o‘z maskaniga qo‘lga kiritgan ajr va o‘ljalar birlan qaytarmoqqa Olloh taoloning o‘zi kafolat beradir».
 
Abu Muso al-Ash’ariy rivoyat qiladilar: «Bir odam, Janob Rasulullohning huzurlariga kelib: «Yo Rasulalloh, bir kishi or-nomus uchun, bir kishi shijoat ko‘rsatish uchun va yana bir kishi riyokorlik qilib jang qiladir, bularning qaysinisi Olloh taolo yo‘lida jang qilgan bo‘lur?» — dedi. Ul zot: «Kimki Olloh taoloning so‘zi eng ustun so‘z bo‘lsin deb jang qilsa, o‘shal jang Olloh taoloning yo‘lida qilingan jangdur!» — dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 May 2009, 00:58:08

29-bob. Olloh taoloning «Darhaqiqat, Biz biror narsani iroda qilsak «bo‘lg‘il!» degan so‘zimiz kifoya, ul bor bo‘lgaydur» degan qavli haqida

Mug‘ira ibn Shu’ba rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Ummatimga mansub bir qavm o‘zlariga Olloh taoloning amri kelguniga qadar ham (qiyomat bo‘lguniga qadar ham) odamlar (kofirlar) ustidan g‘alaba qilmoqda davom etaveradilar», — dedilar».

Muoviya ibn Abu Sufyon rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Ummatim bo‘lmish bir millat (xalq) o‘zlarini yolg‘onchiga chiqarib dushmanlik qilguvchilarning tajovuziga qarshi qiyomatga qadar chidam birlan kurashaveradilar. Qiyomat sodir bo‘lganda ham ular hanuz ana shunday kurashayotgan bo‘ladilar».

Ibn Abbos rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam (payg‘ambarlik davosi birlan chiqqan) Musaylimaning oldiga kelib to‘xtadilarda, unga: «Agar sen (qo‘limdagi mana shul) xurmo novdasini so‘rasang ham, bermasdim! Niyatim amalga oshgay, deb umid qilmagilki, da’voingdan qaytmasang, Olloh taolo seni halok qilg‘ay!» — dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 May 2009, 00:58:51

30-bob.

Olloh taoloning qavli: «Aytgil! Agar rabbimning so‘zlarini yozmoq uchun dengiz siyoh bo‘lsa ham, rabbimning so‘zlari tugamog‘idan avval dengiz tugab qolgaydur va basharti bizlar shul kabi boshqa dengizlarni ham madadga chaqirsangu, yer yuzidagi barcha daraxtlarni qalam qilsak ham, yetti dengizdan madad olib turgan dengiz Olloh taoloning so‘zlarini bitmoqqa yetmagaydur. Rabbingiz bo‘lmish Olloh taolo olti kunda osmonlar birlan yerni yaratib, so‘ng Arshga o‘ltirdi. Tun kunni tezda quvib yetib qamrab olgaydur va quyosh, oy va yulduzlar Olloh taoloning amriga itoat etib harakat qilgaylar, zero yaratmoq va amr qilmoq uning o‘zigagina xosdur!..»

Hurayra rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Olloh taolo yo‘lida va uning so‘zlarini tasdiq etmoq niyatida jihodga chiqqan, kishini jannatga kiritmoqqa yokim uni o‘z maskaniga qo‘lga kiritgan ajr va o‘ljalar birlan qaytarmoqqa Olloh taoloning o‘zi kafolat beradir».

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 May 2009, 01:00:30

31-bob. Xohish va iroda (istak) haqida. Sizlar xohlamagaysizlar, balki Olloh taolo xohlagaydur!

Olloh taoloning qavli: «Kimga istasang, o‘shanga mol-mulk bergaysen (degil!)», «Ertaga biror narsa qilgaymen, deb aytmagil, Olloh taolo xohlasa, qilgaymen, deb aytgil!», «Sen o‘zing istagan odamga hidoyat qilolmagaysen, balki Olloh taolo o‘zi istagan bandasiga hidoyat qilgaydur!».

Sa’d ibn yl-Musayyab otalaridan naql qildilarki, Olloh taoloning «Olloh sizlarga oson bo‘lmog‘ini istagaydur, qiyin bo‘lmog‘ini istamagaydur» degan qavli Abu Tolib xususida nozil bo‘lgan erkan.

Anas ibn Molik rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Olloh taologa duo o‘qib iltijo qiladirgan bo‘lsangizlar, qat’iyat birlan duo o‘qib iltijo qilaveringizlar! Birortangiz: «Agar xohlasang, bergil!» — deb aytmangizki, Olloh taolo bandalarining duosini inkor qilguvchi emasdur!» — dedilar.

Ali ibn Abu Tolib rivoyat qiladilar: «Tunlardan birida zavjam Fotima birlan uxlab yotgan erdim, Janob Rasululloh kelib eshigimizni taqillatdilarda: «Namozga turmaysizlarmi?» — dedilar. Shunda men: «Yo Rasulalloh, bizning jonimiz Olloh taoloning qo‘lidadur, agar istasa, bizni o‘zi uyg‘otgay!» — dedim. Janob Rasululloh mening bul so‘zimga javob qilmadilar, ammo ketaturib sonlariga qo‘llari birlan urdilarda: «Inson o‘zi azaldan janjalkashroq (aytishqoqroq) erdi», — dedilar».

Abu Hurayra rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Mo‘min odam balo-qazolarga toqat etmoqlikda sabza-giyohga o‘xshaydir. Chunkim, mo‘min har tarafdan shamol esganda egilib, so‘ng yana qaddini tiklab olguvchi sabza giyoh yanglig‘, balo-qazolarga chidab, yengilmagaydir. Kofir odam ersa, mo‘rt arz (kedr) daraxti kabidur, Olloh taolo uni, istasa, birdaniga sindira olur!».

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 May 2009, 01:01:48

Abdulloh ibn Umar rivoyat qiladilar: «Men Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning minbarda turib bunday deb aytganlarini eshitdim: «Agar o‘zingizdan ilgari o‘tgan ummatlarning (Olloh taologa ibodat qilgan) davrini, go‘yokim sahardan to kun yarmigacha davom etgan deb hisoblaydirgan bo‘lsak ul holda sizlarning (musulmonlarning Olloh taologa ibodat qilgan) davringiz asrdan shomgacha, bo‘lgan vaqtga to‘g‘ri kelgaydur. Ma’lumki, Olloh taolo tavrot ahliga tavrotni ato etdi. Ular (yuqoridagi qiyosimizga ko‘ra) sahardan to kun yarmigacha tavrotga amal qilib Olloh taologa ibodat qildilar va buning uchun qiyrot-qiyrot ajru savob oldilar, so‘ng bunday ibodatga chidamay qoldilar. Keyin, Olloh taolo injil ahliga injilni ato etib erdi, ular (yuqoridagi qiyosimizga ko‘ra) kun yarmidan asrgacha injilga amal qilib Olloh taologa ibodat qildilar va buning uchun qiyrot-qiyrot ajru savob oldilar, so‘ng ular ham bunday ibodatga chidamay qoldilar. Mana endi Olloh taolo sizlarga Qur’oni Kariymni ato etdi. Sizlarning (Qiyomatga qadar) unga amal qilib Olloh taologa ibodat qilajak davringiz (yuqoridagi qiyosimizga ko‘ra), go‘yokim asrdan shomgacha bo‘lgan vaqtga to‘g‘ri kelib, buning uchun oxiratda ikki barobar ko‘p qiyrot-qiyrot ajru savob olgaysizlar. Shunda tavrot ahli: «Yo parvardigoro, nechun anavilar (musulmonlar) bizga nisbatan ham toat-ibodat qilib, ko‘p ajru savob oldilar?» — degaylar. Olloh taolo ularga: «Sizlarga ajru savob berishda zarracha zulm qildimmi?» — degay. Ular: «Yo‘q, aslo! — deb javob qilgaylar. Olloh taolo: «Ana shul mening fazlu marhamatim bo‘lib, uni o‘zim istagan bandalarimga ravo ko‘rgaymen!» — degay».

Uboda ibn as-Somit rivoyat qiladilar: «Biz bir yig‘inda o‘ltirgan erdik. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bizga: «Olloh taologa hech narsani shirk keltirmaslikka, o‘g‘rilik va zino qilmaslikka, bolalariigizni o‘ldirmaslikka, ko‘ra-bila turib birovga tuhmat qilmaslikka va islom buyrug‘lariga zid ish qilib gunohkor bo‘lmaslikka menga bay’at qilingizlar! Qaysi biringiz aytganlarimga vafo qilsangiz, Olloh taolodan ajru savob olgaysiz, qaysi biringiz aytganlarimdan birortasiga amal qilmasangizu, shul dunyoda jazolansangiz, bul siz uchun kafforat bo‘lgaydur (ya’ni, gunohingiz shul dunyoda yuvilgaydur) va qaysi biringiz aytganlarimdan birortasiga amal qilmasangizu, Olloh taolo bul dunyoda jazolamay, gunohingizni yashirgan ersa, bul uning ishidur, xohlasa, jazolagay, xohlasa, mag‘firat qilgay», — dedilar».

Abu Hurayra rivoyat qiladilar: «Payg‘ambar Sulaymon alayhissaloti vassalomning oltmishta xotinlari bor erdi. Kunlardan bir kuni: «Men bugun tunda barcha xotinlarimni jimo’ qilgaymen va ular homilador bo‘lib, har biri Olloh taolo yo‘lida jang qiladirgan bittadan chavandoz tug‘ib bergaydur!» — dedilar. O’shal kecha hamma xotinlarini aylanib chiqdilar, ammo ulardan bittasigina homilador bo‘ldi, ul ham bo‘lsa, chala tug‘ib qo‘ydi. Janob Rasululloh: «Agar Sulaymon alayhissalom: «Xudo xohlasa!» — deganlarida erdi, barcha xotinlari homilador bo‘lib, Olloh taolo yo‘lida jang qiladirgan chavandozlar tug‘ib bergan bo‘lur edi» — dedilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 May 2009, 01:02:26

Ibn Abbos raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bir bemor badaviyni ko‘rgani kirib: «Inshoolloh, bul darding tufayli gunohlaring yuvilsa, ajab ermas!» — dedilar. Badaviy: «Aksincha, isitmam avjga chiqib, mendek bir keksani qabrga yetaklayotir!» — dedi. Janob Rasululloh: «Ha, albatta, agar Olloh taolo shuni iroda qilgan ersa!» — dedilar».

Abdulloh ibn Abu Qatoda otalaridan naql qiladilar: «Biz uxlab qolib bomdod namoziga turolmaganimizda Janob Rasululloh: «Olloh taolo o‘zi istagan vaqtda joningizni olib, istagan vaqtda yana qayta tiriltirgay. Shunday erkan, quyosh chiqib kun yorishib ketmasidan burun turingizlarda, joningizning g‘amini yeb tahorat olingizlar!» — dedilar, so‘ng o‘rinlaridan turib namoz o‘qidilar».

Abu Hurayra rivoyat qiladilar: «Bir musulmon (Abu Bakr) birlan bir yahudiy urishib qoldi. Musulmon: «Muhammadni butun olamga payg‘ambar qilib tanlagan zot haqi!» — deb qasam ichdi. Yahudiy ersa: «Musoni butun olamga payg‘ambar qilib tanlagan zot haqi!» — deb qasam ichdi. Shunda musulmon yahudiyning yuziga shapaloq tortib yubordi. Yahudiy Janob Rasulullohning xuzurlariga borib oralarida bo‘lgan voqeani aytib berdi. Janob Rasululloh: «Meni Musodan afzal ko‘rmangizlar! Qiyomat kuni odamlar yashin urgandek behush bo‘lib yiqilgaylar, men birinchi bo‘lib o‘zimga kelganimda Muso Arshga suyanib turgan bo‘lurlar. Ul kishi barcha barobar behush bo‘lib yiqilib, mendan ilgari o‘zlariga kelganmilar yokim Olloh taolo istisno tariqasida ul kishiga muruvvat qilib behush qilmaganmi, buni men bilmagaymen», — dedilar».

Anas ibn Molik rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Dajjol Madina ostonasiga kelib uni farishtalar qo‘riqlab turganini ko‘radir. Inshoolloh, Madinaga na Dajjol va na vabo kirolmaydir!» — dedilar».

Abu Hurayra rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Har bir payg‘ambarning o‘z duosi bordur. Men o‘z duomni, inshoolloh, qiyomatda ummatlarimni shafoat qilmoq uchun olib qo‘ydim! — dedilar».

Abu Hurayra rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: Tushimda bir quduq labida turgan ermshiman. Undan Olloh taolo istagancha suv tortib oldim. Keyin, Ibn Abu Qahhofa qo‘limdan chelakni olib bir-ikki suv tortib erdi, juda oz suv chiqdi, Olloh taolo uni mag‘firat qilsin! So‘ng, chelakni Umar qo‘liga olib erdi, ul shunday bir ulkan idishga aylandiki, men bunchalik ajoyibot ko‘rsatgan kishini ko‘rmagan erdim, hatto uning ko‘p suv chiqarganidan odamlar quduq atrofiga mol-hollar ichmog‘i uchun tarnovlar qurishga majbur bo‘ldilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 May 2009, 01:04:31

Abu Muso rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam huzurlariga gado yokim biror hojatmand kishi kirib kelsa, darhol: «Rahm-shafkat qilingizlar, ajru savob topgaysizlar!» — der erdilar. Shunda Olloh taolo o‘z rasulining tiliga amr qilib, o‘zi xohlagan narsani bermoqlikni ayttirar erdi».

Ubaydulloh ibn Abdulloh ibn Utba ibn Mas’ud rivoyat qiladilar: «Ibn Abbos va Harr ibn Qays ikkisi Muso alayhissalom birlan uchrashgan kishi Xizr erdilarmi, yo‘qmi deb tortishib qolishdi. Shunda ular Ubay ibn Ka’bdan: «Sen Janob Rasulullohning shul haqda biror narsa deganlarini bilurmisen?» — deb so‘rashdi. Ubay: «Ha, men Janob Rasulullohning mana bunday deganlarini eshitganmen», — dedida, quyidagicha rivoyat qila ketdi: «Bir kuni Muso alayhissalom bir kancha yahudiylar orasida turgan erdilar, bir kishi kelib: «Siz o‘zingizdan olimroq biror kishining borligini bilurmisiz?» — dedi. Muso alayhissalom: «Yo‘q», — dedilar, Shunda Olloh taolo ul kishiga: «Ha, bizning Xizr (degan shunday bandamiz) bordur!» — deb vahiy yubordi. Muso alayhissalom Xizr alayhissalom birlan uchrashmoq yo‘lini so‘rab erdilar, hut (katta baliq) uchrashuv belgisi bo‘lajagi bildirilib: «Hutni yo‘qotgach, ortingga qaytsang, Xizrga yo‘liqgaysan!», — deyildi. Muso alayhissalom hut ortidan dengiz bo‘ylab ketaverdilar. Nogahon, Muso alayhissalomning g‘ulomlari: «Ko‘rdingizmi? Qoya ortiga o‘tganimizda hutni ko‘zdan yo‘qotib qo‘ydim, bul shaytonning ishidur, o‘shal meni adashtirdi!» — dedi. Muso alayhissalom: «Bizning ko‘zlaganimiz ham shul erdi!» — dedilar. So‘ng, ikkalalari ortlariga qaytib Xizr alayhissalomni uchratishdi. Keyin, Olloh taolo Qur’oni Kariymda aytgan voqealar sodir bo‘ldi».

Abu Hurayra rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: "Inshoolloh, ertaga Banu Kinona kofirlikka sadoqat bildirib kasam ichgan Xayf (Muhassab)ga borgaymiz!» — dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 May 2009, 01:05:19

32-bob.

Masruq ibn Mas’uddan naql qiladilar: «Olloh taolo vahiy birlan so‘zlaganda osmonlar ahli bir narsani (ovozni) eshitib qo‘rqinchga tushgaylar va qalblaridan qo‘rqinch bartaraf qilinib, ovoz tingach, bu Haq taolo erkanligini bilgaylar. Keyin, bir-birlariga: «Rabbingiz ne dedi?» — deb nido qilgaylar. Shunda: «Haqiqatni aytdi» — deb javob qilgaylar».

Abdulloh ibn Anis rivoyat qiladilar: «Men Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning bunday deganlarini eshitdim: «Olloh taolo barcha bandalarini mahsharga to‘plagach, uzog‘u yaqindagilar birdek eshita oladirgan ovoz birlan ularga nido qilib: «Podshoh — mendurman! Dayyon mendurmen!» — degay». (Dayyon — ajru savob berguvchi, qahr qilguvchi, qazo va hukm qilguvchi, hisob-kitob qilguvchi).

Abu Hurayra rivoyat qiladilar: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: "Olloh taolo osmonda bir ishni buyursa, farishtalar darhol itoatkorona qanotlarini qoqgaylar».

Abu Hurayra rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Olloh taolo nelarni ruxsat etgan ersa, Nabiy sallallohu alayhi va sallam uchun ruxsat etgan bo‘lib, ularni Qur’oni Kariymda bayon qilgandur», — dedilar».

Abu Said al-Xudriy rivoyat qiladilar: ««Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Olloh taolo: «Ey Odam!» — deydi. Odam: «Labbay, amringga hoziru nozirman!» — deydi. Olloh taolo ovoz birlan nido qilib: «Olloh senga o‘z zurriyotingdan do‘zaxiylarni ajratmog‘ingni buyurur!» — degay».

Oisha raziyallohu anho rivoyat qiladilar: «Xadichaga jilva qilgan baxt hech bir ayolga jilva qilmagan! Olloh taolo jannatda Xadicha uchun muhtasham uy hozirlab qo‘ygani haqida Janob Rasulullohga bashorat qilmoqni amr qilgandir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 May 2009, 01:09:01

33-bob. Parvardigorning Jabroil bilan suhbati Ollohning maloikalarga nidosi haqida

Abu Hurayra rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Olloh taborak va taolo biror bandasini sevib qolsa: «Olloh falonchini sevib qoldi, ul ham uni sevib qolgin!» — deb nido qilgay. Shunda Jabroil ham Olloh sevib qolgan bandani sevib qolgayda, osmon ahliga: «Olloh taolo falonchini sevib koldi, ul ham uni sevib qolgin!» — deb nido qilgay. Osmon ahli ham o‘shal bandani sevib qolgay. Shundan so‘ng, ul banda yer ahli uchun mahbub bo‘lgaydur».

Abu Hurayra rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: Sizlarni farishtalar tunda ham, kunduzi ham navbatma-navbat kuzatib turgaylar. Keyin, asr va bomdod namozlarida to‘planishib. o‘rin almashishganda, navbatini o‘tab bo‘lganlari Arshi A’loga ko‘tarilgaylar. Olloh taolo o‘zi yaxshiroq bilsada, ulardan: «Bandalarimni qay holda tark etdingizlar?» — deb so‘ragay. Ular: «Qaytib kelayotganimizda ham, borganimizda ham namoz o‘qishayotgan erdilar», — deb javob bergaylar».

Muhammad ibn Yasor rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Jabroil alayhissalom huzurimga kelib, Olloh taologa hech narsani shirk keltirmay jon taslim qilgan kishi jannatga kirajagi haqida Olloh taolodan bashorat keltirdilar. Shunda men: «O’g‘rilik qilsa hammi, zino qilsa hammi?» — dedim. Hazrat Jabroil: «O’g‘rilik qilsa ham, zino qilsa ham!» — dedilar». (Bundan o‘g‘rilik va zino qilsa, bo‘laveradi, degan ma’no chiqarmaslik lozim. Bu yerda Olloh taologa shirk keltirmoqning nechog‘lik kechirib bo‘lmas gunoh erkanligi nazarda tutilgandur).

Qayd etilgan