Imom al-Buxoriy. Al-jome' as-sahih (4-jild)  ( 495514 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 88 89 90 91 92 93 94 95 96 B


AbdulAziz  29 May 2009, 01:36:18

34-bob. Olloh taoloning «Uni o‘z ilmi ila nozil qildi» va «Maloikalar (sening payg‘ambarligingga) shahodat keltiradilar» degan qavli xususida

Barro ibn Ozib rivoyat qiladilar: «Janob Rasululloh: «Ey falonchi, agar o‘rningga yotsang, «Ilohi, o‘zimni ham, kori-borimni ham o‘zingga topshirdim. Savobingdan umid qilib va azobingdan qo‘rqib senga yuzimii qaratdim, senga suyandim, sening najotingdan o‘zga najot yo‘qdur, sening panohingdan o‘zga panoh yo‘qdur! Ilohi, nozil qilgan Kitobingga ishondim va yuborgan payg‘ambaringga iymon keltirdnm!» degil! Agar o‘shal kecha o‘lib qolsang, komil iymon birlan o‘lgan bo‘lursen, agar o‘lmay uyg‘onsang, ajru savob olib uyg‘ongaysen», — dedilar».

Abdulloh ibn Abu Avfo rivoyat qiladilar: «Janob Rasululloh Ahzob kuni: «Ey Kitob nozil qilguvchi, ko‘z-ochib yumguncha hisob-kitob qilguvchi parvardigorim! Ahzoblarni (islomga qarshi chiqqan guruhlarni) o‘zing mag‘lub qilgaysan va ularga zilzila yuborgaysan!» — deb duo o‘qidilar».

Ibn Abbos raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Makkada (kofirlardan) yashirinib yurgan chog‘larida ovoz chiqarib tilovat qilsalar, mushriklar eshitib kolib Qur’oni Kariymni ham, uni nozil qilgan Olloh taoloni ham, uni Olloh taolodan hidoyat qilib keltirgan payg‘ambarimizning o‘zlarini ham so‘kib haqorat qilur erdilar. Shunda Olloh taolo: «Namozingni baland ovoz birlan ham, ichingda ham o‘qimagil! Namozingni mushriklar eshitib qoladirgan darajada baland ovoz birlan ham, ashoblaringga eshittirolmay qoladirgan darajada past ovoz birlan ham o‘qimagil, shunday bir o‘rtacha usulni tanlagilkim, ashoblaringga eshittira olgil va mushriklar o‘zingni Qur’ondan mahrum qiladirgan darajada baland ovoz birlan o‘qimagil!» — degan oyati karimasini nozil qildi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 May 2009, 01:38:05

35-bob. Olloh taoloning «Ollohning so‘zini o‘zgartirmoqchi bo‘ladilar» va «Haqdan voz kechmoq hazil, o‘yin ermas» degan qvali xususida

Abu Hurayra rivoyat qiladilar: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Olloh taolo: «Odam bolasi dahrni (zamonni) so‘kib, menga aziyat yetkazur, vaholanki, dahr — men o‘zimdurmen, tunu kunni o‘zgartirmoq ishi mening qo‘limdadur!» — deydi».

Abu Hurayra rivoyat qiladilar: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Olloh taolo: «Bandalarimning odamlar ko‘zi tushgulik barcha amallari (namoz, xayr-ehson, zakot va boshqalar) o‘zlari uchundur, tutadirgan ro‘zalari ersa, men uchundur, binobarin, uning mukofotini o‘zim bergaydurmen, ro‘zador meni deb yeb-ichmas va meni deb ro‘za tutar. Ro‘za — jannat demakdur!» — deydi. Ro‘zador ikki bor xursand bo‘lur, biri — og‘iz ochganda: (iftor qilganda), ikkinchisi — ro‘za tutib, oxiratda Olloh taologa yorug‘ yuz birlan ro‘baro‘ bo‘lganda. Ro‘zadorning og‘zidan keladirgan bo‘y Olloh taoloning nazdida mushkdan ham xushbo‘yrog‘dir.

Abu Hurayra rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Bir payt Ayyub alayhissalom yalang‘och bo‘lib olib cho‘milayotgan erdilar, ustlariga bir to‘da tilla chigirtkalar qo‘ndi. Ul kishi chigirtkalarni kiyimlariga qoqib tushira boshladilar. Shunda Olloh taolo: «Ey Ayyub, seni ko‘rib turganingga muhtojsiz qilmabmi erdim?!» — dedi. Ayyub alayhissalom: «Ha, shundoq, yo parvardigorim! Mening uchun sening barakotingdan ko‘ra ortiqroq boylik yo‘qdur!» — dedilar».

Abu Hurayra rivoyat qiladilar: «Janob Rasululloh bunday dedilar: «Parvardigorimiz taborak va taolo tunning oxirgi uchdan bir qismi qolganda (erga nisbatan) eng yaqin osmonga farishtani tushirib: «Kimki duo o‘qib menga iltijo qilsa, duosini mustajob qilgayman va kimki mendan so‘rasa, so‘raganini ato etgayman va kimki menga istig‘for aytsa, mag‘firat qilgayman!» — degaydur».

Abu Hurayra rivoyat qiladilar: «Janob Rasululloh: «Bizlar bul dunyoda oxirgilarmiz, oxiratda ersa, birinchilarmiz!» — dedilar».

Abu Hurayra rivoyat qiladilar: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Olloh taolo: "Men solih bandalarim uchun ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan, biror insonning ko‘ngliga kelmagan ne’matlarni tayyorlab qo‘ydim!» — deydi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 May 2009, 01:38:46

Abdulloh ibn Abdulloh rivoyat qiladilar: «Janob Rasulullohning jufti halollari bo‘lmish Oisha onamizga tuhmat ahli tuhmat qilganda Olloh taoloning o‘zi oqlab oyat nozil qilgan erdi. Shunda Oisha onamiz bunday degan erdilar: «Ammo, Olloh taolo haqi, parvardigorim mening pokdomon erkanligim haqida oyat nozil qilgay deb o‘ylamagan erdim! Meni hayo nechog‘lik hamrab oldiki, Olloh taoloning o‘zi uyat masala xususida meni oqlab gapirganidan ko‘ra sha’nimga kattaroq dog‘ yo‘qdur! Lekin, men Olloh taoloning Janob Rasulullohga tushlarida mening pokdomon erkanligimni ayon qilmog‘ini istar erdim!». Shundan so‘ng, Olloh taolo Janob Rasulullohga shul xususda o‘z oyati karimalarini nozil qildi».

Abu Hurayra rivoyat qiladilar: «Janob Rasululloh bunday dedilar: «Olloh taolo: «Agar bandam biror yomon ish qilmoqni niyat qilgan ersa, qilgunicha uning bo‘yniga gunoh qilib yozmay turingizlar, qildi deguncha bir gunoh yezingizlar. Basharti, meni deb yomon niyatidan qaytsa yokim bir savob ish qilmoqni niyat qilib, uni amalga oshirolmay qolsa, bir savob yozib qo‘yingizlar. Agar o‘shal yaxshi niyatini ro‘yobga chiqarsa, ul holda o‘ndan to yetti yuzgacha savob yozib qo‘yingizlar!», — deydi».

Abu Hurayra rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Olloh taolo odamni yaratib bo‘lgach, rahm (bachadon) unga: «Qon-qarindoshlik aloqalarining uzulmog‘idan asramog‘ingni tilaydirganning joyi hali shu bo‘ldimi?!» — dedi. Olloh taolo: «Ha, shunday! Ammo, agar men qon-qarindoshlik aloqalarini mustahkamlaganlarni yarlaqasamu, uni uzganlardan ersa, rahmatimni darig‘ tutsam, rozi bo‘lgaymisen?» — dedi. Rahm: «Ha, yo rabbiy, rozidurmen!» — dedi. Olloh taolo: Sening uchun shunday qilgumdur!» — dedi.

Abu Hurayra rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Umrida biror xayrli ish qilmagan bir odamning ul o‘lgach, Olloh taolo oxiratda azob berolmasin deb jasadini kuydirib, kulining yarmini quruqlikka, yarmini dengizga sochibdi. Olloh taolo haqi, agar parvardigor unga azob bermoqni istasa, hech bir olamda biror bandasiga bermagan azob birlan uni azoblay olur! Keyin, Olloh taolo dengizga buyurib erdi, ul o‘ziga sochib yuborilgan kulni jamlab berdi, so‘ng quruqlikka buyurib kulning qolgan qismini ham jamlattirdida: «Nechun bunday qilding?» — dedi. Ul: «Sendan qo‘rqqanimdan, buni o‘zing yaxshi bilursan!» — dedi. Shunda Olloh taolo uni mag‘firat qildi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 May 2009, 01:39:03

Abu Hurayra rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Bir banda gunoh qilib qo‘yib: «Yo parvardigoro, men gunoh qilib qo‘ydim, kechirgil!» — dedi. Parvardigor: «Bandam gunohlarini kechirguvchi va gunohlari uchun jazolovchi parvardigori bor erkanligini bildirdi, bandamning gunohidan o‘tdim!» — dedi. Keyin, o‘shal banda Olloh taolo istagancha muddat yashagach, yana gunoh qilib qo‘yib: «Yo parvardigoro, yana gunoh qilib qo‘ydim, kechirgil!» — dedi. Olloh taolo: «Bandam gunohlarini kechirguvchi va gunohlari uchun jazolovchi parvardigori bor erkanligini bildirdi, bandamning gunohidan o‘tdim!» — dedi. Banda Olloh taolo istagancha muddat yashagach, yana gunoh qilib: «Yo parvardigoro, yana gunoh qilib qo‘ydim, kechirgil!» — dedi. Olloh taolo: «Bandam gunohlarini kechirguvchi va gunohlari uchun jazolovchi parvardigori bor erkanligini bildirdi, bandamni uchinchi marta ham kechirdim!» — dedi. Keyin, banda gunohi uchun Olloh taolodan astoydil tavba qilib kechirim so‘raydi».

Abu Sa’id rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Bir kishiga Olloh taolo mol-dunyo va farzandlar ato etgan erdi. O’lar chog‘i kelganda o‘g‘illariga: Men sizlarga qanday otalik qildim?» — dedi. O’g‘illari: «Yaxshi otalik qildingiz», — deyishdi. Ul: «Men oxiratim baxayr bo‘lmog‘i uchun biror yaxshi ish qilmadim, Olloh taolo meni azobga duchor qilmog‘i turgan gap. Agar o‘lsam, jasadimni kuydiringizlar, ko‘mirga aylangach, ezib «kukun qilingizlarda, qattiq shamol bo‘lgan kuni sochib yuboringizlar!» — dedi. O’g‘illari aytganidek qilishdi. Keyin, Olloh taolo: «Kun (bor bo‘lgil)!» — deb erdi, boyagi odam kayta bor bo‘ldi. Olloh taolo unga: «Ey bandam, bunday qilmog‘ingga seni ne majbur qildi?» — dedi. Ul: «Sendan qo‘rqqanimdan», — dedi. Olloh taolo uni darhol mag‘firat etdi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 May 2009, 01:39:23

36-bob. Olloh taoloning qiyomat kuni payg‘ambarlar va boshqalar birlan so‘zlashmog‘i haqida

Anas (ibn Molik) rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Qiyomat kuni bo‘lsa, men shafoat qilib: «Yo rabbim, qalbida xardal urug‘ichalik iymoni bor ummatlarimni ham jannatga kirgizgil!» — deyman. Ular jannatga kiradirlar, So‘ng, yana: «Yo rabbim, qalbida (eng kichik) zarradek iymoni bor ummatlarimni ham jannatga kirgizgil!» — deyman», — dedilar».

Ibn Hoshim rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Oralaringizda Olloh taolo so‘zlashmagan birorta ham odam qolmagaydur, shunda o‘rtada tarjimon bo‘lmagaydur. Kishi o‘ng tarafiga qarab ham, chap tarafiga qarab ham ilgari qilgan amallaridan o‘zga narsani ko‘rmagay, ro‘parasiga qarab ersa, yuzini yalayotgan do‘zax alangasidan bo‘lak narsaga ko‘zi tushmagaydur. Shunday erkan, yarimta xurmo ehson qilib bo‘lsa ham do‘zax otashidan o‘zingizni asrangiz!»

Abdulloh (ibn Mas’ud) rivoyat qiladilar: «Yahudiy ulamolardan biri kelib: «Qiyomat kuni bo‘lsa, Olloh taolo osmonlarni bir barmog‘iga, yerlarni ikkinchi bir barmog‘iga, suv va tufroqni boshqa bir barmog‘iga, odamlarni ersa, yana bir barmog‘iga olib, so‘ng: «Podshoh — mendurmen, podshoh — mendurmen!» — deb aytadir», — dedi. Janob Rasululloh uning gapiga taajjub va tasdiq qilib shul qadar kuldilarki, hatto men oziq tishlarini ko‘rdim. So‘ng, ul zot «Olloh taoloning qudratini munosib baholamadilar...» degan oyati karimani o‘qidilar».

Safvon ibn Muhriz rivoyat qiladilar: «Bir kishi Ibn Umardan: «Olloh taolo birlan banda o‘rtasida bo‘ladirgan o‘zaro (yuzma-yuz) suhbat haqida Janob Rasulullohning ne deganlarini bilurmisan?» — deb so‘radi. Ibn Umar bunday dedilar: «Qaysi biringiz bo‘lmangiz, rabbingizga shul qadar yaqin borgaydursizkim, hatto ul oraga pardasini tashlab olgayda, sizga: «Bunday va bunday ishlarni qilganmi erding?» — degay. Siz: «Ha, shundoq!» — deb aytgaysiz. Olloh taolo yana: «Bunday va bunday ishlarni ham qilganmi erding?» — degay. Siz: «Ha, shundoq!» — degaysiz. Olloh taolo qilgan ayblaringizni o‘zingizga tasdiklatib olgach: «Men seni ul dunyodagi gunohlaringni yashirgan edim, endi bugun ularni mag‘firat qildim!» — degay».

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 May 2009, 01:39:42

37-bob. Olloh taoloning «Olloh Musoga tanirdi» degan qavli haqida

Abu Hurayra rivoyat qiladilar: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam bunday deb aytdilar: «Odam alayhissalom birlan Muso alayhissalom ikkalalari o‘zaro tortishib qolishdi. Shunda Muso alayhissalom: «Sen o‘z zurriyotini jannatdan mahrum qilgan o‘shal Odamsan!» — dedilar. Odam alayhissalom: «Sen Olloh taolo ishonch bildirib vazifa yuklagan va o‘ziga suhbatdosh qilib tanlagan o‘shal Musosan, endi ersa, Olloh taolo yaratmoqdan ilgari menga taqdir qilgan ishni ro‘kach qilib meni malomat qilursan!» — dedilar. Odam alayhissalom bul dalillari birlan Muso alayhissalomni mot qildilar.

Anas (ibn Molik) rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Qiyomat kuni mo‘minlar mahsharda to‘planishib: «Rabbimizdan shafoat tilaylik shoyad kelib bizni bul turgan yerimizdan boshqa joyga ko‘chirsa!» — degaylarda, Odam alayhissalomning huzurlariga borib «Siz insonlar otasisiz, Olloh taolo sizni o‘z qudrat qo‘li birlan yaratgan, sizga farishtalarni sajda qildirgan va sizga barcha narsalarning ismini o‘rgatgan, rabbimizdan bizga shafoat tilab beringiz, bizni boshqa joyga ko‘chirsin!» — deb aytgaylar. Odam alayhissalom ularga: «Men sizlarga yordam bera olmagayman», — deb o‘zlari qilgan xatolarni ularga eslatgaylar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 May 2009, 01:40:13

Ibn Molik rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Almasjid ul-Haromda uxlab yotganlarida (Hamza ibn Abdulmuttalib va Ja’far ibn Abu Tolib ham huzurlarida erdi) vahiy kelmasidan burun oldilariga uch farishta kirib keldi. Ularning oldindagisi: «Bulardan qaysi biri Ollohning rasuli?» — dedi. O’rtadagisi: Eng yaxshisi», — dedi. Keyindagisi: O’shal yaxshisini ko‘tarib olingizlar!» — dedi. Ikki farishta indamay ul zotni ko‘tari Zamzam qudug‘i oldiga olib borib qo‘yishdi. Uch farishtadan biri Jabroil alayhissalom bo‘lib, ul kishi Janob Rasulullohning tepalariga kelib ko‘kraklarini tomoqlarining pastiga qadar yordilarda, ichidagi a’zolarni tashqariga chiqarib, (ko‘krak) ichini zamzam suvi birlan yuvib top-toza qildilar. So‘ng, iymonu hikmatga limmo-lim bir oltin jomni olib keldilarda, Janob Rasulullohning ko‘kraklari birlan tomirlarini (iymonu hikmatga) to‘ldirdilar. Keyin, ko‘kraklarini yopib, ul zotni eng yaqin osmonga olib chiqdilarda, osmon darvozalaridan birini taqillatdilar. Osmon ahli Hazrat Jabroilga: «Bul kim?» — deb nido qildi. Hazrat Jabroil: «Menman», — dedilar. Osmon ahli: «Yoningdagi kim?» — dedi. Hazrat Jabroil: «Yonimdagi Muhammaddur», — dedilar. Osmon ahli: «Olloh taoloning huzuriga bormoqlariga ruxsat bormi?» — dedi. Hazrat Jabroil: «Ha», — dedilar. Osmon ahli: «Marhabo, xush kelibsiz!» — deb ul zotning kelganlaridan xursand bo‘ldi, ammo Olloh taoloning ul zotni yerdan qanday yumush birlan o‘z dargohiga chorlaganini aytmadi. Janob Rasululloh ularning oldiga chiqib eng yaqin osmonda Odam alayhissalomni uchratdilar. Hazrat Jabroil payg‘ambarimizga: «Bul kishi otangiz bo‘ladilar», — dedilarda, salom berdilar. Payg‘ambarimiz ham salom berib erdilar, ul kishi alik olib: «Marhabo, xush kelibsiz, ey o‘g‘lim! Siz eng yaxshi o‘g‘ilsiz!» — dedilar. Janob Rasululloh o‘shal yerda turganlarida mavj urib oqayotgan ikki daryoga ko‘zlari tushib: «Yo Jabroil, bul ikkisi qanday daryo?» — deb so‘radilar. Hazrat Jabroil: «Bular Nil va Firot daryolarining boshidur» — dedilar. Keyin, Hazrat Jabroil birlan osmonda ketayotib boshqa bir daryoni ko‘rdilar, uning ustida marjonu zabarjaddan qurilgan bir muhtasham qasr turar erdi. Janob Rasululloh daryoga qo‘llarini tiqib erdilar, mushk bo‘lib chiqdi. «Bul nedur, yo Hazrat Jabroil?» — dedilar. Hazrat Jabroil: «Bul — parvardigoringiz sizga atab qo‘ygan Havzi Kavsardur!» — dedilar. Keyin, ular ikkinchi osmonga ko‘tarildilar. Farishtalar Hazrat Jabroilga: «Bul kim?» — deb ilgarigidek savol berdilar. Hazrat Jabroil «Bul — menman» — dedilar. Ular: «Yoningdagi kim?» — dedilar «Hazrat Jabroil: «Muhammad sallallohu alayhi va sallamdur», — dedilar. Ular: «Olloh taoloning huzuriga bormoqlariga ruxsat tekkanmi?» — dedilar. Hazrat Jabroil: «Ha», — dedilar. Ular: «Marhabo, xush kelibsiz!» — dedilar. So‘ng, Hazrat Jabroil Janob Rasululloh birlan uchinchi osmonga ko‘tarildilar. Farishtalar birinchi va ikkinchi osmondagidek savol berganlaridan so‘ng, to‘rtinchi osmonga ko‘tarildilar. Keyin, yana odatdagidek savol-javob qilingach, Janob Rasululloh birlan beshinchi osmonga ko‘tarildilar. Bul yerda ham o‘shal savol-javob qaytarildi. Keyin, oltinchi osmonga ko‘tarildilar. So‘ng, odatdagidek savol-javob qilingach, yettinchi osmonga ko‘tarildilar. Bul yerda ham o‘shal savol-javob takrorlandi. Janob Rasululloh har bir osmonda bir payg‘ambarni uchratdilar, men ulardan ba’zilarining ismlarini eslab qolganman: ikkinchi osmonda Idris alayhissalomni, to‘rtinchi osmonda Harun alayhissalomni, beshinchi osmondagisi esimda yo‘q, oltinchi osmonda Ibrohim alayhissalomni, yettinchi osmonda Olloh taolo birlan suhbatlashmoq huquqiga muyassar bo‘lgan Muso alayhissalomni ko‘rdilar. Muso alayhissalom: «Yo rabbiy, men huzurimga yerdan biror kishi chiqadi deb o‘ylamagan erdim!» — dedilarda, Janob Rasululloh birlan birga Olloh taolodan o‘zga kishi ismini bilmaydirgan bundan ham balandroq osmonga ko‘tarilib, Sidrat ul-Muntaho degan joyga yetib bordilar. Shunda izzat sohibi bo‘lmish Olloh taolo Janob Rasulullohga juda ham yaqin kelib: «Bir kecha-kunduzda ellik vaqt namoz o‘qimoqni ummatingga farz qildim», — deb vahiy qildi. Janob Rasululloh ul yerdan qaytib Muso alayhissalomning oldilariga bordilar. Ul kishi Janob Rasulullohni to‘xtatib: «Yo Muhammad, rabbingiz sizga qanday vazifa yukladi?» — deb so‘radilar. Janob Rasululloh: «Bir kecha-kunduzda ellik vaqt namoz o‘qimoqni buyurdi», — dedilar. Muso alayhissalom: «Ummatingiz bunga chidamaydi, qaytingiz, rabbingiz siz birlan ummatingizga yuklagan bul vazifani kamaytirsin!» — dedilar. Janob Rasululloh «Shul gap ma’qulmi?» degan ma’noda Hazrat Jabroilga o‘girilib qaradilar. Hazrat Jabroil «Agar istasangiz, shul talab birlan rabbingizning huzuriga chiqsangiz bo‘lg‘ay, — deb ma’qulladilar. Janob Rasululloh avvalgi joyga qaytib borib: «Yo rabbiy, bizga yuklagan vazifangni yetgillashtirgil, ummatim bunga chidamaydi!» — dedilar. Olloh taolo o‘n vaqt namozga kamaytirdi. Janob Rasululloh Muso alayhissalomning oldilariga qaytib bordilar. Muso alayhissalom besh vaqt namoz qolgunga qadar ul zotni to‘xtatib ortlariga qaytaraverdilar. Keyin, besh vaqt namoz qolgach: «Yo Muhammad! Olloh taolo haqi, ummatim bo‘lmish Baniy Isroil bundan ham kam bo‘lmog‘ini talab qilib, keyin shunga ham chidamay namozni tark etgan erdi. Sizning ummatingiz ersa jasad, qalb, badan, ko‘z va quloq jihatidan ancha zaifroqdur, rabbingiz huzuriga qaytingiz, yana kamaytirsin!» — dedilar. Janob Rasululloh «Ma’qulmi?» degandek Jabroil alayhissalomga qarab erdilar, ul kishi rad qilmadilar. Shunda payg‘ambarimiz alayhissalom vassalot ortlariga qaytib: Yo rabbiy, mening ummatimning jasadi, qalbi, qulog‘i va badani zaifroqdur, bizga yuklagan vazifangni yengillashtirgil!» — dedilar. Olloh taolo: «Yo Muhammad!» — dedi. Ul zot: «Labbay, xizmatingga hozirman!» — dedilar. Olloh taolo so‘z o‘zgartirilmagaydur! Umm ul-Kitobda (Lavh ul mahfuzda) senga necha vaqt namozni farz qilib bitib qo‘ygan ersam, o‘shandayligicha qolgaydur!» — dedi. So‘ng, yana: «Har bir amali solih uchun o‘n barobar ko‘p ajru savob bergaymen. Umm ul-Kitobda ersa bul amali solihlar ellikta bo‘lib, sening uchun beshtasi farzdur!» — deb aytdi. Shundan so‘ng Janob Rasululloh Muso alayhissalomning oldilariga qaytdilar. Muso alayhissalom: «Ne qildingiz?» — dedilar. Janob Rasululloh: «Bizga farz qilgan besh vaqt namozni yana ham kamaytirmog‘ini so‘rab erdim, besh vaqt namozning har biri uchun bizga o‘n barobar ko‘p ajru savob ato etdi», — dedilar. Muso alayhissalom «Olloh taolo haqi, Baniy Isroil bundan ham kamroq namozga chidamay uni tark qilgan erdi. Rabbingizning huzuriga qaytingiz, sizlarga yana ham yengil qilsin!» — dedilar. Janob Rasululloh: «Yo Muso, Olloh taolo haqi, men bundan ham ko‘proq kamaytirmoqni talab qilmoqqa rabbimdan uyaldim!» — dedilar. So‘ng, Janob Rasululloh Olloh taoloning ismini aytgancha yerga tushirildilar. Uyg‘onib qarasalar, Al-masjid ul-Haromda erkanlar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 May 2009, 01:40:34

38-bob.Olloh taoloning jannat ahli birlan so‘zlashmog‘i haqida

Abu Sa’id al-Xudriy rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Olloh taolo jannat ahliga: «Ey jannat ahli!» — degay, Ular: «Labbay, yo rabbimiz, xizmatingga tayyormiz, xayriyat sening qo‘lingdadur!» — deb javob bergaylar. Olloh taolo: «Rozimisizlar (mamnunmisizlar)!» — degay. Ular: «Bo‘lmasamchi, albatta rozimiz, yo rabbimiz! Axir, sen birorta ham maxluqingga bermagan narsalarni bizga ato etding-ku!» — degaylar. Olloh taolo: «Sizlarga bundan ham afzalroq narsalarni ato etayinmi?» — degay. Ular: «Rabbim, bundan afzalroq narsa nedur?» — degaylar. Olloh taolo: «Sizlardan rizo bo‘lib, keyin sira ham sizlarga g‘azab qilmasligimdur!» — degay».

Abu Hurayra rivoyat qiladilar: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam bir kuni suhbatlashib o‘ltirib bunday dedilar (shunda huzurlarida bir badaviy ham bor erdi): «Jannatdagi bir kishi Olloh taolodan ekin ekmoqqa ruxsat so‘radi. Olloh taolo unga: Bul yerdagi ne’matlarimdan qoniqmayotirsenmi? — dedi. Boyagi odam: «Istaganim muhayyodur, ammo men ekin ekmoqni yaxshi ko‘rurman», — dedi. Keyin, tezda urug‘ sochib, hosili yetilgach, tog‘dek-tog‘dek qilib xirmon uydi. Shunda Olloh taolo: «Ey Odam bolasi! ... qarab tur, shu ham senga yetmasa kerak!» — dedi». Suhbatda o‘ltirgan badaviy Janob Rasulullohning bul gaplarini eshitib: «Yo Rasulalloh, bizlar o‘shal odamni quraishiy yokim ansoriy bo‘lishi kerak deb hisoblaymiz, chunkim ana o‘shalar dehqonchilik qiladilar. Biz — badaviylar ersak ekin ekmagaymiz», — dedi. Janob Rasululloh xandon otib kulib yubordilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 May 2009, 01:40:57

39-bob. Ollohning zikri — hukm birlan va bandalarning zikri — duo, tazarru’, payg‘om keltirmoq va o‘zgalarga (ham) yetkazmoq birlandur!

Olloh taolo: «Meni yodingizda tutingizlar, men ham sizlarni yodimda tutgaymen!» — deydi. Olloh taoloning qavli: «(Nuh) o‘z qavmiga: «Ey qavmim! Agar mening sizlarga Olloh taoloning oyatlariga muvofiq pand-nasihat qilib turganim og‘ir kelgan bo‘lsa, ul holda men Olloh taologa tavakkal qildim. Endi, sizlar sheriklaringiz birlan bir bo‘lib menga qarshi o‘z tadbir-choralaringizni ko‘ringizlar, tokim ko‘zlagan ishingiz qilinmay qolib, dilingizda armon bo‘lib qolmasin! Menga chiqargan hukmingizni, paysalga solmay, darhol ijro etingizlar! Agar yuz o‘girsangizlar, bilingizlarkim, men qilgan mehnatimga sizlardan haq talab qilmadim, mening ajrim Olloh taoloning zimmasidadur! Va menga farmonbardorlardan bo‘lmoqlik amr qilingandur!» — deb aytganda sodir bo‘lgan Nuh voqeasini ularga eshittiringizlar". Mujohid bunday deydilar: «Agar biror mushrik sendan yordam so‘rasa, shul shart birlan yordam berishi, tokim ul bir inson sifatida Janob Rasulullohning huzurlariga borib so‘zlariga quloq solsin va Olloh taolo o‘zi xususida qanday hukmlar nozil qilganini eshitib, amin bo‘lsin hamda Qur’onda aytilgan «Buyuk xabar» (Nuh voqeasi)ning haq ekanligini ongiga jo qilib, Olloh taoloning hukmlariga amal qilsin!».

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 May 2009, 01:41:25

40-bob.

Olloh taolo: «Ollohga (hech kimni) sherik qilmangizlar!»,... Ollohga sherik qilmoqqa botina olurmisizlar? Ul ersa olamlar parvardigoridur!» — deydi. Olloh taolo: «Olloh birlan birga boshqa tangriga, ibodat qilmaydirganlar...», «Darhaqiqat, sizga va sizdan ilgarilarga vahiy tushirildi. Ey inson! Agar sen mushrik bo‘lsang, albatta qilgan amaling habata bo‘lur va sen yo‘qotish qilganlar (oxirati kuyganlar) toifasidan bo‘lursan, balki yolg‘iz Ollohgagina ibodat qil va shukr qilguvchilardan bo‘l!» — deydi.

Ikrima bunday dedilar: «Ularning ko‘plari Olloh taologa iymon keltirganlari birlan baribir mushrikdurlar, chunki agar ulardan «Sizlarni va osmonlar birlan yerni kim yaratgan?» deb so‘rasangizlar, «Olloh» deb aytadirlaru, ammo undan o‘zga narsani tangri qilib olib, ana o‘shanga ibodat qiladilar. Bandalarning bul dunyoda qiladirgan amallari va rizqi ro‘zlari azaldan yaratib qo‘yilganligi haqida Olloh taolo: «(Olloh) har bir narsani yaratib, unga o‘ziga yarasha taqdir belgilab qo‘ydi» — deydi».

Amr ibn Sharhabiyl rivoyat qiladilar: «Men Janob Rasulullohdan: «Qanday gunoh Olloh taoloning dargohida eng katta gunoh hisoblanur?» — deb so‘radim. Ul zot: «O’zingni yaratgan Ollohga shirk keltirmog‘ingdur!» — dedilar. «Ha, bu — eng katta gunohdur!» — dedim. «Undan so‘ng, qaysi?» — deb so‘radim. Ul zot: «Ovqatimga sherik bo‘lmasin deb o‘z bolangni o‘ldirmog‘ingdur!» — dedilar. «Undan keyinchi?» — dedim. Ul zot: «Qo‘shningning jufti haloli birlan zino qilmog‘ingdur!» — dedilar».

Qayd etilgan