Imom al-Buxoriy. Al-jome' as-sahih (4-jild)  ( 496093 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 89 90 91 92 93 94 95 96 B


AbdulAziz  29 May 2009, 01:41:50


41-bob.

Olloh taoloning qavli: «Quloqlaringiz, ko‘zlaringiz va terilaringizning guvohligidan berkina olmas erdingizlar, lekin sizlar, Olloh qilayotgan ishimizning ko‘pini bilmaydi, deb o‘yladingizlar.

Abdulloh (ibn Mas’ud) rivoyat qiladilar: «Ikki sakafiy birlan bir qurayshiy (balkim, ikki qurayshiy) Baytulloh yonida uchrashib qoldi. Sakafiylar — qorinlari yog‘ga boy, qalblari ersa fikhga qashshoq erdilar. Ulardan biri: «Nima deysizlar, Olloh nima deyayotganimizni eshitarmikan?» — dedi. Ikkinchisi: «Qattiq gapirsak eshitadir, ammo pichirlashsak eshitmaydir», — dedi. Birinchi bo‘lib so‘zlagani: «Qattiq gapirsak eshitadirgan bo‘lsa, unda pichirlashsak ham eshitgaydir», — dedi. Shunda Olloh taolo: «Quloqlaringiz, ko‘zlaringiz va terilaringizning guvohligidan berkina olmas erdingizlar, lekin sizlar, Olloh qilayotgan ishimizning ko‘nini bilmaydi, deb o‘yladingizlar!» degan oyati karimasini nozil qildi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 May 2009, 01:42:02

42-bob.

Olloh taoloning qavli: «Olloh har kuni (har lahza) biror ish birlan mashg‘uldur» va «Parvardigorlaridan qachon bir yangi nasihat kelsa...» Olloh taoloning qavli: «Shoyad, Olloh bundan so‘ng (taloqdan so‘ng) biror ishni sodir qilsa!» dedilar.

Ibn Abbos: «Qo‘lingizda Olloh taoloning o‘zlaringiz o‘qiydirgan yangi va matni buzilmagan Kitobi bo‘la turib, qanday qilib kitob ahlidan ularning kitoblari haqida so‘ragaysizlar!»

Abdulloh ibn Abdulloh rivoyat qiladilar: «Abdulloh ibn Abbos: «Ey musulmonlar jamoasi! Qanday qilib kitob ahlidan shariatingiz xususida so‘ragaysizlar, axir Olloh taolo payg‘ambaringiz sallallohu alayhi va sallamga nozil qilgan Kitobingiz Olloh taoloning eng yangi va sof xabarlari-ku! Olloh taolo sizlarga: «Kitob ahli Olloh kitobini o‘zgartirib, o‘z qo‘llari birlan qayta yozdilar va uni Olloh nozil qilgan dedilar va bu birlan Ollohning kalomini arzimas matohga almashtiradilar», — deb aytgan-ku! Yoki, ularning biror masalani so‘rab oldingizga kelmagani ham sizlarni bu yo‘ldan qaytarmaydimi? Olloh taolo haqi, ulardan biror kishining sizlarga nozil qilingan narsa xususida so‘rab kelganini hali ko‘rmagandirmiz!» — dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 May 2009, 01:42:15

43-bob. Olloh taoloning «(Ey habibim!) Qur’onni tezroq yod olmoq uchun tilingni harakat qildirib o‘ltirmagil!...» degan qavli va Janob Rasulullohning vahiy nozil bo‘lgandagi xatti-harakatlari haqida

Abu Hurayra bunday deydilar: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam: «Olloh taolo: «Meni yod etib tilga olgan bandamga hamisha har yerda yorman!» — deydi», — dedilar».

Ibn Abbos Olloh taoloning «Qur’on oyatlarini tez yod olayin deb lablaringni qimirlatib o‘ltirmagil!» deb aytgan qavli xususida: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam (Hazrat Jabroil) keltirgan oyatlarni tezda yod olmoq bo‘lib lablarini qimirlatar erdilar», — dedilarda, «Men lablarimni, Janob Rasululloh lablarini qanday qimirlatgan bo‘lsalar, shunday qimirlatib ko‘rsatayapman», — deb aytdilar. Sa’id: «Men o‘z lablarimni Hazrat Abbos lablarini qimirlatgandek qimirlatib ko‘rsatayapman», — dedilar. Olloh taolo «(Jabroil) Qur’on o‘qiganda sen shoshib takror qilma! Qur’onni qalbingga va xotirangga jo qilmoq, istagan vaqtingda uni o‘qishga seni qodir etmoq Bizning bo‘ynimizdadur» va «Agar Biz uni (Jabroil qiroati orqali) o‘qisak sen unga quloq sol!» degan oyat nozil qildi. Shundan so‘ng, Janob Rasululloh, agar Jabroil alayhissalom vahiy keltirsalar, avval tinglab, ketganlaridan keyingina ul kishi o‘qiganlaridek takrorlab o‘qir erdilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 May 2009, 01:42:34

44-bob. Olloh taoloning «So‘zlaringizni xoh ichingizda, xoh oshkora aytingizlar, ul dillardagini bilguvchi zotdur! Axir, o‘zi yaratganni o‘zi bilmaydimi?! Ul sirlarni bilguvchi har narsadan xabardor zotdur!» degan qavli haqida

Ibn Abbos Olloh taoloning «Namozingni baland ovoz birlan ham, pichirlab ham o‘qimagil!» degan qavli xususida bunday deydilar: «Bul oyati karima Janob Rasululloh Makkada mushriklardan yashirinib yurgan vaqtlarida nozil bo‘lgan erdi. Ul zot o‘z sahobalari birlan namoz o‘qiganlarda ovozlarini chiqarsalar, mushriklar eshitib Qur’oni Kariymni ham, uni nozil qilgan parvardigorni ham, payg‘ambarimizni ham haqorat qilur erdilar. Shunda Olloh taolo o‘z rasuliga: «Namozingni baland ovoz birlan o‘qimagil, mushriklar eshitib Qur’onni haqorat qilgaylar, uni pichirlab ham o‘qimagil, sahobalaringga eshittira olmay qolgaysan, o‘rtacha bir yo‘lni tanlagil!» — dedi».

Oisha raziyallohu anho: «Olloh taoloning «Namozingni baland ovoz birlan ham, pichirlab ham o‘qimagil!» degan oyati karimasi duo xususida nozil bo‘lgandur», — deydilar.

Abu Hurayra rivoyat qiladilar: «Janob Rasululloh: «Kimki Qur’onni tajvid birlan o‘qimasa, bizdan ermas!» — dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 May 2009, 01:42:48

45-bob. Nabiy sallallohu alayhn va sallamning «Olloh taolo bir kishiga Qur’onni (tajvid birlan tilovat qilmoq va uni teran tushunmoq baxtini) ato etgan ersa-yu, ul kechayu kunduz shul ish birlan mashg‘ul bo‘lsa, boshqa bir kishi unga havas qilib: «Olloh taolo menga ham (shunday baxt) ato etganda erdi, men ham shunday qilgan bo‘lur erdim!» — desa...» deb aytganlari haqida

Olloh taolo: «Osmonlar birlan yerning yaratilishi va tillaringizu ranglaringizning turli-tumanligi uning qudrati dalillaridandur!» — deb bandasini Qur’on ilmidan bahramand qiladirgan ham o‘zi erkanligini bayon qiladi. Olloh taolo: «Amali solihlar qilaveringizlar, shoyad maqsadga yetsangizlar!» — deydi.

Abu Hurayra rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Ikki narsa xususidagina hasad (havas) qilsa, bo‘lur: Olloh taolo bir bandasiga Qur’on ato etgan bo‘lsa-yu, ul kechayu kunduz uni tilovat qilayotgan ersa va Olloh taolo bir bandasiga halol mol-dunyo ato etgan bo‘lsa-yu, ul uni kechayu kunduz ehson qilayotgan ersa», — dedilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 May 2009, 01:43:09

46-bob. Olloh taoloning «Ey Rasul! O’zingizga parvardigoringiz tarafidan neki nozil qiling‘an bo‘lsa, barchasini (ummatlaringizga) yetkazingiz va agar shunday qilmasangiz, uning biror payg‘omini ado etmagan bo‘lursiz!» degan qavli xususida

Zuhriy bunday deydilar: «Olloh taoloning ishi — payg‘om yubormoq, Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning ishlari — uni o‘z ummatlariga yetkazmoq va bizning ishimiz — uni qabul qilib itoat etmoqdur. Olloh taolo payg‘ambarlarning o‘z parvardigorlari payg‘omlarini ummatlariga yetkazganliklarini bildirish uchun: (Nuh) parvardigorimning payg‘omlarini sizlarga yetkazayotirman deb (o‘z ummatiga) aytgan», — deydi».

Ka’b ibn Molik Janob Rasululloh da’vat qilgan Tabuk g‘azotiga kechikib qolganda: «Olloh va uning rasuli amallaringizni ko‘rur» degan oyatni o‘qidi.

Oisha raziyallohu anho: «Agar senga biror kishining yaxshi amali yoqib qolsa, unga «Ishlaringizni qilaveringizlar, Olloh va uning rasuli hamda mo‘minlar amallaringizni ko‘rur» degan oyati karimani aytgil, buning uchun seni hech kim koyimagay», — dedilar.

Anas ibn Molik rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam tog‘alari Harom (ibn Milhan)ni o‘z qavmi bo‘lmish Bani Omirga jo‘natdilar. Ul kishi borib: «Men sizlarga Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning risola (topshiriq, payg‘om)larini yetkazmoq niyatidadurmen, menga omonlik bergaymisizlar?» — dedida, ularga bul haqda so‘zlay ketdi».

Mug‘ira ibn Shu’ba rivoyat qiladilar: «Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam bizga parvardigorimizning risolasi (payg‘omi) haqida xabar qildilarki, bizlardan kimki (g‘azotda) o‘ldirilsa, jannatga kirar erkan».

Masruq rivoyat qiladilar: «Oisha raziyallohu anho bunday dedilar: «Kimki senga: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam Olloh taolo nozil qilgan vahiylardan birortasini yashirib aytmadi», — desa, ishonmagil! Chunkim, Olloh taolo: «Ey rasulim, rabbingizdan o‘zingizga nimaiki nozil qilingan bo‘lsa, barchasini ummatingizga yetkazingiz, gar shunday qilmassiz, uning risolasini (payg‘omini) butunlay yetkazmagan bo‘lursiz!» — deydi».

Abdulloh (ibn Mas’ud) rivoyat qiladilar: «Bir kishi kelib: «Yo Rasulalloh, qaysi gunoh Olloh taoloning dargohida eng katta gunoh hisoblangay?» — dedi. Janob Rasululloh: «O’zingni yaratgan Olloh taologa shirk keltirmog‘ingdur!» — dedilar. Ul: «Keyin-chi?» dedi. Janob Rasululloh: «Ovqatimga sherik bo‘lmasin deb o‘z bolangni o‘ldirmog‘ingdur!» — dedilar, Ul: «Keyinchi?» — dedi. Janob Rasululloh bunday dedilar: «Qo‘shningning jufti haloli birlan zino qilmog‘ingdur! Olloh taolo buning tasdiqi uchun «Ollohdan bo‘lak tangriga sig‘inmaydirganlar Olloh o‘ldirmoqni man’ qilgan shaxsni nohaq o‘ldirmaydirganlar hamda zino qilmaydirganlar va kimki buni qilsa, katta gunohga qolgayki, qiyomat kunida uning azobi ikki barobar ko‘p bo‘lur!» degan oyati karima nozil qilgandur».

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 May 2009, 01:43:37

47-bob. Olloh taoloning «... Tavrotni keltiringlar va uni tilovat qilinglar, degil...» degan qavli hamda Janob Rasulullohning «Ahli tavrotg‘a Tavrot berilib, ular unga amal qildilar, so‘ng ahli injilga Injil berilib, ular unga amal qildilar, keyin sizlarga Qur’on berilib, sizlar unga amal qildingizlar» deb aytganlari haqida

Abu Rashin bunday deydilar: «Olloh taoloning «Uni tilovat qiladilar» degani — «Unga ergashadilar va talab darajasida amal qiladilar» deganidir. «Tilovat qiladi degani — «Qiroat qiladi», «Husni tilovat» degani — Qur’onni chiroyli qilib qiroat qilmoq» deganidir. «Ushlamaydi» degani ersa, «Qur’onga iymon keltirganlardan o‘zgalar undan zavq ham, naf’ ham topolmaydi, bunga chin iymonli kishigina erisha oladi» deganidir. Chunkim, Olloh taolo: «O’zlariga tavrot yuklangach, ko‘tara olmagan odamlar — ustiga bir qancha kitoblar ortib olgan eshakka o‘xshaydirlar, Ollohning oyatlarini yolg‘on degan qavmning holi voy bo‘lgay va Olloh zolim qavmni hidoyat qilmagay», — deydir. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam islom birlan iymonni «amal» deb atadilar.

Abu Hurayra bunday dedilar: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam Hazrat Bilolga: «Islomda qilgan eng umidbaxsh amaling qaysidur?» — dedilar. Hazrat Bilol: «Islomda qilgan eng umidbaxsh amalim shuldurkim, men tahorat oldimmi, albatta ikki rak’at namoz o‘qigaymen», — dedilar. Keyin, Janob Rasulullohdan qaysi bir amal afzal erkanligi haqida so‘rashdi. Janob Rasululloh: «Olloh taolo birlan uning rasuliga iymon keltirmoq, so‘ng jihod qilmoq, keyin halol haj qilmoqdur» — dedilar».

Ibn Umar raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Agar o‘zingizdan ilgari o‘tgan ummatlarning (Olloh taologa ibodat qilgan) davrini, go‘yokim sahardan to yarmigacha davom etgan deb hisoblaydirgan bo‘lsak ul holda sizlarning (musulmonlarning Olloh taologa ibodat qilgan) davringiz asrdan shomgacha bo‘lgan vaqtga to‘g‘ri kelgaydur. Ma’lumki, Olloh taolo tavrot ahliga tavrotni ato etdi. Ular (yuqoridagi qiyosimizga ko‘ra) sahardan to kun yarmigacha tavrotga amal qilib, Olloh taologa ibodat qildilar va buning uchun qiyrot-qiyrot ajru savob oldilar, so‘ng bunday ibodatga chidamay qoldilar. Keyin, Olloh taolo injil ahliga injilni ato etib erdi, ular (yuqoridagi qiyosimizga ko‘ra) kun yarmidan asrgacha injilga amal qilib, Olloh taologa ibodat qildilar va buning uchun qiyrot-qiyrot ajru savob oldilar, so‘ng ular ham bunday ibodatga chidamay qoldilar. Mana endi Olloh taolo sizlarga Qur’oni Kariymni ato etdi. Sizlarning (Qiyomatga qadar) unga amal qilib Olloh taologa ibodat qilajak davringiz (yuqoridagi qiyosimizga ko‘ra), go‘yokim asrdan shomgacha bo‘lgan vaqtga to‘g‘ri kelib, buning uchun oxiratda ikki barobar ko‘p qiyrot-qiyrot ajru savob olgaysizlar. Shunda tavrot ahli: «Yo parvardigoro, nechun anavilar (musulmonlar) bizga nisbatan ham toat-ibodat qilib, ko‘p ajru savob oldilar?» — degaylar. Olloh taolo ularga: «Sizlarga ajru savob berishda zarracha zulm qildimmi?» — degay. Ular: «Yo‘q, aslo!» — deb javob qilgaylar. Olloh taolo: «Mening fazlu marhamatim ana shunday, uni istagan bandamga ato etgayman!» — degay».

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 May 2009, 01:44:25

48-bob. Nabiy sallallohu alayhi va sallamning namozni «iymon» deb ataganlari hamda «Kimki «Surai Fotihani» o‘qimasa, namozi maqbul ermas!» deganlari haqida

Ibn Mas’ud rivoyat qiladilar: «Bir odam Janob Rasulullohdan: «Qaysi amal afzaldur?» — deb so‘radi. Ul zot: «O’z vaqtida o‘qilgan namoz va ota-onaga yaxshilik qilmoqdur, so‘ng Olloh taolo yo‘lida jihod qilmoq», — dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 May 2009, 01:44:43

49-bob. Olloh taoloning «Darhaqiqat, inson ham himmat qilib yaratilgan bo‘lib, boshiga kulfat tushganda (Ollohga iltijo qilib) dod-faryod qilgay, mol-dunyo orttirganda ersa, (xayr-ehsonni unutib) baxil bo‘lib olgaydur» degan qavli haqida

Amr ibn Tag‘lib rivoyat qiladilar: «Nabiy sallallohu alayhi va sallamning xuzurlariga o‘lja mollar keltirildi. Shunda undan ba’zilarga berdilar, ba’zilarga bermadilar. Keyin, o‘lja moldan olmaganlarning norozi bo‘lganliklari haqida aytishdi. Janob Rasululloh buni eshitib: «Bir kishiga o‘lja berib, ikkinchisiga bermaganimning boisi shuldurkim, o‘shal men o‘lja bermagan shaxs o‘lja olgan shaxsdan ko‘ra menga mahbubroqdur. Chunkim, men o‘ljani qalblarida qanoatsizlik va kamhimmatlilik hukmron bo‘lgan kishilarga bergaymen, qalblari himmatu qanoatga boy bo‘lganlarga ersa, yana ham himmatli va qanoatli bo‘lsinlar deb hech narsa bermagaymen, shunday kishilardan biri — Amr ibn Tag‘libdur!» — dedilar. Xudo haqi, Janob Rasulullohning bu gaplari mening uchun har qanday mol-dunyodan ortiqdur!»

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 May 2009, 01:45:09

50-bob. Nabiy sallallohu alayhi va sallamming o‘z parvardigorlarini yod etib, uning haqida rivoyat qilganlari haqida

Anas (ibn Molik) rivoyat qiladilar: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam o‘z parvardigorlari haqida bunday deb aytdilar: «Olloh taolo: «Agar bandam menga bir qarich yaqin kelsa, men unga bir gaz yaqin borgayman, agar ul menga bir gaz yaqin kelsa, men unga bir quloch yaqin borgayman. Agar ul men tomon yurib kelsa, men ul tomon chopib borgayman!» — deydi».

Abu Hurayra rivoyat qiladilar: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam Olloh taoloni yod etib bunday dedilar: «Olloh taolo «Agar bandam men tomon bir qarich yaqin kelsa, men ul tomon bir gaz yaqin borgayman, agar ul men tomon bir gaz yaqin kelsa, men ul tomon bir quloch yaqin borgayman», — deydi».

Abu Hurayra rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam parvardigor haqida rivoyat qila turib, «Ul bunday deydi», — dedilar: «Har bir amalning (gunoh ishning) kafforati bor. Ro‘za ersa mening uchun bo‘lib, buning evaziga ajru savob ato etgayman. Ro‘zador og‘zidan keladirgan bo‘y Olloh taolo nazdida mushk hididan ham xushbo‘yroqdur!»

Ibn Abbos rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam parvardigor haqida rivoyat qila turib, «Ul bunday deydi», — dedilar: «Banda o‘zini Yunus ibn Mattodan afzalman deb uni kamsitmasligi kerak».

Shu’ba rivoyat qiladilar: Abdulloh ibn al-Mug‘affal al-Muzaniy bir vaqtlar: «Men Janob Rasulullohni Makka fath qilingan kuni ko‘rdim, tuyaga minib olib cho‘ziq ovozi birlan Surai Fathni o‘qib ketayotgan erdilar», — degan erdi. So‘ng, Muoviya ibn Mug‘affalning qiroatiga taqlid qilib o‘qidida: «Agar men atrofingizda odam to‘planib ketmog‘idan istihola qilmaganimda erdi, Ibn Mug‘affalning Janob Rasulullohning qiroatlariga taqlid qilib o‘qiganidek o‘qib berar erdim», — dedi. Shunda men unga: «Ibn Mug‘affal qanday cho‘zib o‘qigan erdi?» — dedim. Ul: «O-o-o» deb uch bor qaytardi».

Qayd etilgan