Sahl ibn Sa’d rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Men Havzi Kavsar bo‘yiga sizdan ilgari borib turg‘aymen. Kimki qoshimga kelsa, uning suvidan ichg‘aydir, ichgan odam ersa, sira tashna bo‘lmag‘aydir! Huzurimg‘a qavmlar kelg‘aylar, men ularni tanib olg‘aydurmen, ular ham meni tanib olg‘aydurlar. Keyin, men birlan ularning orasi to‘sib qo‘yilg‘aydur»,— dedilar»
Abu Hozim rivoyat qiladilar: «Nu’mon ibn Abu Iyosh mening aytganlarimni eshitib bo‘lgach: «Sen bu hadisni Sahldan eshitganingdek qilib rivoyat qildingmi?» — dedi. Men: «Ha!» — dedim. Ul: «Ammo, men qasamyod qilurmenkim, Abu Sa’id al-Xudriy bu hadisga qo‘shimcha qilib, «Janob Rasululloh: «Ular mening sahobalarimdur!» — degaymen, shunda menga: «O’zingdan keyin sen ularning ne qilg‘onlarin bilmassen!» — deyilg‘aydir, keyin men: «Mendan keyin yo‘ldan ozganlar ko‘zimdan daf bo‘lsinlar, daf bo‘lsinlar!» — degaymen, deb aytganlar»,— degan erdi»,— dedi.
Abu Hurayra rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Qiyomat kuni bir guruh sahobalarim (Havzi Kavsar suvidan ichmoq bo‘lib) qoshimg‘a kelganlarida haydab yuborilg‘aydurlar. Shunda men: «Yo rabb, bechora sahobalarim!» — degaymen. Olloh taolo: «O’zingdan keyin ularning ne qilg‘onlarin sen bilmassen, ular yo‘ldin ozib, ortlarig‘a qaytgandurlar!» — degaydir».
Abu Hurayra rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Men o‘zimga tanish bir guruh odamlar oldida turganimda men birlan ular o‘rtasida bir odam paydo bo‘lib, ularga: «Yuringlar, ketdik!» — degaydir. Men: «Qaerga?» — deb aytgaymen. Shunda ul: «Jahannamga!»—degaydir. Men: «Olloh taolo haqi, aytg‘il, ne gunoh qilganlar?»—degaymen. Ul: «Sendan keyin ular yo‘ldan ozib, ortlarig‘a qaytganlar!»— degaydir. Keyin, yana o‘zimga tanish bo‘lmish bir guruh odamlar oldida turganimda o‘rtamizda bir odam paydo bo‘lib, ularga: «Yuringlar, ketdik».— degaydir. Men «Qaerga?» — degaymen. Ul: «Jahannamga!» —degaydir. Men: «Olloh taolo haqi, aytgil, gunohlari nedur?» — degaymen. Ul: «Sendan keyin ular yo‘ldan ozib, ortlarig‘a qaytganlar!» — degaydir. Shunda bilgaymenkim, ularning ko‘pchiligi egasiz tuyalar yaglig‘ xalos bo‘la olmagaylar (ya’ni, mazkur guruh orasida ikki toifa kishilar — kofirlar birlan gunohkorlar mavjud bo‘lib, birinchi toifaga mansublari do‘zax o‘tidan xalos bo‘la olmagaylar)».