Abituriyentlar uchun yordam: O'zbekiston tarixidan saboqlar  ( 702165 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 124 125 126 127 128 129 130 131 132 133 134 ... 140 B


muxbir  28 May 2008, 16:51:19

TEMURIYLAR, TEMURIYLAR DAVRI — o‘rta asrlarda sohibqiron Amir Temur asos solgan markazlashgan buyuk saltanatni idora etgan sulola. Temuriylar hududi shimolda Ili daryosi va Xorazm (Orol) dengizidan jan.da Fors qo‘ltig‘iga qadar, sharqda Xitoy va Hindistondan g‘arbda Trabzun (Qora dengiz)ga qadar ulkan maydonni qamragan. Davlat tuzilishi, qonun va qoidalari jihatidan Temuriylar musulmon Sharqida o‘rta asrlarda hukm surgan davlatlardan katta farq qilmasa-da, ammo uning boshqaruv tizimi Turkiston va Movarounnahr davlatchiligining asriy an’analari, saltanatga kirgan mamlakatlar bilan madaniy aloqalar asosida yangi tartib va qoidalar bilan takomillashtirilgan. Markazlashgan davlat tepasida: Temur ibn Tarag‘oy Bahodir (1370-1405); Shohrux ibn Temur (1409-47); Ulug‘bek ibn Shohrux (1447-49); Abu Said ibn Sulton Muhammad (1458-69); Movarounnahrda (poytaxti Samarqand): Xalil Sulton (1405-09); Ulug‘bek (1409-49); Abdullatif (1449-50); Abdullo Mirzo (1450-51); Abu Said ibn Sulton Muhammad (1451-69); Sulton Ahmad Mirzo (1469-94); Sulton Mahmud Mirzo (1494-98 ); Sulton Ali Mirzo (1498-1500). Xurosonda (poytaxti Hirot): Shohrux (1396-1447); Ulug‘bek (1447-49); Abulqosim Bobur (1449-57); Shoh Mahmud Mirzo (1457); Abu Said ibn Sulton Muhammad (1458-69); Yodgor Mirzo (1470), Husayn Boyqaro (1470-1506); Badiuzzamon ibn Sulton Husayn (1506-07); Muzaffar Mirzo (1506-07). Nihoyatda kengayib ketgan davlat Amir Temur vafotidan so‘ng vorislar o‘rtasidagi nizolar natijasida zaiflasha boshladi. 1405-yilning 16-mart kuni Mironshohning o‘g‘li Xalil Sulton Samarqandni egallab, o‘zini Movarounnahrning hukmdori deb e’lon qiladi. Oqibatda shahzoda, amir va viloyat noiblarining noroziligi kuchayib, isyon va g‘alayonlar ko‘tariladi. Dastavval Farg‘onada Xudoydod bilan Shayx Nuriddin Xalil Sultonga qarshi qo‘zg‘alib, O‘ratepa va Farg‘onani egallab oldi. Bu davrda Xurosonda Shohrux, Balx, G‘azni va Qandahorda Pirmuhammad; G‘arbiy Eron va Ozarbayjonda Mironshohning o‘g‘illari Umar Mirzo va Abubakr Mirzo hokimi mutlaq bo‘lib oladilar. Turkiston, Sabron, O‘tror, Sayram viloyatlari amir Berdibekning tasarrufiga o‘tadi, Oltin O‘rda amirlaridan Idiku Xorazmni zabt etadi. 1405-08-yillarda Balx, Xuroson, Seyiston, Kermon va Ozarbayjonda temuriy shahzoda va ayrim amirlarning birin-ketin ko‘tarilgan g‘alayonlari kuchayib ketadi. Valiahd Pirmuhammad bunday g‘alayon va fitnaning qurboni bo‘ladi (1407-yil 22-fevral). 1408-yil 22-aprel kuni qoraqu‘yunli turkmanlarning yetakchisi Qora Yusuf bilan bo‘lgan jangda Mironshoh halok bo‘lib, Ozarbayjon va Iroq viloyatlari temuriylar qo‘lidan ketadi. XV asrning 20-yillarida bu ulkan mamlakat ikki davlatga bo‘lingan edi. Ulardan biri Amudaryodan janubda joylashgan bo‘lib, uni Shohrux boshqargan (markazi Hirot sh.) edi. Ikkinchisi esa, Amudaryodan shimolda — Movarounnahr va Turkistonda vujudga kelib (poytaxti Samarqand sh.) uni Ulug‘bek idora etgan edi. Ulug‘bek otasi Shohruxning ko‘magi bilan avval (1413) Xorazmni, so‘ngra (1415) Farg‘ona va Qashg‘arni o‘z tasarrufiga olib, davlatining g‘arbiy va sharqiy chegaralarining xavfsizligini ta’minlagan bo‘lsa-da, ammo uning shimol va shimoliy-sharqiy tomonlari xavotirli edi. Shu boisdan XV asrning 30-40-yillari otasi Shohrux bilan birga Dashti Qipchoqda Abulxayrxon bilan kurash olib borishiga to‘g‘ri keladi. Chunki ko‘chmanchi chorvadorlar Movarounnahrning viloyatlariga muttasil bostirib kirar va o‘troq aholini g‘orat qilar edi. Movarounnahrni idora etishda, ayniqsa, tashqi siyosatda Ulug‘bek Temuriylarning bosh hukmdori Shohruxning irodasini izchil amalga oshiradi. Tashqi va ichki siyosatga aloqador har qanday masalani u otasi bilan maslahatlashib va kelishib, uning rozi-rizoligi bilan hal etgan. Shohrux 1447-yil 12-mart kuni nevarasi Sulton Muhammad isyonini bostirish vaqtida Ray viloyatida olamdan o‘tadi. Shohrux vafotidan so‘ng, Xuroson va Movarounnahrda temuriy shahzodalar o‘rtasidagi nizolar yana avj oladi. Bu kurash oqibatida zamonasining mashhur olimi va hukmdori Mirzo Ulug‘bek 1449-yil 27-oktyabrda 55 yoshida Samarqand yaqinida fojiali suratda halok bo‘ladi. Ulug‘bek Movarounnahrni 40 yil (1409-49) idora etdi. Bu davrda mamlakatning siyosiy hayotida keskin kurash davom etganligiga qaramay, u shiddatli harbiy yurishlar uyushtirishga intilmadi. Aksincha, u o‘z davlatini mustahkamlashga, mamlakat birligini saqlab qolishga va madaniy hayotni ko‘tarishga harakat qildi. Ulug‘bek fojiasidan so‘ng, hokimiyatga bir vaqtning o‘zida Samarqandda Ulug‘bekning kuyovi Abdullo Mirzo, Buxoroda esa Mironshohning nabirasi Sulton Abu Saidlar podshoh qilib ko‘tariladi. Abdullo Mirzo mamlakatda barqarorlikni tiklash uchun barcha choralarni ko‘radi, ammo temuriylar taxtida uzoq vaqt o‘tira olmaydi. Avval u amakivachchasi Abu Said bilan, so‘ngra qarindoshi Alouddavla bilan kurashadi. Muhorabada ittifoqchilar g‘alaba qozonadi. Abdullo Mirzo jangda halok bo‘ladi. Abu Said Abulxayrxon yordamida Samarqandni egallab, Movarounnahrga hokim bo‘lib qoladi. Temuriylar mulkining Xuroson qismi bu davrda Shohruxning nabirasi Abulqosim Bobur tasarrufida edi. 1457-yilgacha u Xurosonni o‘z qo‘lida tutib turadi. Har ikkala davlat o‘rtasida nizo kuchayib bordi. Yozma manbalarda qayd etilishicha, Xurosonda boshboshdoqlik avj olib, u bo‘laklarga bo‘linib keta boshladi. 1457-yilda Abulqosim Bobur vafot etgach, Abu Said Hirot shaharni egallab, saltanatning har ikki qismini birlashtiradi. Bu davrda Sulton Husayn (Umarshayxning nabirasi) Xorazmni egallab oladi. 1469-yil bahorida Abu Said (Ozarbayjon, G‘arbiy Eron va Iroqqacha bo‘lgan viloyatlarni egallab turgan) oqqu‘yunli turkmanlarga qarshi yurish qiladi. Mug‘on (Ozarbayjon) cho‘lida Uzun Hasan bilan bo‘lgan jangda Abu Said halok bo‘ladi. Otasining o‘limidan so‘ng, Abu Saidning vorislari Sulton Husayn bilan to‘qnashmay Movarounnahrga qaytadilar. 1469-yilning 24-martida Sulton Husayn Xuroson hokimi sifatida Hirotning taxtini egallaydi. Natijada temuriylar mulki yana 2 mustaqil qismga bo‘linib ketadi. Movarounnahrda Abu Saidning o‘g‘illari Sulton Ahmad Mirzo, Sulton Mahmud Mirzo va Sulton Ali Mirzo hokimlik qiladi. Bu davrda Movarounnahr ham o‘zaro ixtilofdagi shahzodalar va mulkdor zodagonlarning viloyat hokimliklariga bo‘linib ketadi. Mamlakatning ijtimoiy va iqtisodiy hayotida so‘fiylik ta’limotining yirik namoyandalari, xususan Xoja Ahrorning ta’siri kuchayadi, hatto u siyosiy hayotda ham muhim rol o‘ynay boshlaydi. Mas., mamlakat urush xavfi ostida qolib, el-yurt boshiga og‘ir tashvishlar tushgan paytda Xoja Ubaydulloh Ahror bir necha bor uni bartaraf qilishga jonbozlik ko‘rsatadi. Sulton Husayn Boyqaro idora qilgan davlat Sharqiy va Shim. Eron viloyatlari va Xorazmni birlashtirgan edi. U temuriylarning qariyb 40 yil hukm surgan so‘nggi yirik saltanati bo‘lib, unda siyosiy vaziyat osoyishta emas edi. Xurosonda beto‘xtov davom etgan o‘zaro urushlarga, shahzoda va amirlarning boshboshdoqligiga qaramay mamlakat aholisining turmush tarzi va madaniy hayoti Movarounnahrdagiga nisbatan yuksakroq edi. Ammo mamlakatning siyosiy hayotida kuchayib borayotgan keskinlik ichki munosabatlarda tobora ta’siri ortib borayotgan Dashtiqipchoqlik o‘zbeklarning Movarounnahrda hokimiyatni qo‘lga olishini hamda temuriylar sulolasining zaiflashuvini yanada tezlashtirdi.

Qayd etilgan


muxbir  28 May 2008, 16:51:29

TEMURIYLAR HARBIY SAN’ATI — jahon harbiy san’ati rivojiga Amir Temur va uning avlodlari, xususan, Bobur qo‘shgan salmoqli hissa. Bu mutaxassislar, sarkardalar tomonidan haqli ravishda e’tirof etilgan. Buyuk lashkarboshi va novator harbiy tashkilotchi hisoblanmish Sohibqiron intizomli armiya tuzishga, jang paytida qo‘shin qismlarini oqilona boshqarishga, jang taqdirini hal qiladigan joylarga harbiy kuchlarni tezkorlik bilan yo‘llashga, mavjud to‘siq va g‘ovlarni tadbirkorlik bilan bartaraf etishga, qo‘shindagi jangovar ruhni yuksak darajada ushlab turishga erishgan. Amir Temur va temuriylar armiyasi chorvadorlar qatori kosibchilik, hunarmandchilik, dehqonchilik bilan mashg‘ul o‘troq aholidan ham askar to‘plagan. Qo‘shinda harbiy kuchlarning asosini tashkil qilgan otliq askarlar bilan bir qatorda piyodalar ham xizmat qilgan. Sohibqiron Sharqda birinchilardan bo‘lib armiyaga o‘t sochar qurol — to‘p(ra’d)ni olib kirgan. Temuriylar davrida bu qurolning boshqa turlari (zarbzan, farangi, qozon va hakoza) keng yoyildi. Tog‘li hududlarda jang harakatlari olib boruvchi maxsus harbiy qism va bo‘linmalar tashkil qilingan. Amir Temur jahon harbiy ish tarixida birinchi bo‘lib qo‘shinni jang maydonida an’anaviy 5 bo‘lakdan farqli ravishda 7 qo‘lga bo‘lib joylashtirish tartibini joriy etgan. Bu yangilik keyinchalik To‘xtamish, Shayboniyxon singari sarkardalar tomonidan o‘zlashtirilgan. Ibn Arabshohning guvohlik berishicha, Sohibqiron qo‘shinida ayollardan iborat bo‘linmalar bo‘lib, ular erkaklar bilan bir safda turgan, qahramonlik va matonat namunalarini ko‘rsatgan. Temuriylar armiyasi son jihatdan aniq tashkil etilgan, uning jangovar tartibi takomillashib borgan, o‘z vaqtining ilg‘or qurol va texnikasi bilan ta’minlangan, qismlar bir-biridan kiyim-bosh, bayroq va tug‘lari bilan farqlangan. Bunday farqlanish jangda qo‘shinni boshqarishda qo‘l kelgan. Dushman mudofaasini turli usullar bilan barbod etish, raqibning yirik shaharlariga qo‘qqisdan zarba berish, qal’a, qo‘rg‘on va hisorlarning uzoq muddat muhosara qilish, yov kuchlarini iloji boricha keng ko‘lamda qurshab olib, qishloq, shahar, tuman, viloyatlarni birin-ketin zabt etish, dushmanni batamom yakson etgungacha ta’qib qilish, taslim bo‘lgan mamlakatlarni boshqarishga ishonchli kishilarni tayinlash singari amaliyotlar Amir Temur va temuriylarga ko‘plab zafarlar olib kelgan. Taktika jihatdan Amir Temur armiyasi o‘ziga xos xususiyatlarga ega bo‘lgan. Razvedka a’lo darajada yo‘lga qo‘yilgan, qismlarning janggohda yoki jangovar safda talab darajasida harakat qilishi uchun zarur tadbir va choralar ishlab chiqilgan, ularni jang paytida tezkorlik bilan boshqarishga alohida diqqat qaratilgan. O‘nlik, yuzlik, minglik va tuman qo‘mondonlarini tanlash masalasiga oliy bosh qo‘mondon mas’ul hisoblangan. Sohibqironning harbiy san’at rivojiga qo‘shgan ulkan xizmatlaridan yana biri — jang vaqtida qo‘shin qanotlarini dushman hujumidan muhofaza qilish va, o‘z navbatida, g‘anim kuchlarini yon tomondan aylanib o‘tib, unga ortdan zarba berish maqsadida tuzilgan otliq qism — qunbulning joriy etilishi bo‘lgan. Bunday yangi harbiy qism Aleksandr, Gannibal, Chingizxon, Lyudovik XIV, Buyuk Fridrix kabi atoqli sarkardalar qo‘shinida bo‘lmagan. Shayboniyxon armiyasida bunday qism mavjud edi va u to‘lg‘ama atamasi bilan nomlangan. Qo‘shin to‘plash haqida maxsus buyruq (tunqol) e’lon qilingach, hukmdor tomonidan tuzilgan ro‘yxatga binoan jangchilar ot-ulovi, qurol-yarog‘i, oziq-ovqati, yem-xashagi bilan to‘planish yeriga yetib kelgan. Har bir askarga bitta yoy, 30 ta o‘q, bir sadoq, bitta qalqon, bitta qo‘shimcha ot, yarim man og‘irligida arqon, bir dona pishiq teri xalta va bitta qozon ajratilgan. Har 10 jangchi bir chodir, 2 belkurak, bir kerki, bitta o‘roq, bir arra, bir tesha, bitta bolta va 100 dona nina olib yurishi shart hisoblangan. Sara jangchilarning har 5 tasi bitta chodirga joylashgan. O‘nbegining alohida chodiri va 5 ta qo‘shimcha oti bo‘lgan. Yuzbegiga ham alohida chodir va 10 ta qo‘shimcha ot berilgan. Mingbegi chodirdan tashqari soyabon bilan ham ta’minlangan. Sohibqiron armiyasining turli bo‘linma va qismlariga 313 bek boshchilik qilgan. Ulardan dastlabki 100 tasi o‘nbegilik, ikkinchi 100 tasi yuzbegilik, uchinchi 100 tasi mingbegilik lavozimlarini egallagan. Diviziya — tumanlarga Amir Temurning farzandlari, nabiralari va nomdor lashkarboshilar rahbarlik qilgan. Yetarli miqdorda qo‘shin to‘plangach, u ko‘rikdan o‘tkazilgan. Temuriylar davrida yurish yoki jangdan oldin lashkarni ko‘rikdan o‘tkazib, uning jangovar ruhi va holatini aniqlash izchillikka aylangan. Qo‘shinning jangovar holatini nazardan o‘tkazish imtihon qilish usuli sifatida e’tirof etilgan ovgarta (ov uyushtirish)dan unumli foydalanilgan. Temuriylar harbiy yurishlarga ko‘proq ko‘klam, yoz va kuz mavsumlarida otlanishni ma’qul bilganlar. Safar qoidasiga ko‘ra, har bir sarkarda o‘z darajasi va lavozimiga qarab qism va bo‘linmalari bilan yasol — jangovar tartibda harakat qilgan. Yasolni buzgan shaxs qattiq jazolangan. Qo‘shin janggohga tushganda lashkargoh atrofi aravalar bilan to‘silgan, xandaqlar bilan ihota qilingan, soqchi bo‘linmalar tomonidan qo‘riqlab turilgan. Yurish yoki jang paytida boshboshdoqlik, parokandalikni oldini olish maqsadida har bir bo‘linma, guruh, qismning o‘z paroli — o‘ron belgilangan. Armiya safar chog‘ida quyidagi jangovar tartibda harakat qilgan: Bosh kuchlardan ancha oldinda qaravul (avanpost), undan keyin mang‘lay (hiravul)(avangard), barang‘ar, juvang‘ar, qo‘l(markaz), chag‘davul (arergard) yurgan. Qo‘shin ketidan o‘g‘ruq (oboz) peshma-pesh kelgan. Oliy bosh qo‘mondon jang maydonini tanlashga alohida diqqat qaratgan. Janggohning tekis, keng va qo‘shin qismlarini joylashtirishga qulay bo‘lishi talab qilingan. Jang maydonining suvga yaqin bo‘lishi hamda jang vaqtida quyosh nurining askarlar ko‘ziga tushmasligi maqsadga molik hisoblangan. Yirik muhorabalar paytida dastasi uchiga yarim oy shakli qadalgan jangovar bayroq va tug‘lar bilan bezatilgan oliy qo‘mondon borgohi balandlikka o‘rnatilgan. U yerdan jangning borishi kuzatilib turilgan. Tarixiy manbalarda qayd etilishicha, Amir Temurning 12 ming kishilik qo‘shini jangga mana bunday tartibda kirgan. Dushman bilan dastlabki to‘qnashuvni ayg‘oqchilik bilan mashg‘ul bo‘lgan qaravul boshlab bergan. Shundan so‘ng o‘ng va chap qanot ilg‘or qismlari — barang‘ar hiravuli va juvang‘ar hiravuli madadida asosiy ilg‘or qism — mang‘lay jangga kirgan. Mang‘lay ortidan barang‘ar hamda juvang‘arning qolgan 2 bo‘lagi — chapavul va shag‘avul ketma-ket harakatga kelgan. Ushbu kuchlar dushmanni mag‘lub etishga kifoya qilmasa, bosh qo‘mondon (amir ul-umaro) boshchiligidagi markaz (qo‘l)(g‘o‘l) hal qiluvchi hujumga tashlangan: Sohibqiron armiyasi qatnashgan ulkan janglarning taktik borish manzarasi quyidagicha bo‘lgan: qo‘shin markazi 40 bo‘luk — polkka taqsimlangan va Oliy bosh qo‘mondonga itoat qilgan. Ushbu bo‘luklarning sara jangchilardan tashkil topgan 12 bo‘luki safning birinchi qatorida, qolgan 28 bo‘luki ikkinchi va 3-qatorlarda joylashgan. Qirq bo‘lukning o‘ng tarafi oldida amirzodalar qismlari, so‘l tarafi oldida qarindoshlar va ittifoqchilar qismlari saf tortgan. ikkinchi qatorning barang‘arida 6 bo‘luk o‘z ilg‘ori — hiravul bilan o‘rin egallagan. Ayni shu miqdordagi bo‘luk va hiravulga juvang‘ar ham ega bo‘lgan. ikkinchi qator barang‘ari va juvang‘ari oldida yuqoridagi tartibda birinchi qator qismlari joylashgan. Uning oldida bosh ilg‘or — mang‘lay (yoki hiravuli buzurg) harakatda bo‘lgan. Yengil suvoriylardan iborat 2 bo‘luk armiyani qo‘qqisdan bo‘ladigan hamladan muhofaza qilish, dushman kuchlari harakatini kuzatish bilan band bo‘lgan: Bobur qo‘shini dastlab an’anaviy 5 qismdan tashkil etilgan holda harakat qilgan. Keyinchalik bu jangovar tartibga jiddiy o‘zgartirishlar kiritilgan, markaz (g‘o‘l) kuchaytirilgan. Markaz o‘ng qo‘l va so‘l qo‘lga taqsimlangan hamda o‘ng yon va so‘l yondan iborat xossa tobin oldida birinchi qator vazifasida harakat qilgan. Xossa tobin o‘ng va so‘ldan tarkib topgan, 3-qator vazifasini o‘tagan shaxsiy gvardiya bo‘y oldidan joy olgan. Saralangan askarlardan tuzilgan xossa tobin markaz (g‘o‘l)dan kuchsizroq, bo‘ydan esa kuchliroq hisoblangan: Temuriylarga ko‘plab zafarlar keltirgan bu harbiy tartib keyingi davrlarda Shayboniylar, Ashtarxoniylar va O‘rta Osiyo xonliklari (Buxoro, Xiva, Qo‘qon) davrida ancha o‘zgarishlarga duch kelgan.

Qayd etilgan


muxbir  28 May 2008, 16:51:38

TUMAN OG‘O MAJMUASI — Samarqanddagi me’moriy yodgorlik (XIV-XV asrlar). Shohizinda ansambli tarkibida. Majmua Amir Temurning xotini Tuman og‘o begim nomi bilan bog‘langan. Tuman og‘o majmuasi maqbara, masjid, hujralar va chortoqdan iborat, turli davrlarda bunyod etilgan. Bezaklari XV a. boshlarida ishlanib, uning yaxlitligini ta’minlagan. Maqbara xochsimon tarhli, moviy gumbazli, poygumbazi baland qilib qurilgan. Izorasi yorqin yashil rangli, 6 qirrali koshin g‘ishtlar bilan yakunlangan, tilla halli qilib pardozlangan. Tarzi o‘yma koshin, islimiy va girih naqshlar bilan bezatilgan, yozuvlar bilan to‘ldirilgan. Yozuvlarni «suls» xatida usta Shayx Muhammad ibn Hoji Bandgir at-Tug‘ro Tabriziy bajargan. Ichki bezagida ko‘k, oq va qizil rangli naqshlar manzarali rasmlar bilan uyg‘unlashtirilgan. Maqbaraning janubida 3 gumbazli masjid joylashgan. Uning mehrobi yorqin rangli parchin bilan qoplangan. Shohizinda ansamblining yuqori guruhida joylashgan ushbu yodgorliklarga yuqori chortoq orqali kiriladi. Chortoqning ichki gumbazi muqarnas kosachalar bilan to‘ldirilgan. Peshtog‘i g‘isht va yig‘ma koshin bilan qoplangan. Hujraga kiraverishdagi yozuvda masjidga amir Muso qizi Tuman og‘o asos solganligi qayd qilingan. Umumiy tarhi 5,7А…6 m.

Qayd etilgan


muxbir  28 May 2008, 16:51:46

TURKAN OG‘O MAQBARASI, SHODIMULK OG‘O MAQBARASI — Samarqanddagi me’moriy yodgorlik (1372). Shohizinda ansambli tarkibida. Amir Temurning opasi Turkan og‘o vafot etgan qizi Shodimulk og‘o (1370-71)ga atab qurdirgan. 1383ilda Turkan og‘oning o‘zi ham qizi yoniga dafn etilgan. Maqbara (8,65x9,85 m) bir xonali, gumbazi qobirg‘ali, tashqi tomonlari bezaksiz. Peshtog‘i va ichki tomoni sirkori g‘ishtchalar, o‘ymakor sirli parchin bezaklari feruza rangda nafis bezatilgan. Ichkarisidagi izora va namoyonlari, gumbazi serhasham bezaklarga boy. Shipi 8 bo‘lakka bo‘linib, 8 qirrali yulduzchalar ichi naqshlar bilan to‘ldirilgan va har biriga alohida turunj ishlangan. Muqarnaslar yuzasi va peshtoq ustunida samarqandlik Shamsiddin, Badriddin va buxorolik Zayniddin ustalarning nomlari yozilgan. Maqbara 1954-yilda ilmiy o‘rganilib, ta’mirlash ishlari olib borilgan. Maqbarada XIV-XV asrlardagi xalq ustalarining me’morlik va naqqoshlikda erishgan yutuqlari yuksak mahorat ila aks etgan.

Qayd etilgan


muxbir  28 May 2008, 16:51:58

ULUG‘BEK ASTRONOMIK MAKTABI — Ulug‘bek rahbarligida Samarqandda barpo etilgan ilmiy dargoh. Samarqandda o‘z atrofida to‘plangan olimlarning bevosita ishtiroki va yordamida Ulug‘bek 1424-1428-yillarda shahar yaqinida Obirahmat anhori bo‘yida rasadxona qurdirdi. Rasadxona tevaragida olimlar va xizmatchilar uchun hujralar quriladi. Uning etagida esa o‘zi uchun Ulug‘bek ikkita chorbog‘ barpo etadi. Ulardan biri Bog‘imaydon, ikkinchisi esa Chinnixona nomi bilan shuhrat topadi. Ulug‘bek faol ishtiroki bilan va uning bevosita rahbarligi ostida rasadxona Movarounnahr, xususan uning poytaxti Samarqandda zamonasining ancha boy kutubxonasiga ega bo‘lgan va o‘sha zamon sharoitiga nisbatan mukammal astronomic asbob va uskunalar bilan jihozlangan oliy darajadagi ilmgohga aylanadi. Rasadxonada Ulug‘bek bilan birga mashhur matematik va astronomlardan zamondoshlari o‘rtasida "œAflotuni zamon" deb nom olgan Salohiddin Muso ibn Muhammad — Qozizoda Rumiy, G‘iyosiddin Jamshid Koshiy, "œo‘z davrining Ptolomeyi" nomi bilan shuhrat qozongan Aluddin Ali ibn Muhammad — Ali Qushchi va ko‘pgina boshqa olimlar ilmiy kuzatishlar va ilmiy tadqiqotlar olib boradilar. Xullas, Ulug‘bek Samarqandda butun bir astronomiya maktabini yaratadi. Samarqandda Ulug‘bek rahbarligida barpo etilgan bu ilmiy dargoh matematika, ayniqsa astronomiya sohasida ilmiy dunyoda olumshumul ahamiyat kasb etgan natijalarga erishadi. Rasadxonada olib borilgan kuzatish va tadqiqotlar tufayli 1018 sobeta (qo‘zg‘almas) yulduzlarning o‘rni va holati aniqlanib, ularning astronomik jadvali tuziladi. O‘rta Osiyo, Yaqin va O‘rta Sharq mamlakatlari bo‘ylab joylashgan 683 geografik punktlarining Samarqand kengligiga nisbatan koordinatalari belgilab chiqildi. Ulug‘bek maktabining erishgan eng muhim va ajoyib muvaffaqiyatlardan biri matematika sohasida bo‘ldi. Ular tomonidan 3-darajali algebraik tenglama yechilib, 1 darajali yoyning sinusi aniqlandi. O‘sha davrda aniq fanlarning rivojlanishi, ana shu sohaga oid ajoyib asarlarning yozilishi va nihoyat buyuk astronom va matematiklar bilan hamfikr hamda yaqin munosabatlarda bo‘lish Ulug‘bek maktabi ilmiy faoliyatining asosiy yo‘nalishini belgilab berdi. Rasadxonada olib borilgan tadqiqotlarning natijalarida asosida matematika va astronomiya oid qator nodir asarlar yaratildi. Garchi bu asarlarning ko‘pi bizning davrimizgacha yetib kelmagan bo‘lsa-da, ammo bizgacha saqlanib qolgan qo‘lyozmalarning ozgina qismining o‘zi ham o‘sha davrda Samarqand astronomik maktabi erishgan yutuqlardan va jahon astronomiya fani rivojiga bu ilmgoh namoyandalari qo‘shgan ulkan hissadan guvohlik beradi. Samarqand astronomik maktabining ko‘zga ko‘ringan nomayandalardan biri G‘iyosuddin Jamshiddir, u astronomiyaga oid: "œZiji haqoni", "œBog‘lar sayri" va "œOsmon narvoni", matematikaga bag‘ishlangan: "œXorda va sinuslar haqida risola’, "œHisob kaliti" va "œDoira haqida risola" kabi asarlarini yozadi. Bu borada Qozizoda Rumiyning "œArifmetekaga oid risola’, "œAstronomiyaning mohiyatiga izohlar", "œShakllar asosiga sharh" va "œSinos haqida risola" nomli asarlari, ayniqsa diqqatga sazovordir. Ushbu maktabning yana bir iste’dodli namoyandasi Ulug‘bekning shogirdi Ali Qushchi bo‘lib, u astronomiya, arifmetika va algebraga oid 6 ta risolaning muallifidir. Samarqand astronomik maktab namoyandalari asoslari va matematik jadvallariga o‘sha davr olimlaridan Qozizoda Rumiyning nabirasi Mirim Chalabiy va Abul Ali Berjandiylar tomonidan yozilgan sharhiy asarlar, ayniqsa muhim ilmiy ahamiyatga ega. XV asr samarqandlik astronomlar o‘z asarlarida dunyoning garchi yapaloq (geosentrik) deb ko‘rsatsalar-da, ammo yerning yumoloq (geliosentrik)ligi ular uchun yot bo‘lmagan. O‘z ustida muntazam ishlash va bilimlarning tinmay chuqurlashtirish natijasida Ulug‘bek o‘zining ko‘pgina zamondoshlaridan o‘zib ketdi. Samarqand rasadxonasida olib borilgan ko‘p yillik tadqiqotlar samarasi, Sharq klassik astronomiyasining nazariy va amaliy masalalarini o‘zida mujassamlashtirgan va uni yangi dalil-isbotlar bilan boyitgan shoh asar Ulug‘bekning "œZiji jadidiy Ko‘ragoniy" ("œKo‘ragoniyning yangi astronomik jadvali") nomli kitobidir. Ulug‘bekning astronomik maktabini o‘z davrining o‘ziga xos akademiyasi deb atash mumkin. Ulug‘bek tevaragiga uyushgan 100 dan ortiq olimlarni o‘z bag‘rida yetishtirgan, nomi jahonga mashhur Samarqand rasadxonasi shu vazifani o‘tagan. "œSamarqand akademiyasi" dastavval bundan 225 yil muqaddam mashhur fransuz faylasufi, yozuvchi va tarixchi olim Volter (1694-1778 ) tomonidan e’tirof etilgan. "œUlug‘bek Samarqandda bo‘lib akademiyaga asos soldi, Yer kurasining o‘lchashga buyurdi va astronomik jadvallarini tuzishda ishtirok etdi" deb yozgan edi Volter bu haqda. Darhaqiqat, "œSamarqand akademiyasi" Xorazmning qadimiy poytaxti Gurganchda tashkil topgan, o‘ziga xos akademiya — "œDonishmandlar uyidan" keyingi ikkinchi "œDor ul-ilm" edi. Bu dor ul-ilmning poydevori bo‘lgan Ulug‘bekning astronomik maktabi O‘rta asrlar musulmon Sharqi astronomiyasining rivojlanishiga katta ta’sir ko‘rsatdi.

Qayd etilgan


muxbir  28 May 2008, 16:52:08

ULUG‘BEK MADRASASI — Buxorodagi me’moriy yodgorlik (1417-yil). Ulug‘bek qurdirgan 3 madrasaning eng qadimiysi. Abdullaxon II davrida katta ta’mir ishlari olib borilgan (1586). Bosh tarzida mahobatli peshtoq, 2 qanotida 2 qavatli hujralar va burchaklarida guldastalar joylashgan. Guldastalar tepasi qubbali qilib ishlangan. Madrasaning asosiy bezagi peshtog‘ida bo‘lib, unda sirkor g‘ishtchalardan tashqari rang-barang gulli parchin va koshindan foydalanilgan. Ravoqli peshtoqdan miyonsaroy orqali hovliga o‘tiladi. Miyonsaroy ichki gumbazi 12 qirrali, g‘isht-dan to‘rsimon shakl qilinib, oralariga ko‘k va havo rang koshin terilgan. Hovli (26А…25 m) atrofini 2 qavatli hujralar qatori va peshtoqli 2 ayvon egallagan. Hovlining shim. va jan. tomonlari qisqaroq ko‘rinishga ega bo‘lib, devorlari, ravoq va peshtoqlari oq, feruza va binafsha rang sirkor g‘ishtlar bilan pardozlangan. Hujralar ichi ganch suvoqli. Madrasa (53А…41,6 m) uncha katta emas, hujralari mo‘"jaz, o‘zaro mutanosib, ichki va tashqi tuzilishi o‘ziga xos. Masjid (15,5А…5,5 m) va darsxona (5,5А…5,5 m) gumbazli, miyonsaroyning 2 yon tomonida joylashgan. Miyonsaroyning ikkinchi qavatida kutubxona bor. Xo‘ja Sa’d Jo‘yboriy tomonidan tashqi peshtog‘i va yonlaridagi hujralar ta’mir etilib (1586), peshtoq bezagida mayda yozuvli va naqshli koshin ishlatilgan. Hovli g‘arbidagi hujra tepasida ganchkori bezaklar orasida ta’mirlovchi usta Ismoil ibn Tohir ibn Mahmud Isfahoniy nomi saqlangan. Abdurazzoq Samarqandiyning xabar qilishicha, Ulug‘bek (1419-yil 28-noyabrda) madrasaga kelib ilm oluvchi talabalarga in’omlar ulashgan. Bizgacha Ulug‘bek madrasasi ancha o‘zgargan holda yetib kelgan. XVI-XVII asrlarda, 1950-70 va 1990-96-yillarda ta’mirlangan. Naqshlarida yulduzsimon bezaklar ko‘p. Ayvon ustunlari zarhallangan. Eshik tabaqalariga arab tilida «Bilim olish har bir musulmon erkak va ayol uchun farzdir», degan ibora o‘yib yozilgan.

Qayd etilgan


muxbir  28 May 2008, 16:52:17

ULUG‘BEK MADRASASI — G‘ijduvon (Buxoro viloyati)dagi me’moriy yodgorlik (1433-yil). Ulug‘bek Samarqand va Buxoroda qurdirgan madrasalardan eng kichik va soddarog‘i. Madrasa bir qavatli, murabba tarhli (33А…30 m), masjid, darsxona va yotoqxonadan iborat. Peshtog‘i chuqur ravoqli. O‘rtada miyonsaroy, 2 yonida masjid va darsxona (8А…4,6 m), burchaklarida guldasta joylashgan. Miyonsaroy to‘ridagi eshikdan hovliga chiqiladi. Hovli (15А…13 m)ning 2 yonida 5 ta hujra bo‘lib, uning 4 tasi murabba tarhli, tomi qubbali. Bizgacha Ulug‘bek madrasasining bosh tarzi (XV asr), unga tutashgan ayvon va minora saqlangan. Bosh tarzida Ulug‘bek nomi va qurilgan sanasi yozilgan. Madrasaning g‘arbida shayx Abduxoliq G‘ijduvoniy qabri joylashgan. G‘ijduvoniyning 890 yilligi (1993-yil) munosabati bilan Ulug‘bek madrasasi ta’mirlangan. Bosh tarzi peshtog‘i yoniga ustunli, tekis tomli ayvon (bostirma) qurilib, ichi koshin bilan bezatilgan, peshtoq yonlaridagi hujralarga bosh tarzidan kiriladigan eshik, tobadonlarga ganchkori panjaralar o‘rnatilgan. Serhasham naqshinkori bezaklari tiklangan. G‘ijduvoniy daxmasi ustiga 2003-yili tomi ustunli yog‘och o‘ymakori gumbaz bilan yopilgan, ayvon qurildi. Daxma bezaklari qaytadan tiklandi. Madrasa oldi, daxma va yangi qurilgan masjid joylashgan hudud zamonaviy talablarga mos qilib obodonlashtirildi.

Qayd etilgan


muxbir  28 May 2008, 16:52:26

ULUG‘BEK MADRASASI — Samarqanddagi me’moriy yodgorlik (1417-1422-yillar). Registon ansamblining g‘arbida joylashgan. 2 qavatli, to‘g‘ri to‘rtburchak tarhli (56А…81 m). Bosh tarzi maydonga qaragan, mahobatli peshtoq mujassamotida keng toqili ravoq (bal. 16,5 m), uning 2 yonida guldastalar (bal. 32 m) bor. Ravoq tepasidagi yulduzli osmon aks etgan qanos bezaklari o‘ziga xosdir. Guldasta tepasi muqarnas, sharafalar bilan yakunlangan. Peshtoq ravog‘i cheti morpech shaklida, tokchasidagi namoyonlar o‘ziga xos uslubda pardozlangan. Peshtog‘i, guldastasi va tashqi devorlarida girih naqshining turli betakror namunalari aks etgan. Ganchkori panjaralar orqali xonaga yorug‘lik tushib turadi. Moviy va ko‘k koshin hamda sopol g‘ishtlar vositasidageometrik naqshlar bilan bezatilgan devor sathi yozuvlar bilan o‘zaro uyg‘unlashib, ko‘zga yaqqol tashlanib turadi. Peshtoq orqali chorsi hovli (30А…30 m)ga o‘tiladi. Hovli atrofi 2 qavatli hujralar (48 ta) bilan o‘ralgan, har bir hujra qaznoq, yotoqxona, umumiy xonadan iborat. Madrasaning shim. va jan. tarzlari o‘rtasida tashqi tomondan alohida peshtoqlar bor. Madrasaning 4 tomonini darsxona va ayvon egallagan. Masjid (22А…8 m) jan.-sharqiy tomonga cho‘zilgan. Tashqi to‘rt burchagida 4 ta baland minora bor. Xonaqoh va ba’zi hujralar ichkarisi naqshin bezaklar bilan pardozlangan. Bezaklari orasida kufiy va suls yozuvlari uchraydi. Vayron bo‘lgan ikkinchi qavati, qiyshaygan guldastasi, devorlaridagi ko‘chib ketgan bezaklar qayta tiklangan (1936), V. Shuxov va M. Mauerlar loyihasi asosida shim.-sharqiy minorasi ta’mirlangan (1932). E. Gendel qiyshaygan minorani o‘z holiga keltirgan (1965). Ulug‘bek madrasasi me’moriy shakli, tuzilishi jihatidan O‘rta Osiyo me’morligida shu turdagi binolar orasida eng mukammal yuksak san’at namunasi hisoblanadi.

Qayd etilgan


muxbir  28 May 2008, 16:52:35

ULUG‘BEK RASADXONASI — Samarqanddagi XV asr me’morligining nodir namunalaridan biri, ko‘hna astronomik kuzatuv muassasasi. Ulug‘bek farmoyishi bilan 1428-29-yilda Ko‘xak (Cho‘ponota) tepaligida ulkan silindr shaklida bunyod etilgan; ayrim qo‘lyozmalar («Boburnoma»)ga ko‘ra, bal. 30,4 m dan iborat 3 qavatli qilib qurilgan. Unda o‘ndan ortiq turli astronomik qurilma va asboblar bo‘lgan. Ulardan eng asosiysi radiusi 40,2 m li qo‘shaloq yoydan iborat kvadrant (yoki sekstantga yaqin) qurilma hisoblanadi. Kvadrantning jan. qismi yer ostida, qolgan qismi shim. tomonda yer sathidan 30 m cha balandda joylashgan. Asbob aylanasida bir gradus yoy 701,85 mm va bir minut yoy 11,53 mm ga to‘g‘ri keladi. Rasadxona o‘rta asrlarda asbob-uskunasi jihatdan ham beqiyos bo‘lgan. Asbob astronomiyaning asosiy doimiyliklari — ekvator va ekliptika orasidagi burchakni o‘lchash, yillik presessiya doimiysini, tropik yil davomiyligini va b. fundamental astronomik doimiyliklarni aniqlashga imkon bergan. Rasadxonada kichik o‘lchamli asboblar: zot-ul-usturlab, zot ul-halqa, zot ul-suqbatayn, zot ash-shu’batayn, shomila, quyosh hamda yulduz soatlari va boshqalar bo‘lgan. Bu ilmiy uskunalar yordamida Quyosh, Oy, sayyoralar va alohida yulduzlar kuzatilgan. Bu ilmiy uskanalarni Ali ibn Iso Usturlobiy, Abu Mahmud Xo‘jandiy va usta Ibrohim kabi mohir asboboz misgar hunarmandlar tomonidan yasalgan. Mirzo Ulug‘bekning eng yirik astronomik asari «Ziji Ko‘ragoniy» rasadxonada yaratilgan. Uning qurilishi va keyingi ilmiy faoliyati Ulug‘bek taklifi bilan yig‘ilgan qator mashhur olimlar G‘iyosiddin Koshiy, Qozizoda Rumiy, Ali Qushchi va boshqalar nomi bilan bog‘liq. Ulug‘bek rasadxonasining arxeologik qoldiqlari 1908-yilda V.L. Vyatkin rahbarligida olib borilgan qazilma ishlari natijasida topilgan. Xususan, bu yerda diametri 48 m keladigan, qalinligi bir g‘isht bo‘lgan aylanma devor borligi va uning markazida qo‘shaloq yoydan iborat ulkan bosh qurilmaning qoldiq qismlari aniqlangan. Uning katta zallari, turli katta-kichik xonalari bo‘lgan. Boburning yozishicha, Ulug‘bek rasadxonasining sirti koshin va sirli parchinlar bilan bezatilgan. Rasadxona ichiga o‘rnatilgan juda katta asbob yordamida Quyosh, Oy, sayyora va yulduzlar katta aniqlik bilan o‘rganilgan. Rasadxonada 15 ming jild kitob saqlangan kutubxona ham bo‘lgan. Ichki devorda osmon tasviri, yulduzlar xaritasi, tog‘, dengiz, mamlakatlar belgilangan Yer shari tasviri ishlangan. Keyinchalik u qarovsiz qolib, XVI asrda vayron qilingan. Hozir Ulug‘bek rasadxonasidagi katta asbob — kvadratning yer ostida saqlangan qismi balandligi bilan 11 m keladi. 1964-yil Ulug‘bek rasadxonasi yonida Ulug‘bek muzeyi ochilgan. Ulug‘bek rasadxonasining asl ko‘rinishi, ichki tuzilishi, bosh qurilmasi haqida O‘zbekiston va chet el olimlari tomonidan tadqiqot ishlari olib borilmoqda.

Qayd etilgan


muxbir  28 May 2008, 16:52:43

USTA — korxona boshlig‘i.

USTURLAB — astronomiya asbobi, astrolyabiya.

VALIAHD — toju-taxt vorisi. Hukmdor tirikligi davrida har ehtimolga qarshi voris tayilab qo‘yardi.

Qayd etilgan