366. Rafo’a ibn Rofe’ ibn Xolid aytadilar: "Biz Pay-g‘ambar sollallohu alayhi vasallam huzurlarida edik, shu vaqt bir kishi kelib, qiblaga yuzlanib namoz o‘qidi. Keyin namozini tugatib, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam oldilariga kelib, u zotga sollallohu alayhi vasallam va qavmga salom berdi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: "Qaytib namozingni boshqatdan o‘qi, sen namoz o‘qimading", dedilar. Haligi kishi qaytib, yana namoz o‘qidi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam yana: "Namozingni qaytadan o‘qi, chunki sen namoz o‘qimading", dedilar. Shunday deb ikki yoki uch marta buyurdilar. U kishi: "Imkoniyatim boricha o‘qidim, ammo namozimning aybini bilmayapman", dedi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Tahoratni Alloh buyurganidek mukammal qilmasalaringiz, namozlaringiz komil bo‘lmaydi. Tahoratda yuzini, so‘ng ikki qo‘lini tirsagigacha yuvadi va boshiga mash tortadi, keyin ikki oyog‘ini to‘pig‘igacha yuvadi. Keyin Allohga takbir va hamd aytadi, so‘ng Qur’ondan qodir bo‘lganicha o‘qiydi, so‘ngra takbir aytadi va ruku’ qiladi, qo‘lini tizzasiga qo‘yib, bo‘g‘inlarini xotirjam ushlaydi, ozgina turgandan keyin boshini ko‘tarayotib, "sami’allohu liman hamidah", deb qomatini tik qiladi va ozgina turib, so‘ng takbir aytib sajdaga ketadi".
Shunday qilib, to‘rt rak’at namozning o‘qilishini tushuntirdilar. So‘ng: "Ana shunday qilmasangizlar, hech biringizning namozingiz to‘liq bo‘lmaydi", dedilar.
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam sajda bilan ruku’ni to‘liq qilishni buyurdilar va ularsiz namoz qabul bo‘lmaslik xabarini berdilar. Mo‘min kishi namozini chiroyli, mukammal qilishga va bu namoz uning o‘tgan gunoh va xatolariga kafforat bo‘lishiga harakat qilmog‘i lozim.