472. Abdulloh ibn Mas’ud Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladilar: "Alloh taolo kunlardan to‘rttasini, oylardan to‘rttasini, ayollardan to‘rttasini, jannatga oldin kiruvchilardan to‘rttasini va jannat mushtoq bo‘lganlardan to‘rttasini tanladi.
Tanlangan kunlar:
1. Jum’a kuni. U kunda bir soat borki, banda Alloh taolodan dunyo va oxirat ishlaridan nimani so‘rasa, beradi.
2. Arafa kuni. U kunda Alloh taolo maloikalarga faxrlanib aytadi: "Ey maloikalarim, bandalarimga qaranglar, ular sochlari to‘zg‘igan, chang holatda kelyapti. Ular mollarini infoq qildilar, badanlari charchadi, shohid bo‘linglar, Men ularning gunohlarini kechirdim".
3. Qurbonlik kuni. Bu kun kelib, banda so‘ymoqchi bo‘lgan qurbonlig‘iga yaqinlashsa, birinchi oqqan qatra qon bandaning o‘tgan gunohlariga kafforat bo‘ladi.
4. Iyd kuni. Ramazon oyida ro‘za tutganlaridan keyin ular bayramlarga chiqishadi. Alloh taolo maloikalarga aytadi: "Ey farishtalarim, har bir amal qiluvchi ajrini talab etadi. Bandalarim ro‘za tutdi va bayramlariga chiqdi, ajrlarini Mendan so‘radi. Guvoh bo‘linglar, Men ularni kechirdim". Keyin nido qiluvchi nido qiladi: "Ey Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ummati, qaytinglar, yomonliklaringizni yaxshilikka aylantirdim".
Tanlangan oylar: Allohning oyi — rajab va uchta ketma-ket keluvchi — zulqa’da, zulhijja, muharram oylari.
Tanlangan ayollar: Maryam binti Imron, Allohga va payg‘ambariga imon keltirgan birinchi ayol Xadicha binti Xuvaylid, Fir’avnning xotini Osiyo binti Muzohim va jannat ayollarining sayyidasi Fotima binti Muhammad.
Tanlangan jannatga birinchi kiruvchilar: Har bir qavmning jannatga birinchi kiradigan kishisi bordir. Arablardan Muhammad sollallohu alayhi vasallam, forslardan Salmon, Rumdan Suhayb va habashlardan Bilol.
Jannat mushtoq bo‘lgan kishilar: Amirul-mo‘minin Ali ibn Abu Tolib (r.a.), Salmon, Ammor ibn Yosir va Miqdod ibn Asvad (r.a.)".